Yevropa ikkinchi jahon urushi arafasida


SSSRning xalqaro miqyosda tan olinishi

Gʻarb davlatlari ko‘p yillar davomida sovet davlatini diplomatik jihatdan tan olishni istamadi. SSSR bilan diplomatik munosabatlarni Angliya va Fransiya 1924-yilgacha, AQSH esa1934-yilgacha oʻrnatmadi.

Faqat 1934-yilda SSSR Millatlar Ligasiga taklif qilindi. Chet eldagi sovet vakolatxonalariga nisbatan doimiy pro-vokatsiyalar, diplomatlarni o‘ldirish, muzokaralarning barbod etilishi kabi vositalar Gʻarb davlatlari hukumatlari.
tomonidan ularning manfaatlariga hech qanday xavf tugʻdirmagan davlatga qarshi keng tatbiq etildi. Gʻarb davlatlari SSSRning Yevropada xavfsizlikni ta’minlash va mustahkam tinchlikni oʻrnatishga qaratilgan barcha takliflarini e’tiborsiz qoldirdi.

Yevropadagi yirik davlatlardan faqat Germaniya sovet davlati bilan hamkorlik qilishga doimo tayyor ekanini namoyish etdi. Reparatsiya masalalari boʻyicha Angliya va Fransiya tomonidan qattiq siquvga olingan Germaniya hukumati SSSRdan Gʻarb davlatlarining talablariga qarshi turish uchun tayanch topish hamda Gʻarbdagi hukumat doiralarining sovetlarga qarshi kayfiyatlaridan foydalanib, Gʻarb va Sharq oʻrtasidagi nifoqli munosabatlarni oʻz manfaatlariga boʻysundirishning oʻziga xos mexanizmini yaratishga urindi. Bir tomondan, u Gʻarb jamoatchiligini bolshevistik xavfdan ogoh boʻlishga chaqirib, kommunizmning tarqalishi yoʻliga toʻsqinlik qilishga tayyorligini bildirdi, ikkinchi tomondan esa SSSR bilan iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirib, u yerga ilgʻor texnologiyani yetkazib berdi, oʻz korxonalarida sovet muhandis va ishchilarining malaka oshirishlari uchun imkon yaratdi. Iqtisodiy jihatdan Germaniya Sovet Ittifoqi bilan tijorat munosabatlarini rivojlantirishdan juda katta foyda oldi. Gʻarb mamlakatlari Germaniyani mustamlakalaridangina emas, an’anaviy bozorlaridan ham mahrum qilgan edi, SSSR Germaniya sanoati uchun tashqi bozorga chiqishning yagona imkoniyati hisoblanardi.

1922-yiIda Rappalo (Italiya) da Rappalo bitimi imzolanib, u Germaniya va RSFSR oʻrtasidagi munosabatlarni izga soldi. Bitim o‘zaro da’volardan voz kechish va savdo munosabatlarini rivojlantirishga imkon qadar yo‘l ochishni koʻzda tutardi.
Diplomatik munosabatlar toʻla hajmda tiklandi. Germaniya RSFSR bilan munosabatlarni mustaqil, ikki tomonlama asosda, G‘arb davlatlari ittifoqi fikri bilan hisoblashmay rivojlantirish majburiyatini oldi. Germaniya sovet davlatiga nisbatan iqtisodiy va siyosiy qamalni yorib o‘tdi va sovet iqtisodiyotining tashqi savdo aloqalari bir maromda rivojlanishiga imkon berdi. Rappalo bitimi sovetlarga qarshi umumiy frontning parchalanishiga olib keldi.

1926-yilda besh yil muddatga tuzilgan bitim sovet-german munosabatlarining yanada rivojlanishiga yo‘l ochdi. Unga ko‘ra ikkala davlat uchinchi davlat bilan nizolashgan taqdirda betaraf bo‘lishga kelishdi. Germaniya sovet davlatiga qarshi qaratilgan hech qanday ittifoqqa qoʻshilmaslik majburiyatini oldi. Bu sovet diplomatiyasining ulkan g‘alabasi edi. Bitim Germaniya yetakchilik qilishi lozim boʻlgan yangi sovetlarga qarshi frontning tuzilishiga xalaqit berdi.

