XVIII–XIX asrlarda G‘arbiy Yevropa va Amerikada inqilobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bir qator mamlakatlarida feodal tartiblarni bekor qilgan bu inqiloblar mehnatkashlarga haqiqiy erkinlik olib kelmadi. Yollanma ishchilar hayotining katta qismi ishlab chiqarishda yoki ish izlab o‘tardi. Bolalar yosh paytidan bir xil, og‘ir mehnatga ko‘nikishardi.
Mehnat sharoiti va uning xarakteri ishchilarning hayot tarzini va iste’molning darajasini belgilardi. Ular boshqa toifa vakillaridan axloqning qattiqligi, ba’zan esa qo‘polligi bilan farqlanardi. Chunki sanoat ishchilarining mehnat sharoiti juda og‘ir edi. XIX asrning 70-yillarigacha ish kunining uzunligi Angliya va AQSHda — 10 soat, Germaniya va Fransiyada — 10–12 soat, Rossiya va Yaponiyada — 12–16 soatni tashkil qilardi.
Ayollar va bolalar mehnatiga teng ish vaqti uchun kamroq haq to‘lanardi. “Fabrika ayollari” asosan 13–14 yoshli qizlar edi. Parlamentlarning qator qarorlariga qaramasdan bolalar mehnatidan og‘ir ishlarda ham foydalanilar edi. 10–12 yoshli bolalar tamaki fabrikalaridan tortib toshko‘mir shaxtalarigacha mehnat qilishardi.
Bolalar mehnati uchun ayollarnikidan ham kam haq olardi. Ularning ko‘pchiligi bolaligidayoq sog‘ligidan ayrilgan “fabrika bolalari” edi. Jamiyatdagi bunday ahvol ilg‘or kishilarni adolatli jamiyat to‘g‘risida yangi g‘oya va ta’limotlarni yaratishga undadi. XIX asrda paydo bo‘lgan shunday ta’limotlarning asosiylari konservatizm, liberalizm va sotsializm nomlarini oldi.
Konservatizm
XVIII asrdayoq paydo bo‘lgan konservatizm (lotincha conservatio – saqlab qolmoq, qo‘riqlamoq) mavjud siyosiy tartib – monarxiya boshqaruvini saqlab qolish zarurligini asoslashga urinardi. Uning ko‘zga ko‘ringan arboblari – ingliz Edmund Berk va fransuz Jozef de Mester hamda Lui de Bonald edi. Konservatizm burjua jamiyatidagi aslzodalar mafkurasi edi. Konservatizm vakillari ham mavjud holatni o‘zgarishlarsiz saqlab turish mumkin emasligini yaxshi tushunar edi.
Konservatorlar jamiyat taraqqiyotida yuz bergan o‘zgarishlar natijasida individualizm, raqobat mavjudligini tan olishga majbur bo‘ldi. Ba’zi konservatorlar feodal aristokratiya hukmronligiga qarshi kurash jarayonida yuz bergan burjua o‘zgarishlarni ham ma’qullashga tayyor edi. Ular neokonservatizm (yangi konservatizm) vakillari bo‘lib, ko‘pchiligi avvalgidek shaxsning davlatga bo‘ysunishi zarurligini tan olgan. Biroq bu hol endi ularga xususiy mulkni himoya qilish va hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotga qisman aralashishi mumkinligini e’tirof etishlariga xalaqit bermagan.
Ammo ularning fikricha, bu o‘zgarishlar jamiyatning asosi bo‘lgan an’analarga putur yetkazmasligi lozim edi. Konservatizmning xarakterli belgisi, eng avvalo, an’analarni muqaddas deb bilishdir. Konservatorlar jamiyatdagi mavjud sinflar va qatlamlar orasidagi qat’iy chegaralarning saqlanishi tinchlik va tartibni saqlashning zarur shartlaridan biri deb ishonadi.

Sen-Simon
Liberalizm
Liberalizm (lotincha liberum – ozodlikka mansub) — shaxs erkinligini va bu erkinlikni kamroq cheklaydigan davlat tuzilishini ilmiy asoslaydigan g‘oyaviy-siyosiy oqim.
