Fransiyada Uchinchi Respublika va 1871-yil 18-mart davlat to‘ntarishi


4-sentyabr inqilobi

Mag‘lubiyat haqidagi xabarni eshitgan Parij aholisi 3-sentyabr kuni qo‘zg‘olon ko‘tardi. Ular Respublika e’lon qilinishini va Vatanni himoya qilishni talab qildi. Xalq talabi bilan 4-sentyabr kuni Fransiyaning qonun chiqaruvchi Korpusi imperator ag‘darilganini e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Ayni paytda Fransiya Respublika deb e’lon qilindi. Bu mamlakat tarixidagi Uchinchi Respublika edi. (Fransiyada 1- va 2- Respublikalar qachon bo‘lganini eslang.)

Qonun chiqaruvchi Korpus general Troshyu boshchiligida Muvaqqat milliy-mudofaa hukumatini tuzdi. Prussiya Fransiyani iloji boricha ko‘proq holdan toydirishni xohlardi. U Fransiyadan katta tovon undirishga hamda uning foydali qazilmalarga boy viloyatlari bo‘lmish Elzas va Lotaringiyani tortib olishga intildi. Endi urush Prussiya uchun bosqinchilik urushiga aylandi. 19-sentyabr kuni Parij Prussiya qo‘shini tomonidan qurshab olindi. Muvaqqat hukumat noiloj taslim bo‘ldi.

Urushdagi g‘alaba Prussiyaga o‘z qo‘l ostida butun Germaniyani yagona davlatga birlashtirish imkonini berdi. 1871-yil 18-yanvar kuni Fransiyaning Versal saroyida Germaniya — imperiya, Prussiya qiroli Vilgelm I esa Germaniya imperatori deb e’lon qilindi. Otto fon Bismark imperiya kansleri lavozimini egalladi. 1871-yil fevral oyida Fransiyada Milliy Majlisga shoshilinch saylov o‘tkazildi va Tyer boshchiligida yangi hukumat tuzildi. Bu hukumat Fransiya–Germaniya tinchlik shartnomasini imzoladi.

1871-yil 18-mart voqealari

Prussiyaga qarshi urushdagi mag‘lubiyat va ayanchli shartlar asosida imzolangan yarash shartnomasi parijliklarning hukumatga qarshi qahr-g‘azabini kuchaytirib yubordi. Buning ustiga Parijda muhtojlik, ishsizlik, oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishi yuz berdi. Hatto o‘rta tabaqa vakillari ham xonavayron bo‘la boshladi. Parijliklarda hukumatga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ldi. Bunga qamaldan so‘ng aholining qarzlari bo‘yicha to‘lovlarni to‘lashga majbur bo‘la boshlagani hamda hukumat qarorgohi etib Versal shahri tanlangani sabab bo‘ldi.

Ayni paytda Bosh vazir Tyer Milliy gvardiyani qurolsizlantirishni buyurdi. 18-mart kuni kechasi hukumat qo‘shini Milliy gvardiyaga hujum qildi. Bu hodisa Parij aholisini oyoqqa turg‘azdi. Ular hukumat qo‘shinini chekinishga majbur etdi.
Tyer hukumatni Versalga ko‘chirish haqida ko‘rsatma berdi. Bunga javoban Parij mehnatkashlari qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Ular Milliy gvardiya bilan birgalikda harakat qilib, shaharning muhim ahamiyatga ega bo‘lgan joylarini qo‘lga kiritdi.

