Birinchi salib yurishi
Birinchi salib yurishlariga Fransiya, Italiya va Germaniyaning turli viloyatlaridan kelgan ritsarlar to‘plangan. Ular yaxshi qurollangan, zarur ozuqa va pul bilan ta’minlangan edi. Vizantiya poytaxti Konstantinopolda 1096-yilning kuzidan to‘plana boshlagan ritsarlarga imperator Aleksey I vassallik qasamyodini qabul qildirgan. Ya’ni Yaqin Sharqda tuzilajak xristian davlatlari Vizantiyaga siyosiy qaram bo‘lishi lozim edi. Yurishlar Suriya bilan Falastinda salibchilarning o‘z davlatlarini tuzishi bilan yakunlanadi. Ularning ichida Quddus qirolligi salibchilarning asosiy davlati edi. Salibchilar Quddusni egallashda birgina jome masjidida 10 ming musulmonni o‘ldiradi. Yahudiylar o‘z sinagogasi (ibodatxona)da yondirib yuboriladi. Qirg‘in paytida ko‘plab ayollar va bolalar ham halok bo‘ladi. Shaharliklar uyiga bostirib kirgan ritsar eshikka qalqonni osib qo‘yar va bu uy barcha jihozlari bilan yangi xo‘jayinga o‘tganligini anglatar edi.

Arablarning ritsarlar bilan jangi.
Salibchilar Yaqin Sharqda
Yevropadan kelayotgan ritsarlar oqimi xristianlarga istilo qilingan hududlarni 200 yilcha qo‘lda saqlash imkonini beradi. Yaqin Sharqda salibchilar mahalliy dehqonlarni qaramlikka tushiradi. Yangi xo‘jayinlar hosilning 1/3 qismini soliqqa ola boshlaydi. Unga qo‘shimcha tarzda aholi qirolga, xristian cherkoviga ham soliq to‘lashga majbur etiladi.

Salibchilarning Quddusni qamal qilishi.
Natijada mahalliy aholida salibchilarga nisbatan nafrat kuchayib, qo‘zg‘olonlar ham bo‘lib turadi.
Diniy-ritsarlarning ordenlari
Falastinda tashkil etilgan diniy-ritsarlik ordenlari odatdagi rohiblar ordenlaridan tubdan farq qilgan. G‘arbda oddiy rohiblarning asosiy ishi ibodat va mehnat qilish bo‘lsa, diniy-ritsarlik ordeni a’zolarining asosiy vazifasi urush edi. Dastlabki diniy-ritsarlik ordeni gospitalyerlar ordeni bo‘lgan. Uni ba‘zida ioanniylar ordeni ham deyishadi. Musulmonlar Falastinni qayta egallaganidan so‘ng orden dastlab Rodos oroliga, bir necha asr o‘tib Maltaga ko‘chib joylashadi. Quddusga kelayotgan ziyoratchilarni himoya qilish uchun tuzilgan ikkinchi ritsarlik ordeni dastlab tampliyerlar deb nomlangan. U Quddusdagi ritsarlar joylashgan tepalik nomi bilan atalgan. Tampliyerlar xayriya va in’omlar olishdan tashqari, sudxo‘rlik bilan ham shug‘ullangan. Yevropada ularning boyliklari haqida afsonalar to‘qilgan. Uchinchi yirik diniy-ritsarlik ordeni muqaddas Bibi Maryamga bag‘ishlangan. Undagi ko‘pchilik ritsarlar Germaniyadan bo‘lgani uchun, uni Nemis (lotincha Tevton) ordeni deyishgan.

Gospitalyer. Tampliyer. Tevton ritsari.
Ikkinchi va uchinchi salib yurishlari
Musulmon hukmdorlari Sharq va Janub tomondan salibchilarni siqib kelmoqda edi. Ularga qarshi kurashish uchun Yevropa feodallari ikkinchi salib yurishini uyushtirdi. Ikkinchi salib yurishi XII asr o‘rtalarida bo‘lgan. Fransiya qiroli o‘z qo‘shini bilan ishtirok etgan bu yurishlar muvaffaqiyatsiz tugagan. Musulmonlar tez orada kuchli davlat tuzadi. Misr sultoni Salohiddin Ayubiy 1187-yilda salibchilardan Quddusni tortib oladi. Bu voqea Yevropada 3-salib yurishlari (1189–1192) tashkil qilinishiga olib keladi. Ammo german imperatori, Fransiya qiroli va angliya qiroli ishtirokidagi bu yurishlar ham muvaffaqiyatsiz tugaydi.