Oltin O’rda xonligi



Yangi bosqin

Mo‘g‘ullarning 1235-yilda bo‘lib o‘tgan qurultoyi Rus va Shimoliy Kavkaz yerlarini bosib olish haqida qaror chiqaradi. To‘planadigan qo‘shinga Botuxon yetakchilik qilishi e’lon qilinadi. Uluslardan o‘nta askardan bittasining ajratilishi, Botuxonga yordamga Chingizxonning sarkardalaridan Subutoy Bahodirning berilishiga kelishiladi. Botu va Subutoylar 1237-yilning kuzida rus yerlariga hujum boshlab, dastlab Ryazanni bosib olishadi. Rusdagi siyosiy tarqoqlik mo‘g‘ullarga qarshilik ko‘rsatish imkonini ham bermasdan 1238-1240-yillarda Vladimir, Suzdal, Kiyev, Galich, Volin va boshqa shaharlar bosib olinadi.

Oltin O‘rda xoni huzurida.

1243-yilda O‘qtoyning vafot etishi munosabati bilan Botuxon Volgabo‘yi dashtlariga qaytadi. Shu tariqa Botuxon istilo qilgan Volgabo‘yi, Shimoliy Qora dengiz sohillari, Shimoliy Kavkaz, Moldaviya hududlarida, rus yozma manbalarida bayon qilinishicha, Oltin O‘rda nomini olgan Jo‘ji ulusi shakllanadi. Oltin O‘rda, Jo‘ji ulusi – XIII asrning 40-yillari boshida Jo‘jixonning o‘g‘li Botuxon (1236–1255) tomonidan asos solingan davlat.


Boshqaruv tizimi

Oltin O‘rdani Botuxon va uning avlodlari boshqargan. Muhim masalalarni hal etish uchun qurultoy chaqirilgan. Ijro hokimiyati boshlig‘i beklarbegi bo‘lib, devon ishlarini vazir boshqargan. U yetakchiligidagi devon soliqlar, moliya, savdo ishlariga mas’ul bo‘lgan. Rusda barcha knyazlar Oltin O‘rdadan boshqaruv yorlig‘i olgan. Vladimir knyazi Yaroslav ularning «ulug‘i» deb tan olingan. Istilo qilingan hududlar tumanlarga bo‘lingan.

Bo‘ysundirilgan hududlarda mo‘g‘ullar dastlab o‘zlarining an’anaviy boshqaruv tizimini joriy etgan. Egallangan dashtlar Botuning ukalariga berilib, ularning suyurg‘ol mulkiga aylangan. Suyurg‘ol egalari xon qo‘shiniga ma’lum belgilangan sondagi jangchilarni jo‘natishdan tashqari, unga aholidan to‘plangan soliqlarning bir qismini ham yuborgan.

XIV asrga kelib Oltin O‘rda ulus nomini olgan to‘rtta yirik viloyatga bo‘linib ketadi.
Bu viloyatlar ulusbegisi – qo‘shin boshlig‘i bo‘lishidan tashqari, o‘ziga tegishli hududdagi boshqaruvga oid barcha masalalarni ham hal etgan.

Oltin O‘rda qo‘shinini beklarbegi boshqargan. U ko‘chmanchilar zodagonlari yetakchisi hisoblanib, ba’zida xondan ham ko‘proq mavqega erishgan. Oltin O‘rda xonligida davlat boshqaruvining taraqqiyoti amaldorlarning kuchayishiga olib kelgan. Suyurg‘ol (mo‘g‘ulcha – in’om, sovg‘a) – hukmdor tomonidan davlat oldida alohida xizmat ko‘rsatgan yirik amaldorlar yoki sarkardalarga berilgan mol-mulk, yer-suv. Suyurg‘olga beriladigan yer nasldan naslga meros bo‘lib o‘tgan.


Soliqlar

Mo‘g‘ullar odamlarni o‘nlik tizimiga bo‘lish maqsadida aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazadi. Bu tadbir XIII asrning o‘rtalarida bo‘lib, ro‘yxatga olishning yakunida mamlakat aholisi «chiqim» deb nomlangan katta to‘lovga tortiladi. Undan tashqari aholidan shoshilinch soliq – talab ham yig‘ilgan. Xonga urush boshlash uchun mablag‘ zarur bo‘lsa, rus knyazlariga talab yuborib, ayovsiz yig‘ib olingan. Soliq va bojlarning to‘lanishini maxsus tayinlangan mo‘g‘ul noiblari – bosqoqlar nazorat etishgan.

