Mustamlakachilikning o‘rnatilishi
Afrika qit’asi kattalik jihatidan Yevroosiyodan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaydi. Uning umumiy maydoni, yondosh orollarni ham qo‘shib hisoblaganda, 30 mln kv km ni tashkil qiladi.
Butun yil davomida kuydiruvchi oftob, yog‘ingarchilik miqdorining ozligi, yirik suv havzalarining mavjud emasligi qit’ada inson yashashi va taraqqiyotning yuksalishini qiyin qilib qo‘ygan. Afrika hududining 80 foizini cho‘llar (dunyoda eng yirik hisoblangan Sahroyi Kabir) va o‘simliklar siyrak o‘suvchi savanna egallagan. Liviya hamda Kalahari sahrosi bu o‘lik va unumsiz hududlarni to‘ldiradi.
Shu bilan birga qit’aning sohilga yaqin yerlarida savannaga borib ulanuvchi siyrak tropik o‘rmonlar mavjud, shimol va janubdagi ayrim ko‘kalamzor hududlarda esa daraxtning qimmatbaho turlari o‘sadi. Bu hududlarga boshqa qit’alardan aholi kelib joylashib, yirik davlat tuzilmalarini tashkil qilgan. Afrika shimoliga VII asrdayoq arab xalqlari kelib o‘rnasha boshlaganlar, ular Pireney yarimoroligacha o‘tib borganlar va butun Shimoliy Afrikani bo‘ysundirgan Kardov xalifaligini tashkil qilgan. Keyinchalik bu yerda mustaqil davlatlar — Marokash, Jazoir, Tunis, Liviya, Misr va Sudan tashkil topdi. Aholining asosiy qismi (90%)ni arablar tashkil qilib, islom hukmron dinga aylandi. Bu yerda musulmoncha turmush tarzi qaror topdi. Shimoliy Afrikada islom markazlaridan biri joylashgan. Musulmon davlatlari Afrika hududining 20%ini egallagan. Aholining 25%i musulmonlardir.
Kalahari sahrosidan janubga, Afrikaning eng janubiy qismiga XVII asrda Gollandiyaning Ost Indiya kompaniyasi kelib o‘rnashdi. U bu yerda Kар koloniyasini tashkil qildi. Unga burlar — Gollandiyadan chiqqan afrikans tilida so‘zlashuvchilar (afrikanerlar) joylashdi. Afrikans golland, nemis va ingliz tillarining chatishmasi bo‘lib, unga mahalliy tillarning ayrim unsurlari ham qo‘shilgan. Mahalliy aholi — bushmenlar, gottentotlar va bantular Kalahari cho‘liga siqib chiqarildi. Ular suvsiz va hosildor yerlarsiz qolib, tanazzulga yuz tutdilar, sekin-astalik bilan halok bo‘lishga mahkum qilindi. XIX asr oxirlarida, Angliya Janubiy Afrikadagi boy oltin, olmos konlari va boshqa ko‘plab ma’danlarning mavjudligidan xabar topganidan so‘ng, ingliz hukmron doiralari bu yerga qo‘shin yuborib, burlarning yerlarini bosib oldi. 1910-yilda burlarning sobiq yerlari va yangi bosib olingan hududlarda Janubiy Afrika Ittifoqi deb nomlangan Angliya dominioni (Angliya hukumatiga bo‘ysungan o‘z-o‘zini boshqaruvchi koloniya) tashkil qilindi. U Angliya imperiyasining eng boy bo‘lagi hisoblanib, yiliga 700 tonnagacha oltin qazib chiqarar, bu borada dunyoda birinchi o‘rinda turardi. Hozirga qadar ham u olmos qazib chiqarishda dunyoda birinchi o‘rinni egallab keladi (yiliga 7,3 mln karat). Bu yerda 6 mln tonnagacha marganets, temir rudasi, mis va fosfatlar qazib olinadi.
Yevropalik bir yarim million ko‘chmanchi mahalliy aholini oddiy insoniy huquqlaridan ayirib, konlarda ayovsiz ekspluatatsiya qildi. Irqiy ayirmachilik va segregatsiya (oq va qora irq vakillarining alohida hayot kechirishi)ga qarshi, oddiy insoniy huquqlar, moddiy ahvolning yaxshilanishi uchun kurash bosh muammoga aylandi.
