O’rta asrlarda tovar ishlab chiqarishning yuksalishi




Tovar xo‘jaligining paydo bo‘lishi

Sexlar nazoratiga qaramasdan hunarmandlar savdo uchun tayyorlagan buyumlar soni ko‘paygan. Natijada xomashyo va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga talab ham oshib borgan. O‘z navbatida, yirik yer egalari va dehqonlarning yetishtiradigan mahsulotlari ko‘payishidan manfaatdorligi ortgan. O‘z mahsulotlarini sotib, hunarmandchilik buyumlarini xarid qiluvchilar ko‘paya boshlagan. Yirik shaharlar faqat atrofdagi viloyatlar bilangina emas, chet mamlakatlar bilan ham savdo aloqalarini o‘rnatgan. Ilk o‘rta asrlardagi natural xo‘jalik o‘z o‘rnini tovar xo‘jaligiga bo‘shata boshlagan. Tovar xo‘jaligi – mahsulotlarni bozorda sotish yoki ayirboshlash uchun ishlab chiqaruvchi xo‘jalik. Savdoning jonlanishi yo‘llar yaxshilanishini talab etgan. Fransiyada qirol farmoniga binoan asosiy yo‘llarga tosh yotqizila boshlangan. Daryolar ustida yog‘och va toshdan ko‘priklar qurish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.


Sharq mamlakatlari bilan savdo

Suriya, Misr, Eron va O‘rta Osiyogacha borgan yevropalik savdogarlar Sharq bozorlaridan shoyi gazlamalar, zeb-ziynat buyumlari, ziravorlar xarid qilgan.
G‘arb va Sharq mamlakatlari orasidagi aloqalarning yuksalishida Xitoydan boshlanib, O‘rta Osiyodan o‘tgan Buyuk Ipak Yo‘lining ahamiyati beqiyos edi.
Bu karvon yo‘li O‘rta yer dengizining sharqiy sohiliga qadar davom etgan.
G‘arbiy Yevropada XIII–XV asrlarda: Ispaniya, Italiya, Janubiy Fransiyani dengiz orqali Vizantiya hamda Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lash uchun Levant, shimolda Boltiq dengizi orqali London, Bryugge, Lyubek, Novgorod shaharlarini o‘zaro bog‘lash uchun Shimoliy savdo yo‘llari xizmat qilgan. Shimoliy savdo yo‘li bo‘ylab joylashgan Germaniyaning 70 dan ziyod shaharlari Ganza shaharlar ittifoqiga kirgan. Levant yo‘lida joylashgan Venetsiya va Genuyalar kuchli dengiz floti tuzib, ularning savdodagi raqobati ba’zida urushlarga ham aylangan.


Savdogarlar va bozorlar

Shaharliklar o‘z foydasiga mol sotishni, kimga qarzga pul berishni, nimaga pul sarflashni yaxshi bilishgan. Tinib-tinchimas savdogarlar boyib ketish maqsadida uzoq va xatarli sayohatlarga chiqishgan. O‘rta yer dengiz sohillari bo‘ylab italiyalik savdogarlar o‘zlarining savdo manzilgohlari – faktoriyalar tizimini yaratishgan.
Ularning ko‘pchiligi genuyalik va venetsiyaliklar bo‘lishgan. Bu dengiz respublikalari ajoyib savdo va harbiy flotlariga ega bo‘lishgan. Ularning kemalari Yaqin Sharqdan Yevropaga qimmatbaho mollar: shoyi matolar, chinni idishlar, turli ziravorlar va boshqa narsalarni olib o‘tardi.

Marko Polo.

Venetsiyalik savdogarlar – Pololar oilasi vakillari XIII asrda mo‘g‘ullar xonining Osiyoning ichkarisidagi qarorgohiga yetib boradi. Marko Polo 25 yil davom etgan sayohatining 17 yilini Xitoyni egallagan mo‘g‘ullar xoni Xubilay saroyida xizmatda o‘tkazib, yevropaliklardan birinchi bo‘lib bu sirli o‘lkalarni o‘z kitobida tavsiflaydi.

Yevropaliklar faqat XIX asrdagina dengiz orqali o‘tib, XIII asrda Marko Polo sayohat qilgan o‘lkalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi. Marko Poloning kitobidagi Sharq mamlakatlarining afsonaviy boyliklari 200 yildan so‘ng genuyalik dengizchi Xristofor Kolumbda shunchalik katta taassurot qoldiradiki, u nima bo‘lganda ham Hindistonning boy sohillariga yetishga qaror qiladi. Yevropaning ko‘pchilik shaharlarida dastlab bozorlar haftaning 1-2 kunida bo‘lgan. Doimiy bozorlar faqat yirik shaharlarda uchragan.

Mol ayirboshlash va savdoning o‘sishi shaharlarda bozorlar qurilishiga ehtiyoj tug‘dirgan. Jumladan, Londondagi birinchi yopiq bozor Blekuelxoll XIV asr oxirida qurib bitkazilgan. Bozorlar ma’lum buyumlar yoki mahsulotlarni sotishga ixtisoslasha borgan. Banklar, yarmarkalar va birjalar Dastlabki banklar XIV-XV asrlarda Italiyaning yirik shaharlarida paydo bo‘lgan.

Bank – (italyancha, banko) kursi, sarrof do‘konidagi o‘rindiq nomidan olingan. Yarmarkalar mol ayirboshlashning kengayishiga xizmat qilgan.

Yarmarkalarni yuksaltirish maqsadida hukmdorlar turli imtiyozlar (xususan, yo‘l solig‘ini vaqtinchalik bekor qilish) berishgan. Yarmarkalar savdo-sotiqdan tashqari, xalq sayllari, bayramlari markaziga ham aylangan. Unda sayyor artistlar tomonidan musiqalar chalingan, qo‘shiqlar aytilgan, sahna tomoshalari ko‘rsatilgan. Atrof qishloqlardan kelgan aholi uchun bu tomoshalar, mushakbozliklar yilda bir marta bo‘ladigan ko‘ngilochar tadbir hisoblangan. Yarmarka – ulgurji savdo bo‘ladigan, turli mamlakat savdogarlari qatnashadigan, mol sotish va ayirboshlash joyi nomi bo‘lgan.

O‘rta asrlar Yevropasining eng mashhur yarmarkasi Fransiyaning shimoli-sharqidagi Shampan grafligida (markazi Reyms shahri) bo‘lgan. Savdoning yuksalib borishi natijasida Yevropada turli mamlakatlar savdogarlari to‘planib, pullarini almashtiradigan joylar – birjalar vujudga keladi. Birja atamasi Bryugge shahridagi «Burse» mehmonxonasi yaqinida savdogarlar to‘planadigan joy nomidan olingan. Birja Bryuggeda – 1409, antverpenda – 1460, Lionda – 1462-yilda tashkil topgan. Shu tariqa XI-XV asrlarda Yevropada hunarmandchilik va savdoning yuksalishi bozor, bank, birjalarni vujudga keltirdi.