Aniq fanlar daholari
XVII–XVIII asrlarning boshlarida aniq fanlar sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Bu muvaffaqiyatlar, birinchi navbatda, ingliz olimi I.Nyuton (1642–1727) va nemis olimi G.V.Leybnis (1646–1716) nomlari bilan bog‘liq.
I.Nyuton 14 yoshga kirganida fan uning asosiy mashg‘ulotiga aylandi. Uning fizika fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi butun olam tortishish, mexanik harakat va nurning tarqalish qonunlarini kashf etgani bilan belgilanadi. I.Nyuton 1671-yilda shisha linzani, eng katta teleskoplardan ko‘ra osmon jismlarini yaxshiroq ko‘rsatadigan kichkina oynali teleskopni ham ixtiro qildi. Shu tariqa olim yulduzlar olamini odamlarga yanada “yaqinlashtirdi”. Fan sohasida erishgan katta muvaffaqiyatlari uchun 30 yoshga ham to‘lmagan I.Nyuton Qirollik jamiyati a’zosi (akademik) etib saylandi.
G.V.Leybnis 15 yoshida universitet talabasi bo‘ldi. U faylasuf, matematik va tarixchi olim bo‘lib yetishdi.
1700-yilda Berlin Fanlar akademiyasiga asos soldi va uning birinchi prezidenti etib saylandi. U: “Umumiy, zaruriy bilimning asosi faqat aql bo‘lishi mumkin”, — deb yozgan edi. Matematikada esa differensial va integral hisoblashni kashf etdi. Katta sonlarni hisoblash mashinasini va mayatnikli soatni yaratdi.

I.Nyuton
M.V.Lomonosovning ilm-fanga qo‘shgan hissasi
Rossiya ilm-fani va madaniyatini M.Lomonosovsiz tasavvur etish mumkin emas. Buyuk rus shoiri A.S.Pushkin u haqda bunday deb yozgan edi: “Tarixchi, notiq, mexanik, kimyogar, mineralog, rassom va shoir. U hamma narsani sinab ko‘rgan va hamma narsani o‘rgangan”.
Moskvadagi Slavyan-yunon-lotin akademiyasida o‘qidi. So‘ng Germaniya universitetlarida kimyo va metallurgiya fanlaridan ta’lim oldi. Vatanga qaytgach, Peterburg Fanlar akademiyasida ishlay boshladi.
M.Lomonosov yangi fan – fizikaviy kimyo faniga asos soldi. Mamlakatda birinchi kimyo laboratoriyasini tashkil etdi.

