Adabiyot va san’at




Adabiyot

Bu davrning ko‘zga ko‘ringan ma’rifatchi yozuvchilardan biri – ingliz yozuvchisi Daniel Defo (1660–1731) edi. Uning “Robinzon Kruzoning hayoti va g‘aroyib sarguzashtlari” asari hamon sevib o‘qiladi. Shotlandiyalik dengizchi A.Selkrikning kimsasiz oroldagi 4 yilga yaqin sarguzashtlari yozuvchining qalamida 28 yillik g‘aroyib sarguzasht bayoniga aylangan.

D.Defoning qahramoni Robinzon Kruzo ishbilarmon, mehnatsevar, o‘z kuchiga ishonuvchi insondir.

Robinzon kimsasiz orolda tirishqoqlik bilan uy quradi, idish-tovoq tayyorlaydi. Mebel yasaydi, hayvonlarni o‘ziga o‘rgatadi va ularni ko‘paytiradi.

Robinzon boshqalarni ham ishlashga majbur qila oladi. Bunga o‘limdan qutqarib qolingan yovvoyi Jumavoy obrazi misoldir. Robinzon uni o‘ziga xizmatkor qilib oladi.

D.Defo

Robinzon obrazida yangi shakllanayotgan tadbirkorlar qatlami vakilining uddaburonligi va sog‘lom fikri aks etgan. Asar mehnat, aniq insoniy fikr, tirishqoqlik va jasorat madhiyasi bo‘lib qoldi.

Bu davrning yana bir mashhur yozuvchisi J.Svift (1667–1745) edi. 1726-yilda uning Sizga ma’lum “Gulliverning sayohati” nomli romani bosmadan chiqdi. Romanda liliputlar mamlakatini “Olamning quvonchi va dahshati” deb ataluvchi ushoqdekkina bir maxluq boshqaradi.

Liliput – aslida ingliz cheklangan (konstitutsiyaviy) monarxiyasining, “Olamning quvonchi va dahshati” esa ingliz qirolining karikaturasi edi. Asardagi “Ulkanlar mamlakati”ning ma’rifatli monarxi esa dono hamda saxiy. U urushni qoralovchi, san’atni sevuvchi, ilm-fanga homiylik qiluvchi, ayni paytda, aqlli tartib o‘rnatishga harakat qiluvchi hamdir.

Fransuz yozuvchisi P.Bomarshe (1732–1799) ma’rifat asrining so‘nmas vakillaridan biri edi. U mashhur “Figaroning uylanishi” komediyasining muallifidir. Asar qahramoni Figaro chaqqon, yoqimtoy va hazilkash xizmatkor. U “dunyo zo‘rlari”ning kirdikorlarini masxara qilib hazillashadi.
Jahldorlardan qo‘rqmaydi. Qashshoq bo‘lsa-da, o‘zining insoniy qadrini sotmaydi.

Komediya Parij teatrlarida katta shuhrat qozondi. Figaroning mavjud tuzum kirdikorlarini fosh qiluvchi o‘tkir so‘zlari hech kimni befarq qoldirmagan. Hatto qirol Lyudovik XVI bu asar haqida g‘azab bilan: “Buni sahnada qo‘yish uchun Bastiliyani vayron qilish kerak!”, — deb xitob qilgan edi. Bu go‘yo bir bashorat edi. Chunki bu xitoblardan bir necha yil o‘tgach, qirolning mahbuslar zindoni – Bastiliya inqilobi natijasida qulaganiga tarix guvoh.

Yana bir ajoyib yozuvchi F.Shiller (1759–1805) Germaniyada ijod qildi. Bu davrda Germaniya mayda-mayda knyazliklarga bo‘linib ketgan edi. U yozgan pyesalar nemis xalqi uchun o‘ziga xos ma’rifat alifbosi vazifasini o‘tadi. Teatr o‘rindiqlarini to‘ldirib o‘tirgan tomoshabinlar yoqtirib qolgan qahramonlari bilan birga zulmdan ozod bo‘lishni orzu qilgan. “Makr va muhabbat” dramasida tomoshabinlar obro‘li aslzodalarning, aslida esa muttahamlarning ayyorligidan g‘azablangan. Bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan qalblarning halokatiga esa achchiq-achchiq yig‘lagan.

Uning boshqa bir asari qahramoni Karl Moor o‘zi yashayotgan jamiyatning pastkashligiga qarshi urush e’lon qilib bunday deydi: “Menga xuddi o‘zimdek bir necha jasur o‘g‘lonlarni beringlar va Germaniya Respublika bo‘ladi”.

Bu davrda yana bir mashhur nemis shoiri I.Gyote (1749–1832) yashadi va ijod qildi. U o‘zining “Faust” deb ataluvchi mashhur asarini avlodlarga meros qilib qoldirdi. “Faust” jahon adabiyotidagi shoh asarlardan hisoblanadi. Shoir bu falsafiy asarni 60 yil davomida yaratdi. Asar inson kurashining buyukligini tasdiqlaydi va ma’rifat asrini yakunlaydi.

