Somoniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayot


Tayanch tushunchalar: iqtisodiy hayot, ichki va tashqi savdo, pul muomalasi, yer egaligi shakllari, Somoniylar hokimiyatining inqirozi.


Qishloq xo‘jaligi

IX–X asrlarda Movarounnahr va Xorazm aholisining asosiy qismi sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullanar edi. Yerlar sug‘orish tarmoqlari vositasida sug‘orilgan va obod etilgan. Serunum vohalarda g‘allakorlik, sholikorlik, paxtachilik, sabzavotchilik, polizchilik va bog‘dorchilik yuqori darajada rivoj topgan edi.

Dehqonchilik solig‘i – xirojdan xazinaga tushadigan daromad davlat kirim-chiqimining kattagina qismini qoplar edi. Shuning uchun somoniylar mamlakatda dehqonchilik xo‘jaligini rivojlantirishga katta e’tibor bergan.

IX–X asrlarda Movarounnahr va Xurosonda chorvachilik yuksak darajada bo‘lgan. Chorvachilik mamlakat aholisini chorva mahsulotlari bilan ta’minlabgina qolmasdan, xo’jalikning hamma sohalari uchun ot-ulovlar ham yetkazib bergan. Ayniqsa, davlatning harbiy qo‘shinlari, xususan, suvoriy qismlarni ot-ulov bilan ta’min etish muhim ahamiyat kasb etgan.


Hunarmandchilik

Movarounnahr va Xorazm shaharlarida to‘qimachilik, kulolchilik, chilangarlik, miskarlik, zargarlik, shishasozlik va duradgorlik kabi kasb-hunarlar rivoj topadi. Natijada shaharlarning umumiy qiyofasi tubdan o‘zgaradi. Shaharlarda katta-katta gumbazli, toq-u ravoqli va peshtoqli imoratlar, ustaxonalar, masjid, madrasa, maqbara, xonaqoh va karvonsaroylar qad ko‘tardi. Endilikda shaharlar o‘ndan ortiq darvozali kattagina hunarmandchilik markaziga aylanib qoldi.

Samarqandda yuqori navli qog‘oz ishlab chiqarilar edi. Shosh ko‘nchilik mahsulotlari va charm mollari bilan, Eloq esa kumush va qo‘rg‘oshin konlari hamda kumush tanga chiqaradigan zarbxonasi bilan mashhur edi. Xorazmda qayiqsozlik taraqqiy topadi. Xorazm va Termizda yasalgan qayiqlar Amudaryo bo‘ylab Orol dengizigacha muttasil mol tashib xizmat qilgan. Bu davrda shaharlar bilan bir qatorda qishloqlar ham mamlakatning iqtisodiy hayotida katta o‘ringa ega edi. Buxoroning Zandana qishlog‘ida to‘qilgan mallarang bo‘z “zandanicha”, Samarqandning Vador qishlog‘ida tayyorlangan mato “vadoriy” nomlari bilan Sharqda mashhur edi.


Ichki va tashqi savdo

Mamlakatda dehqonchilik va hunarmandchilikning rivoj topishi natijasida ichki va tashqi savdo kengaydi. Qadimgi karvon yo‘li bo‘ylab quduqlar qazilib, har bir bekatda rabotlar bino qilindi. Karvonlar o‘tadigan shahar va qishloqlarda karvonsaroylar qurildi. Ularda hujralar va omborxonalar bo‘lgan. Somoniylardan Abdulmalik ibn Nuh tangasi. 961–962-yillar.

Tashqi savdo muoamalasida sarroflik cheklaridan keng foydalanilgan. O‘sha vaqtlarda savdogarlar o‘zi bilan ko‘p miqdorda pul olib yurmas edi. O‘z pullarini shahardagi sarroflardan biriga topshirib, undan tegishli hujjat – chek olgan. Mo‘ljallangan shaharga borish bilan shu chekni sarrofga berib, ko‘rsatilgan miqdordagi pulni to‘laligicha qaytarib olish mumkin edi. Chek so‘zi forscha termin bo‘lib, o‘sha vaqtda ham bu so‘z ayni ma’noda ishlatilgan.

  • Raboto‘rta asrlarda arablarning mustahkamlangan qarorgohi.
    Dastlab g‘oziylarga mo‘ljallab qurilgan maxsus bino. Keyinchalik rabot faqat qo‘rg‘on, istehkom ma’nosidagina emas, balki mehmonxona (karvonsaroy) mazmunida ham tushunilgan.

  • Karvonsaroy – karvonlar to‘xtab, tunab o‘tadigan rabot, saroy, mehmonxona. Savdo yo‘llari ustida va shaharlarda qurilgan

    Shimoliy yo‘l orqali Janubiy Sibir va Mo‘g‘ulistonga Movarounnahrning shahar va qishloqlaridan bo‘z, kiyim-kechak, egar-jabduq, qilich, idishlar, zargarlik buyumlari, dori-darmon, quruq meva, kunjut va zig‘ir moyi va boshqa shu kabi mollar olib borilgan. Sibirdan turli xildagi qimmatbaho mo‘ynalar, chorva mollari va chorvachilik mahsulotlari keltirilgan.

    Xitoy bilan bo‘lgan savdoda choy, ipak mato, tuz va ot asosiy o‘rinda turgan. Itil, Xazar va Bulg‘orga Movarounnahr va Xorazmdan guruch, quruq mevalar, shirinliklar, tuzlangan baliq, paxta, shoyi matolar, movut, kimxob va gilamlar olib borib sotilgan. Bulg‘or va Xazardan qimmatbaho mo‘ynalar, shamlar, cho‘qqi qalpoqlar keltirilgan.


