Moʻg‘ullar davlati


Ijtimoiy tuzum


Mo‘g‘ul qabilalari qadimdan Janubiy Sibir, Manchjuriya va Mo‘g‘uliston hududlarida yashab kelgan. Ularning ko‘pchiligi ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullangan, o‘rmonda yashagan ayrim urug‘lar ovchilik va baliqchilik bilan kun kechirgan. Mo‘g‘ullar hayotida qadimgi udumlar, diniy tasavvurlarida esa ajdodlar ruhiga sig‘inish, shomonlik e’tiqodlari yaxshi saqlanib qolgan.

Mo‘g‘ullar hayotidan. (36-id-105 p 125).

Lekin XII asrning ikkinchi yarmidan boshlab mo‘g‘ullar ijtimoiy munosabatlarida yangi xususiyat – mulkiy tabaqalanish kuchaya boshlaydi. Urug‘chilik jamoalari alohida ko‘chmanchi xo‘jalik – ayollarga bo‘linib, har bir ayol endilikda o‘z xo‘jaligi – chorvalarining egasiga aylanadi.


Urug‘-qabilalarda boy xonadonlar, bo‘lajak mo‘g‘ul zodagonlari shakllana boradi.
Aksari urug‘ boshliqlari no‘yonlar o‘z urug‘doshlaridan navkarlar olib harbiy bo‘linmalar tuzadi. Mulkiy tabaqalanish sharoitida hayotning o‘zi ularni harbiy qabila ittifoqlariga birlashishga majbur qiladi; ularni xonlar boshqaradi.


Kuchli qabila ittifoqlari o‘zlariga tobe etilgan qo‘shnilardan boj-to‘lovlar olib turishadi. Shomonlik – yovuz va ezgu ruhlarga, ularning inson hayotiga ta’sir ko‘rsatishiga ishonish. Bu qabila ittifoqlari o‘z yig‘inlari, qurultoylarida eng muhim: urush, sulh, ittifoq tuzish, xonni saylash kabi masalalarni hal etardi.


Chingizxon davlati

Mo‘g‘ul qabilalari orasidagi o‘zaro urushlarda Temuchin (1155–1227) g‘olib chiqadi. 1206-yilda Onon daryosi bo‘yidagi qurultoyda u ulug‘ xon deb e’lon qilinadi. Bosh shomon butun xalq oldida Temuchinga Chingizxon unvonini beradi.
Chingizxon so‘zi «kuchli», «qudratli», «toza» ma’nolarini anglatadi.

Chingizxon. (36-id-106 p 126).

Mamlakatni markazlashtirish maqsadida Chingizxon Qoraqurum qal’asini o‘z davlatining poytaxtiga aylantiradi. Mo‘g‘ullar qo‘shinni kuchaytirishga katta e’tibor qaratishadi. Tinch paytda chorvachilik bilan shug‘ullangan mo‘g‘ullar urush boshlanishi bilan o‘nlik tizimdan iborat muntazam qo‘shinga aylanar edi.
Qo‘shin yuzboshi, mingboshi, tumanboshilar tomonidan boshqarilgan.
Talonchilik bosqinlari ko‘chmanchilar uchun asosiy mashg‘ulot hisoblangan.


Mo‘g‘ullar qo‘shini

Ko‘chmanchilar qo‘shini uchun urushga uzoq tayyorlanish zarurati ham bo‘lmagan.
Mo‘g‘ ullar turmush tarzi har qanday vaqtda otni egarlab yo‘lga tushishga mos edi.
Mo‘g‘ullar ko‘chma uy – o‘tovlarda yashagan. Harbiy yurishga tayyorlanganda yoki ko‘chish paytida o‘tovni o‘rnatish uchun nari borsa bir soat, yig‘ib yukni tuyasiga ortish uchun undan ham kam vaqt ketardi.

Mo‘g‘ullar qo‘shini. (36-id-107 p 126).

Mo‘g‘ullarning sevimli quroli kamon edi, jangchi raqibini yuzlab metrdan nishonga ola bilgan. Jangchilarning ko‘pchiligi nayza va qilich bilan qurollangan. Har bir ko‘chmanchining kundalik hayotida ham, jang paytida ham, albatta, arqoni bo‘lishi lozim edi. Qo‘shni mamlakatlarni istilo qilish jarayonida Chingizxon qo‘shini devorni buzishda maxsus moslama – palaxmonlardan foydalanishni yaxshi o‘zlashtirgan.


Ko‘chmanchilar qo‘shini, odatda, uchta qismga bo‘lingan: markaz va ikki qanot.
Jang boshlanganda markaz yolg‘ondan chekingan, dushman uni ta’qib eta boshlasa, qanotlardan hujumga uchrar, chekinayotganlar ham to‘xtab, jangga kirishardi. Аsosiy qo‘shindan tashqari Chingizxon ixtiyorida «keshik» deb yuritilgan maxsus gvardiya ham tashkil etiladi. Keshik favqulodda vaziyatlar uchun doimo jangovar holatda turar edi. Jangni mohirona boshqarish, kuchli va intizomli otliq qo‘shinning bo‘lishi, qo‘shni mamlakatlardagi siyosiy tarqoqlik mo‘g‘ullarga g‘alaba keltirgan.


Istilolar

Chingizxon 1211-yilda Shimoliy Xitoyga qarshi urush boshlaydi. Mamlakatning batamom istilo qilinishi uning vorislari davrida tugatiladi. Yettisuv va Sharqiy Turkistonga qarshi 1218-yilda boshlangan bosqinlar, Xorazmshohlar davlatiga 1219–1221-yillardagi bosqinlar bilan davom etadi. Afg‘oniston, Sharqiy Eron egallanib, Kavkaz orqali 1223-yilda Dashti Qipchoqqa chiqadi. Kalka daryosi bo‘yida qipchoqlarning ittifoqchisi sifatida ularga yordamga kelgan ruslar qo‘shini mag‘lub etiladi. 1224-yilda Chingizxon zabt etilgan hududlarni o‘z o‘g‘illari: Jo‘ji, Chig‘atoy, O‘qtoy va Tuliga uluslarga bo‘lib, taqsimlab beradi. O‘qtoyni taxt vorisi etib tayinlaydi. Ulus (mo‘g‘ulcha – davlat, xalq, odamlar) – Chingizxon farzandlariga mulk sifatida bo‘lib bergan mo‘g‘ullar bosib olgan hududlar.