Saljuqiylar davlati




Saljuqiylar davlati

O‘rta Osiyoda Saljuqbek asos solgan sulola boshchiligidagi o‘g‘uz qabilalarining old Osiyoga yirik harbiy yurishlari XI asrdan boshlab kuchayadi. Ichki ziddiyatlardan zaiflashgan Sharqiy Rim imperiyasi ko‘chmanchi turk qabilalari hujumlariga qarshilik ko‘rsata olmaydi. Vizantiyaning yollanma qo‘shini esa Saljuqiylar sultoni alp arslon lashkari tomonidan 1071-yilda Mansikert jangida tor-mor etiladi. Imperator Roman IV Diogen jangda asir olinadi. Bu mag‘lubiyatdan so‘ng vizantiyaliklar deyarli qarshilik ko‘rsata olmaganligi tufayli ko‘p sonli turkiy qabilalar Kichik Osiyoga yo‘l oladi. Saljuqiylar davlati – Saljuqiylar sulolasi boshqargan davlat (1038–1308). Unga Saljuqning nevarasi Sulton To‘g‘rulbek asos solgan.


Ijtimoiy tuzum

O‘g‘uzlar bu paytda urug‘-jamoachilikning inqirozi va mulkiy tabaqalarning bosqichida yashagan. XI asr oxirida Kichik Osiyoni deyarli to‘liq bosib olgan o‘g‘uzlar unda o‘zlarining qator amirliklarini tuzadi. Amirlar rasman Saljuqiylar sulolasi hukmronligini tan olsalar-da, amalda o‘z mulklarini mustaqil boshqargan.

Ayni shu paytdan ko‘chmanchi turkiy qabilalarning o‘troq turmushga o‘tishi boshlanadi. O‘troqlashayotgan turklar o‘lkaning tub aholisi kabi dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullana boshlaydi. Bu jarayonlar XII–XIII asrlarda saljuqiylarda ham yer egaligiga asoslangan davlatning uzil-kesil shakllanishiga olib keladi.

Mamlakatda shakllangan yirik yer egaligi va soliqlar tizimi Sharqdagi islom davlatlarinikidan deyarli farq qilmagan. Ahamiyatli jihati, saljuqiylarda davlat yerlarining xususiy yerlarga nisbatan ko‘p bo‘lishida edi. Davlat yerlarining katta qismi iqto’ tarzida harbiylar va amaldorlarga xizmatlari evaziga in’om etilgan. Iqto’ dastlab merosiy mulk bo‘lmasdan, faqat xizmat muddati davomida foydalanish sharti bilan berilgan.

Asta-sekin turkiy qabilalarning mahalliy aholi bilan aralashishi yangi etnos – turk xalqining shakllanishiga asos bo‘ladi. Jarayon XIII asrning 20–30-yillarida kuchayadi. Lekin 1243-yildagi mo‘g‘ ullar bosqini davlatning keyingi taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. XIV asr boshlariga kelib, Kichik osiyodagi Saljuqiylar davlati parchalanib ketadi.