Ikkala bitim ham davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning jadal sur’atda o‘sishini ta’minladi. 1927-yilda SSSR va Germaniya oʻrtasidagi savdo muomalalari 1925-yildagiga nisbatan salkam uch baravarga o‘sdi. SSSRga Germaniyadan, asosan, texnika va uskunalar import qilinardi. Sovet davlati barpo etgan korxonalarning koʻpchiligi Germaniyada ishlab chiqarilgan texnika bilan jihozlangandi. Mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-sotiq munosabatlari muntazam oʻsib bordi va 1931-yilda u eng choʻqqiga koʻtarildi. Jahonda iqtisodiy inqiroz avj olgan davrda sovet korxonalari Germaniyaga yuz minglab ishchi oʻrinlarini saqlab qolish va oʻnlab korxonani bankrot boʻlishdan asrashga koʻmaklashdi.


Urush oʻchoqlarining paydo boʻlishi

Germaniyada davlat tepasiga fashistlarning kelishi bilan Yevropadagi siyosiy vaziyat keskin oʻzgardi. Gitler va boshqa gitlerchi rahbarlarning ʻʻmarksizmni bu yerda va butun dunyoda quritishʼʼ toʻgʻrisidagi da’volari uning obroʻsini Yevropa jamoatchiligi oldida behad oshirdi va unga G‘arb taraqqiyoti uchun kurashchi tojini kiydirdi. Gʻarb davlatlari fashistlarni SSSR bilan harbiy qarshilikka kirishishga undadi. Biroq Gitler oldin Reyn viloyatini, soʻngra Avstriya, Sudet va nihoyat Chexoslovakiyani bosib oldi.

Shu taxlit Yevropada birinchi urush o‘chog‘i alangalandi. Gitler katta urush boshlash yo‘liga tushdi.

Ikkinchi urush o‘chog‘i Uzoq Sharqda yuzaga keldi. Yaponiya hukumat doiralarida yapon militarizmi agressiyasini shimolga, sovet Primoryesi, Sibir, Xitoy va Mongoliya tomonga rivojlantirish tarafdori boʻlgan kuchlar yutib chiqdi. 1938-yil yozida yapon harbiylari SSSRga qarshi jiddiy avantyura uyushtirdi. Yapon qoʻshini qismlari sovet chegarasini Hasan ko‘li yaqinida buzib o‘tdi, biroq ayovsiz janglar natijasida ular Manchjuriya hududiga chekinishga majbur bo‘lishdi.


Yevropada kollektiv xavfsizlik uchun kurash

Sovet diplomatiyasi 1933-yili Yevropada kollektiv xavfsizlikni qaror topdirish kampaniyasini boshladi. Uning mohiyati har bir qatnashchi umumiy xavfsizlik uchun teng javobgar bo‘lgan o‘zaro yordam to‘g‘risidagi mintaqaviy bitimlarni tuzishdan iborat edi. Bu g‘oyaning amalga oshirilishi kollektiv harakatlar bilan urushning oldini olish imkonini berardi. Sovet hukumatining diplomatik tashabbusi ma’lum darajada muvaffaqiyat qozondi. 1935-yiI 2-mayda Parijda SSSR va Fransiya oʻrtasida o‘zaro yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Ikki hafta oʻtib xuddi shunday bitim Sovet Ittifoqi va Chexoslovakiya o‘rtasida tuzildi, biroq u SSSRning Chexoslovakiyaga faqat Fransiya Chexoslovakiyaga nisbatan o‘z majburiyatini bajargan taqdirdagina yordam berishini ko‘zda tutardi.

Sovet Ittifoqi Italiyaning Efiopiyaga qarshi agressiyasini keskin qoraladi, ispan xalqini Franko tuzumiga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatladi, Ispaniyaning respublikachi hukumatiga oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak va qurol-yarogʻ yuborib turdi. Koʻngillilar — uchuvchi, tankchi, artilleriyachi va dengizchilar — fashizmga qarshi bosh koʻtarib, u bilan ochiq jangda olishayotgan ispan xalqiga yordamga oshiqdi. Fashist davlatlarining birlashgan kuchlari Ispaniya respublikasini yengdi va yo‘q qilib tashladi. Gʻarb davlatlari fashistlar toʻntarishini qoʻllab-quvvatlab, Italiya va Germaniyaning Ispaniyadagi fuqarolar urushida faol ishtirok etishlariga aralashmadi.

