Fransiyada markazlashgan davlatning tashkil topishi




Qirol hokimiyati

Avvalgi G‘arbiy Frank qirolligi bir-biridan mustaqil katta-kichik o‘nlab knyazliklarga bo‘linib ketadi. Knyazliklar merosga qoldirilganida yana bo‘linar, sulolaviy nikohlar natijasida qo‘ldan qo‘lga o‘tardi. Qirolning shaxsiy yer-mulklari (domeni) shimolda Parijdan – janubda Orleanga qadar joylashgan edi. Normandiya, Burgundiya, Bretan, Akvitaniya gersoglarining har biri qirolga nisbatan ko‘proq hudud va aholiga ega edi. Qirol domenida esa unga bo‘ysunmagan feodallar mustahkam qal’alar qurib joylashib olgan edi.

Normandiyadagi d’E qal’asi.(22-id-74 p 89).

Domen (lotincha, dominium – mulk) – qirol, gersog, graf va baronlarning qaram dehqonlar mehnati bilan ishlanadigan yer-mulklari. Qirol Lyudovik VI XII asr boshlaridan o‘z domenida tartib o‘rnatishga harakat qila boshlaydi. Qirol o‘zboshimcha baronlar qal’alarini buzib, ularni bo‘ysundiradi. U Burj va Sans shaharlarini o‘z yer-mulkiga qo‘shib oladi. Lyudovik VI ning omadi yurishib o‘g‘lini Akvitaniya gersogining yagona merosxo‘riga uylantirishi qirollik yerlarini yanada kengaytiradi.


Viloyatlar o‘rtasida mehnat taqsimoti

Fransiyada X–XI asrlarda qishloq xo‘jaligining, hunarmandchilik va savdoning o‘sishi boshlanadi. XII asrdan boshlab yangi o‘zlashtirilgan yerlarda dehqonlar qaramligi bekor qilinib, soliqlarning bir qismi pul bilan to‘lanadigan bo‘ladi. Natijada dehqonlar yetishtirgan mahsulotlarining ma’lum qismini bozorga sotish uchun chiqaradi. Fransiyada feodallar o‘z yerlarini dehqonlarga merosiy ijaraga bera boshlaydi. Bu tadbir dehqonning yerga munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartiradi.

Viloyatlar orasida mehnat taqsimoti boshlanib, Normandiya – temir, tuz ishlab chiqarish, ot va qoramol yetishtirishga; Shampan va Burgundiya – vinochilik, zig‘ir tolasidan surp to‘qishga; Flandriya jundan matolar ishlab chiqarishga ixtisoslashib boradi. Savdogarlar bu mahsulotlarni Shampan yarmarkasiga olib borardi va ushbu mahsulotlar butun mamlakatga tarqalardi. Parij Fransiyaning eng katta hunarmandchilik va savdo-sotiq markazi bo‘lib qoldi. Mehnat taqsimotining o‘sib borishi sababli viloyatlarning o‘z holicha yashashi tugadi. Savdo-sotiq ularni bir-biriga bog‘lab qo‘ydi. Viloyatlar orasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish ehtiyojlari feodal tarqoqlikni tugatishni taqozo etardi. Viloyatlar o‘rtasidagi mehnat taqsimoti har bir viloyatning ishlab chiqarishning u yoki bu sohasiga ixtisoslashuvidir.


Mamlakatni birlashtirish uchun kurash

Shaharlar yuksalishi bilan yangi ijtimoiy tabaqa – shaharliklar soni ko‘paya boradi.
Shaharliklar tabaqasi esa feodallar o‘zboshimchaligini cheklaydigan kuchli qirol hokimiyati tarafdori edi. Qirolni, shuningdek, mayda va o‘rta feodallar ham qo‘llagan. Ular kuchli qirol hokimiyati o‘zlarini graflar, gersoglar tazyiqidan xalos etishiga umid bog‘lagan. Ushbu vaziyatda markazlashtirish jarayoniga faqat yirik diniy va dunyoviy feodallargina qarshi bo‘lishgan.

Fransiya qiroli Filipp II Angliya qiroli Ioann bilan inglizlarning Normandiyadagi mulklari uchun kurash boshlaydi. «Ingliz tojining marvaridi» hisoblangan Normandiya XIII asr boshlarida qaytarib olinadi. Tez orada qirol mulklariga mamlakat janubidagi Tuluza grafligi ham qaytariladi. Natijada qirol Fransiyadagi eng kuchli feodalga aylanadi. Qirol mulklarining kengayishi umumdavlat boshqaruv tashkilotlari: Qirol kengashi, Oliy sud va Moliya boshqarmasining tuzilishi bilan yakunlanadi. Lyudovik IX qirol yerlaridagi feodal urushlarini taqiqlaydi. Qirol zarb ettirgan oltin va kumush tangalar Fransiyaning barcha viloyatlarida o‘tishi huquqi belgilanadi. Natijada mamlakatda gersog va graflar zarb etadigan 40 xil pul asta-sekin surib qo‘yiladi. Bu tadbir savdo-sotiqni ham yuksaltiradi.

Shu tariqa Fransiya markazlashgan davlatga aylanadi. Qirol hokimiyati mamlakatning butun hududini o‘ziga bo‘ysundirdi. Markazlashgan qirol hokimiyati – mamlakat barcha hududining yagona qirol hokimiyatiga itoat etishi.