Xo‘jalik taraqqiyoti
Yevropada X–XI asrlarda ishlab chiqarish yuksalgan. Bu, eng avvalo, hunarmandchilikda kuzatiladi. Mehnat qurollarining takomillashuvi, ustalar mahoratining oshishi hunarmandchilikni dehqonchilikdan alohida sohaga aylantiradi. Dehqonchilikda ikki dalali almashlab ekish o‘rnini uch dalali almashlab ekish egallaydi. Unda ekinzor uchga bo‘linib, birinchi qismiga kuzgi, ikkinchisiga bahorgi g‘alla ekilsa, uchinchi maydon shudgor holida qoldirilib, yerga dam berilgan. Bu usulda yerning yarmi emas, uchdan ikki qismi band bo‘lishi, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish imkonini yaratadi.

Plug bilan yer haydash.
Og‘ir g‘ildirakli plugning tarqalishi g‘allani ekishdan oldin yerni 2-3 marta haydash uchun imkoniyat yaratgan. Bo‘yinturuqning kashf etilishi esa plugni otga qo‘shib yerni haydashni tezlashtirgan. Hosildorlikning oshishi dehqon xo‘jaligida ortiqcha mahsulot ko‘payishiga va uni hunarmandchilik buyumlariga ayirboshlashga yo‘l ochgan. Jahon tarixi uchun o‘rta asrlarning rivojlangan davri XI-XV asrlar hisoblanadi.

Uch dalali almashlab ekish.
Hunarmandlar tayyorlaydigan buyumlarning turi, soni, sifati oshib borgan. Lekin qishloqda feodal hukmronligi ta’sirida hunarmandning erkinligi cheklangan. Natijada ular qishloqlardan qochib, o‘z buyumlarini tayyorlash va sotish imkoniyati bo‘lgan joylarga keta boshlagan.
O‘rta asr shaharlari
Yevropada shaharlarning paydo bo‘lishi va yuksalishi turli mamlakatlarda turlicha bo‘lgan. Dastlab Italiya va Fransiyaning janubidagi: Venetsiya, Genuya, Florensiya, Marsel, Tuluzalar IX-X asrlardayoq yuksala boshlagan. Yevropa shaharlari turli asrlarda paydo bo‘lishining asosiy sababi mamlakatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi farqlar bo‘lgan. Shaharlar, eng avvalo, xavfsizlik, dushman hujumidan himoyalanishga qulay, qolaversa hunarmandlar o‘zlari yasagan buyumlarni sota olish imkoniyati bo‘lgan joylarda tashkil topgan.
Shaharlar hayoti
Shaharlar ko‘pincha feodallar yerida vujudga kelgan. Dastlab feodallar o‘z yerlaridagi shaharlarga homiylik qilib, ko‘chib kelgan hunarmandlarni soliqlardan ozod etgan. Ammo shaharlar o‘sib, boyib borishi bilan xo‘jayinlar ulardan ko‘proq daromad olishga intilgan.

O‘rta asrdagi shahar hayoti.
Feodallar zulmi hunarmandchilik va savdoning yuksalishiga to‘sqinlik qila boshlagan. Natijada shaharliklar senyor hukmidan ozodlikka chiqishga intilgan.
Ko‘pincha shaharlar o‘z erkinligini to‘lov, pul evaziga qo‘lga kiritgan. Bunday imkoniyat bo‘lmagan holda ozodlik uchun qo‘zg‘olon yo‘li tutilgan. Fransiyaning qator shaharlarida XII–XIII asrlarda senyorlarga qarshi kurash bo‘lib o‘tgan. Monastir va qasrlarda yashovchilarning hunarmandlarga ehtiyoji, dushman xavf solganida yashirinish imkoniyatining mavjudligi ularning atrofida shaharlar shakllanishiga sabab bo‘lgan. Yevropadagi Myunster, Sen-Gallen, Sen-Denu shaharlari monastirlar, Strasburg, Gamburg, Augsburg va boshqalar feodallar qal’alari atrofida, Padeborn, Bremen, Sveybryukken, Bryuggelar daryo sohillari bo‘ylarida, ko‘priklar yonida barpo qilingan.
Shaharlarning ko‘rinishi
Dastlab shaharlar qishloqlardan aholisining ko‘pligi bilan farq qilgan xolos.
Shaharlar atrofi minorali mudofaa devori, suv to‘ldirilgan xandaqlar bilan o‘ralgan.
Qo‘riqchi-soqchilar minoralarda tun-u kun almashib turgan. Dushmandan himoyalanish maqsadida shahar darvozalari va ko‘priklari mustahkam temirdan yasalgan. Darvozalar ichidan mahkam tambalangan. Kechasi xandaqlar ustidagi ko‘priklar ko‘tarib qo‘yilgan va shahar darvozasi yopilgan. Shahar markazida bozor maydoni, uning yonida ibodatxona joylashgan. Shahar kengashi binosi – ratusha ham shu yerda qurilgan. Shahar mavzelari alohida dahalarga bo‘lingan. Dahalarning har birida ma’lum kasb-kordagi hunarmandlar yashagan. Shahardagi uylarning aksariyati yog‘ochdan qurilgan. Ular juda zich qurilgan bo‘lib, ko‘pincha bir-biriga tutashib ketgan. Ko‘chalar tor, ayrimlari eniga ikki metrdan ham oshmagan. Tunda ko‘chalar yoritilmagan, suv quvurlari va kanalizatsiya bo‘lmagan. Chiqindilar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chaga tashlanavergan. Aholining zich joylashishi hamda tozalikning bo‘lmasligi yuqumli kasalliklarning tez-tez takrorlanib turishiga, ko‘plab kishilarning bevaqt o‘limiga olib kelgan. Yong‘inlar ham sodir bo‘lib, yog‘ochdan zich qurilgan uylardan tashkil topgan ko‘chalar, mavzelar to‘lig‘icha yonib bitgan.
Shahar aholisi
Shaharlar aholisining asosiy qismini hunarmandlar, savdogarlar tashkil qilgan.
Yirik shaharlarda boy zodagonlar, feodallar, amaldorlar, tabiblar, ruhoniylar ham talaygina bo‘lgan.