    Pul

    Ichki bozorlarda “fals” deb atalgan mis chaqa, xalqaro savdo-sotiqda esa kumush tanga – dirhamlar ishlatilar edi. Mis chaqalarni markaziy hukumat ham, shuningdek, sulola a’zolaridan bo‘lgan ba’zi viloyat hokimlari ham zarb qildirgan. Kumush tangalar faqat hukumat boshlig‘i nomidan Marv, Samarqand, Buxoro va Shosh davlat zarbxonalarida so‘qilar edi.


    Yer egaligi turlari

    Somoniylar hukmronligi davrida yer egaligining “mulki sultoniy”, “mulk yerlari”, “vaqf yerlari”, “mulki xos” va “jamoa yerlari” deb ataluvchi 5 turi mavjud bo‘lgan.

    Davlat tasarrufidagi yerlar “mulki sultoniy” deb yuritilgan. Hukmron sulola vakillari, mulkdor dehqon va aslzodalar tasarrufidagi maydonlardan tortib qishloq aholisiga tegishli bo‘lgan xususiy yerlargacha “mulk yerlari” hisoblangan. Masjid, xonaqoh va madrasalarga vaqtincha yoki abadiy foydalanish uchun berilgan yerlar “vaqf yerlari” deb atalgan. Ularning barchasi davlatga hosilning 1/3 hajmida xiroj solig‘i to‘lar edi.

    Oliy martabali ruhoniylar va sayyidlar qo‘l ostidagi yerlar “mulki xos” deb yuritilgan. Bunday imtiyozga ega bo‘lgan mulkdorlar davlatga ko‘pincha hosilning 1/10 hisobida ushr solig‘ini to‘lagan. Hukmron sulola hamda oliy tabaqa vakillariga davlat oldidagi xizmatlari evaziga hadya qilingan yerlar – mulki iqto yerlari deb yuritilgan. Bundan tashqari, qishloq jamoalari tasarrufida ham ma’lum hajmda yer maydonlari saqlanib, ular “jamoa yerlari” hisoblangan. Ular asosan lalmikor va tog‘oldi yerlaridan iborat bo‘lgan.


    Iqto mulki

    X asrda yirik mansabdorlarning davlat oldidagi xizmatlari uchun yer va suvdan iborat katta-katta mulklar in’om qilina boshlaydi. Bunday mulk “iqto”, unga ega bo‘lgan mulkdorlar “muqto” yoki “iqtodor” deb yuritilgan. Iqto tarzida esa ayrim viloyat yoki shaharlar va tumanlar hadya etilgan. Iqto dastavval asosan oliy tabaqa zodagonlar: sulola a’zolari – amirzodalar va yirik mansabdorlarga in’om etilgan. Iqto mulklari avvalda bir umrga emas, balki ma’lum muddatga berilib, nasldan naslga meros tariqasida o‘tmagan. Iqtodorlar o‘ziga in’om qilingan hududlarda yashovchi aholidan olinadigan soliqlarning ma’lum qismini yig‘ib olish huquqiga ega bo‘lgan.


    Barzikor-qo‘shchilar

    IX–X asrlarda katta yer egalari kadivarlarni ishlatishdan ko‘ra, yerlarini qishloq jamoalarining kam yerli a’zolariga ijaraga berishni afzal ko‘radi. O‘sha zamonda ijarachilar “barzikor” yoki “qo‘shchilar” deb atalgan. Davlat soliqlari (xiroj va ushr) yer egasidan ham, qo‘shchilardan ham alohida-alohida olingan.


    Somoniylar hokimiyatining inqirozi

    Somoniylarning harbiy yurishlari, hukmron sulolaning ichki nizolari, mahalliy hokimlarning boshboshdoqlik harakatlari borgan sari avj olib bordi. Oqibatda mamlakatda iqtisodiy tanglik sodir bo‘ldi. Hatto harbiylarga, shu jumladan, amirning muntazam turk sarbozlari qo‘shiniga maosh to‘lash uchun mablag‘ topilmaydi. Og‘ir ahvoldan chiqish uchun 942-yilda aholidan ikki marta soliq undiriladi. Behad tartibsizlik mamlakatda vaziyatni yanada keskinlashtirib, aholi turli tabaqalarining hokimiyatga qarshi qo‘zg‘alishiga sabab bo‘ladi.

    Siyosiy vaziyat Nuh (943–954) va uning nabirasi Nuh II (976–997) hukmronlik qilgan davrda nihoyatda keskin tus oldi. 947-yilda Nuh ibn Nasrning amakisi Ibrohim isyon ko‘tardi. Saroy sarbozlari va Chag‘oniyonning yirik yer-mulk egasi Abu Ali Chag‘oniy yordamida Ibrohim Buxoro taxtini egallab oladi.

    Ko‘p vaqt o‘tmay Abu Ali Chag‘oniyning o‘zi ham hukmdorga qarshi isyon ko‘taradi. Nuh qo‘zg‘olonni kuch bilan bostira olmaydi. 952-yilda Abu Ali Chag‘oniyni avval Chag‘oniyonga, so‘ngra Xurosonga hokim qilib tayinlashga majbur bo‘ladi. 961-yilda Buxoro harbiy askarlarining g‘alayoni ko‘tariladi. Qo‘zg‘olonchilar amir saroyini talaydi va unga o‘t qo‘yib yuborishadi. Bunday voqealarning tez-tez qaytarilib turishi, shubhasiz, markaziy hokimiyatning zaiflashib qolganidan dalolat berardi.