Ko‘p o‘tmay hukumat binosi, harbiy kazarmalar va barcha davlat muassasalarini ham qo‘zg‘olonchilar qo‘lga oldi. Parijda hokimiyat Milliy gvardiya Markaziy qo‘mitasi qo‘liga o‘tdi. Bu qo‘mita muvaqqat hukumat vazifasini bajardi. Davlat organlariga ishchilar, ziyolilar va qo‘zg‘olonning boshqa qatnashchilari vakillari boshchilik qila boshladi. 26-mart kuni Parij Kommunasiga saylov o‘tkazildi va Kommuna Kengashi tuzildi. Bu kengash o‘z a’zolaridan 10 ta komissiya (vazirlik) tashkil etdi. Shu tariqa Parij shahri o‘ziga xos kichik bir davlatga aylandi.
Bu davlat Parij mehnatkashlarining davlati edi. Parij Kommunasi qator tub ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirdi. Jumladan, egalari tashlab ketgan korxonalar shu korxona ishchilariga topshirildi. Majburiy va bepul ta’lim joriy etildi. Cherkov davlatdan, maktab cherkovdan ajratildi. Mehnatkashlarning uy-joy haqini to‘lash muddatlari kechiktirildi. Ishsizlarni ish bilan ta’minlash idorasi tuzildi. Xususiy mulk bo‘lib kelgan temiryo‘l idoralarini Kommuna o‘z ixtiyoriga oldi va ishlab chiqarish ustidan nazorat o‘rnatdi. Biroq Kommuna o‘z faoliyatida qator xatolarga ham yo‘l qo‘ydi.

Birinchidan, Parijdan qochib ketgan Tyer hukumatini ta’qib qilmadi. Bu esa Tyerga Kommunaga qarshi kurash uchun zarur kuch to‘plab olishga imkon berdi. Natijada, hukumat qo‘shini Parijni qamalga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Ikkinchidan, mamlakatning qolgan qismi Kommunani qo‘llab-quvvatlamadi. Bu hukumatning kommunachilarni mamlakatni dushman ishg‘ol qilib turgan paytda bosh ko‘targan isyonchilar deb yuritgan nafratli tashviqotining natijasi edi. Dehqonlarni, Kommuna to‘la g‘alaba qozonsa, mol-mulkidan ajralib qolishi mumkinligi bilan qo‘rqitishga erisholdi.

Uchinchidan, Kommuna davlat xazinasini, banklarni to‘la o‘z qo‘liga olmadi.

To‘rtinchidan, Kommuna kengashi ichida Kommuna ichki siyosati xususida birlikka erishib bo‘lmadi. Kommunani tor-mor etishda Germaniya Tyer hukumatiga yordam berdi. Chunonchi, Bismark 40 ming fransuz askar va zobitlarni asirlikdan bo‘shatib, ularni Tyer hukumati ixtiyoriga yubordi.

Kommunaning yengilishi.

Hukumat qo‘shini 21-may kuni hujumga o‘tdi va shu kuni Parijga kirib keldi. Kommunachilar mardona jang qildi. Biroq kuchlar noteng edi. 28-may kuni Kommuna to‘la tor-mor etildi. Asir olingan 30 mingga yaqin kommunachi otib tashlandi. 50 mingga yaqin kommunachilar qamoqqa olindi. Bular orasida minglab xotin-qizlar va bolalar ham bor edi. Shu tariqa 72 kun yashagan Kommunaga xotima berildi. Parij Kommunasi bilan ayni paytda Fransiyada inqiloblar davri nihoyasiga yetdi. Kommuna halokatining oqibatlari hokimiyat bilan fuqarolarning o‘zaro manfaatli kelishuvchilik asosida yashashi zarurligini isbotlab berdi.

Frankfurt sulh shartnomasi

1871-yil 10-may kuni Germaniyaning Frankfurt shahrida Fransiya — Germaniya sulh shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra Fransiya Germaniyaga 5 mlrd. frank tovon to‘laydigan bo‘ldi. Bu tovon to‘lanib bo‘linguncha, Germaniya o‘z qurolli kuchlarining bir qismini Fransiya hududida saqlab turadigan bo‘ldi. Bundan tashqari Fransiyaning Elzas va Lotaringiya viloyatlari Germaniyaga berildi.

Parij Kommunasi — Parij shahrining o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lib, u qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshirgan, mehnatkashlarning 1871-yil martda tashkil etgan hokimiyat organi.