XIX asrning 70-yillargacha bo’lgan davrida Amerika Qo’shma Shtatlari




AQSH iqtisodiy taraqqiyoti

Mustaqillik yillarida AQSHda sanoat tez sur’atlar bilan rivojlanib, XIX asrning
30-yillarida sanoat inqilobi boshlandi. XIX asr o‘rtalarigacha AQSh asosan qishloq xo‘jaligi mamlakati edi. Mamlakat shimolida kapitalistik munosabatlar tez rivojlandi. Qishloq xo‘jaligining asosini fermer xo‘jaligi tashkil etdi. Fermerlikning asosini yollanma mehnat tashkil qilib, ular pomeshchiklarga qaram dehqonlarga nisbatan ko‘proq tovar sotish va sotib olish imkoniyatiga ega edi. Amerika qishloq xo‘jaligiga xos bu xususiyatlar AQSH iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga yordam berdi.


Plantatsiya xo‘jaligi

AQSHda xo‘jalik yuritishning ikki tizimi uzoq vaqt davom etib keldi. Fermerlar xo‘jaligi rivojlangan shimoliy shtatlarda qulchilik XIX asrning boshlaridayoq bekor qilindi. Janubiy shtatlarda esa qulchilikka asoslanuvchi plantatsiya xo‘jaligi hukmronlik qilardi. Janubning tabiiy sharoitlari paxta yetishtirish uchun qulay edi. Buyuk Britaniya va AQSHda sanoatning tez rivojlanishi paxtaga bo‘lgan talabni tobora oshirib yuborgan. Buyuk Britaniya fabrikalari AQSHdan paxta xarid qilishni ko‘paytirib borganlari sari qullarni ekspluatatsiya qilish kuchaydi. Bu zulm shafqatsizligi jihatidan krepostnoylikning eng ayanchli shakllaridan ham dahshatli edi.

Ayni paytda oq tanli ko‘pgina kishilar – ishchilar, fermerlar, ziyolilarning ilg‘oq qatlamlari qulchilikning bekor qilinishi uchun kurash olib bordi. Shu tariqa abolitsionistlar harakati vujudga keldi.

AQSHda qulchilikka nafrat bilan qarovchi kishilar soni tobora ortib bordi.
50-yillarning oxirlarida atoqli abolitsionist, oq tanli fermer Jon Braun Virginiyada qullar qo‘zg‘oloni ko‘tarishga urinib ko‘rdi. U Allegan tog‘ida joylashib olib, bu yerdan qo‘zg‘olonni plantatsiyalarga yoyishni umid qilgandi.
Braun tuzgan qurolli guruh 22 kishidan iborat bo‘lgan. Guruhda 5 nafar qora tanli kishi ham bor edi. Yomg‘irli tunda u qurol-yaroqlar saqlanadigan kichik omborni bosib olishga muvaffaq bo‘ldi. So‘ngra Braun qo‘shni plantatsiyalardagi qullarni ozod qilish va quldorlarni garov sifatida qo‘lga olish uchun o‘z odamlarini yubordi.

Ammo Braun umumiy qo‘zg‘olon ko‘tarishga erisholmadi. Tez orada hukumat qo‘shini Braunning qurolli guruhini tor-mor etdi. Og‘ir yarador bo‘lgan Braun esa qamoqqa olindi va osib o‘ldirishga hukm qilindi.


Quldorlar isyoni

Bu davrda AQSHda ikki partiyaviy tizim ham to‘la shakllanib bo‘lgan edi.
Respublikachilar partiyasining xalq orasida eng obro‘li arbobi Avraam Linkoln (1809–1865) edi. Linkolnning qulchilikka qarshi chiqishlarini ishchilar, fermerlar, burjuaziyaning ilg‘or qismi qo‘llab-quvvatladi. Respublikachilar partiyasi Linkolnni prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatdi va u 1860-yilgi saylovda g‘alaba qozondi.

Uning prezidentlikka saylanishi bilan hukumatda quldorlar hukmronligiga barham berildi. Bu esa qulchilikka qarshi kuchlarning juda katta va ayni vaqtda tinch yo‘l bilan erishgan siyosiy g‘alabasi edi. Ular birinchi marta hukumatda hokimiyatni o‘z qo‘llariga oldi. Janub plantatorlari saylovda mag‘lubiyatga uchragan Demokratlar partiyasining asosiy tayanchi edi. Ular endi qonuniy yo‘llar bilan qulchilikni saqlab qolishga erisholmasligiga ishonch hosil qildi.

Shuning uchun ham o‘zlarining qulchilikka asoslangan alohida davlatlarini tuzishga kirishdi. Qulchilik shtatlari AQSH tarkibidan chiqqanlarini, janubiy shtatlarning o‘z prezidentiga ega bo‘lgan konfederatsiya tuzilganini e’lon qildi. O‘zlarining alohida qo‘shinini ham tuzdi. Shu tarzda janub plantatorlari qulchilikni saqlab qolish yo‘lida milliy manfaatlarga xiyonat qildi. Endi AQShda fuqarolar urushi boshlanishi muqarrar bo‘lib qoldi.


Fuqarolar urushi (1861–1865)

1861-yilning aprel oyida Shimol bilan Janub o‘rtasida fuqarolar urushi boshlandi. Kuchlar nisbati jihatidan Shimol ustun edi. 1863-yilda qulchilik bekor qilindi. Fuqarolar urushi 1865-yilning aprelida shimolning g‘alabasi bilan tugadi. Biroq reaksion kuchlar yollagan qotil A.Linkolnni otib o‘ldirdi. Bu qotillik qulchilikni bekor qilishga to‘sqinlik qila olmadi.

Avraam Linkoln

1866-yilda AQSH Kongressi tomonidan Konstitutsiyaga tuzatish kiritildi. Unga ko‘ra, qora tanlilarning fuqarolik va siyosiy huquqlari oq tanlilarniki bilan tenglashtirildi.


Fuqarolar urushining natijalari.

Urushda shimolning erishgan g‘alabasi katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
G‘alaba mamlakat yaxlitligini saqlab qoldi. Qulchilik bekor qilindi va gomstedlar to‘g‘risida qonun qabul qilindi. AQSHning g‘arbiy yerlarida ham qishloq xo‘jaligida kapitalizm rivojlanishi uchun imkoniyat yaratdi. G‘alaba g‘arbiy yerlarning qulchilik tarafdorlari tomonidan bosib olinishi xavfiga barham berdi. Janubda ham fermer xo‘jaligi rivojlanishi uchun keng yo‘l ochildi. Tarixiy g‘alaba sanoat to‘ntarishini tezroq tugallash va Amerika sanoatining o‘sishi uchun sharoit yaratdi.

Abolitsionistlar (inglizcha – bekor qilish) — Amerikada qullikni bekor qilish tarafdorlari.
Gomstedlar to‘g‘risidagi qonun — G‘arbdagi bo‘sh yotgan katta yer jamg‘armasini fermer xo‘jaligi yuritishni istagan shaxslarga bepul bo‘lib berish to‘g‘risidagi qonun.
Konfederatsiya (lotincha – ittifoq, birlashma) — o‘z mustaqilligini saqlab qolgan holda biror-bir maqsadni amalga oshirish uchun birlashgan davlatlar ittifoqi.
Fermer — xususiy yoki uzoq muddat ijaraga olingan yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi qishloq xo‘jaligi tadbirkori, fermer xo‘jaligi egasi.
Plantatsiya xo‘jaligi — AQSHning janubida qullar mehnatiga asoslangan yirik dehqonchilik xo‘jaligi.