Iqtisodiy taraqqiyot
Sun sulolasining (960–1279) hokimiyatga kelishi bilan xitoyda uzoq davom etgan siyosiy tarqoqlik va o‘zaro urushlarga chek qo‘yildi. Natijada mamlakat xo‘jaligining yuksalishiga zamin yaratildi. X asrdan suvni nisbatan baland joylarga chiqaruvchi moslamalardan keng foydalana boshlandi. Chig‘irdan foydalanish ekin maydonlarini ko‘paytirish imkonini bergan. Suv tegirmonlari yordamida sholini tozalash, moy olish, un chiqarish tobora keng qo‘llana boshlangan.
Rivojlangan o‘rta asrlarda Xitoyda imperator, harbiy zodagonlar, amaldorlarga qarashli davlat yerlari kamayib, zamindorlarning xususiy yerlari tobora ko‘payib borgan. Xususiy yerlar, shuningdek, yangi o‘zlashtirilayotgan qo‘riq va tog‘oldi hududlari hisobiga ham kengaygan. Yirik mulkdorlar yerlarining ko‘payishiga kambag‘allarning qarzlari evaziga yerlarining tortib olinishi ham sabab bo‘lgan. Shu tariqa XI asr boshlarida ekin maydonlarining yarmi yirik zamindorlar qo‘liga o‘tgan. Bu yerlarda, asosan, ijarachi dehqonlar ishlagan. Xitoyda erkin dehqonlarning aksari qismida 30-40 mu yer bo‘lib, davlat bu tabaqani qo‘llashga intilgan. Xitoy dehqonlari o‘zlari yetishtirgan mahsulotlaridan davlatga har yili ikki marta soliq to‘lagan. Yer solig‘i sholi yoki bug‘doy bilan to‘lansa, pilla boqqan xonadonlar soliqni gazlama bilan ham to‘lagan.
Shaharlar va hunarmandchilik
Kayfin, Chendu va Uchan shaharlari Xitoyning yirik savdo va hunarmandchilik markazlari edi. Xitoy savdosida suv yo‘llari alohida ahamiyat kasb etgan. Ko‘pchilik shaharlar dengiz yoki daryo bo‘ylarida, suv va quruqlikdagi savdo yo‘llari kesishgan joylarda vujudga kelgan.
Shaharlarning o‘sishi hunarmandchilikning jadal rivojlanishini ta’minlagan. Xitoyda, ayniqsa, hunarmandchilikning an’anaviy turlari: kulolchilik, chinni buyumlar ishlab chiqarish taraqqiy etgan. Xitoy shaharlarida ko‘plab do‘kon va ustaxonalar joylashgan edi.
Xitoyning janubida hunarmand-to‘quvchilar shoyi gazlamalarning o‘nlab xillarini tayyorlagan. XII asrda ipakdan shoyi so‘zana – panno to‘qish ixtiro qilinib, keng tarqalgan. Xitoyda paxtachilik ham tobora keng rivojlanib, XIV asrdan undan gazlama tayyorlash yo‘lga qo‘yila boshlagan. Osiyo paxtasining vatani Hindistondir Undan so‘ng paxta O‘rta Osiyoga kirib kelgan. Xitoyga paxta urug‘ini dastlab yurtimiz savdogarlari olib borishgan.
Sex a’zosi bo‘lish Xitoy hunarmandlari uchun majburiy edi. Yevropadagi kabi Xitoydagi sexlarda ham xalfa, shogirdlar soni, ularning ish sharoiti, tayyor hunarmandchilik buyumlarini sotish, hunar sirlarini saqlash qat’iy nazorat qilingan.
Mo‘g‘ullar istilosi
Dastlab xitoyning shimolida tuzilgan mo‘g‘ullar davlati xubilay xonligi davrida o‘z ta’sirini mamlakatning markaziy va janubiy hududlariga ham o‘tkazadi. Xitoy 1279-yili to‘liq bo‘ysundirilib, yangi mo‘g‘ullar sulolasi Yuan (1279–1368) nomini oladi. Mo‘g‘ ullar xitoydagi yerlarni unda yashaydigan dehqonlari bilan birga bo‘lib olishadi. Ammo dehqonchilikda xo‘jalik yuritish usullari va soliqlar avvalgicha qoladi.
Mo‘g‘ullar davrida to‘lovlarning oshib borishi faqat dehqonlar va hunarmandlarnigina emas, hatto savdogarlarni ham xonavayron qiladi. Hukumat to‘xtovsiz o‘sib borayotgan xarajatlarni qoplash uchun qo‘shimcha qog‘oz pul chiqara boshlaydi. Bu esa pulning qadrsizlanishiga, mahsulot va hunarmandchilik buyumlarining qimmatlashishiga sabab bo‘ladi.
Xubilay mamlakatni boshqarishning xitoycha usulini qo‘llasa-da, mahalliy amaldorlar xizmatidan voz kechadi. Davlat amaldorlari orasida turli xalq vakillarini uchratish mumkin edi. Xususan, venetsiyalik sayyoh va savdogar Marko Polo xubilayxon saroyida yuksak lavozimni egallagan.