Liberalizm vakillari g‘oyalarining asosini quyidagilar tashkil etgan:
1.Xususiy mulk shaxs erkinligining zaruriy sharti ekani;
2.Erkin bozor, erkin raqobat va erkin tadbirkorlik, teng imkoniyatlar qaror topishi;
3.Huquqiy davlat g‘oyasi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, bag‘rikenglik va ozchilik huquqlarining himoyalanishi zarurligi;
4.Asosiy huquq va erkinliklar (vijdon, so‘z, yig‘ilishlar, turli uyushmalar va partiyalar tuzish) va umumiy saylov huquqi joriy etish.
Liberalizm hokimiyat tepasida turgan sanoat burjuaziyasining g‘oyasi sifatida paydo bo‘ldi. Uning rivojlanishiga ingliz Jon Lokk va fransuz Sharl Moteske katta hissa qo‘shdi. XIX asr o‘rtalariga kelib G‘arbning ilg‘or mamlakatlarida hukmron dunyoqarash bo‘lib olgan liberalizm mutlaq monarxiyaga qarshi faol kurash olib bordi.

R.Ouen
Sotsializm
Mehnatkashlar erkinligi uchun kurashning dastlabki davridagi achchiq tajriba yangi – sotsialistik va kommunistik nazariyalarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Sotsializm faqatgina eski tartiblarni yo‘q qilish zarurligi haqida emas, insonlarning to‘liq ijtimoiy tengligi mavjud bo‘lgan yangi jamiyatni qurish haqidagi ta’limot edi.
XIX asrning birinchi yarmida sotsialistlar yangi jamiyatni ishlab chiqaruvchilar jamoalarining ittifoqi sifatida tasvirlaydi. Ularning g‘oyasi fanda utopik sotsializm nomini olgan. Utopik sotsializmning yirik namoyandalari fransiyalik Sen-Simon va Sharl Fure hamda buyuk britaniyalik Robert Ouen edi. Ular pul hukmronligi, ikkiyuzlamachilik hamda aldovga asoslangan jamiyat o‘rniga kishilar mehnatkash va ekspluatatorlarga ajratilmaydigan yangi jamiyat qurish loyihasini taklif qildi. Ularning g‘oyasi reallikdan uzoq bo‘lgani uchun utopik sotsializm, ta’limot tarafdorlari esa utopik sotsialistlar nomini oldi.
XIX asr o‘rtalarida mavjud sotsialistik g‘oyalar o‘rniga germaniyalik K.Marks va F.Engelslar ishlab chiqqan kommunistik jamiyat qurish haqidagi yangi ta’limot vujudga keldi va u marksizm nomini oldi. Kommunistik g‘oya tarafdorlarini kapitalizmdan sinfsiz jamiyatga o‘tish imkoniyatiga ishonch birlashtirib turardi. Kommunistlar jamiyatning barcha a’zolarini mehnatkashlarga aylantirish, jamiyat boyliklarini teng taqsimlash insoniy ehtiyojlarning qondirilishini ta’minlaydi, deb o‘ylardi.
Marksizmning paydo bo‘lishi Yevropaning bir qator mamlakatlarida ishchilar harakatining o‘sishi, ayniqsa, Fransiyadagi inqilobiy voqealar bilan bog‘liq edi. Marks va Engels kapitalizm rivojlanishida mehnat bilan kapital o‘rtasida kelishib bo‘lmaydigan qarama-qarshilik tug‘dirishiga ishonardi. Marks kapitalizm taraqqiyoti sinfiy ziddiyatning o‘sishiga olib kelishini ham aytib o‘tgandi. Uning fikricha, kam sonli kapitalistlar bilan borgan sari ko‘payib boradigan, juda og‘ir hayot kechiradigan va hech qanday xususiy mulkka ega bo‘lmagan ko‘p sonli ishchilar – proletariat o‘rtasidagi ziddiyat to‘xtovsiz keskinlashib boradi va kommunistik inqilobga olib keladi. Ammo kapitalizm rivojlanishining keyingi bosqichi Marksning ushbu fikrini tasdiqlamadi.
Kommunistik jamiyat (lotincha – kommunist – “umumiy” degani) — bu ishlab chiqarish vositalari jamoaning umumiy mulki bo‘lgan, xususiy muk bo‘lmaydigan, jamiyat a’zolarining ijtimoiy tengligi asosida quriladigan ijtimoiy va iqtisodiy tuzum.