XIX asrning oxirida Xitoy


Xitoyning yarimmustamlakaga aylantirilishi

XIX asr oxirida Xitoy qoloq, yarimfeodal davlat edi. Yerning asosiy qismi zamindor boylar qo‘lida edi. Ko‘pchilik dehqonlar zamindorlardan yerni ijaraga olar, ijara haqini pul bilan yoki hosil hisobidan to‘lashardi. Yeri bor dehqonlar juda kam edi.
Dehqonlar shaharga ish qidirib kelishardi. Lekin har doim ham ish topilmasdi.
Chunki Xitoyda sanoat juda sekin taraqqiy etayotgandi. XIX asrning so‘nggi choragidan boshlab mamlakatda kapitalistik munosabatlar ham rivojlana boshladi.
Dastlabki temiryo‘llar qurildi. Iqtisodiy aloqalar kengaydi. Yirik shaharlar barpo etildi. Ishchilar soni ko‘paydi. Sanoat vujudga kelishi bilan milliy burjuaziya ham shakllana boshladi. Biroq milliy burjuaziyaning ko‘pchiligi kompradorlardan iborat edi. Ular amalda chet el firmalarining yollangan vakillari edi. Ular chetdan keltirilgan tovarlarni sotish va arzon xomashyo sotib olish hisobiga boyib borardi. Pulga muhtoj bo‘lgan Sin sulolasi chet el davlatlari bilan asoratli shartnomalar tuzar va milliy manfaatlarga xilof ravishda ularga yon berardi. 70-yillardanoq ajnabiylar Xitoyning 26 bandargohiga bemalol kirib, o‘zlarini xo‘jayinlardek tutardi.
Temiryo‘llar qurilishi xorijliklar tasarrufida edi. Ko‘mir shaxtalari, konlarning katta qismi ham ularning ixtiyorida bo‘lib, Xitoy chet el davlatlarining xomashyo bazasiga aylanib qoldi.

Chet elliklar katta shaharlarda hatto o‘z mavzelarini tashkil etib, Xitoy ma’murlarini mensimasdan, mustaqil ish yuritishardi. Xitoyning Yaponiya bilan 1894-1895-yillardagi urushda mag‘lubiyatga uchrashi chet ellik monopolistlarning Xitoyni yanada ko‘proq talashi, asoratga solishiga sabab bo‘ldi. 1897-1898-yillarda Germaniya Szyaochjouvan (Sindao) bandargohini bosib oldi va Shandun viloyatini o‘z ta’sir doirasiga kiritdi. Fransiya Guamchjuvan ko‘rfazini egalladi va Yunan viloyatida hukmronlik ta’sirini o‘tkaza boshladi. Rossiya Port Arturni (Lyuyshun), Buyuk Britaniya Veyxayvey bahdargohini ijaraga oldi. Eng boy hudud –– Yanszi daryosi havzasi Buyuk Britaniyaning ta’sir doirasiga tushib qoldi. Futsziyan viloyatida yapon bosqinchilari hukmron bo‘lib olishdi. Xitoydagi har qanday o‘zgarishlar buyuk davlatlar tomonidan nazorat qilinardi. Shunday qilib, Xitoy yarimmustamlakaga aylandi.

Sanoat taraqqiyoti va chet el hukmronligi

XIX asrning oxirida Xitoyda ilk sanoat korxonalari paydo bo‘la boshladi. 1881-yilda Shimoliy Xitoyda birinchi temiryo‘l ishga tushirildi. 1897-yilda bu yerda 600 ga yaqin chet el firmalari mavjud edi. Lekin sanoat korxonalarining o‘sishi va ko‘payishi sust bordi. Import eksportdan ancha ko‘p edi. Xitoy bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida 1876-yili tuzilgan konvensiya Xitoyni yanada asoratga soldi. Konvensiya Buyuk Britaniyaga Xitoyning 10 dan ortiq bandargohiga erkin kirish, qator viloyatlarda imtiyozli savdo qilish huquqini berdi. 1884-yilda Fransiyaning Vyetnamni bosib olishi tufayli Fransiya–Xitoy munosabatlari yomonlashdi. Shu yili Xitoy Markaziy Vyetnam ustidan rasmiy hukmronligidan voz kechdi va u yerda Fransiya protektoratini tan oldi. Xitoy hukumati Fransiya bilan shoshilinch bitim tuzdi va Fransiyaga qator masalalarda yon berdi.

