Fransiyaning tashqi siyosati


Mamlakatning xalqaro ahvoli

XIX asrning 70-yillaridan boshlab, Fransiyaning xalqaro maydondagi ahvoli zaiflashdi. Prussiya bilan bo‘lgan urushdagi qaqshatqich mag‘lubiyatdan so‘ng Fransiyaning kontinental Yevropadagi yetakchi davlat mavqeyi yo‘qqa chiqdi. Endi Fransiya Germaniya hujumidan xavfsirab yashaydigan davlatga aylandi. Ayniqsa, 1879-yilda Germaniya va Avstriya-Vengriya o‘rtasida tuzilgan ittifoqchilik shartnomasi Fransiyaning xalqaro mavqeyini yanada yomonlashtirib yubordi. Shunday bo‘lsa-da, Fransiya boshqa buyuk davlatlar o‘rtasidagi nizolardan ustalik bilan foydalanib, o‘z mustamlakachilik imperiyasini tobora kengaytirish imkoniga ega bo‘ldi.

Mustamlakachilik imperiyasining yaratilishi

XIX asrning 70-yillari oxiridan boshlab mustamlakachilik siyosatining yo‘nalishi avval bosib olingan mustamlaka hududlarini o‘zlashtirish va yangi mustamlakalar bosib olishga qaratildi. 1881-yilda Shimoliy Afrikada joylashgan Tunisning bosib olinishi yangi mustamlakalar bosib olish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘ldi. Germaniya Fransiyaning Tunisni bosib olishiga atayin qarshilik ko‘rsatmadi. Uning maqsadi Fransiya va Italiya munosabatlarini keskinlashtirish edi. Chunki Germaniya Italiyaning ham Tunisga da’vogarligini yaxshi bilardi. Fransiya bilan munosabatlari keskinlashgan Italiya endi Germaniya bilan yaqinlasha boshladi. Oxir-oqibatda, bu yaqinlashuv 1882-yilda Italiyaning 1879-yilda Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyalari o‘rtasida tuzilgan harbiy-siyosiy ittifoqqa qo‘shilishiga olib keldi. Shu tariqa, Yevropada jahon tarixiga ʻʻUchlar ittifoqiʼʼ nomi bilan kirgan harbiy-siyosiy ittifoq qaror topdi.

Fransiyaning Afrikadagi bosqinchilik siyosati Tunis bilangina cheklanib qolgani yo‘q. Aksincha, 1891-1896-yillar davomida Gvineya, Senegal, Madagaskar va avritaniyani ham bosib oldi. 1912-yilda esa Marokash ustidan o‘z protektoratini o‘rnatdi. Fransiya Osiyoda ham o‘z mustamlakalarini ko‘paytirib bordi. Chunonchi, 1884-yilda Vyetnamni egalladi. Oradan o‘n yil o‘tgach, Laos ustidan protektorat o‘rnatdi. Shu tariqa 20 mln. aholi yashaydigan mustamlakachilik imperiyasi tuzildi. Bu mustamlakachilik imperiyasi tufayli Fransiya katta daromad manbalariga ega bo‘ldi.

Buyuk Britaniya bilan yaqinlashuv

Germaniya Buyuk Britaniyaning Yevropadagi birinchi davlat mavqeyiga eng ko‘p darajada xavf solayotgan davlatga aylanib borayotgani Buyuk Britaniya hukmron doiralarini tashvishlantirmay qolmasdi. Germaniya bu davrda xalqaro siyosiy maydonda ʻʻquyoshning hamma davlatlar yelkasiga birdek nur sochishi lozimligiʼʼni da’vo qilayotgan ham edi. Bu ulkan uch mustamlakachi davlat — Buyuk Britaniya, Fransiya va podsho Rossiyasi mustamlakalarini qayta bo‘lishga da’vogarlik degani edi. Bu da’vo Fransiyani ham tashvishga solib qo‘ydi. Qolaversa, Fransiya hamon 1870-1871-yillardagi Fransiya-Prussiya urushining oqibatlarini unutgani yo‘q edi.
Binobarin, Fransiya uchun shu vaqtgacha xalqaro miqyosda asosiy raqibi bo‘lib kelgan Buyuk Britaniya bilan yaqinlashish yo‘llarini izlashdan boshqa yo‘l yo‘q edi. Ayni paytda Buyuk Britaniya uchun ham Fransiya bilan yaqinlashish uning manfaatlariga mos kelardi. Chunki bu davrda xalqaro maydonda Germaniya uning birinchi raqibiga aylanib qolgandi.

Nihoyat Fransiya-Buyuk Britaniya yaqinlashuvi yuz berdi. Bu yaqinlashuv 1904-yilda ular o‘rtasida bitim imzolanishi bilan yakunlandi. Bu bitim ularning mustamlakalar masalasi yuzasidan kelishuvlarini o‘zida aks ettirgandi. Xususan, Fransiya Buyuk Britaniyaning Misrdagi harakatlariga bundan buyon to‘sqinlik qilmasligini, Misrning Buyuk Britaniya ta’sir doirasida ekanini tan oldi. O‘z navbatida, Buyuk Britaniya Fransiyaning Marokashdagi manfaatlarini tan oldi. Marokash sultoni o‘z vazifasini bajarolmasligi ehtimoli borligi va shunday bo‘lib qolsa, Marokash hududining Gibraltar bo‘g‘oziga bevosita tutash bo‘lgan qismini Ispaniyaga berish belgilab qo‘yildi. Marokashning qolgan qismini Fransiya o‘z qo‘liga olishi ko‘zda tutildi.

Buyuk Britaniya uchun Gibraltar bo‘g‘ozi Fransiyaning emas, boshqa o‘zi uchun xavfsizroq bo‘lgan Ispaniya tasarrufida bo‘lishi ma’qul edi. 1904-yilgi ikki davlat o‘rtasidagi bitim, aslida, Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida harbiy-siyosiy ittifoq to‘g‘risida shartnoma tuzilganini ham anglatardi.

Rossiya bilan yaqinlashuv

XIX asr oxiri–XX asr boshlarida Rossiya va Avstriya-Vengriya munosabatlari tobora yomonlashib bordi. Bunga ikki davlat manfaatlarining Bolqon yarimorolida keskin to‘qnash kelgani sabab bo‘ldi. 1879-yilda Germaniya va Avstriya-Vengriya harbiy-siyosiy ittifoqining tuzilishi hamda bu ittifoqqa Italiyaning qo‘shilishi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Shunday bir sharoitda Fransiya va Rossiyaning yaqinlashuvi tabiiy bir hol edi. Germaniyaning yanada kuchayib ketishini istamagan Rossiya Germaniyaning Fransiyaga qarshi yangi urush ochish rejalariga to‘sqinlik qilib keldi.

1882-yilda ʻʻUchlar ittifoqiʼʼning tashkil etilganligi Fransiya bilan Rossiyani yaqinlashishga majbur etdi. Nihoyat 1891-yilda bu ikki davlat o‘rtasida ittifoq bitimi tuzildi. Bitimga ko‘ra, bu ikki davlatdan biriga tashqi hujum sodir etilganda, har ikki tomon bir vaqtning o‘zida harbiy safarbarlik e’lon qilishi ko‘zda tutildi. 1907-yilda esa Rossiya 1904-yilda Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida tuzilgan harbiy-siyosiy ittifoqqa qo‘shildi. Shu tariqa Antanta vujudga keldi va Yevropaning buyuk davlatlari ikki harbiy-siyosiy ittifoqqa bo‘linib ketdi.