Sovet hukumati Chexoslovakiya respublikasining o‘z hududiy yaxlitligini saqlab qolish uchun kurashini ochiq-oydin qo‘llab-quvvatladi. U hatto Fransiya o‘z majburiyatini bajarishdan bosh tortgan taqdirda ham gitlerchilar tajovuziga qarshi amaliy yordam koʻrsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi. So‘z ish bilan mustahkamlandi. Qizil armiyaning yirik kuchlari (shu jumladan, 30 ta oʻqchi diviziya, tanklar va aviatsiya) g‘arbiy chegaralar tomon siljitildi.

1937-yili Yaponiya butun Xitoyni bosib olish maqsadida urush boshladi. Yapon militaristlari Manchjuriyada Uzoq Sharqqa bostirib kirishga faol tayyorgarlik koʻrgan Kvantun armiyasini toʻpladi. Soʻnggi Xitoy imperatori Pu I Manjou Go hokimi qilib tayinlanib, yapon militaristlari qoʻlida qo‘g‘irchoqqa aylandi. Bu davlatni faqat Germaniya, Italiya va Yaponiya tan oldi.

Yaponiyaning hukmron doiralarida ʻʻurush partiyasiʼʼ, ya’ni agressiyani kengaytirish tarafdori boʻlgan partiya kuchli mavqega ega bo‘lib, u urushni boshladi. Ular Tinch okeandan AQSHni siqib chiqarib, hukmronlik oʻrnatish va Hindixitoydagi Buyuk Britaniya va Fransiya koloniyalarini yo‘q qilib, Buyuk Yaponiya davlatini barpo etish niyatida edi. Birinchi navbatda Yaponiya Xitoyni o‘z koloniyasiga aylantirib, G‘arb davlatlari mustamlaka tuzumlarining bu yerdagi qoldiqlarini yo‘q qilishga urindi.
Yapon militaristlari o‘z tajovuzkor rejalarining mafkuraviy jihatini namoyishkorona uqtirib, G‘arb davlatlarini ularning asosiy maqsadi Sovet Ittifoqi ekani va gap fashist davlatlari bilan hamkorlikdagi harakatlari haqida ketayotganiga ishontirishga urindi. Sovetlarga qarshi marralarda turgan G‘arb davlatlari bu safsataga oson uchishdi. Yapon militaristlarining asl maqsadlari oydinlashganida kech bo‘lgandi. Yapon qoʻshinlari Fransiya, Angliya va AQSHning tayanch harbiy-dengiz bazalarini yakson qilib tashladi.


Sovet-German bitimi

Mamlakat qurolli kuchlari zaif ekanini yaxshi tushungan. Sovet Ittifoqi rahbariyati urushdan qochishga urindi. 1939-yil aprelida, Gitler Chexoslovakiyani bosib olganidan so‘ng, Angliya va Fransiya hukumatlari fashizm agressiyasiga qarshi kollektiv xavfsizlik choralarini muhokama qilish taklifini kiritdi. Sovet Ittifoqi rahbariyati rozilik bildirdi, holbuki, bu G‘arb davlatlarining Germaniya Polsha yoki G‘arb davlatlariga qarshi agressiya boshlagan taqdirda SSSRga bir tomonlama majburiyatlarini yuklashga bo‘lgan navbatdagi urinish ekani aniq ko‘rinib turardi.

Sovet Ittifoqi, Angliya va Fransiya hukumati oʻrtasidagi muzokaralar Moskvada 1939-yilning aprelidan avgustigacha davom etdi. Sovet rahbariyati Fransiya ham, Angliya ham kollektiv xavfsizlik tizimini tashkil qilish istagi va biror aniq dasturiga ega emasligiga qat’iy ishonch hosil qildi. Muzokaralarda hech qanday istiqbol ko‘zga tashlanmadi. Gʻarb davlatlari Germaniya va Sovet Ittifoqini osongina urushtirib qoʻyishi mumkin boʻlgan shartlarni ilgari surishdi. Moskvadagi muzokaralar Germaniyani shoshilinch ravishda qat’iy harakatlarni boshlashga undashi lozim edi.

Angliya va Fransiya ikki yoqlama o‘yin qilayotgani va bitimga kelishish niyatida emasligi aniq boʻlganidan so‘ng sovet hukumati fashistlar Germaniyasi taklifini qabul qildi. 1939-yiI 23-avgustda Moskvada Germaniya va Sovet Ittifoqi oʻrtasida hujum qilmaslik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Molotov Germaniya bilan hujum qilmaslik to’g’risidagi bitimni imzolamoqda. 1939-yil 23-avgust


Bitimga muvofiq ikkala tomon bir-biriga qarshi hujum qilmaslik va agressiya uyushtirmaslik majburiyatini olardi; uchinchi davlat kelishuvchi tomonlardan biriga hujum qilgan taqdirda boshqa tomon hujum qilgan tomonni qo‘llab-quvvatlamasligi lozim edi. Tomonlar davlatlarning kelishayotgan tomonlardan biriga qarshi ittifoqlariga qo‘shilmaslik, o‘rtalaridagi barcha bahslarni tinch yo‘l bilan hal qilish majburiyatini oldi.