Keksayib qolgan Faust mangu haqiqatni anglashga yetib keladi va bunday deydi: “Faqat shu munosib hayot va erkka, Kim har kun ular uchun kurashga kirsa”.


Onore de Balzak

XIX asrning birinchi yarmida ijod qilgan yozuvchilardan biri fransiyalik Onore de Balzak (1799–1850) edi.

Balzak

U burjuaziya jamiyatini haqqoniy tasvirlashda beqiyos yozuvchi bo‘lgan.
Balzak o‘z asarlarini “Insoniy komediya” degan umumiy nom ostida yaratdi.

Uning maqsadi badiiy obrazlar orqali jamiyatning ma’naviy qiyofasini ochib berishdan, barcha tabaqalarning tipik vakillarini ko‘rsatishdan iborat edi. Balzak romanlarining qahramonlari jinoyatlar evaziga o‘z boyliklarini ko‘paytirayotgan bankir va savdogarlar, berahm va shafqatsiz sudxo‘rlar, o‘z hayotini behuda o‘tkazayotgan mansabparast va shuhratparast kishilar – o‘z maqsadiga har qanday vositalar bilan erishadigan kimsalardir.

Balzak asarlari burjuaziya jamiyatiga qarshi o‘ziga xos aybnoma edi.


Aleksandr Sergeyevich Pushkin

XIX asrning yana bir yirik ijodkori rossiyalik A.S.Pushkin (1799–1837) edi.
U Moskva shahrida tug‘ildi. Peterburg litseyida o‘qib ta’lim oldi.

S.Pushkin

Pushkin rus adabiy tilining shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan yozuvchi va shoirdir. U Rossiyada krepostnoylik zulmi kuchaygan, erkin fikrli kishilarni ta’qib etish avj olgan davrda yashadi. A.S.Pushkin podshoning mustabid hokimiyatini ag‘darish uchun kurashgan dekabristlarga xayrixohlik bildirdi.
O‘z she’rlarida zulm va krepostnoylikni qoraladi. A.S.Pushkin podshoning mustabid hokimiyatini ag‘darish uchun kurashgan dekabristlarga xayrixohlik bildirdi.

Bu esa podsho va hukmron tabaqalarda norozilik uyg‘otdi. Shu tufayli u bir necha marta surgun qilindi. Pushkinning rus adabiyoti oldidagi xizmatlari buyuklashgan va ijodiy faoliyati yangi-yangi qirralar kasb etib borgani sari atrofidagi qora kuchlar bir-birlari bilan birlasha va faollasha boshladi.

Ular turli ig‘volar tarqatib, oxir-oqibatda Pushkin bilan Fransiya elchisining o‘g‘li J.Dantes o‘rtasida duel uyushtirishga erishdi. Ulug‘ shoir duelda halok bo‘ldi.


Yevropaning mashhur musiqachilari

Bu davrning mashhur musiqachilari: nemis kompozitorlari I.Bax(1685–1750), V.Motsart (1756–1791) va L.Betxoven (1770–1828)lar edi. Baxning xor, solistlar va orkestr uchun yozgan ulkan asari “Matfey aytgan uqubatlar” deb ataladi. Unda Isoning shogirdi Matfey hikoya qilib bergan Isoning uqubatlari ifoda etiladi. Injildagi rivoyat asosida Bax odamlarni qutqarish uchun o‘zini qurbon qilgan qahramon dramasini bayon etadi.

V.Motsartni zamondoshlari “XVIII asrning haqiqiy mo‘jizasi” deb atagan. Haqiqatan ham shunday. U 3 yoshidan boshlab musiqani o‘rgana boshlaydi.
5 yoshida o‘zining birinchi konsertini yozadi. 12 yoshida yozgan operasi Milan (Italiya) teatrida qo‘yiladi. 14 yoshida esa Italiyaning eng obro‘li musiqa akademiyasining a’zosi etib saylanadi.

1786-yilda yuqorida qayd etilgan Bomarshening “Figaroning uylanishi” komediyasiga bastalangan opera qo‘shiqlari va musiqalari mashhur bo‘lib ketdi. Uning so‘nggi asari “Rekviyem” (Sokinlik) edi. U cherkovlarda marhumning xotirasiga bag‘ishlab ijro etiladigan hayot va o‘lim, inson qismati haqidagi asardir.

V.A.Motsart

Betxoven ayanchli hayot kechirdi. U eshitish qobiliyatini deyarli yo‘qotgan edi. Shunday bo‘lsa-da, kompozitor taslim bo‘lmadi. U mashaqqatli ijod yo‘lida o‘zi bilan o‘zi kurash olib bordi. Natijada Betxoven barchani hayratga soladigan musiqalar yaratdi. Ular ichida “Fantaziya yo‘lida sonata” va “Qahramonnoma” simfoniyasi kabi asarlari mashhurdir. Simfoniya markazida bo‘ysunmas, isyonkor, taqdirning hech qanday zarbasi ham sindira olmaydigan jasur, qo‘rqmas inson obrazi turadi.