Salib yurishlari




Salib yurishlari

Salib yurishlari – G‘arbiy Yevropa feodallarining Yaqin Sharqdagi bosqinchilik va talonchilik urushlari edi. Bu yurishlar 1096-1270-yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan. Sharqdagi yerlarni egallash orqali cherkov o‘zining ta’sirini yanada kuchaytirishni maqsad qilgan. Sharqda XI asr oxirida vujudga kelgan vaziyat salib yurishlari uchun qulay sharoit tug‘dirgan. Kichik Osiyo yarimoroli deyarli to‘liq saljuqiy turklar qo‘lida edi. Bu yerdan G‘arb mamlakatlari ziyoratchilari Falastinning muqaddas joylariga, rivoyatlarga ko‘ra, Iso payg‘ambar dafn etilgan Quddusga boradigan yo‘llar o‘tardi.

Papa Urban II ning Klermon shahrida salib yurishga da’vat etishi.

Quddus esa deyarli besh asrdan buyon musulmonlar qo‘lida edi. Mahalliy hukmdorlar va aholining ziyoratchilarga munosabati yomon bo‘lmasa- da, XI asr oxiridan boshlangan musulmon hukmdorlarining o‘zaro urushlari xristianlar ziyoratlarini tobora xavfli tadbirga aylantira borgan.

Vizantiya imperatori Rim papasi bilan kelishmasa-da, xristianlar dushmanlari bilan kurashish uchun jangchilar yuborishini so‘rab, G‘arbga murojaat qiladi. Papa Urban II 1095-yilda Fransiyaning janubidagi Klermon shahrida cherkov yig‘iniga to‘plangan minglab ruhoniylar, ritsarlar va oddiy xalq vakillari huzurida nutq so‘zlaydi. U Quddusdagi «payg‘ambar qabrini» musulmonlardan ozod etishga chaqiradi. Papa yurishda ishtirok etganlarga ularning gunohlari kechirilishini, halok bo‘lganlar ruhining jannatga – «arshi-a’loga» tushishini va’da qiladi. Urban II «muqaddas yer» boyliklari va uning hosildor ekanini ham eslatib o‘tadi. Falastinda «sut va asal daryo bo‘lib oqishi, Quddus yerning kindigi, jannatmakon hosildor yerli o‘lka» ekanini ta’kidlaydi.

Bu so‘zlarni xaloyiq «xudoning irodasi shu!», «xudoning xohishi shu!» kabi hayqiriqlar bilan qarshilaydi. Ular matodan «but», ya’ni «salib»ning aksini qirqib, o‘z kiyimlariga tika boshlaydi. Ayni shu sababli yurish qatnashchilari «salibchilar», yurishlarning o‘zi esa «salib yurishlari» nomini oladi.

Cherkov yig‘inlari – III asrdan xristian cherkovi oliy ruhoniylarining cherkovni nazariy, amaliy boshqarish muammolarini hal etish uchun chaqiradigan qurultoyi.

Katolik cherkovi yurish ishtirokchilariga ayrim yengilliklarni, jumladan, dehqonlarga qarzlaridan kechilishini, ularning oilalari cherkov himoyasiga o‘tishini e’lon qiladi.


Salib yurishlari ishtirokchilarining maqsad va vazifalari

Dehqonlar salib yurishlarida qatnashish orqali o‘zlarining og‘ir hayotidan qutulib, Sharqda mulkka erishib, baxtli hayotga kechirishga umid qilgan. Salibchilarning ko‘pchiligini, asosan, ritsarlar tashkil etib, aksari boy bo‘lmagan xonadonlardan edi.

Salib yurishi ishtirokchilari

Oilaning kichik o‘g‘illari, mayorat tizimi bo‘lganidan, ya’ni meros katta o‘g‘ilga qoldirilgani sababli, ota-onalari merosining katta qismiga umid qilmasalar ham bo‘lardi. Bu holatdagi ritsarlar o‘zlariga shon-shuhrat va boylik istab yo‘lga chiqqan. Gersoglar, graflar va hatto ayrim qirollar hamda imperatorlar ham Sharqqa jo‘naydi. Ular o‘zlariga yangi hududlar va fuqarolarni bo‘ysundirishni maqsad qilgan. Qo‘shin bilan savdogarlar ham yo‘lga chiqib, ular Sharq mollari bilan savdo qilish orqali tez boyib ketishni orzu qilgan. Albatta, salib yurishi ishtirokchilari faqat foydani o‘ylagan desak xato bo‘ladi. Moddiy manfaat ularda «payg‘ambar qabri»ni musulmonlardan xalos etish muqaddas ish ekanligiga ishonch bilan mujassamlashgan.