Imperiyaning ichki siyosati


Ichki siyosat

German hukumati ichki siyosatda Germaniyani prusslashtirish masalasiga alohida e’tibor berdi. Imperiya konstitutsiyasida Prussiya qirollarigina Germaniya imperatori bo‘la olishining qayd etilgani buning yorqin dalili edi. Polsha va Fransiyaning Germaniyaga o‘tgan hududlarida ham prusslashtirish siyosati yuritildi. Polyak tilida o‘qitiladigan maktablar yopib qo‘yildi. Bunga javoban 1906-yilda 100 mingdan ortiq polyak bolalari maktabga borishdan bosh tortdi. Bismark hukumati katolik cherkovining ta’sirini kamaytirishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirdi. Bu o‘rinda 1872-yilda qabul qilingan maxsus qonun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Unga ko‘ra, maktab cherkovdan ajratildi. Ruhoniylarning siyosiy tashviqot olib borishi taqiqlandi. Ruhoniy kadrlar tayyorlash, ularni vazifalarga tayinlash ishlarini davlat o‘z qo‘liga oldi.

Fuqarolik holati aktlarini qayd etish ishlari ham (tug‘ilish, nikoh, vafot etganlik) davlat idoralari ixtiyoriga o‘tkazildi. Bismarkning katolik cherkovi ta’siriga qarshi qo‘llagan tadbirlari ʻʻKulturkampfʼʼ (Madaniyat uchun kurash) degan nom oldi. Bismark hukumati, ayni paytda, ishchilar va sotsialistik harakatni ayovsiz bostirish siyosatini yuritdi. Bu davrda 1875-yilda tashkil etilgan Germaniya sotsial-demokratik partiyasining (GSDP) ta’siri o‘sib borayotgandi. Chunonchi, 1877-yilgi parlament saylovida bu partiya 12 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi. 1878-yilda sotsialistlarga qarshi favqulodda qonun (ʻʻSotsialdemokratlarning xavfli intilishlariga qarshi qonunʼʼ deb atalgan) qabul qilindi. Uning qabul qilinishiga imperator Vilgelm I ga nisbatan ikki bor uyushtirilgan suiqasd bahona bo‘ldi. Bu suiqasdni sotsialistlar uyushtirmagandi. Shunday bo‘lsa-da, Bismark ularni jamoat tartibini buzuvchilar deb hisoblardi. Bu qonun partiya faoliyatini amalda taqiqlab qo‘ydi.

Qonun 2,5 yil muddatga qabul qilingan bo‘lsa-da, u 12 yil davomida amal qildi.
Bismark hukumati faqat ta’qiblar bilan mamlakatda siyosiy barqarorlikni ta’minlab bo‘lmasligini yaxshi tushunardi. U ishchilarga oid qonunlar ham qabul qilish lozim deb hisobladi va bunga erishdi. Chunonchi, bular ishchilar kasal bo‘lganida, shikastlanganda, qarilik chog‘ida va mehnat qobiliyatini yo‘qotganda sug‘urta olish to‘g‘risidagi qonunlar edi. 1888-yilda Vilgelm I vafot etdi. Taxtni 28 yoshli Vilgelm II (1888–1918) egalladi. Undan har qanday xatti-harakatni kutish mumkin edi. U hokimiyatni hech kim bilan, hatto Bismark bilan ham bo‘lishishni istamadi va yakka hukmronlikka intildi. 1889-yilda Bismark Reyxstag oldiga sotsialistlarga qarshi qonunga doimiy tus berish masalasini qo‘ydi. Biroq Reyxstag buni rad etdi.
Imperator ham Bismarkni qo‘llab-quvvatlamadi. Bismark buni o‘z sha’niga haqorat deb qabul qildi va 1890-yilda iste’fo berdi. Yangi hukumat favqulodda qonunni bekor qildi.

GSDP ochiq holatda ishlash sharoitiga o‘tdi. Partiya mehnatkashlar manfaatini himoya qilish siyosatini davom ettirdi. U eng kuchli va ommaviy partiyalardan biriga aylandi. Natijada, 1891- yildan boshlab yakshanba dam olish kuni deb belgilandi.
13 yoshdan kichik bo‘lgan bolalar mehnati taqiqlandi. Xotin-qizlar uchun 11 soatlik ish kuni joriy qilindi.

Qishloq xo‘jaligidagi ahvol

Qishloq xo‘jaligida barcha haydaladigan yerlarning 25% ga yaqini yunkerlar (katta yer egalari) qo‘lida to‘plangandi. Yunkerlar xo‘jalik yuritishda yollanma mehnatdan foydalanishga o‘tishdi. Ayni paytda, qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun yaratilgan texnikalardan unumli foydalanishga alohida e’tibor berildi. Keng miqyosda mineral o‘g‘itlardan foydalanishga o‘tildi. Bular, o‘z navbatida, mehnat unumdorligining oshishini, hosildorlikning ortishini ta’minladi. Qishloq xo‘jaligida texnikaning keng qo‘llanilishi ortiqcha ishchi kuchlarining ish izlab shaharga ko‘chishiga olib keldi.
Bu esa gurkirab rivojlanayotgan sanoatni ishchi kuchi bilan ta’minlashga keng yo‘l ochdi. Germaniyaning qisqa tarixiy davr ichida agrar davlatdan qudratli industrial davlatga aylanishida bu omil ham muhim rol o‘ynadi.

Mehnatkashlar manfaati uchun kurash

Germaniya qanchalik gurkirab rivojlanmasin, bu mamlakat ishchilari AQSH va Buyuk Britaniya ishchilariga nisbatan kam ish haqi olardi. 1900-1903-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi ishsizlikning ortishiga, ish haqining yanada kamayishiga olib keldi.
Oqibatda, ishchilarning moddiy ahvoli og‘irlashdi. Shunday sharoitda GSDP ishchilar manfaatini parlament yo‘li bilan himoya qila boshladi. 1912-yilgi parlament saylovida bu partiya 34,8% ovoz olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu muvaffaqiyat hukumatni ham yon berishga majbur etdi. Natijada ish haqi qisman bo‘lsa-da oshirildi, ish kunining 9,5 soatga tushirilishiga erishildi. Biroq ishchilar bu bilan kurashni to‘xtatib qo‘yganlari yo‘q. Ular endi 8 soatlik ish kuni belgilanishi talabi bilan chiqa boshladi. GSDP ishchilarning manfaati uchun kurashning tinch, parlament yo‘lini tanlagandi. Bu Parij Kommunasi saboqlaridan kelib chiqib tanlangan birdan bir to‘g‘ri yo‘l edi.

GSDPning parlament yo‘li bilan kurash taktikasining asosida jamiyatdagi dolzarb, asosiy muammolarni islohot yo‘li bilan hal etish maqsadi yotardi. Ayni paytda, bu yo‘l fuqarolar totuvligini ham nazarda tutardi. To‘g‘ri, GSDPning rahbarlari ichida mavjud tuzumni qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan o‘zgartirish lozim deb hisoblovchilar ham yo‘q emas edi. Biroq ular kamchilikni tashkil etgan. Butun o‘tgan tarixiy davr bu yo‘lning xato ekanligini tasdiqladi.