Buyuk Britaniyaning tashqi siyosati


Eng ko‘p mustamlakaga ega davlat

Buyuk Britaniyaning iqtisodiy taraqqiyoti AQSH va Germaniyaga nisbatan pasayayotgan bo‘lsa-da, harbiy jihatdan hamon dunyoning eng qudratli davlati bo‘lib qolayotgandi. Qudratli harbiy dengiz floti Buyuk Britaniyani dengizda tanho hukmron davlatga aylantirgandi. Shu qudrat tufayli Buyuk Britaniya XIX asrdan boshlab dunyoning barcha qit’alarida juda katta hududlarni bosib oldi va ularni o‘z mustamlakasiga aylantirdi. XIX asr oxiriga kelganda mustamlakalarga aylantirilgan hududlar 33 mln. kv. km.ni tashkil etdi. Ularda qariyb 370 mln. kishilik aholi yashardi. Mustamlakalardan keladigan daromad olinayotgan foydaning katta qismini tashkil etardi. O‘sha davr tarixchilari Buyuk Britaniya uchun mustamlakalarning ahamiyati haqida majoziy ma’noda bunday deb yozgandi: ʻʻHindiston Buyuk Britaniyani boquvchi enaga. Misr esa Britaniya imperiyasi boshiga kiydirilgan tojdirʼʼ.

Mustamlakachilik imperiyasining tashkil topishi

Britaniyaning dengizdagi tanho hukmronligi hatto mamlakat madhiyasida ham o‘z ifodasini topgandi. Buyuk Britaniyaning o‘g‘lonlari va qizlari madhiyadan o‘rin olgan ʻʻBritaniya, dengizlarni boshqar, hukmronlik qil!ʼʼ degan satrlarni mag‘rurlik bilan ijro etishardi. Iqtisodiy jihatdan Buyuk Britaniyaning eng ilg‘or mamlakat sifatidagi mavqeyining pasaya borishi uni yangi-yangi mustamlakalar bosib olishni kuchaytirishga undadi. Ayni paytda esa avvalgi mustamlakalarda o‘z mavqeyini yanada mustahkamlashga intildi. 1875-yilda dastlab Misr hukumatidan O‘rtayer dengizidan Hind okeaniga chiqishga imkon beruvchi Suvaysh kanalining 45% aksiyasini sotib oldi. Tez orada kanalning boshqa, xususiy kishilar qo‘lida to‘plangan aksiyalarini ham qo‘lga kiritdi. Shu orqali Hindistonga chiqadigan dengiz yo‘llari nazorati to‘la Britaniya qo‘liga o‘tdi. 1876-yilda esa Britaniya o‘z qirolichasi Viktoriyani Hindistonning imperatori deb e’lon qildi. Shu tariqa Buyuk Britaniya imperiyasi tashkil etildi. Endilikda Buyuk Britaniya imperiya deb, parlamenti esa imperiya parlamenti deb yuritiladigan bo‘ldi.

Buyuk Britaniya va podsho Rossiyasi

Buyuk Britaniya o‘z oldiga O‘rta Osiyoni ham egallash maqsadini qo‘ygandi.
Ayni paytda Yer sharining bu mintaqasiga podsho Rossiyasi ham da’vogarlik qilmoqda edi. Podsho hukumatining maqsadi O‘rta Osiyoni egallash orqali Afg‘onistonga chiqish va shu orqali Hindistonga bevosita tahdid solib turish imkoniga ega bo‘lish yo‘li bilan xalqaro masalalarda Buyuk Britaniyani yon berishga majbur etish edi. Podsho Rossiyasi O‘rta Osiyo davlatlarini bosib olish uchun harakat boshlagani Buyuk Britaniyani tashvishga solmay qolmadi. Nihoyat, ikki davlat manfaatlarining o‘zaro mushtarakligiga erishishdi. Ya’ni Rossiya Hindistonga xavf solish, Buyuk Britaniya esa O‘rta Osiyoni egallash niyatidan voz kechdi. Afg‘oniston bu ikki buyuk davlat manfaatlari tig‘ini qaytarib turuvchi hudud vazifasini o‘tashi lozim edi.