G.V.Leybnis
Ilmiy kashfiyotlari uni butun Yevropaga tanitdi. M.Lomonosov Shvetsiya va Bolonya Fanlar akademiyalarining faxriy a’zoligiga saylangan edi.
Fanning boshqa sohalaridagi kashfiyotlar
Yerosti foydali qazilmalariga talabning tobora ortib borishi yer qobig‘i xossalarini o‘rganish zaruratini vujudga keltirdi. Natijada qator tog‘ jinslarining vujudga kelish jarayoni aniqlandi. Bu esa Yer haqidagi fan – geologiyani rivojlantirishga imkon berdi. Meditsina (tibbiyot) sohasida ham muhim kashfiyotlar amalga oshirildi. Chunonchi, XVII asrda golland olimi A.Levenguk 300 marta kattalashtirib ko‘rsatadigan mikroskop yaratdi.
Bu esa inson tanasi, o‘simliklar, hayvonot dunyosi tuzilishini batafsil o‘rganish va bakteriyalar (juda mayda organizmlar)ni aniqlash imkonini berardi. Keyinchalik mikroskop yordamida bakteriyalarning ko‘p kasalliklarga sababchi ekani isbotlandi.
XVIII asrda ingliz shifokori E.Jenner odamga chechak kasali sigirdan yuqsa, bemorlik yengil o‘tishini aniqladi. So‘ngra bu kasalni yuqtirgan kishida chechakka qarshi immunitet paydo bo‘lishini, ya’ni qayta kasallanmasligini isbotladi. Ana shu kuzatishlarga asoslanib, Jenner chechakka qarshi emlash usulini kashf etdi. Bu esa millionlab kishilarning hayotini saqlab qoldi.
Matematikaning muvaffaqiyatlari, Nyuton kashfiyotlari va teleskopning takomillashtirilishi XIX asrda astronomiyaning rivojlanishi uchun katta turtki bo‘ldi. Ilgari ma’lum bo‘lmagan minglab yulduzlar kashf etildi.
1846-yilda osmonni teleskop orqali kuzatish yordamida Neptun sayyorasi kashf etildi. Quyosh va Oy tutilishining muddatlarini aniqroq hisoblab chiqish va oldindan aytib berish ham ilm-fan qudratining yaqqol dalili bo‘ldi. Ilgari Quyosh va Oy tutilishi xurofotchilarni dahshatga solar edi. Astronomiya ma’lumotlaridan kalendar (taqvim), geografik xaritalar tuzishda, dengiz kema qatnovida foydalanildi. Astronomiya odamlarning dunyoqarashiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.
1842-yilda ingliz fizigi D.Joul va nemis fizigi Y.Mayer tajribalar yo‘li bilan energiyaning saqlanish qonunini asoslab berdi. Kimyoviy elementlar atom og‘irligining ortib borishi tartibida joylashtirilsa, ularning xossalari davriy tarzda takrorlanishi aniqlandi. Shu qonunga asoslanib buyuk rus olimi D.I.Mendeleyev 1869-yilda elementlarning davriy tizimini yaratdi.
Transport va aloqa
XIX asr transport sohasida temiryo‘l va bug‘ mashinalari asri bo‘lib qoldi. 1840-yilda jahon mamlakatlarida barcha temiryo‘llarning uzunligi 7700 km ga teng edi. Uning katta qismi Buyuk Britaniya va AQSH hissasiga to‘g‘ri kelardi.
XIX asrning 40-yillaridan temiryo‘l qurilishi Germaniya va Fransiyada ham boshlandi. 1870-yilga kelib jami 200 ming km temiryo‘l qurilgan edi. XIX asrning 20-yillaridan bug‘ mashinalari bilan harakatga keltiriladigan g‘ildirakli daryo paroxodlaridan keng foydalanila boshlandi. Keyinroq 30-yillarning oxirlaridan g‘ildirakli paroxodlar okean orqali Hindiston va Amerikaga qatnay boshladi. Bora-bora g‘ildiraklar o‘rnini eshkak vintlar egalladi. 50–60-yillarda G‘arb mamlakatlarida yelkanli dengiz floti o‘z o‘rnini paroxodlarga bo‘shatib bera boshladi. Aloqa vositalari ham takomillashtirildi. Elektr simli telegraf kashf etildi.

D.I.Mendeleyev
Morze alifbosi ixtiro qilindi va harf bosuvchi qurilmalar yaratildi. XIX asrning o‘rtalaridan quruqlikdagi telegraf liniyalaridan tashqari suvosti kabellari ham yotqizila boshlandi. Buyuk Britaniyadan Amerikaga Atlantika okeani tubi orqali dastlabki telegraf kabeli 60-yillarning oxirida o‘tkazildi. Telegrafning vujudga kelishi elektrdan amalda foydalanishning asosiy sohasi bo‘ldi. Texnika muvaffaqiyatlari XVIII asrning ikkinchi yarmida va XIX asrda mehnat unumdorligini g‘oyatda oshirish imkonini berdi.
Akademik (fransuzcha) — yuksak ilmiy unvon.
Sayyora — quyosh atrofida aylanuvchi va undan tushgan yorug‘likni aks ettiruvchi osmon jismi.