Buyuk Britaniyaning ichki siyosati


Irlandiya muammosi

Buyuk Britaniya ichki siyosatidagi keskin muammolardan biri — Irlandiya muammosi edi. Irlandiyaning ijaraga yer olib kun ko‘ruvchi dehqonlari nihoyatda muhtojlikda yashashardi. Chunki yerlarni Britaniya lendlordlari o‘zlariniki qilib olgandi. Ko‘pchilik irlandiyaliklar tirikchilik ko‘yida Amerikaga ko‘chib ketdi.
Ochlik, o‘lim va ko‘chib ketish natijasida aholi soni kamayib ketdi.

1875-yilda Buyuk Britaniyaning parlamenti deputati, olsterlik protestant, yer egasi Parnell Irlandiyaga muxtoriyat huquqi berilishi haqida qonun qabul qilishni (gomrul) talab qildi. Shuningdek, u ijaraning qat’iy bo‘lishi, ijara haqining insof bilan olinishi va ijaraga olingan yerning qo‘ldan qo‘lga erkin o‘tishini ko‘zda tutuvchi agrar islohotni amalga oshirishni talab qilgan hamjamiyat — Irland muxolifat guruhini o‘z atrofiga birlashtirdi.

Parnell rahbarlik qilgan muxolifat 70-yillar oxirida nufuzli kuchga aylandi.
Irland dehqonlarining ʻʻYer-suv ligasiʼʼ nomli ommaviy tashkiloti shu muxolifat tayanchi bo‘ldi. Ijarachilarning yerdan haydalishiga javoban ʻʻYer-suv ligasiʼʼ Irlandiyadagi katta yer egalariga qarshi ommaviy terror boshlab yubordi. Ayni paytda Britaniya tovarlariga boykot kuchaydi. Buyuk Britaniya hukumati 1881-yilda irlandlarga gomrul o‘rniga ʻʻYer-suv aktiʼʼni taklif qildi. Unda 15 yil muxlatga ijara miqdorini adolat bilan belgilaydigan va ijarachiga o‘z yer maydonini boshqa bir shaxsga o‘tkazish huquqini beradigan komissiya tuzilishi ko‘zda tutilgandi.

Irland ʻʻYer-suv ligasiʼʼ bu tartibga qarshi chiqdi va boykotni kuchaytirib, britaniyalik pomeshiklarni qo‘rqitish kompaniyasini boshlab yubordi va gomrulni talab qildi. Bunga javoban hukumat ta’qibni kuchaytirdi. Parnell qamoqqa olindi. ʻʻYer-suv ligasiʼʼ taqiqlab qo‘yildi. Buyuk Britaniya hukumatining bu xatti-harakatlari yonib turgan olovga yog‘ quyish bo‘ldi xolos. Irland dehqonlari Parnellning da’vati bilan britaniyalik lendlordlarga ijara haqi to‘lashdan bosh tortishdi. Taqiqlangan ʻʻYer-suv ligasiʼʼ o‘rniga ʻʻXotin-qizlar yer ligasiʼʼ tuzildi. U bilan bir qatorda ʻʻOy yog‘dusi bahodirlariʼʼ, ʻʻOq o‘g‘lonlarʼʼ, ʻʻYengilmas botirlarʼʼ kabi millatchi jangovar irland tashkilotlari paydo bo‘ldi.

Irlandiyada ochiqdan ochiq fuqarolar urushi xavfi kuchaydi. Shundan keyin Buyuk Britaniya hukumati Parnell va uning tarafdorlariga kelishishni taklif qildi. 1881-yilda Parnell bilan tuzilgan bitimga muvofiq, irland ijarachi dehqonlari ijara haqi to‘lashni davom ettirishlari va boykotni to‘xtatishlari, katta yer egalari esa ijarachilarning qarzini kechib yuborishlari lozim edi. Biroq Parnell tutgan kelishuvchilik yo‘li Irlandiyadagi mayda terrorchi guruhlarni faollashtirib yubordi. Chunonchi, 1882-yilda Dublinda Irlandiya ishlari bo‘yicha stats-sekretar va Irlandiya lordhokimi o‘ldirildi. Britaniya tomonidan ta’qib va politsiya terrori boshlandi. Bunga javoban irland qishlog‘ida yangi terrorchilik to‘lqini ko‘tarildi. Oxir-oqibatda 1886-yilda hukumat gomrul berishga qaror qildi. Biroq parlament uni rad etdi.