Bosqoq rus qishlog‘ida.

Rus knyazlari Oltin O‘rda qudratini to‘g‘ri anglab, bosqinchilar bilan tinch yashashga harakat qilishgan. Bu tadbir mavjud sharoitda knyazlar o‘z xalqini saqlab qolishi, ularni qullikka olib ketmasligining yagona yo‘li edi. Tinchlik siyosatini Vladimir knyazi Yaroslav boshlab, uning o‘g‘li Aleksandr Nevskiy davom ettirgan. Knyaz Aleksandr Oltin O‘rdaga bir necha bor tashrif buyurgan. Mo‘g‘ulistonda ham bo‘lib, mahalliy amaldorlarning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lgan. Bu tadbirlarning barchasi keyinchalik mo‘g‘ullar bosqoqlarni tasdiqlamasdan rus yerlaridan boj yig‘ishni knyazlardan biriga topshirishiga olib kelgan.

Knyaz Aleksandr Oltin O‘rda xoni huzurida.


Tashqi siyosat

Tashqi siyosat masalalari bilan xon, uning yaqin maslahatchilari, shuningdek, beklarbegi shug‘ullangan. Oltin O‘rda Sharqiy Yevropaning kuchli bir davlati bo‘lganidan Yevropa qirollari, Rim papalari, Vizantiya imperatorlari va Turk sultonlari xon saroyi bilan do‘stona munosabatda bo‘lishga intilgan.

Eronda mustaqil davlat tuzgan Xuloku va uning vorislari esa Oltin O‘rda bilan Kavkazortiga egalik qilish masalasida raqobat qila boshlagan. Bu ikki Mo‘g‘ul davlati qo‘shinlari qator janglarda to‘qnashib, goh u tomon, goh bu tomonning qo‘li baland kelgan. Bu janglardan birida 1266-yilda Botuxonning ukasi Berkaxon ham halok bo‘lgan. Xuloku ulusiga qarshi kurashda Oltin O‘rda hatto Misr sultonlari bilan ittifoq tuzgan.


XIV–XV asrlarda Oltin O‘rda

XIV asrning birinchi yarmida Oltin O‘rda davlati o‘z qudratining cho‘qqisiga erishadi. Bu jarayon O‘zbekxon (1312–1342) va uning og‘li Jonibek (1342–1357) nomi bilan bog‘liqdir. Oltin O‘rda qudratini mustahkamlagan omillardan biri islom dinining qabul qilinishi bo‘ldi. O‘zbekxon 1314-yilda islomni davlat dini deb e’lon qiladi. Unga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan zodagonlar va hatto qarindoshlari qatl etiladi.

Mo‘g‘ullar davlati asoschisi Chingizxon barcha diniy e’tiqodlarga birday munosabatda bo‘lishni vasiyat qilgan edi. Uning avlodlari bu vasiyatni bajarishga harakat qilgan. Oltin O‘rda poytaxti Saroy shahrida turli diniy ibodatxonalar qurilgan. Botuxon davrida shahar Saroy Botu deyilgan. O‘zbekxon va Jonibek davrida Oltin O‘rda shaharlari gullab-yashnagan. Ular iqtisodiy va madaniy hayot markazlariga aylangan. Saroy Botu va Saroy Berka dunyoning eng katta shaharlari qatorida bo‘lgan. Jonibekning vafotidan so‘ng Oltin O‘rda taxti uchun kurash boshlangan. To‘xtamishxon XIV asrning oxirida uni o‘n besh yilga yana birlashtirgan. Lekin davlat tarixining fojiali sahifalari aynan uning hukmdorligi bilan bog‘liqdir. Bunga To‘xtamishning Movarounnahr hukmdori Amir Temur bilan raqobati sabab bo‘lgan. Amir Temur Jo‘ji ulusiga qarshi uch marta yurish qilgan.
Shimoliy Kavkazda 1395-yilda To‘xtamishning Amir Temurdan mag‘lubiyati Saroy, Saroy Berka, Astraxan shaharlarining vayron etilishiga sabab bo‘lgan. Shundan keyin savdo yo‘llari janub tomonga siljigan. Amir Temurning yurishlari Oltin O‘rdani uzil-kesil zaiflashtirgan. Oltin O‘rda XV asrning birinchi yarmidan qator xonliklarga bo‘linib ketgan. Ulardan eng yiriklari Qrim, Qozon, Sibir, Qozoq xonliklari va No‘g‘ay O‘rdasi bo‘lgan.