Tropik afrika mamlakatlari
Shimoliy va Janubiy Afrika o‘rtasida ulkan Tropik Afrika joylashgan bo‘lib, u ekvatorning u va bu tomoniga 2 ming km ga cho‘zilgan, sharqdan Hind, g‘arbdan Atlantika okeanlariga borib tutashadi. XVII va XIX asrlarda u Yevropa davlatlari tomonidan mustamlaka hududlarga bo‘lib olindi. Eng yirik koloniyalar Fransiya (Dagomeya, Kamerun, Senegal, Mali, Ruanda, Somali, Togo, Markaziy Afrika Respublikasi, Gvineya, Chad, Niger), Angliya (Janubiy Afrika Ittifoqi, Gana, Nyasalend, Janubiy va Shimoliy Rodeziya, Uganda, Sudan), Portugaliya (Angola, Mozambik), Germaniya (Keniya, Kamerun, Tanganika, Namibiya), Italiya (Liviya va Somali)ga tegishli edi. Belgiya Afrikada bitta, biroq eng boy koloniya — Kongo (hozirgi Zair)ga egalik qilardi. Fransiyaga, bundan tashqari, Jazoir, Marokash, Habashiston (Mavritaniya) va G‘arbiy Sahroi Kabir ham tegishli edi.
Tropik Afrika mamlakatlari siyosiy va iqtisodiy mustaqillikdan mahrum qilingan, maxsus tartib vositasida boshqariluvchi tipik mustamlakalar edi. Ular Yevropa mamlakatlari uchun juda ulkan daromad va boylik manbayiga aylandi. XIX asr oxirlaridan boshlab mustamlaka hududlarga sarmoyalar joylashtirila boshlandi — mustamlakachilar bu yerlarda konlar, xomashyoga dastlabki ishlov berish korxonalari, temiryo‘llar, portlar, aloqa yo‘llari barpo etdi. Taraqqiyotini yuksaltirish jarayoni Afrikani keng miqyosda qamrab oldi. Bu yerda maktablar, oliy o‘quv yurtlari tashkil qilina boshlandi, sog‘liqni saqlash tizimi yuzaga keldi. Ayrim mustamlakalarda yashovchi oq tanli ko‘chmanchilar o‘zlari uchun sharoit va qulayliklar yarata boshladilarki, bu o‘z-o‘zidan mahalliy xalqlar moddiy va madaniy turmush darajasining umumiy ko‘rsatkichlariga ham ta’sir qildi.
Shunga qaramay, Afrika hamon eng qoloq va qashshoq qit’a bo‘lib qolaverdi.
Milliy daromadning 90 foizini hamon eng sodda ishlab chiqarish qurollari qo‘llanuvchi qishloq xo‘jaligi berardi. Turmush darajasi dunyoda eng past bo‘lib qoldi. Yuqumli kasalliklar, ochlik, qashshoqlik hukmronlik qilardi.
Versal tinchlik shartnomasining shartlariga ko‘ra, Afrikadagi Germaniya koloniyalari Fransiya va Angliya o‘rtasida bo‘lib olindi. Germaniyaga tegishli bo‘lgan Sharqiy Afrika (Tanganika) Angliya qo‘liga o‘tdi, Janubi-G‘arbiy Afrika (hozirgi Namibiya)ni Janubiy Afrika Ittifoqi o‘z nazorati ostiga oldi, Togo va Kamerun Angliya va Fransiya o‘rtasida taqsimlandi. Misrning esa Angliyaga qaramligi tan olindi. Fransiya va Angliya ushbu koloniyalarni boshqarish huquqini qo‘lga kiritdilar. Bitimlarda vijdon erkinligining saqlab qolinishi haqida gap borardi. Biroq mustamlakachilar, asosan, mavjud tartib va taomillarni saqlab qolish qoidasidan kelib chiqib ish yuritardiki, bu tartibni himoya qilish uchun kuch ishlatishgacha bo‘lgan cheksiz hukmronlikni anglatardi.
Misr
Misr xalqi Afrika qit’asida birinchi bo‘lib mustamlakachilikka qaqshatqich zarba berdi va u Afrikani qullik zanjiridan xalos etdi. Misr Afrikadagi eng yirik davlat emas (hududi 1 mln kv km, aholisi 52 mln kishi), biroq uning qit’a hayotidagi iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy mavqei beqiyos. Misr arab millatining bir bo‘lagi hisoblanib, uning siyosatida arab milliy-ozodlik harakati xususiyatlari Afrika xalqlarining ozodlik uchun kurashi umumiy xususiyatlari bilan uyg‘unlashib ketgan.