Shunday sharoitda Irlandiya burjuaziyasining bir qismi Irlandiyaga muxtoriyat berilishi talabi bilan chiqdi. Irlandiya burjuaziyasining savdo-sanoat doiralari manfaatini ko‘zlovchi qismi esa Irlandiyaning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan birmuncha keskin talabni o‘rtaga tashladi. Ushbu guruhning rahbari A.
Griffit 1905-yili ʻʻShinfeynʼʼ (ʻʻBiz o‘zimizʼʼ) partiyasini tuzdi. U Irlandiya mustaqil parlamenti tuzish tashviqotini olib bora boshladi. Britaniya tovarlarini boykot qilish yanada kuchaydi. Hukumat 1912-yilda parlamentga yana gomrul haqidagi qonun loyihasini taqdim etishga majbur bo‘ldi. Biroq parlament yana uni tasdiqlamadi.
Natijada Irlandiyada siyosiy ahvol nihoyatda keskinlashdi. Biroq 1914-yilda boshlanib ketgan jahon urushi parlamentni gomrul haqidagi qonunni tasdiqlashga majbur etdi. Chunki urush davrida ichki siyosiy barqarorlik havodek zarur edi.

1911-yilgi parlament islohoti

1911-yilda Buyuk Britaniyada parlament islohoti to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Bu qonun parlamentning yuqori palatasi – Lordlar palatasining veto huquqlarini chekladi. Chunonchi, endi parlamentning quyi — Jamoa palatasi bir qonun loyihasini 3 marta ma’qullasa, u Lordlar palatasi tomonidan tasdiqlanmasa ham qonun kuchiga ega bo‘ladigan bo‘ldi. Lordlar palatasi moliya masalalarini ham hal etishdan chetlatib qo‘yildi. Parlamentning vakolat muddati 5 yil etib belgilandi.
Deputatlarga maosh joriy etildi. Buyuk Britaniya mehnatkashlari o‘z haq-huquqlari uchun doimo kurash olib borishgan. Buyuk Britaniya ishchilar harakatida tred-yunionlar (kasaba uyushmalari) katta rol o‘ynagan. Tred-yunionlarga a’zo bo‘lganlar soni ham yildan yilga oshib borgan. Chunonchi, 1888-yilda ularning soni 750 ming kishi bo‘lgan bo‘lsa, 1892-yilda 1,5 mln. kishiga yetdi.

Ijtimoiy harakat

Buyuk Britaniya tred-yunionlari kurashning parlament yo‘lini tanlashgan. Qonun ishchilarga ish tashlash huquqini bergan. Biroq ish tashlash davom etgan kunlarda korxonalar ko‘rgan zarar tred-yunionlar hisobidan undirilardi. Bu qoida amalda ish tashlashni kurash usuli sifatida yo‘qqa chiqarardi. Tred-yunionlar o‘z partiyalarini tuzishga qaror qildi. Bu partiya 1900-yilda tuzilgan va u 1906-yildan boshlab Leyboristlar partiyasi deb atala boshlandi. Leyboristlar partiyasi parlament yo‘li bilan ishchilar manfaatini himoya qilishni o‘z maqsadi, deb e’lon qildi. Liberallar hukumati rahbari D. Lloyd Jorj ʻʻLeyboristlar partiyasining tuzilishi Liberallar hukumatining xatosiʼʼ, deb afsus bilan qayd etgandi. Leyboristlar partiyasi tuzilgandan so‘ng o‘tkazilgan birinchi parlament saylovidayoq, bu partiya 29 ta deputatlik o‘rnini egalladi.

Iqtisodiy taraqqiyot sur’atining pasayishi zarur iste’mol mahsulotlarining narxi ko‘tarilishiga olib keldi. Bu esa ishchilarni ish tashlashga majbur etdi. Eng yirik ish tashlash 1911-yilda yuz berdi. Ko‘mir qazuvchilarning 6 hafta davom etgan ish tashlashi hukumatni zarur choralar ko‘rishga majbur etdi. Chunonchi, ʻʻIsh haqi minimumi to‘g‘risidaʼʼgi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, ish tashlashlar vaqtida korxonalar ko‘rgan zararning tredyunionlardan undirilishi taqiqlandi. Ishlab chiqarish jarayonida baxtsiz hodisa tufayli jabrlanganlarga korxona egalari hisobidan nafaqa to‘lash belgilandi. 70 yoshga to‘lgan kishilarga pensiya tayinlandi.
Konchilar uchun 8 soatlik ish kuni belgilandi. Kasallik va ishsizlik sababli sug‘urta to‘lovi joriy etildi. Bir so‘z bilan aytganda Buyuk Britaniya hukmron doiralari Birinchi jahon urushi arafasida ichki siyosiy muammolarni yumshatishga va xalqni jipslashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Gomrul — o‘z-o‘zini idora qilish (Irlandiyada).