Afrika xalqlari o’rta asrlarda




Afrika aholisi va xo‘jaligi

Aholining aksari qismi I mingyillik oxiriga qadar tashqi dunyodan ajralgan holda yashagan. Qit’aning tropik o‘rmonlarida, sahrolarda ovchi va terimchi qabilalar joylashgan. Afrikaning Misrdan boshqa hududlarida yashagan ba’zi dehqonlar ildizmevali ekinlarni yetishtirgan.

Afrikalik jangchilar.

Savanna hududlarida yerda unumdor tuprog‘i bo‘lgan joylarga moslashgan temir tishli chopqilar bilan ishlov berilgan. Sahroi Kabirning atroflarida ko‘chmanchi, yarim ko‘chmanchi va o‘troq qabilalar ham, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullangan. Sahroning janubida barbar va tuareglar, G‘arbiy Afrikada fulbe, Sharqda masai, galla, sidamo, tigrelarda chorvachilik asosiy xo‘jalik bo‘lgan.


Afrika davlatlari. Gana

Afrikaning Sharqida Misr, Arabiston va Hindiston bilan savdo aloqalari ta’sirida qadim zamonlardan Nubiya va aksum (hozirgi Efiopiya) davlatlari tashkil topgan edi. Arab savdogarlari VII asrlarda G‘arbiy Sudan yerlariga O‘rta dengiz sohillaridan Afrikaga yuksak qadrlanuvchi tuz va boshqa mollarni keltirgan. Savdo yo‘llari kesishgan joylarda yirik qasaba – qo‘rg‘onlar: aukar, Gana, Tombuktu, Gao, Mali vujudga kelgan. Musulmon savdogarlaridan tashqari mahalliy zodagonlar ham qo‘rg‘onlarda yashagan. Ular keyinchalik vujudga kelgan davlatlardagi boshqaruvni qo‘lga oladi. O‘rta asrlarda Niger va Senegal daryolari havzasida dastlabki davlatlar – Gana, Mali, Songailar tashkil topadi. Ularning dastlabkisi G‘arbiy Sudandagi Gana bo‘lgan. U VIII asrda vujudga kelib, X asrda o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga erishgan. Gana, Mali, Songai va Aksum – Afrikaning o‘rta asrlardagi dastlabki davlatlari bo‘lgan.

Gananing daromad manbalaridan biri savdodan keladigan boj to‘lovlari edi. Bojning asosiy qismini chetdan keladigan savdogarlar: arablar, barbarlar, yahudiylar to‘lagan. Lekin mamlakatning katta boyligi oltin bo‘lgan. Gana podshosi va zodagonlari oltin va tuz savdosidan katta foyda olgan.

Podshoning kuchli qo‘shini bo‘lib, undagi 200 ming askarning deyarli 40 mingini kamonchilar, ma’lum qismini esa otliq jangchilar tashkil etgan. Marokash sultoni abu Bakr 1076-yilda katta qo‘shin bilan Ganani istilo qilib, uni talagan. Bu voqealardan so‘ng Gana podshosi Marokashga qaram bo‘lib, boj-yasoq to‘lashdan tashqari, o‘z zodagonlari bilan islom dinini qabul qilishga ham majbur bo‘ladi. Xalq qo‘zg‘oloni oqibatida marokashliklar hukmronligiga chek qo‘yilganiga qaramasdan, Gana davlati parchalanib ketadi.


Mali davlati

Mali davlat sifatida VIII asrda vujudga keladi. Uning keyingi rivojlanishiga qo‘shni Gana davlatining qudrati to‘sqinlik qilgan. XI asrdan Mali aholisi islomni qabul qiladi. Bu esa mamlakatga musulmon savdogarlarining ko‘chib kelishini tezlashtiradi. Hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishi natijasida XIII asrda Mali o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga erishadi.

Mali hukmdori Muso I.

Uning hukmdori Sundiata Keyt (1230–1255) ko‘p sonli kuchli qo‘shin tuzadi. Bu qo‘shin yordamida Sundiata karvon yo‘llari o‘tadigan hududlarni, oltin konlarini, qolaversa, qadimgi Gana yerlarini egallaydi. Mali hukmdori istilo etilgan viloyatlar noibligiga o‘z qarindoshlari va yaqinlarini tayinlaydi. Noiblar esa, o‘z navbatida, lashkarboshi, amaldorlarga yer-mulklar in’om etishgan. Mahalliy aholidan soliqlar undirish ham noibning zimmasiga yuklangan. Ko‘p o‘tmay Mali butun arab dunyosida mashhur bo‘lib ketadi. Uning hukmdori Muso I 1324-yilda Makkaga haj safari uyushtiradi. Muso I o‘zi bilan safarga ko‘p oltin olib, yo‘lda ularni saxiylik bilan tarqatib boradi. Hukmdorga 8 ming jangchi va 500 ta qul hamroh bo‘lib, bu katta karvon 10–12 tonna oltinni o‘zi bilan olib ketgani taxmin qilinadi. Bu voqeadan so‘ng uzoq yillar davomida arab dunyosida oltinning narxi past bo‘lgan.

