Dinning Yevropada tarqalishi
Xristian dini IV asrdan german qabilalari orasida ham tarqala boshlaydi.
V asr oxirida Franklar qiroli Xlodvig xristianlikni qabul qiladi. Angliya va Irlandiya monastirlaridan yetishib chiqqan serg‘ayrat rohiblar Yevropaning eng chekka joylariga ham borib, aholini xristianlikka o‘tkazadi. Kiyev Rusi va Bolgariya X asr oxirlarida Vizantiyadan xristianlikning pravoslav mazhabini qabul qilgan. Xristian dini Yevropada IV asrdan boshlab tarqalgan.
Cherkovning bo‘linishi
Rim imperiyasining G‘arbiy va Sharqiy Rimga bo‘linishi cherkovning ham ajralishiga olib keldi. Frank qiroli ko‘magida 756-yilda Italiyada Rim papalari davlati – Papa viloyati tashkil topadi. Vizantiya cherkovi esa avvaldan davlatga bo‘ysunuvchi, Konstantinopol patriarxi boshqaradigan diniy tashkilotga aylanadi.
Sharqiy Yevropada bolgarlarni cho‘qintirishdagi raqobat xristian cherkovini rasman: G‘arbiy katolik («jahon») va Sharqiy pravoslav («sof din», «chin e’tiqod») cherkovlariga bo‘linishiga olib keldi. XI asr o‘rtalaridan boshlab rim-katolik va yunon-pravoslav cherkovlari mustaqil faoliyat olib bormoqda. G‘arbda cherkov va’zlari lotincha, Sharqda esa yunon tilida olib borilgan. Katolik cherkovi barcha ruhoniylarga uylanishni taqiqlasa («selebat»), pravoslavlarda faqat rohiblar oila qurmagan.
Cherkov va davlat
Yevropada V asrda boshlangan yer egaligi munosabatlariga o‘tish jarayonidan cherkov ham chetda qolmaydi. Ekinzorlarning uchdan biri ibodatxona va monastirlar qo‘lida to‘planadi. Davlat soliqlaridan ozod etilgan bu yerlarda cherkovdan ijaraga yer olgan 100 minglab qaram dehqonlar mehnat qilishgan.
Undan tashqari, xristian cherkovi aholidan ushr (hosilning 1/10) solig‘ini undirgan.
Aholi, shuningdek, bolani cho‘qintirganda, nikohdan o‘tganida marhumga ta’ziya marosimi o‘tkazilganda va boshqa udumlar uchun ham pul to‘lagan. Cherkovga tushadigan daromadning talay qismi Rim papasi xazinasiga yuborilgan. Ulardan tashqari, Katolik cherkovi, indulgensiya (lotincha, «afv») – gunohlardan kechish yorliqlarini sotish hisobiga ham boyigan.
Yevropada cherkov davlatning muhim tashkilotiga aylanib, uning siyosiy va iqtisodiy faoliyatiga aralashgan, sud vazifasini ham bajargan. Cherkov qo‘llagan jazoning eng og‘iri interdikt – mamlakatda ibodat va marosimlarning vaqtinchalik taqiqlanishi bo‘lgan.
Innokentiy III (1198–1216) papaligi davrida katolik cherkovi o‘z qudrati cho‘qqisiga erishadi. Papaning «oy o‘z yog‘dusini Quyoshdan olganidek, qirol hokimiyati o‘z jilosini papalikdan oladi», degan so‘zlari amalda qo‘llanadi. Rim papasi german, fransuz va ingliz hukmdorlarini interdikt orqali tavba-tazarru qildiradi. Aholiga o‘z hukmini o‘tkazishda papa rohiblarga tayangan. Yevropada monastirlar IV asrda tashkil etilgan. Rohiblar toat-ibodatdan bo‘sh paytlarida xattotlik bilan shug‘ullangan. Ayrimlari esa monastir qoshidagi maktablarda bolalarni o‘qitgan.
Dahriylarga qarshi kurash.
Cherkov va uning ta’limotiga qarshi kishilar yeretiklar (yunoncha, «dahriylar») deb nomlangan. Bunday kishilar cherkov boyliklari, hashamatli udum marosimlariga qarshi chiqib, sodda cherkov g‘oyasi tarafdorlari bo‘lishgan. Yeretiklarga qarshi kurashish uchun cherkov sudi – inkvizitsiya (lotincha, «qidiruv») tuziladi. Xristian cherkovi dushmanlarini izlab topish va jazolash bilan shug‘ullangan inkvizitsiya papa Grigoriy IX (1227–1241) davrida o‘z qudratining cho‘qqisiga erishgan. Inkvizitsiya faoliyati Ispaniyada, ayniqsa, keng tus oladi. Unda mahkum etilganlarni gulxanda yondirish «autodafe» (portugalcha, e’tiqod yoki din ishi) ham qo‘llanadi.
Autodafe