Yevropalik savdogarlar Xubilay qabulida.
Min sulolasi boshqaruvi. Mo‘g‘ ullar imperiyasining inqirozi boshlanishi bilan XIV asrning o‘rtalaridan xitoyda ham xalq ozodlik harakati kuchayadi. Xenan va Shandun viloyatlarida 1351-yilda boshlangan dehqonlar qo‘zg‘oloni tez orada butun mamlakatni qamrab oladi. Qo‘zg‘olonga rohib Chju Yuan-Chjan boshchilik qiladi. 1368-yilda mo‘g‘ullardan ozod bo‘lgan xitoyda Yuan Chjan asos solgan Min imperiyasi faoliyati boshlanadi. 1368-yilda xitoyda Yuan Chjan asos solgan Min imperiyasi tashkil topadi.
Min qo‘shinlari mo‘g‘ullarni ta’qib etib, ularning poytaxti Qoraqurumni egallab, yondirib yuboradi. Shu tariqa ko‘chmanchilarning xitoyga hujumlariga chek qo‘yiladi. Bunda xitoyliklarga o‘q-dori (porox) va zambaraklardan keng foydalanish qo‘l keladi.
Mamlakat xo‘jaligini tiklash uchun hunarmand va savdogarlardan olinadigan to‘lovlar kamaytirilib, qullarni ozod qilish haqida qonun qabul qilinadi. Sun’iy sug‘orish inshootlari, kanallar, to‘g‘onlar va suv omborlari tiklanadi. Ekin maydonlari kengayib, mamlakat aholisi soni ham oshib boradi.
Xitoy XV asrda.
Mamlakatda yirik zamindorlar hokimiyati mustahkamlanishi bilan mo‘g‘ullar bosqini asoratlarini tugatish uchun dehqonlar, hunarmandlar va savdogarlarga berilgan imtiyoz hamda yengilliklar bekor qilinadi. Dehqonlarga bo‘lib berilgan davlat yerlari tortib olinib, hunarmand va savdogarlardan olinadigan soliqlar ko‘paytiriladi.

Xitoy imperatori Yuan Chjan.
XV asrning boshlaridan Min sulolasining amir Temur saltanati bilan munosabatlari buziladi. Faqat amir Temurning qo‘qqisdan vafot etishi xitoyga qarshi yurishning amalga oshmasligiga sabab bo‘ladi, bu esa xitoyga 1406-yilda Vyetnamni, keyinchalik Mo‘g‘ ulistonni istilo qilishiga yo‘l ochadi.
Mamlakatning iqtisodiy yuksalishi Chjan xe boshchiligidagi harbiy dengiz floti faoliyatida namoyon bo‘ladi. Tarkibida 62 ta kema, 30 ming jangchisi bo‘lgan harbiy ekspeditsiya 1405–1433-yillarda Zond arxipelagi, Shri Lanka va Hindistonga 7 marta yurishlar tashkil qiladi. Uning kemalari ormuz (Fors) ko‘rfazi va Sharqiy afrika sohillariga qadar suzib borgan. Musulmon bo‘lgan Chjan xe Makkani ziyorat qilgan. Bu ekspeditsiyalar xitoyning mavqeini oshirib, tashqi savdoni kengaytirish imkonini bergan.

Chjan Xe.
Xitoy imperatorlari 1415–1420-yillarda Samarqandga Ulug‘bek saroyiga ham elchilar yuborgan. Lekin Temuriylar davlati mavqei balandligidan unga xitoyning tazyiqi ta’sir etmagan.
XV asrning o‘rtalaridan iqtisodiy inqirozning boshlanishi Xitoyning ichki taraqqiyoti va tashqi siyosatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.