Amerika o’rta asrlarda


Xo‘jalik taraqqiyoti
Olimlarning fikricha, amerika qit’asiga dastlabki odamlar Shimoliy Osiyodan hozirgi Bering bo‘g‘ozi orqali buyuk muzlik davrida, bundan 40 ming yil avval o‘ta boshlagan va bu jarayon uzoq davom etgan. Natijada bu yerlarga yevropaliklar kelguniga qadar ham ko‘psonli qabila va elatlar shakllangan.

Bu qabilalarning asosiy qismi ovchilik va baliqchilik bilan shug‘ullangan. Ammo Markaziy va Janubiy Amerikaning tog‘ va tog‘oldi hududlarida dehqonchilik xo‘jaligi vujudga kelib, keng taraqqiy etgan.

Hindular hayotidan.

Bu hududlarda kechua, mayya, astek, olmek va tolteklar yashagan. Ular tosh boltalar bilan o‘rmondagi daraxtlarni kesib, shox-shabbalarini yondirib, kulidan o‘g‘it sifatida foydalanishgan. Bu yerlarda yevropaliklarga ma’lum bo‘lmagan makkajo‘xori, kartoshka, kungaboqar, pomidor, kakao, tamaki ekinlari o‘stirilgan.

Amerikaning katta qismida xonakilashtirilgan hayvonlar bo‘lmagan. Ot, sigir, qo‘y va echkilar qit’aga keyinchalik Yevropadan olib kelingan. Ular uy hayvonlaridan shimolda itni, janubda tuyasimon – lamani boqishgan. Parrandalardan kurka va o‘rdak saqlangan.

Temir, omoch, g‘ildirak, o‘t ochar qurollarni amerikalik hindular bilishmagan. Ularning mehnat va ov qurollari: tosh, jez va yog‘ochdan yasalgan. Aholining katta qismi urug‘chilik jamoasida yashagan. Faqat dehqonchilik bilan shug‘ullangan mayya, astek va kechualar o‘zlarining davlatlarini barpo qilgan. O‘rta asrlarda mayya, astek va kechualar o‘z davlatlarini barpo qilgan.


Mayyalar davlati

Markaziy Amerikaning Yukatan yarimorolida (hozirgi Meksika) qadimdan mayya xalqlari yashab kelgan. Milodiy I mingyillikda mayyalarda shahar-davlatlar vujudga keladi. Ularning har birini «buyuk kishi» – hukmdor boshqarib, uning hokimiyati merosiy bo‘lgan.


Asteklar davlati

Markaziy Amerikaning hozirgi Meksika hududida joylashgan. Bu yerlarga shimoldan kelgan asteklar katta ko‘l o‘rtasidagi orollarda XII asrda Tenochtitlan shahriga asos soladi, ular sun’iy to‘g‘onlar bunyod etishgan, ibodatxonalar va saroylar qurishgan.

Asteklarda yer taqchil bo‘lganidan ko‘l tagidan suv o‘simliklari va unumdor loyni ko‘tarib, sollarda «suzuvchi dalalar» ham yaratgan. Bu o‘ziga xos ekinzorlardan yiliga bir necha marta hosil olingan.

Asteklar urug‘ jamoa bo‘lib yashagan. Jamoa boshliqlari saylab qo‘yilgan. Ekin maydonlari jamoa a’zolariga taqsimlab berilgan. Hukmron qabila vakillaridan tlatoani – lashkarboshi saylanib, u oliy hukmdor bo‘lishidan tashqari, bosh kohin vazifasini ham bajargan.

O‘rta asrlardagi Tenochtitlan shahri.

Asteklar xo‘jaligining asosi sug‘orma dehqonchilik bo‘lgan. Eng muhim ekin makkajo‘xori bo‘lib, undan mo‘l hosil olingan.

