Turklar madaniyati
Usmonlilar jamiyatida XV asr oxirida madaniyatning turli sohalari ravnaq topdi.
Mamlakatda shoira Mehri xotun va shoir Mulla Mahmud kabi qator iqtidorli shoirlar yetishib chiqdi. Turk me’morchiligi turli mamlakatlardan keltirilgan usta – quruvchilar tajribasidan foydalanib yuksala borgan. Millati yunon bo‘lgan Xoja Sinon qurgan ajoyib me’morchilik durdonalari uni butun jahonga tanitdi.
U o‘z faoliyati davrida 300 dan ortiq inshootlar: masjidlar, madrasalar, saroylar, favvoralar, hammom va ko‘priklar qurilishiga boshchilik qilgan. Fanning turli sohalari ichida geografiyaning taraqqiyoti, ayniqsa, e’tiborga molikdir. Turkiyalik dengiz sayyohi Piri Raisning asarlari, uning O‘rta, Qora va Egey dengizlari atlasi – «Bahriya» dunyo fanidagi katta yutuq edi. Evliya Chalabiyning Yevropa manbalari asosida bitilgan ko‘p jildli «Sayohatnoma» va Xoja Xalifaning «Jahonnoma» asarlarida arab va jahonning turli mamlakatlari haqida bayon qilinadi.
Pulguksa ibodatxonasi.
Koreys madaniyati
Sechjon Buyuk (1418–1450) soliq tizimida islohot o‘tkazadi, davlat boshqaruvini takomillashtirib boradi. Uning davrida koreys madaniyati va san’ati gullab yashnaydi. Ilk bor milliy koreys universitetiga asos solinib, unda mumtoz xitoy adabiyoti o‘rgatilgan. Budda ibodatxonasi hisoblangan – Pulguksa quriladi. Qirol Sechjon mamlakatning donishmand va iqtidorli hukmdori bo‘lgan. Uning boshqaruvi davrida maorif, ilm-fan va qishloq xo‘jaligida ulkan muvaffaqiyatlarga erishiladi. Qirol Sechjon ishtirokida yangi taqvim tuziladi, yomg‘irni oldindan aniqlaydigan asbob, shamol tezligi va yo‘nalishini belgilaydigan asbob, quyosh va suv soatlari, yulduzlar xaritasi yaratiladi.
Sechjon Buyuk.
Sechjon Buyuk rahbarligida qirol akademiyasi olimlari koreys alifbosini yaratadi.
Amerika xalqlari madaniyati
Mayyalarning iqtisodiy-madaniy taraqqiyoti milodiy asr boshlarida yozuvni yaratish imkonini beradi. Kohinlar qilqalam bilan iyerogliflarni bitib, rasmlar bilan bezatgan.
Asteklarning rasmli taqvimlari.
Mayyalar hayotida kohinlar muhim o‘rin tutgan. Ular jamoa a’zolariga dehqonchilik ishlarini bajarish muddatlarini belgilab bergan. Mayyalar eng aniq taqvimlardan birini yaratgan. Matematikaga «nol» ni anglatuvchi belgi mayyalar tomonidan hindlardan ham avval kiritilgan. Mamlakat poytaxti – Chichen-Itsada rasadxona qurilgan. Unda kohinlar sayyoralarning Quyosh tevaragida aylanishi vaqtini hisoblab chiqqan hamda Quyosh va oyning tutilishini oldindan aytib bera olgan.
Mayyalar maxsus tepaliklar yasab, baland poydevorlar ustida o‘zlarining zinapoyali ehromlarini, saroy va ibodatxonalarini barpo etgan. Saroy va ibodatxonalarning derazalari bo‘lmasdan, ular eshiklar orqali yoritilgan. Tekis va ravon shahar ko‘chalari toshdan bunyod etilgan.
Chichen- Itsadagi rasadxona.
Asteklar qo‘shni mayyalar ixtirosi asosida o‘zlarining quyosh taqvimini yaratgan.