Misr hududi bo‘ylab Yevropani Osiyo bilan tutashtiruvchi Suvaysh kanali o‘tadi va bu G‘arb mamlakatlarining strategik va iqtisodiy hayotida Misr muhim o‘rin tutishini anglatadi. Shu sababli Misr vatanparvarlarining mamlakat mustaqilligi uchun kurashi o‘ta keskin kechib, nafaqat yalpi arab millati, balki butun Afrika qit’asi uchun ham ulkan ahamiyat kasb etdi.
Suvaysh kanali — O‘rta dengizi va Qizil dengiz o‘rtasidagi Suvaysh bo‘yni orqali o‘tgan. 1869-yilda ochilgan. Uzunligi — 161 km, chuqurligi — 16,2 m, kengligi — 120–180 m.
XX asrda ozodlik harakati Misrda Birinchi jahon urushi tugashi bilanoq boshlandi.
1918-yil noyabrda Qohirada Misr mustaqilligi uchun kurashni boshqarish jamoat qo‘mitasi tashkil qilinib, unga taniqli adabiyot, madaniyat, siyosat va jamoat arboblari kirdilar. U “Vafd Misri” (“Misr vakillari”) deb nomlandi.
Misrda Muhammad Ali sulolasiga mansub qirollar hukmronlik qilardi. 1918-yildan 1952-yilgacha, ya’ni monarxiya ag‘darilgunga qadar ikkita qirol almashdi: Fuod I (1922–1936) va Faruk (1936–1952). Uchinchi qirol — Fuod II juda oz, atigi bir yil hukmronlik qildi. 1953-yilda u ag‘darildi va u bilan birga qirollik tuzumi ham bekor qilindi.
Mamlakatdagi demokratik kuchlar qirol tuzumini inglizlarning Misrdagi bosh tayanchi deb bilib, asosiy kuchni uni ag‘darishga qaratdi. Ularning kurashi keng kо‘lam kasb etib, unga bevosita ingliz mustamlakachilariga hamda ularning mamlakatdagi tayanchi — qirol tuzumiga qarshi kurash kiritilgan edi. “Vafd Misri” qo‘mitasi juda tez mashhur bo‘lib ketdi va aholining turli tabaqasi vakillarini o‘z ichiga olgan keng milliy-vatanparvarlik harakati partiyasiga aylandi. Angliya ularning Misrga mustaqillik berish talabini rad etganidan keyingi birinchi nizoyoq siyosiy kuchlarning ochiq qarama-qarshiligiga olib keldi. Barcha ijtimoiy tabaqalar va ijtimoiy-siyosiy tashkilotlarni o‘z ichiga olgan Misr xalqi inglizlar va ularning ittifoqchisi — qirol hokimiyatiga qarshi oyoqqa turdi. Inglizlarning talabi bilan qirol “Vafd Misri” rahbarlarini qamoqqa oldi. 1919-yilda mamlakatda ommaviy namoyishlar boshlandi. Namoyishlar Qohiradan Yuqori va Quyi Misrga tomon ko‘chdi. Tinch namoyishchilarni to‘p va pulemyotlardan o‘qqa tutdi. Qurbonlar soni sanoqsiz bo‘ldi. Bunga javoban ish tashlashlar va dehqonlarning qo‘llab-quvvatlashiga tayangan qo‘zg‘olonlar boshlandi. Ko‘plab qishloq va shaharlarda inqilobiy hokimiyat idoralari tashkil qilindi. Qo‘zg‘olon ayovsiz bostirildi, uch hafta davom etgan to‘qnashuvlarda mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.
1921-yilda Misr bo‘ylab yangi namoyishlar to‘lqini yelib o‘tdi. Ular oldingilaridan yuksak tashkilotchilik jihati bilan farq qilardi. Umumiy ish tashlashdan boshlangan kurash yirik shaharlarda barrikada janglari va dehqonlarning partizanlik harakatiga ko‘chib o‘tdi. Qo‘zg‘olon yana bostirildi, biroq bu Angliyaga faqat repressiyalar bilan xalq harakatini bostirib bo‘lmasligini yaqqol isbotladi.
