Yaponiya




Ijtimoiy munosabatlar

Yaponiyada yer egaligi munosabatlari XI–XII asrlarda uzil-kesil shakllangan.
Bu paytga kelib yer egalari mulklari – syoyenlar vujudga kelgan. Bunday yerlar merosiy bo‘lib, syoyenlar barcha soliqlardan ozod etilgan. Zamindorlar o‘z yerlarini kambag‘ al dehqonlarga ijaraga berishgan.

Yaponiyada yirik yer egalari ma’lum toifalarga bo‘lingan. Ulardan eng nufuzlilari – xanke deb nomlangan. Ularning vassallari ryokalar bo‘lgan. Harbiy bo‘linmalar jangchilari esa – samuraylar deb nomlangan. Ularga xo‘jayinlari harbiy xizmat evaziga yer-mulk bergan. Yillar o‘tib Yaponiya samuraylarining bir qismi Yevropa ritsarlari kabi alohida toifa, mayda dvoryanlarga aylangan. O‘z yerlariga ega bo‘lmagan jangchilar harbiy o‘ljalar hisobiga yoki o‘z xo‘jayinlari hisobidan kun kechirgan.

Mamlakatning siyosiy tuzumi.

Yaponiyada boshqa mamlakatlardan farq qiladigan siyosiy tuzum shakllangan.
Yaponiyani XII asrdan mikado – imperator boshqargan. U mamlakatdagi barcha yerlarning egasi hisoblangan. Zodagonlar esa uning amaldorlari va noiblariga aylangan. Viloyat noiblarining mustaqil boshqarishga intilishi esa aksari holatlarda mamlakatni siyosiy tarqoqlikka olib kelgan.

Imperator hokimiyati zaiflana borib, ko‘p o‘tmay real hokimiyat mamlakatdagi eng kuchli mulkdor, harbiy qo‘mondon – syogun qo‘liga o‘tgan. Dastlab syogunlik XII asr oxiridan mahalliy mulkdorlardan biri Minamoto tomonidan o‘rnatilgan. U samuraylardan tuzilgan qo‘shini bilan raqiblarini yengib, imperator poytaxti Kiotoni qo‘lga kiritadi. Lekin Minamoto davlatni o‘zining Kamakuradagi qal’a – saroyidan turib boshqaradi. Shu tariqa Yaponiyada qo‘sh hokimiyatchilik paydo bo‘ladi.

Mamlakatda dehqonlarning ahvoli nihoyatda og‘ir edi. Soliqlarning ko‘payib borishi xalqni juda qiynagan. Manbalarda yozilishicha, XIV–XV asrlarda yapon qishloqlarida ocharchiliklar tez-tez takrorlanib turgan. Ocharchilik ko‘pincha turli yuqumli kasalliklar tarqalishi va ko‘plab kishilarning halok bo‘lishi bilan tugar edi.

Yapon jangchisi.


Yaponiya shaharlari taraqqiyoti

Yaponiyada o‘rta asrlarda shaharlar o‘sib, ularda hunarmandchilik va savdo rivojlangan. Yaponlar xitoyliklardan shoyi ipak, metallar, lak ishlab chiqarishni o‘zlashtirib olgan. Mamlakatda qadim zamonlardan temir, mis, oltin va kumush qazib olingan. Yapon ustalari bu ma’danlardan ajoyib qurollar tayyorlagan. Qurolsozlar yasagan qilichlar o‘zining sifati bilan shuhrat qozongan. Manbalarda yozilishicha, 1483-yilda savdogarlar chet mamlakatlarga 67 ming dona qilich olib ketgan. Yapon chinnisi, yelpig‘ichlari, suyakdan, qimmatbaho toshlardan yasab laklangan san’at buyumlari, paxtadan va ipakdan to‘qilgan gazlamalari ham xorijda yuqori baholangan. Yaponlar Koreya, Xitoy, Vyetnam, Tailand, Filippin bilan qizg‘in savdo olib borgan. Mamlakatda – Sakai, Xyogo, Xakata, Nagasaki kabi yirik, aholi zich yashaydigan port shaharlar bor edi.