Piktografik yozuv shakllangan. Asteklar dini ko‘p xudolikka asoslangan edi. Xudolar orasida eng e’tiborlisi, urush xudosi sharafiga hatto odamlar ham qurbonlik qilingan. Ibodatxona kohinlari xalq orasida alohida hurmat-e’tiborga ega bo‘lgan. Piktografik yozuv (lotincha pictus – rasmli va yunoncha grapho – yozaman, rasmli yozuv) – ma’lumotning umumiy mazmunini rasm orqali yoki rasmlarni ketma-ketligi orqali eslab qolish maqsadida tasvirlash. Poytaxt Tenochtitlanda zodagonlarning farzandlari va oddiy xalq bolalari uchun alohida-alohida maktablar bo‘lgan. Xalq bolalari uchun maktablarda dehqonchilik, hunarmandchilik va harbiy ish o‘rgatilgan. Zodagonlarning farzandlari esa tarix, husnixat, o‘qish, hisoblash, astronomiya, she’riyat, notiqlik san’atlari asoslarini o‘rganishgan. Tenochtitlanda har yili madhiya, qissalar yozadigan shoir-qo‘shiqchilar ko‘rik-musobaqalari o‘tkazilib, g‘oliblar mukofotlangan.
Inklar
Zodagonlarning bolalari maxsus maktablarda o‘qigan. Yozuv bo‘lmagani sababli bolalar inklarning dini, boshqaruv tartibi, qonunlari va udumlariga oid ma’lumotlarni yodlagan. Inklarning o‘ziga xos «tugunli xati» (kipu) bo‘lib, uning sirlari faqat ruhoniylarga ma’lum edi. Inklar matematika, astronomiya, geografiya, tibbiyot, botanika va boshqa ilm-fan sohalarida chuqur bilimlarga ega bo‘lgan. Ularning aniq taqvimi 12 oyga bo‘lingan. Tabiblar insonning bosh suyagida jarrohlik muolajalarini amalga oshirishni bilgan.
Kipu – tugunli xat.(44-id-127 p 153).
Afrika xalqlari madaniyati
Afrika xalqlarida avloddan- avlodga o‘tib kelgan ajoyib afsona va ertaklar ko‘p bo‘lgan. Ular qimmatli tarixiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Afrika xalqlari ichida o‘z yozuviga ega bo‘lganlari ham bor edi. Jumladan, Aksumda IV asrdayoq mahalliy yozuv islohoti o‘tkaziladi. Bu alifbo Efiopiyada hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan. Aksumda qurilish sohasida, ayniqsa, katta yutuqlarga erishilgan. Bu davrda qurilgan saroylar, xristian ibodatxonalari va yerosti daxmalari bugunga qadar saqlanib qolgan. G‘arbiy Sudan xalqlari madaniyatining yuksak taraqqiyotida arablarning ta’siri kattadir. Islom dini qabul qilinganidan keyin bu yerlarda arab mamlakatlaridan kelgan usta va me’morlar masjidlar, saroylar, qasrlar, jamoat binolari, kasalxonalar, hammom, istirohat bog‘lari quradilar. Musulmon maktab va madrasalari ochiladi. Jumladan, Tombuktu madrasasida ilohiyotdan tashqari tarix, fiqh, matematika, astronomiya kabi fanlar o‘qitilardi. Afrikaliklar san’atning turli sohalarida katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Yog‘och va jezdan yasalgan haykallar va niqoblar nafisligi bilan odamlarni hozirgi kungacha hayratlantirib kelmoqda. Benindagi shoh saroyidan jezdan ishlangan podsho va a’yonlarning bo‘rtma rasmlari topilgan. Ularda ov va urushlar, shuningdek, saroy hayoti sahnalari aks ettirilgan.
Benindagi shoh saroyida jezdan ishlangan jangchi nog‘orachi.
Afrika xalqlarining o‘rta asrlardagi taraqqiyoti Osiyo va Yevropa davlatlaridagiga nisbatan birmuncha orqada bo‘lishiga qaramasdan aholi xo‘jalikda muvaffaqiyatlarga erishib, o‘ziga xos moddiy va ma’naviy madaniyat yaratdi.