Sovet Ittifoqi bitimni imzolab SSSR va Germaniyaning Sovetlar uchun foydali boʻlmagan shartlarda toʻqnashishiga umid qilgan doiralarning rejalarini barbod qildi. Bitim Yevropa davlatlarining SSSRga qarshi yagona fronti tashkil etilishining oldini oldi. Yapon militaristlarining Xolxin-Golda tor-mor keltirilishi bilan bir qatorda, sovet-german bitimi Uzoq Sharqda butunlay yangi vaziyatning qaror topishiga olib keldi. Fashistlar Germaniyasining butun tajovuzkor qudrati endi G‘arb davlatlariga qarshi qaratildi. Shunday qilib, kechagi murosasiz gʻoyaviy dushmanlar maslakdosh va ittifoqchilarga, ʻʻtinchlikparvarʼʼ maslakdoshlar esa potensial dushmanlarga aylandi.


Bitimning maxfiy bandlari

Bitimning e’lon qilinmagan Polshaning ikki davlat oʻrtasida bo‘lib olinishini ko‘zda tutardi, Sovet Ittifoqiga Boltiqbo‘yi mamlakatlari — Litva, Latviya, Estoniyani hamda Bessarabiyani qoʻshib olishga ruxsat berardi. Bu hududlar oldin Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan bo‘lib, Brest-Litovsk bitimiga ko‘ra, undan zo‘rlik bilan ajratib olingandi. Ular Sovet davlatining strategik xavfsizligi nuqtayi nazaridan juda katta ahamiyatga ega edi, chunki gʻarbiy chegaralarni 400–500 km ga nari siljitardi. Ular sovet-german urushida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Gitlerchilar bu hududlarni bosib oʻtish uchun 2–3 oy vaqt sarflashga majbur bo‘ldi, bu vaqt ichida Qizil armiya Sibirdagi rezervlarini G‘arbga tashlab ulgurdi.

Siyosiy va harbiy omillar g‘oyaviy tamoyillardan ustun keldi. G‘arb davlatlari Sovet Ittifoqiga istiqbolsiz tavakkal qilishni taklif etishgandi, Gitler esa Stalinga tavakkalsiz manfaatdorlikni taklif qildi. Sovet-german bitimi, eng avvalo, Polshaning taqdirini belgilab berdi. U Sovet Ittifoqiga yordam berish yoki u bilan qoʻshnichilik munosabatlarini o‘rnatishdan Polshaning halok boʻlishini afzal bilgan o‘z rahbarlarining sovetlarga qarshi kayfiyatlari qurboni bo‘ldi. Angliya va Fransiya Polshaga xavfsizlikni kafolatlashgandi. Polsha rahbarlari shuning oʻzini yetarli deb hisoblashdi va yuzaga kelayotgan real vaziyatdan ko‘z yumdi. Polsha uzra halokat soya tashlaganida ham ular Germaniya reyxskanselyariyasi ostonasiga bosh urib, Gitler muruvvatini qozonishga urindi.


Ikkinchi jahon urushining boshlanishi

1939-yil 1-sentyabrda Gitler qo‘shinlari Polsha hududiga bostirib kirdi. Angliya va Fransiya agressiyani toʻxtatishni talab qilib, Germaniyaga ultimatum e’lon qildi. Gitler bu e’tirozni e’tiborsiz qoldirdi. Angliya va Fransiya Germaniyaga urush e’lon qildi. Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Fransiya va Angliya Polsha uchun urushmasligi uning boshidayoq ma’lum bo‘ldi.

Germaniyaning Polshaga hujumi shidddat bilan rivojlandi. Urushni olib borishning yangi shakli — blitskrig (shiddatli urush) tanklarning aviatsiya koʻmagida yoppasiga zarba berishidan iborat bo‘lib, u dushman mudofaasini supurib tashlardi. Polsha kavaleriya jihatidan ustun, biroq tanklar va aviatsiya jihatidan ancha zaif edi. Polsha mudofaasi tezda barbod boʻldi. 17 kun ichida Polsha armiyasidan asar ham qolmadi.