Buyuk Britaniya va podsho Rossiyasi manfaatlari to‘qnash keladigan yana bir hudud Bolqon yarimoroli, shuningdek, Qora dengizni O‘rtayer dengizi bilan bog‘laydigan Turkiyaga qarashli Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlari hamda Istanbul shahri edi. XIX asr oxirlarida Bolqon yarimoroli xalqlarining ma’lum qismi Turkiya zulmi ostida edi. Podsho Rossiyasining Bolqonda mustahkam o‘rnashib olishga intilishi, Turkiyaning esa Bolqondagi slavyan xalqlarini o‘z zulmi ostida saqlab turishga urinishi 1877-yilda Rossiya—Turkiya urushini keltirib chiqardi. Bu urushda qo‘li baland kelgan Rossiya Turkiyani o‘zi uchun qulay San-Stefano sulh shartnomasini imzolashga majbur etdi. Biroq Rossiyaning kuchayib ketishini istamagan Buyuk Britaniya Rossiyani San-Stefano shartnomasini buyuk davlatlarning Berlin kongressida qayta ko‘rib chiqishga majbur etdi.

Kongressda slavyan xalqlarining manfaatlariga zid qarorlar qabul qilindi. Turkiya manfaatlari qattiq himoya etildi. Bu xizmat evaziga Turkiya Buyuk Britaniya foydasiga Kipr orolidan voz kechdi. Biroq bora-bora Buyuk Britaniya podsho Rossiyasiga nisbatan dushmanlik munosabatini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
Bunga Germaniya harbiy qudratining tobora o‘sib borayotgani uning hatto Buyuk Britaniya mustamlakalariga ham da’vo qilayotgani sabab bo‘ldi. Eng ko‘p mustamlakali davlatlar bo‘lgan Buyuk Britaniya va podsho Rossiyasi o‘z mustamlakalarini Germaniya bilan baham ko‘rishni aslo istamasdi. Endi bu ikki davlat umumiy dushman xavfiga qarshi turish uchun o‘zaro yaqinlashish yo‘llarini izlay boshladi.

Afrikadagi mustamlakalar

Buyuk Britaniya tabiiy qazilmalarga boy Afrika qit’asida ham katta mustamlakalar bosib olishga kirishdi. 1882-yilda Misrni egalladi. Keyingi yillarda Nigeriya, Somali, Keniya, Ugandani zabt etdi. 1899-yilda Afrikaga Gollandiya, Fransiya va Germaniyadan ko‘chib borgan kishilar avlodlari boshqarayotgan Bur Respublikalariga qarshi urush harakatlarini boshladi. 1902-yilda Bur Respublikalari taslim bo‘ldi (Transvaal va Oranj Respublikalari). Buyuk Britaniya Janubiy Afrikada bosib olgan barcha hududlarni yagona birlikka — Janubiy Afrika Ittifoqiga birlashtirdi.

Buyuk Britaniyaning xalqaro ahvoli

Bozorlar va mustamlakalar uchun buyuk davlatlar o‘rtasida raqobatning kuchayib ketgani Buyuk Britaniyaning xalqaro ahvolini ancha yomonlashtirib bordi. Ayniqsa, Germaniya bilan Buyuk Britaniya ziddiyatlari kuchaydi. Shunday sharoitda Buyuk Britaniya Germaniyaga qarshi boshqa davlatlar bilan til topish yo‘lini izlashga majbur bo‘ldi. 1901-yilda Panama kanali masalasida AQSHga yon berdi. 1902-yilga kelib, Yaponiya bilan shartnoma imzoladi va unga katta moliyaviy yordam ko‘rsatdi.
1904-yili Buyuk Britaniya bilan Fransiya o‘rtasida shartnoma tuzilib, u Antanta nomini oldi. 1907- yilda Buyuk Britaniya-Rossiya bitimi tuzildi. Buyuk Britaniya hukumati, ayni paytda, o‘zga davlatlarning ichki ishlariga ham aralashishni davom ettirdi. Chunonchi, Erondagi (1905-1911-yillardagi) inqilobni bostirdi. Xitoyda 1911-yilgi inqilobga qarshi chiqqan kuchlarni qo‘llab-quvvatladi. Ayni paytda Buyuk Britaniyadan ko‘chib borgan inglizlar joylashgan mustamlakalarda mustahkamlanib olgan milliy burjuaziyaning tazyiqi ostida hukumat bu mustamlakalarga rasmiyatchilik jihatdan mustaqillik huquqini (dominion) berishga majbur bo‘ldi.
Avstraliya, Yangi Zelandiya va Janubiy Afrika Ittifoqi dominionlik huquqini oldi (1867-yili Kanada shunday huquqni olgandi).