Siyosiy ahvol
XVI asrda Yevropada yangi jamiyat – kapitalistik jamiyatning tarkib topishi davom etayotgan bir sharoitda Osiyo davlatlarida hamon o‘rta asr feodal munosabatlari hukmron edi. Yaponiya ham bundan mustasno emasdi.
XVI asr boshlarida Yaponiya o‘zaro ichki urushlar oqibatida amalda qator-qator mayda davlatlarga bo‘linib ketdi. 1507-yildan boshlab Yaponiya tarixida notinch davr boshlandi. Bu davr Yaponiya tarixiga “Kurashuvchi viloyatlar davri” nomi bilan kirgan. O‘zaro ichki urushlar faqat 1573-yilda ikkinchi syogun Asikaga sulolasi hokimiyati ag‘darilishi bilan nihoyasiga yetdi.
Yaponiyani yagona davlatga birlashtirishdek tarixiy vazifani amalga oshirish ishiga qudratli xonadon yetakchilaridan biri Oda Nobunaga rahbarlik qildi.
Shiddatli va shafqatsiz kurashlardan so‘ng Oda Nobunaga Asikagani syogunlikdan mahrum etdi.
XVI asr oxirlariga kelib u mamlakat viloyatlarining deyarli yarmini birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Oda Nobunaga mamlakatda qator islohotlar o‘tkazdi. Chunonchi, iqtisodiy taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotgan mahalliy soliq va bojxona to‘lovlarini bekor qildi. Savdo yo‘llari va ko‘priklar ta’mirlandi. Shaharlarga bozorlar ochish huquqi berildi. Shaharlarning tashqi savdo faoliyati rag‘batlantirildi.
Ayni paytda oltin va kumush tangalarni muomalaga kiritdi. Oda Nobunaga o‘tkazgan islohotlar Yaponiyaning siyosiy birlashuvi va iqtisodiy taraqqiyotiga yordam berdi.
Yevropaliklarning kirib kelishi
XVI asrning 40-yillaridan boshlab Yaponiyaga birinchi bo‘lib Portugaliya savdogarlari kirib keldi.
1543-yilda portugaliyalik Mendish Pintu Bungo viloyati hukmdori bilan Yaponiyaga turli tovarlar qatori qurol-aslaha, porox olib kelish va ularni oltin hamda kumushga ayirboshlash to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Yevropaliklarning Yaponiyaga kirib kelishining eng ahamiyatli jihati – o‘qotar qurollarning davlatga keltirilishi va shu yerda ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Mendish Pintu yaponlarga o‘qotar qurolar yasash san’atini o‘rgatdi. Ayni paytda Yaponiyaga yevropalik savdogarlar ortidan katolik cherkovi ruhoniylari ham kela boshladi.
Ular yaponlar orasida xristian dinini targ‘ib etishga kirishdi. Syogun Oda Nobunaga Yaponiyada xristian dinining tarqalishiga homiylik qildi. Chunki bu davrda budda dini peshvolari Oda Nobunagaga dushman bo‘lgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlamoqda edi. Bundan tashqari, Oda tezlik bilan qo‘shinini Yevropa qurol-aslahasi bilan to‘la qurollantirish maqsadida yevropaliklar ishonchini qozonish uchun ham shunday qilgan edi.
Yaponiyani birlashtirish uchun kurashning davom etishi
1582-yilda Oda Nobunaga fitna qurboni bo‘ldi. Yaponiyani birlashtirish yo‘lidagi ishni uning yordamchisi Toyotomi Xidayosi davom ettirdi. U Odaga qarshi til biriktirgan guruhni tor-mor etdi. Xidayosi Yaponiyani to‘la birlashtirishga erisha olmagan bo‘lsa-da, bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Xidayosi 1587-yilda barcha xristian ruhoniylarining yaponiyani tark etishi haqida qonun chiqardi.
Mamlakatda faqat Portugaliya savdogarlarining qolishiga ruxsat etildi.
Buning sababi har ikki tomonning o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan savdo munosabatlarining o‘rnatilganida edi. Yaponiyani birlashtirishning tugallanishi. 1598-yilda Xidayosi vafot etdi. Uzoq kurashlardan so‘ng syogunlik hokimiyatini Tokugava Iayasu egalladi.

Yapon jangchisi
Shu tariqa 1603-yilda Yaponiyada uchinchi syogun sulolasi – Tokugava xonadoni hukmronligi boshlandi. Bu sulola Yaponiyada 1867-yilgacha hukmronlik qildi va davlatni birlashtirish ishini tugalladi.
Mamlakatda Tokugava sulolasining to‘liq hokimiyati o‘rnatildi. Biroq bu sulola nomiga bo‘lsa-da imperator daxlsizligini saqlab qoldi. Chunki yapon xalqi uchun imperator Xudoning avlodi hisoblanardi. Shuning uchun ham imperator hokimiyatini bekor qilgandan ko‘ra uning nomidan o‘z siyosatini yuritish oson kechardi.
O‘zini-o‘zi ajratib qo‘yish
Tokugava Xidayosining xristianlikni ta’qib etish siyosatini davom ettirdi. 1614-yilda syogun xristian dinini taqiqlovchi qonun chiqardi. Qonun xristian dinini mamlakat dushmani deb e’lon qildi. Budda dinini hurmat qilmaydigan barcha shaxslarning Yaponiyadan chiqib ketishi talab etildi. Shu tariqa Yevropa mustamlakachilari Yaponiyadan quvib yuborildi.
Bu hol Yaponiyaning Yevropa bilan munosabatlariga ta’sir etmay qolmadi.
Natijada Yaponiya tashqi dunyodan o‘zini-o‘zi ajratib qo‘ydi. Xo‘sh, bunday siyosat yuritilishiga nimalar sabab bo‘ldi? Avvalo, Tokugava xonadoni bunday siyosat orqali markaziy hokimiyatga bo‘ysunmaslikka intilayotgan kuchlar harakatiga barham berib, Yaponiyani birlashtirish ishini nihoyasiga yetkazish mumkin, deb hisoblardi. Ayni paytda bu siyosat Yevropa bilan savdo-sotiqni to‘la o‘z qo‘liga olib, markaziy hokimiyatga bo‘ysunishni istamagan kuchlarning iqtisodiy qudratini sindirishi ham kerak edi. Syogun o‘zini-o‘zi ajratib qo‘yish siyosati orqali Yaponiyaning yevropaliklar mustamlakasiga aylanib qolish xavfining oldini olish maqsadini ham ko‘zlagan edi.
Yosimune islohotlari
Yosimune Tokugava sulolasining eng mashhur davlat arbobi sifatida tanildi.
U bu suloladan chiqqan sakkizinchi syogun bo‘lib, 1716–1745-yillarda hukmronlik qildi. U qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish hisobiga dehqonchilik qiluvchilarni rag‘batlantirish siyosatini yuritdi. Sug‘orish inshootlari tizimini takomillashtirdi. Yerni sotish, sotib olish yoki garovga qo‘yishni taqiqlovchi qonun chiqardi. Mamlakat va jamiyat hayotini tartibga solishda u joriy etgan “100 moddali Farmon” deb ataluvchi qonunlar to‘plami katta ahamiyatga ega bo‘ldi.