1922-yilda Angliya Misrga cheklangan “mustaqillik” berishga rozi bo‘ldi. Angliya Misrda o‘z qurolli kuchlarini go‘yoki chet el agressiyasidan himoyalanish uchun saqlab qoldi. Parlamentga saylovlar o‘tkazilib, unda “Vafd Misri” g‘olib chiqdi.
Ular Yevropa andozasidagi bozor munosabatlarini o‘rnatish yo‘lidan borib, mamlakatda islohotlar amalga oshirishga kirishdi. “Bank Misri” nomi bilan banklar guruhi tashkil qilindi, milliy savdo, sanoat va transport kompaniyalari tuzildi.
1927-yilga kelib Misrda 238 ta xorijiy hissadorlik jamiyatlari faoliyat ko‘rsatardi.
Jahon iqtisodiy inqirozi yillari (1929–1932)da bozor munosabatlari Misrda yanada rivojlandi, chet davlatlar bu yerga o‘z mamlakatlarida to‘xtab yotgan qator to‘qimachilik va shakar ishlab chiqarish korxonalarini ko‘chirib keltirdi. Sanoat korxonalari bilan birga Misrda ishchilar sinfi ham o‘sib, yirik, mayda va o‘rta tadbirkorlar sinflari faollashib bordi. Bu sinflarning vakillari milliy-vatanparvarlik harakati saflarini to‘ldirdi.
1930–1935-yillarda ommaviy ish tashlash, namoyish va norozilik mitinglari yana barrikada janglariga ko‘chib o‘tdi. 1935-yil 21-noyabrda Misrning barcha shaharlarida umumiy ish tashlashlar bo‘lib o‘tdi. Qohirada kuni bo‘yi qo‘zg‘olonchilar va politsiya o‘rtasida otishma bo‘ldi. Bu voqealar bo‘ron darakchilari edi va ular Misr xalqining kuchi va uyushqoqligi ancha o‘sganini ko‘rsatdi.
Inglizlar yangi yon berishlarga borishga majbur bo‘ldilar va yangi shartnomaga ko‘ra 1936-yilda Angliya qo‘shinlari faqat Suvaysh kanali hududi, Qohira va Aleksandriyadagina qoldirildi. Boshqa hududlarda yangi tashkil bo‘layotgan Misr milliy qo‘shini harbiy qismlari joylashtirildi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Misr betaraflik e’lon qildi.
Qisqacha mazmun
- Yashash va taraqqiyotning yuksalishi uchun og‘ir sharoit;
- VII asrdan boshlab — Shimoliy Afrikaga arablar kelib o‘rnasha boshladilar (Kardov xalifaligi);
- XVII asr — Afrika janubida Kар koloniyasi tashkil qilindi;
- XIX asr oxiri — Janubiy Afrikani inglizlar bosib oldilar — Angliya dominioni bo‘lgan Janubiy Afrika Ittifoqi;
- XVII va XIX asrlar — Tropik Afrikaning Angliya, Fransiya, Portugaliya, Germaniya, Italiya va Belgiya o‘rtasida bo‘lib olinishi;
- Versal bitimiga ko‘ra Germaniya mustamlakalarining Fransiya va Angliyaga berilishi;
- Misrning muhim iqtisodiy va strategik mavqeyi.
Suvaysh kanali Yevropani Osiyo bilan tutashtirdi; - “Vafd Misri” — qirol tuzumiga qarshi kurash, inglizlar hukmronligiga chek qo‘yilishi;
- 1919-yildan boshlab — ommaviy namoyishlar umumiy qo‘zg‘olonga ko‘chib o‘tdi.
Qo‘zg‘olon kuch bilan bostirildi; - 1921-yil — ish tashlashlarning yangi to‘lqini, barrikada janglari;
- 1922-yil 22-fevral — Misrga cheklangan mustaqillik berildi (saylanma hokimiyat, biroq Angliya qo‘shinlari mamlakatda qoldirildi);
- 1929–1933-yillar — jahon iqtisodiy inqirozi yillaridagi iqtisodiy o‘sish;
- 1930–1935-yillar — Angliya hukmronligiga qarshi umumiy ish tashlashlar;
- 1936-yil — ingliz qo‘shinlari faqat Suvaysh kanali hududi, Qohira va Aleksandriyada qoldirildi;
- 1939-yil 1-sentyabr— Ikkinchi jahon urushining boshlanishi.