1939-yil 17-sentyabrda prezident Ridz Smigli boshchiligidagi Polsha rahbariyati o‘z xalqini dushman istibdodiga tashlab, mamlakatdan qochdi. 1939-yil 17-sentyabrda sovet qoʻshinlari 1939-yil 23-avgust bitimining maxfiy bandlariga muvofiq, Polsha hududiga bostirib kirib, Gʻarbiy Ukraina va Gʻarbiy Belorussiyaning Nareva, Visla va Sana daryolarigacha bo‘lgan hududlarini ishgʻol qildi. Polsha davlati endi yo‘q edi va sovet qoʻshinlari uning taqdirida hech qanday oʻrin tutolmasdi.

1939-yil sentyabrda Sovet Ittifoqi hamda Boltiqbo‘yi davlatlari — Litva, Latviya va Estoniya o‘rtasida o‘zaro yordam koʻrsatish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. Ularga ko‘ra, Sovet Ittifoqi Estoniya va Latviya hududlarida harbiy-dengiz bazalari va aerodromlar qurish, Litva hududida esa ma’lum joylarda qurolli yer va havo kuchlarini saqlash huquqini qo‘lga kiritdi. Litva bilan bitimga koʻra Sovet Ittifoqi Litva respublikasiga uning 1920-yilda Polsha qoʻshinlari tomonidan bosib olingan qadimiy poytaxti — Vilnyusni va Vilnyus viloyatini topshirdi. 1940-yilda uchala respublika ham bir vaqtda Sovet Ittifoqi tarkibiga qo‘shildi. Xuddi shu davrda sovet hukumatining talabi bilan Bessarabiya ham SSSR tarkibiga kiritilib, Moldaviya ASSR (keyinchalik Moldaviya SSR) maqomini oldi.

1939-yil 26-noyabrda SSSR Maynil qishlogʻi yaqinidagi mojaro — Finlyandiya bilan chegaradagi sovet qo‘shinlari marralarining o‘qqa tutilishi munosabati bilan Finlyandiya hukumatiga nota e’lon qildi. SSSR hukumati chegaralarni Leningrad yaqinidan siljitish maqsadida hududlarni ayirboshlashni taklif qildi. Rad javobi olinganidan so‘ng 30-noyabrda harbiy harakatlar boshlandi. 2–3 haftaga mo‘ljallangan urush 105 kunga cho‘zildi. 1940-yil 12-martda sulh bitimi imzolanib, unga ko‘ra SSSR chegaralari Leningraddan 150 km nari surildi, Xanko yarimorolidagi harbiy-dengiz bazasi SSSRga 30 yil muddatga berildi.


SSSRning urushga tayyorgarlik ko‘rishi

Sovet Ittifoqi ham, Germaniya ham 1939-yil bitimidan imkon qadar foyda olishga urinishdi. Bitimdan oldin sovet-german kredit shartnomasi tuzilgandi. Unga ko‘ra, SSSR imtiyozli shartlarda 200 mln marka kredit olib, eng zamonaviy uskunalarni Germaniya korxonalarida ishlab chiqarish uchun buyurtma berish imkoniyatiga ega boʻldi. Bunga javoban Germaniya 180 mln markaga xomashyo olish, Uzoq Sharqqa 50% li chegirma bilan tranzit qilish huquqini qoʻlga kiritdi. 1940-yil fevralida 1942-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatga 700 mln markaga Xo‘jalik shartnomasi imzolandi. Bu shartnomaga ko‘ra, Germaniya Sovet Ittifoqiga sanoat ashyolari, uskuna va qurol-aslaha yetkazib berdi. Xususan, Germaniya tomoni ʻʻXeynkel –100ʼʼ, ʻʻMessershmidt –109 va 110ʼʼ, ʻʻYun ker–88ʼʼ, ʻʻFokke Vulf – 58ʼʼ rusumli eng zamonaviy samolyotlarni taqdim etdi. Barcha samolyotlar qurol-aslaha bilan to‘liq jihozlangandi. Gitler eng yangi qurol-aslaha namunalarini berishga cho‘chimadi, chunki sovet mutaxassislari ularni ishlab chiqarish sirlarini egallay bilmasliklariga uning ishonchi komil edi. Biroq fashistlar dohiysi adashdi. 1940-yil may-oktyabrida SSSRda Germaniyaning harbiy texnikasi puxta o‘rganildi va

