XVI-XVIII arslarda Xitoy




Siyosiy hayot

XVI asrda ham Xitoyda Min sulolasi hukmronlik qilardi.

Ayni shu paytda mamlakatda siyosiy holat keskinlashdi. Avvalo, jamiyat hayotini o‘rta asr ishlab chiqarish munosabatlari chuqur qamrab olgan edi.
Chunonchi, ishlab chiqarishda natural xo‘jalik ustun edi. Bundan tashqari, asosiy ishlab chiqaruvchi kuch – dehqonlarni holdan toydiruvchi ijaraga yer olib ishlash tartibi hamon chuqur ildiz otganicha qolayotgan edi. Ijara haqi hosilning 50 foizini tashkil etardi.

Hukmdorning cheklanmagan hokimiyati esa barcha eski tartiblarning bosh tayanchi, har qanday yangilikning esa ashaddiy dushmani edi. Buning ustiga, XVI asrga kelib davlat hamda dehqonlar yerlarining katta yer egalari qo‘liga o‘tish jarayoni kuchaydi. Ular bu yerlarni o‘z mulkiga aylantirish yo‘lida hech narsadan qaytmadi. Eng ko‘p miqdordagi yer imperator xonadonining qo‘lida to‘plandi. Buning ustiga, bu yerlar hosildor ham edi. Ijara shartining og‘irligi asosiy ishlab chiqaruvchi kuch – dehqonlarni xonavayron qila boshladi. Bu esa butun imperiya hududida dehqonlar qo‘zg‘oloni boshlanishiga olib keldi. Qo‘zg‘olon butun mamlakatni qamrab oldi.


Ichki siyosiy kurash

Hukmron tabaqalarning manfaatiga xizmat qiluvchi hukumat jamiyatda yetilgan eng dolzarb vazifalarni hal etishga qodir bo‘lmay qoldi. Davlat idoralari amaldorlari o‘rtasida o‘zboshimchalik, korrupsiya hamda davlat mansablarini sotish avj oldi. Imperator xonadoni turli xil ko‘ngilochar tadbirlar va zeb-u ziynat buyumlari uchun davlat xazinasini sovurdi. Bu omillar mamlakat aholisining turli qatlamlarida keskin norozilik uyg‘otdi. Natijada Min sulolasi va uning tayanchlariga qarshi muxolafat shakllandi.

Muxolafatning asosiy kuchini o‘rta va mayda yer egalari, shahar aholisining o‘ziga to‘q qismi, shuningdek, mamlakat ziyolilari tashkil etdi. Muxolafat imperatordan davlat mansablariga amaldorlarning qobiliyatiga qarab tanlanishini, eskirib qolgan qonunlarni o‘zgartirishni talab qildi. Biroq saroy a’yonlari muxolafat talablariga quloq ham solmadi va ularni ta’qib etishga kirishdi.

Muxolafat kurashni to‘xtatmadi. Dehqonlar qo‘zg‘olonining keng quloch yoyishi Min imperiyasining siyosiy parchalanish jarayonini kuchaytirdi.


Manjurlar hukmronligi

XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida Xitoy uchun o‘ta xavfli tashqi raqib ham paydo bo‘ldi.

Bu imperiyaga chegaradosh hududlarda tashkil topgan Manjuriya davlati edi.
Manjuriya hukmdori Abaxay davrida (1626–1643) Xitoy hududlarini bosib olishda katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Kuchsizlanib, holdan toygan Min sulolasi manjurlarga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi. Manjurlar imperiyaning katta qismini bosib oldi. 1636-yilda Abaxay o‘zini imperator deb e’lon qildi. O‘z sulolasini esa Sin (“toza”, “tiniq”) nomi bilan atay boshladi.


Min sulolasining halokati

Sulolaning tashqi bosqinchi kuchlar oldidagi taslimchilik siyosati mamlakatda keskin norozilikni keltirib chiqardi.

Mamlakatni dehqonlar qo‘zg‘oloni qamrab oldi. Dehqonlar qo‘shinining yetakchilari barcha harbiy kuchlarni birlashtirdi. Ularga Li Szi-chen qo‘mondonlik qildi.

1643-yilda qo‘zg‘olonchilar harbiy kengashi Pekinga hujum boshlashi haqida qaror qabul qildi. Li Szi-Chen imperator deb e’lon qilindi.

Xitoyning janubi-g‘arbiy qismida esa dehqonlar qo‘zg‘olonining yana bir qo‘mondoni Chjan Syan-chjun ham o‘z davlatini tuzganini e’lon qildi.

Bu davrda mamlakat shimolida hukumat qo‘shinlari U San-guy qo‘mondonligida manjurlarga qarshi kurash olib borayotgan edi.

U San-guy Pekindagi yangi hukumatga katta tashvish keltirishi mumkin edi.
Shuning uchun ham Li Szi-chen u bilan til topishishga qaror qildi. Biroq U San-guy dehqonlar hokimiyatini tan olmadi. Ayni paytda u dehqonlar hukumatini o‘z ixtiyoridagi qo‘shin bilan ag‘darishga ham ojizligini bilar edi. Shu tufayli u xoinlik yo‘liga o‘tdi va manjurlar vassali bo‘lishga rozilik berdi.
1644-yilda manjurlar Pekinni ishg‘ol qildi. Abaxayning o‘g‘li Xitoy imperatori deb e’lon qilindi. Shu tariqa Xitoy tarixida manjurlarning Sin sulolasi hukmronligi boshlandi va u 1911-yilgacha davom etdi.

Dehqonlar qo‘zg‘oloni shafqatsizlik bilan bostirildi. Li Szi-chen va Chjan Syan-chjunlar janglarda halok bo‘ldi.


Tashqi siyosat

Sin sulolasi bosqinchilik siyosati yuritdi. Dastlab, 1637-yilda Koreya vassal davlatga aylantirildi.

1689-yilda esa Rossiyani Nercha shartnomasini imzolashga majbur etdi. Unga ko‘ra, Amur daryosining chap qirg‘og‘i Rossiyadan ajratib olindi.

1758-yilda esa Shimoliy va G‘arbiy Mo‘g‘ulistonda tashkil topgan Jung‘or (Oyrat) xonligi butunlay bosib olindi. Tez orada butun Mo‘g‘uliston va Qashqar ham egallandi.

Sin sulolasi hukmdorlari Xitoyni to‘la bo‘ysundirishda g‘arbiy yevropaliklar madadiga tayandi. Shu tufayli ularga dastlab Xitoy portlari ochib berildi.
Biroq g‘arbiy yevropaliklarning Xitoyga kirib kelishi oxir-oqibatda nimalarga olib kelishi tobora oydinlasha borgach, Guanchjou portidan boshqa barcha portlar Yevropa kemalari uchun yopib qo‘yildi. 1792-yil Nepal davlati Sin sulolasiga vassallikni majburan tan oldi.

Korrupsiya — mansabdor shaxslarning shaxsiy boyish maqsadida sotilishi.