O‘rta asrdagi shahar ko‘chasi.
Shahar aholisining katta qismi dehqonchilik bilan shug‘ ullanishda davom etgan.
Qal’a devori atrofida ekinzorlar, bog‘lar, poliz hamda qo‘y, qoramol, otlar o‘tlab yurgan yaylovlar joylashgan. O‘rta asr Yevropa shaharlarida aholining soni 3-5 mingdan ziyod bo‘lmagan. XIV-XV asrlarda ham 20-30 ming kishi yashagan shaharlar yirik shaharlardan hisoblangan. Eng yirik shaharlar: Parij, Konstantinopol, Milan, Florensiya, Kordova, Seviliyalarda 80–100 ming aholi yashagan.
Hunarmandchilik va sexlar
Shaharlar xo‘jaligining asosi hunarmandchilik bo‘lgan. Hunarmand ishlab chiqaruvchi ish qurollari egasi bo‘lib, xo‘jaligini mustaqil yuritgan. Ular bozorlarni o‘z buyumlari bilan ta’minlagan. Barcha ishlar qo‘lda bajarilgani uchun ustaning mehnati nihoyatda mashaqqatli bo‘lgan. Xususan, temirchi omoch tishini tayyorlash uchun qip-qizil cho‘g‘ bo‘lib turgan temirni qo‘rdan ombir bilan olib, sandon ustiga qo‘ygan va kerakli shaklga keltirguncha uni bolg‘alagan. Ma’lum kasb ustalari o‘z uyushmalari – sexlarga birlashgan. Sex (nemischa – Zeche) so‘zi xalfaning ustalikka bag‘ ishlov ziyofati, keyinchalik bu so‘z kasb ustalari uyushmasiga nisbatan qo‘llangan. Ustalarning umumiy yig‘ilishida hamma bajarishi majburiy bo‘lgan sex nizomi qabul qilingan. Nizom talabiga binoan buyumlar faqat ma’lum namuna bo‘yicha yasalgan. Sexni boshqarish uchun saylangan oqsoqol hunarmandlarning nizomga rioya qilishini, tayyorlangan buyumlarning sifati va sonini nazorat qilgan. Nizomda ustaning dastgohlari, o‘quvchi-shogirdlari, xalfalari soni belgilab qo‘yilgan. Bu xildagi tadbirlar ustalar uchun bir xil sharoit yaratish, raqobatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qo‘llangan. Tayyor buyumlar narxi ham sex oqsoqoli tomonidan belgilangan.
Aksari hollarda ustaning 1-2 ta xalfasi, bir nechta shogird-o‘quvchisi bo‘lgan.
Ularning o‘zaro munosabatlari ham sex tomonidan nazoratda tutilgan. Xalfalik muddati kasbning murakkabligiga qarab 2-7 yil bo‘lib, nodir buyum yasash va uni sex oqsoqoli sinovidan o‘tkazish bilan tugagan. Masalan, Germaniyada xalifa Sexe – ziyofat uyushtirib, so‘ng ustalikka ruxsat olgan.
Shaharlar hayotida sexlarning o‘rni
Sex o‘z a’zolarining bayramlarini tashkil etgan, vafot etgan ustaning oilasini qo‘llagan. Sexlar shaharni qo‘riqlashda, urushlar paytida uning mudofaasida alohida bo‘linma tarzida qatnashgan. Sexlarning o‘z gerbi, bayrog‘ i, ibodatxonasi va ba’zida alohida qabristoni ham bo‘lgan. Dastlab ishlab chiqarishning rivojlanishiga xizmat qilgan sexlar XIV-XV asrlardan unga to‘sqinlik qila boshlagan. Shaharlarda ustalarning ko‘payib borishi ular o‘rtasida raqobatni kuchaytirgan. Hunarmandlar va savdogarlar orasidan badavlat sex boshliqlari ajralib chiqa boshlaydi. Yevropada sexlarning ham tabaqalanishi ro‘y berib: zargarlik, movutchilik va boshqa boy sexlar vujudga keladi.

O‘rta asr hunarmandi.
Bu jarayonlar Florensiya, London, Bristol, Parij, Bazel kabi yirik shaharlarda boshlanadi. Hunarmandlar xalfalarning o‘sib ustalikka o‘tishiga to‘sqinlik qila boshlaydi. Natijada 10-12 yillab ustachilikka o‘ta olmagan xalfalar tabaqasi vujudga keladi. Bu hol xalfalarning «birodarlik» jamiyatlarini tuzib, o‘z haq-huquqlari, 14-16 soat davom etadigan ish vaqtini qisqartirib, mehnat sharoitlarini yaxshilash uchun kurashini kuchaytiradi. Manbalarda yozilishicha, XIV-XV asrlarda Florensiya, Perudja, Siena, Kyolnda shahar kambag‘allari qo‘zg‘olonlari bo‘lib o‘tadi.