Avstriya-Vengriya imperiyasining tashqi siyosati


Germaniya bilan yaqinlashuv

Avstriya-Vengriya imperiyasi tashqi siyosatining markazida, asosan, Bolqon yarimoroli yotgan. Shuning uchun u Bolqonda egallab olgan slavyan xalqlari yerlarida mustahkam o‘rnashib olishga, Rossiyaning Bolqon yarimorolidagi ta’sirini keskin kamaytirishga jon-jahdi bilan harakat qilgan. Avstriya-Vengriyaning yakka o‘zi bu vazifaning uddasidan chiqolmasdi. Shuning uchun ham u Germaniya bilan yaqinlashdi. O‘z navbatida Germaniya ham bu yaqinlashuvdan manfaatdor edi.


Chunki bu davrda Germaniya buyuk davlatlar o‘rtasida bo‘linib bo‘lgan dunyoni yana qayta bo‘lishga intilayotgandi. Bu maqsadning ro‘yobga chiqishi uchun Germaniyaga, albatta, ittifoqchi zarur edi. Natijada 1879-yilda bu ikki imperiya o‘rtasida ittifoq shartnomasi tuzildi.

Avstriya-Vengriya va Rossiya munosabatlari

Bu ikki imperiya, asosan, Bolqon yarimorolidagi yerlarga ko‘z tikkandi. Avstriya-Vengriya bu yerda slavyan xalqlarini o‘ziga bo‘ysundirishga, ularning mamlakatlarini esa mustamlakaga aylantirishga urinardi. Ayni paytda Bolqonda Turkiya katta mustamlaka hududlariga ega edi. Slavyan xalqlari o‘z milliy-ozodliklari uchun doimiy kurash olib borgan. Bu kurashda ular Rossiyaga tayangan. Rossiya slavyan xalqlarining milliy-ozodlik kurashini qo‘llab-quvvatlash barobarida o‘zi ham Bolqonda mustahkam o‘rnashib olishga intilgan. Binobarin, bu uch imperiyaning manfaatlari Bolqonda surunkali to‘qnashib turgan. Avstriya-Vengriyaning Bolqonga nisbatan yuritgan siyosati Rossiya bilan munosabatlarining yomonlashuviga olib kelgan. Bu ikki imperiya o‘rtasida qachonlardir urush chiqishi muqarrar edi.

1878-yilda bo‘lib o‘tgan Berlin kongressida Avstriya-Vengriya Bolqondagi Bosniya va Gersegovinani bosib olish huquqini qo‘lga kiritdi. Uning maqsadi bu hududni qulay imkoniyat tug‘ilishi bilanoq bosib olish edi. Nihoyat 1908-yilda Avstriya-Vengriya o‘z maqsadini amalga oshirdi. Bu esa Avstriya-Vengriya va Rossiya munosabatlarini yanada keskinlashtirib yubordi. Ayni paytda bu hodisa slavyan xalqlari orasida Rossiya obro‘siga ham putur yetkazdi. Chunki Rossiya Avstriya-Vengriya istilosining oldini ololmadi. Bunga Germaniyaning Avstriya-Vengriyani qo‘llab-quvvatlashi, uning Rossiyaga qarshi urush e’lon qilishi mumkinligi haqidagi do‘q-po‘pisalari sabab bo‘ldi.

Avstriya-Vengriyaning urushga tayyorgarlik ko‘rishi

Italiya manfaatlarining Shimoliy Afrikada to‘qnashuvi oxir-oqibatda 1911-yilda ular o‘rtasida urush kelib chiqishiga olib keldi. Bu urushda Turkiyaning yengilishi uni yanada zaiflashtirdi. Bu omil janubiy slavyan xalqlarining Turkiya zulmidan ozod bo‘lishlari uchun olib borilayotgan kurashlarining yanada kuchayishiga qulay sharoit yaratgandi. Bu qulay sharoitdan foydalangan Bolqonning mustaqil davlatlari Bolgariya, Serbiya, Chernogoriya va ularga qo‘shilgan Gretsiya tez orada Bolqon ittifoqini tuzdi. Ittifoq 1912-yilda Turkiyaga qarshi urush boshladi. Bu urush tarixga ʻʻBirinchi Bolqon urushiʼʼ nomi bilan kirgan. Bu urush Bolqon slavyanlari va greklarning Turkiya hukmronligidan ozod bo‘lishi bilan tugadi. Biroq ittifoqchilar Turkiyadan ozod etilgan hududlarni bo‘lish masalasida o‘zaro kelisholmadi.
Bunga Bolgariyaning hammadan ko‘p ulush olishga urinishi sabab bo‘ldi.
Uning da’volari Avstriya-Vengriya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Avstriya-Vengriya shu yo‘l bilan Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya madadiga tayanayotgan Bolqon ittifoqini buzib yubormoqchi edi. Chunki bu ittifoqning mavjudligi Avstriya-Vengriyaga Bolqonda mustahkam o‘rnashib olishga imkon bermasdi. Avstriya-Vengriya o‘z maqsadiga erishdi ham. Oqibatda 1913-yilda Bolgariya Serbiya va Gretsiyaga hujum qildi. Shu tariqa Ikkinchi Bolqon urushi boshlanib ketdi.

Bu urushda Chernogoriya va Ruminiya Serbiya va Gretsiyaga yordam berdi.
Kechagi umumiy dushman — Turkiya ham Bolgariyaga qarshi urushda qatnashdi. Ikkinchi Bolqon urushida Bolgariya yengildi va qo‘lga kiritilgan hududlarining bir qismini yo‘qotdi. Urush natijasida Serbiya Bolqonning yetakchi davlatiga aylandi.


Endi Avstriya-Vengriya va Germaniya o‘z oldilarida kuchayib borayotgan Serbiyani yanchib tashlash va shu orqali Rossiyaning Bolqondagi ta’siriga putur yetkazish maqsadini qo‘yishdi. Avstriya-Vengriyaning maqsadlari uni tashqi siyosatda Germaniyaga mutlaq qaram qilib qo‘ydi. Avstriya-Vengriya urushga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Mamlakatda qisman safarbarlik ham o‘tkazildi. 1914-yilda esa parlament tarqatib yuborildi. Ana shunday qaltis vaziyatda, serb millatchilari tomonidan 1914-yil 28-iyulda Avstriya-Vengriya taxti vorisi Frans Ferdinandning o‘ldirilishi Avstriya-Vengriya hukmron tabaqalarining urushni boshlab yuborishlari uchun bahona bo‘ldi. Mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatildi.

Harbiy diktatura — harbiylarning cheklanmagan hokimiyati.