Mali poytaxti Niara va boshqa shaharlarda hashamatli saroylar, masjidlar quriladi, hunarmandchilik va savdo rivojlanadi. Biroq ijtimoiy hayotda qabila zodagonlari mavqei saqlanib qoladi. Mali hukmdorlari o‘z yaqinlarining toj-u taxtga tajovuzidan cho‘chib, ko‘pincha saroy amaldorlarini, lashkarboshilari va hatto jangchilarni ham qo‘shni qabilalar vakillaridan olishgan.

Mali aholisining asosiy qismi qishloqlarda yashovchi jamoalardan, jamoalar esa o‘z navbatida, yirik patriarxal oilalardan tashkil topgan.

XIV asr oxiriga kelib feodal tarqoqlik, sulolaviy nizolar Malining zaiflashishiga sabab bo‘ladi. XV asrda Mali butunlay inqirozga uchrab, parchalanib ketadi. Mali davlati VIII–XV asrlarda hukm surgan. XIII asrda Mali o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga erishgan. Poytaxti Niara shahri bo‘lgan.


Songai davlati

Gana va Malining shimoli-sharqidagi songai qabilalari yirik savdo markazlaridan biri Gao atroflarida yashagan. 1 ming yillik boshlarida songailar tuzgan davlat birlashmasi dastlab Mali ta’sirida bo‘ladi. Malining zaiflashuvi esa islomni qabul qilgan songailar hukmdori Almiga XIV asr oxirida ularni yengib, poytaxti Gao bo‘lgan mustaqil davlat tuzish imkonini beradi. Songai davlati XIV–XV asrlarda yuksalgan. U Niger daryosi havzasida o‘z hukmronligini to‘liq o‘rnatadi.

Mamlakat viloyatlarga bo‘linib, ularni hukmdorning yaqin kishilari boshqargan.
Songaining asosiy daromad manbai tranzit savdosi va oltin konlari edi. Aholidan undirilgan soliqlar ham muntazam oshib borgan va xazinani to‘ldirish vositalaridan biri bo‘lgan. Amaldorlarga taqdim etilgan katta yer-mulklarda qullar ishlagan. Davrlar o‘tishi bilan qullar qaram dehqonlarga aylanib borgan. Ularning avlodlari esa kichik yer-mulkning erkin egalariga aylanib, davlatga faqat soliq to‘laganlar, xolos. Songaida maxsus yollanma qo‘shin ham tuzilgan edi.

Mamlakatda yuz bergan o‘zaro urushlar, nizolar davlatni zaiflashtirib borgan. Bundan foydalangan Marokash sultoni XVI asr oxirida Songaini bosib oladi. Songai davlati XIV asr oxiridan boshlab mustaqil faoliyat ko‘rsatgan. Poytaxti – Gao shahri. Marokash sultoni XVI asr oxirida Songaini bosib oladi.


Aksum davlati

Hozirgi Efiopiyaning shimolida qadimda Aksum davlati vujudga kelib, uning yuksalishi IV–V asrlarga to‘g‘ri keladi. Aksum hukmdorlari karvon yo‘llari joylashgan Arabistonning janubiy sohillarini, Sharqiy Sudanning bir qismini egallaydi. Bu davlat Rim imperiyasi, keyinchalik Vizantiya bilan yaqin iqtisodiy va madaniy aloqada bo‘lgan. Shu sababli aksum hukmdori va uning a’yonlari xristian dinini qabul qilgan

Aksum podsholigi.

Shoh Lalibeli ibodatxonasi VII asrda Aksum qo‘shinini arab xalifaligi lashkari mag‘lubiyatga uchratib, Arabiston yarimorolining janubidagi yerlaridan mahrum qilgan. Aksumdagi vaziyat XI asrga kelib murakkablashib, davlat parchalanib ketadi.

Rivoyatlarga ko‘ra, Aksumning birinchi hukmdori Manelik – podsho Sulaymonning Arabiston malikasidan tug‘ilgan o‘g‘li bo‘lgan. Bu Aksumning arabiston bilan aloqalari qadimdan yaxshi bo‘lganini, sulolaning nomi tarixiy asosga ega ekanini ko‘rsatadi.