1941-yil oʻrtalaridayoq sovet korxonalari nemis harbiy texnikasidan bir necha baravar kuchli qurol-aslahalarni ishlab chiqara boshladi. 1941-yil boshida kengaytirilgan Xoʻjalik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra SSSRga sanoat uskunalarining oqimi kela boshladi. Aynan shu davrda SSSRda harbiy-texnika sanoati bazasi yaratildi. Eng zamonaviy harbiy texnika ishlab chiqarila boshlandi.
Vaqtdagi bu yutuq urushda katta ahamiyat kasb etdi. Agar 1941-yilda Sovet Ittifoqi ulkan hududi, harbiy kuchlarini yoʻqotgan boʻlsa, 1939-yilda urush uni halokatga olib kelgan bo‘lardi.

Biroq Stalin ham xatoga yo‘l qo‘ydi. U Gitler bilan munosabatlarga ʻʻdoʻstlikʼʼ maqomini berishga urinib, u bilan keyin ham murosa qilishni ko‘zladi. 1939-yil 28-sentyabrda Moskvada do‘stlik haqidagi sovet-german bitimi imzolandi. Germaniya tashqi ishlar vaziri I. Ribbentrop nomiga yoʻllangan telegrammada Stalin shunday deb yozdi: ʻʻGermaniya va Sovet Ittifoqi xalqlarining qon bilan mustahkamlangan doʻstligi uzoq va mustahkam bo‘lishi uchun barcha asoslar mavjudʼʼ. Bu ʻʻdoʻstlikʼʼ qachon, qayerda oʻrnatilgani va qanday ʻʻqonʼʼ bilan mustahkamlangani noma’lum edi. O‘n minglab nemis vatanparvarlari Germaniyadagi qamoq va konslagerlarda azob chekishardi, oʻlim lagerlarida yahudiylar halok boʻlayotgandi. Irqchilik va shovinizm gullab-yashnar, nemis fashistlari dunyoga egalik qilish niyatlarini ochiq bildirardi. Gitler SSSR bilan tuzilgan bitimlarga oz ahamiyat berdi. 1940-yil dekabrdayoq u ʻʻBarbarossa rejasiʼʼ nomli SSSRga hujum qilish rejasini ishlab chiqish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Lining asosiy maqsadi sovet davlatini to‘liq yo‘q qilish va bu yerdagi xalqlarni qulga aylantirishdan iborat edi. SSSR bilan yaxshi munosabatlarni oʻrnatishga bo‘lgan urinishlari niqobdan boshqa narsa emasdi. Gʻarbdagi urushdan natija chiqmasligiga ishongani sari Gitlerning e’tiborini Sovet Ittifoqi o‘ziga tortib borardi. Gitler SSSRga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.


Qisqacha mazmun

  • 1922-yil — Rappalo bitimi — Germaniya bilan iqtisodiy va diplomatik munosabatlarning oʻrnatilishi;
  • 1924-yil — Angliya va Fransiyaning SSSRni tan olishi;
  • 1934-yil — AQSH hukumatining SSSRni tan olishi;
  • 1926-yil — SSSR va Germaniya oʻrtasida betaraflik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi;
  • Gʻarb davlatlarining SSSR va Germaniya oʻrtasida harbiy qarshilik yuzaga kelishi umidida SSSR bilan hamkorlik qilishdan voz kechishi;
  • Yevropadagi birinchi urush oʻchogʻi — Gitler tomonidan Reyn viloyati, Avstriya, Sudet viloyati va Chexoslovakiyaning bosib olinishi;
  • 1938-yil — Hasan koʻlidagi jang — Yaponiyaning SSSRga tegishli hududni bosib olishga boʻlgan muvaffaqiyatsiz urinishi;
  • 1935-yil — SSSR va Fransiya hamda SSSR va Chexoslovakiya oʻrtasida oʻzaro yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi;
  • 1939-yil aprel-avgust — SSSRning Fransiya va Angliya bilan kollektiv xavfsizlik tizimini yaratish toʻgʻrisidagi muzokaralari natijasiz tugadi; 1939-yil 23-avgust — SSSR va Germaniya oʻrtasida hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi bitim 10 yilga imzolandi;
  • Bitimning ta’sir doiralarini boʻlib olish haqidagi maxfiy bandlari;1939-yil 1-sentyabr — Germaniyaning Polshani bosib olishi.
    Ikkinchi jahon urushining boshlanishi.