Asteklarda hunarmandchilikning kulolchilik, to‘qimachilik, mis va oltindan zargarlik buyumlari yasash sohalari yaxshi rivojlangan. Ayni paytda ular ma’danlarni bilishmagani sababli bolta va pichoqlarning toshdan yasalishi davom etgan. Zargarlar qimmatbaho toshlarga ishlov berib, qadalma naqshlar (mozaika) yasab, saroy va ibodatxona devorlarini bezashgan. Astek hunarmandlari ayniqsa naqshin idishlar, ajoyib gazlamalar, qush patlaridan tovus kabi tovlanadigan kashtalar tikishda mohir bo‘lgan.

Quruvchilar to‘g‘onlar, kanallar qurishib, xom g‘isht yoki toshdan yasalgan ustunlar ustida uylar bunyod etishgan. Bozorlarda mol ayirboshlash orqali savdo yaxshi rivojlangan.


Inklar davlati

Janubiy Amerikaning and tog‘lari yonbag‘ ridagi vohalarda inklar davlati vujudga kelgan. Kechua tillariga mansub inklar XII–XIII asrlarda Urubamba daryosi havzasida Kusko shahriga asos soladi.

Inklar boshqa qabilalar yerlarini bosib olib, and tog‘laridan Tinch okeaniga qadar ulkan hududda o‘z hokimiyatlarini o‘rnatadi. Bu davlatni oliy Inka boshqargan. U «Quyoshning o‘g‘li», uning yerdagi ramzi sanalgan. Aholi, shuningdek, turli tabiat kuchlari, yer va suv ilohlariga ham e’tiqod qilgan. Bosib olingan hududlar aholisiga inklar o‘z tartiblarini, madaniyatlarini o‘tkazgan. Natijada dastlab qabila nomi bo‘lgan «ink» atamasi hukmron toifa – zodagonlarning umumiy nomiga aylangan.

Inklardan bo‘lmagan aholi jamoa bo‘lib yashab, hukmron toifa uchun ishlagan.
Jamoa dehqonlar oilalaridan tashkil topib, ularning har biriga ma’lum yer, ekin maydoni biriktirib qo‘yilgan. Jamoalar yetishtirgan hosilning 2/3 qismini davlat va ibodatxonalarga topshirgan. Mamlakatda rasman qulchilik bo‘lmasa- da, jamoa a’zolari shafqatsiz ishlatilgan va deyarli huquqsiz bo‘lgan.

Inklar jangchilari.

Tog‘li hududlar dehqonchilik uchun noqulay edi. Natijada jamoa erkaklari tik qoyalar yonbag‘rini o‘yib, toshlarning ustiga unumli tuproq yoyishgan. Bunday ekinzorlar tuprog‘ini yomg‘ir yuvib ketmasligi uchun atrofi tosh devorlar bilan o‘rab chiqilgan. Inklarda asosiy ekinlar kartoshka va makkajo‘xori bo‘lgan. Dehqonlar, shuningdek, qovoq, paxta, ananas, banan ham yetishtirgan. Yetishtirilgan hosil uchga: bir qismi ibodatxona kohinlari, ikkinchi qismi oliy Inkaga berilgan, uchinchi qismi esa jamoaga qoldirilgan. Davlat omborlaridan to‘plangan oziq mahsulotlaridan qo‘shin va amaldorlarga berilgan. Urushlar, hosilsizlik yillari yoki turli tabiiy ofatlar paytida barcha jabrlanganlarga davlat zaxirasidan makka doni va quritilgan kartoshka tarqatilgan.

Xo‘jalikda chorvachilikning o‘rni ham muhim bo‘lib, tuyasimon lama va alpakalarni faqat go‘shti va juni uchun boqmasdan, ulardan yuk tashish uchun ham foydalanishgan. Inklarda hunarmandchilik yuksak rivojlangan. Oltin, kumush qazib olinib, ulardan buyumlar tayyorlash, kulolchilik va zargarlik, to‘qimachilik, bo‘yoqchilik, qurilish sohalari ayniqsa yuksalgan.

Poytaxt Kuskoni viloyatlar bilan bog‘laydigan, umumiy uzunligi 15 minglab kilometr bo‘lgan tosh yo‘llar barpo etilgan, viloyatlar orasida pochta xizmati o‘rnatilgan. Maxsus choparlar yugurgan holda bir-birlariga xabarni yetkazib, uni uzoq masofalarga eltishgan.