Ijtimoiy harakat

Xitoy endigina sanoatlashuv yo‘liga qadam qo‘yganda xorijiy davlatlar tomonidan talon-toroj qilinishi xalq ahvoliga og‘ir ta’sir ko‘rsatdi. Xitoyni to‘g‘ri taraqqiyot yo‘liga olib chiqish haqida turli g‘oyalar shakllandi. Bu islohotchilik harakati deb ataldi. Bu davr ijtimoiy harakatida Sun Yat Senning o‘rni alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. U Xitoyni inqilob yo‘liga yetaklagan rahnamo edi. Sun Yat Senning ʻʻXitoy uyg‘onish jamiyatiʼʼ nomli tashkiloti manchjurlarning Sin sulolasini ag‘darib tashlash va Xitoyda demokratik milliy davlat tuzish uchun kurashdi. Xitoyda bu davrdagi ijtimoiy harakatda ʻʻIxetuanʼʼ — ʻʻTinchlik va adolat uchun ko‘tarilgan mushtʼʼ deb atalgan yashirin tashkilot ham katta rol o‘ynadi. ʻʻIxetuanʼʼlar ʻʻManchjur sinlarini haydab chiqaramiz, chet elliklarni yo‘qotamizʼʼ shiori ostida ish ko‘rishardi. 1899-yili ʻʻIxetuanʼʼ harakati qo‘zg‘olon tusini oldi. Ixetuanlar Yaponiyaga tovon to‘lashni to‘xtatish, Tayvanni Xitoyga birlashtirish kabi talablarni qo‘ydi. Sin hukumati qo‘zg‘olondan cho‘chib qoldi. Chunki Ixetuanlar poytaxt va viloyatlarning qariyb yarmini qo‘lda tutib turishgandi. 1900-yili hukumat qo‘zg‘olonchilarga qarshi yuborgan qo‘shin yengildi. Qo‘zg‘olonchilarning yaxshi uyushgan otryadlari Pekinga yurish boshlashdi va bu yerda o‘z hokimiyatini o‘rnatishdi.

Xitoyga qarshi intervensiya

Bu voqea Pekinga chet elliklar intervensiyasi boshlanishiga bahona bo‘ldi. Intervensiyada sakkiz davlat — Germaniya, Yaponiya, Italiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Rossiya va Avstriya–Vengriya qatnashdi. Ularning har biri Xitoyda kattaroq ulushga ega bo‘lish maqsadini ko‘zlardi. 1899-yil sentyabrda AQSH davlat kotibi Xeyning ʻʻochiq eshiklar va teng imkoniyatlarʼʼ siyosati e’lon qilindi va ʻʻXeyʼʼ doktrinasi deb nom oldi. 1900-yil iyul oyida chet el interventlari yalpi hujumga o‘tishdi va Pekin shahri egallandi. Xorijliklar shaharni va imperator saroyini talon-toroj qilishdi. Sakkiz davlat Xitoyni asoratli shartnomani imzolashga majbur qildi.
Shartnomada qo‘zg‘olonda qatnashgan mansabdor shaxslarni qatl etish yoki surgun qilish talab etildi. Shuningdek, Pekin bilan dengiz sohili o‘rtasidagi yo‘llarni muhofaza qilish uchun ajnabiy davlatlarga Xitoyda o‘z qo‘shinlarini saqlashga ruxsat berildi. Bundan tashqari, Xitoy chet el interventlariga 33 mln. dollar tovon to‘lashga majbur etildi. Xitoyga qurol-aslaha kiritish taqiqlandi. Ajnabiylarning Xitoydagi imtiyozlari ko‘paydi. Natijada Xitoy yanada himoyasiz bo‘lib qoldi.
Ayni paytda Ixetuan qo‘zg‘oloni mustamlakachilarni ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur etdi.

Intervensiya (lotincha — aralashuv) — o‘zga davlat hududini bosib olish, o‘z hukmronligini o‘rnatish maqsadida shu davlat ichki ishlariga zo‘rlik bilan aralashish.

Komprador (ispancha — xarid qiluvchi) — iqtisodiy qoloq va qaram davlatlar burjuaziyasining chet el kapitali bilan ichki bozor o‘rtasida vositachilik qiluvchi qismi.

Konvensiya (lotincha — shartnoma) — ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma turlaridan biri.