Rossiya 1917-yil fevral burjua-demokratik inqilobi va oktabr to’ntarilishidan keyin


Rossiyada totalitar tuzumning qaror topishi

1917-yilning fevral oyi oxirida Rossiyada roʻy bergan inqilob Romanovlar sulolasining podshohlik tuzumiga barham berdi. 1917-yil 2-martda podshoh Nikolay II o‘z ukasi Mixail foydasiga taxtdan voz kechdi. Ammo hokimiyatning podshohlik shakliga qarshi noroziliklar tufayli Mixail Romanov bu taklifni qabul qilmadi. U faqatgina Ta’sis majlisi roziligi bilan taxtga vorislik qilishi mumkinligini bildirdi. Shu tariqa mamlakatda amalda ikki hokimiyatchilik qaror topdi.


Hokimiyat burjua partiyalari vakillaridan iborat Muvaqqat hukumat bilan ishchi va askar deputatlari organi bo‘lgan Sovetlar o‘rtasida taqsimlangan edi. Ikki hokimiyatchilik — ikki diktaturaning yakka hukmronlik uchun kurashi davri 1917-yilning 1-martidan 2-iyuligacha davom etdi. Muvaqqat hukumat esa parlamentar monarxiyani e’lon qilish tarafdori edi. Ishchi va askar deputatlari proletariat va dehqonlarning inqilobiy-demokratik diktaturasiga tayanishardi. Demokratik respublika oʻrnatish uchun kurash olib borardilar.


1917-yil 4-iyulda Petrogradda ishchilar namoyishining o‘qqa tutilishi bilan ikki hokimiyatchilik barham topdi va Muvaqqat hukumat hokimiyati oʻrnatildi. Muvaqqat hukumat, asosan, o‘rta va yirik burjuaziya manfaatlari ifodachisi bo‘lgan konstitutsiyaviy demokratlar (kadetlar) partiyasi aʼzolaridan tuzilgan edi. Sovetlar sotsialist-inqilobchilar (eserlar) va Rossiya sotsial-demokrat ishchilar partiyasi (RSDRP) tomonidan tashkil etilgan boʻlib, o‘sha davrda rahbarlik mensheviklar qo‘lida edi.


1917-yilning fevralida bolsheviklar RSDRP ichida kichik bir guruhni tashkil etardi.
Rossiya bolsheviklari dohiysi V. Lenin Shveytsariyada muhojirlikda yashar, Rossiyadagi inqilobiy voqealar xususida ham gazetalar orqali xabar topgan edi.
Germaniya hukumati uni o‘z mamlakati va Finlandiya orqali Petrogradga jo‘natishga rozilik berdi. 1917-yilning 3-aprel kuni kechqurun V. Lenin Petrogradga yetib keldi. U kelgan zahotiyoq mavjud tuzumni ʻʻsotsialistik inqilobʼʼ yo‘li bilan agʻdarish dasturini ilgari surdi. Lenin tomonidan qoʻyilgan vazifa inqilob yo‘li bilan yangi hokimiyat o‘rnatish va bu hokimiyat vositasida cheklanmagan huquqlarga ega boʻlgan proletariat diktaturasini qaror toptirish edi.


Amalda u bolsheviklar partiyasining mutlaq hukmronligini oʻrnatishni, iqtisodiyotda esa barcha korxonalar, zavod va fabrikalarni davlat ixtiyoriga oʻtkazish, shuningdek, yerlarni mulkdorlardan olib, dehqonlarga bo‘lib berishni nazarda tutar edi. Davlat hokimiyatining Lenin tomonidan ilgari surilgan proletariat diktaturasi shakli totalitar hokimiyatning yorqin namunasi edi.
Lenin shunday deb yozgandi: ʻʻProletariat diktaturasi qonunga, koʻpchilikning zohiriy irodasiga emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri zo‘ravonlikka tayanadi. Zo‘ravonlik — hokimiyat quroli.


Inqilobda eng asosiysi — hokimiyat, u qo‘lga kiritilgach, hech qanday qonun va kо‘pchilikning xohish-irodasi muhim emasʼʼ. Muvaqqat hukumat qiyofasidagi boshqaruvning respublikachi — demokratik shakli hokimiyat tepasida uzoq tura olmadi. Yangi hukumat paytida tuzilgan maxsus nazorat muassasalari faoliyati yirik banklar va korxona egalarining zimdan qarshiligi tufayli toʻxtab qoldi.
Barcha markaziy idoralarning tamomila faoliyatsizligi kuzatildi, davlat mablag‘larini talon-toroj qilish boshlandi. Buning oqibatida esa mamlakat xo‘jaligi tamomila izdan chiqdi. Temiryoʻllarda harakat toʻxtadi. Fabrikalarga xomashyo va koʻmir yetkazib berish, shaharlarni non bilan taʼminlash qiyinlashdi. Ommaviy ishsizlik boshlandi. Rossiya iqtisodiy falokat yoqasida turar edi. Muvaqqat hukumat ochlik va iqtisodiy tanazzulga qarshi hech qanday chora ko‘rmadi.


Muvaqqat hukumat vazirlari buning oʻrniga urushni g‘alabagacha davom ettirish, ittifoqchilar oldidagi majburiyatlarni bajarish haqida ko‘proq gapirar edi. Yirik banklar va korxonalar egalaridan iborat hukumat o‘zining cheklanmagan hokimiyatiga xavf tugʻilishini istamasdi. Chunki urush tufayli ular qurol-yarogʻ sotish va pulning qadrsizlanishidan katta foyda koʻrmoqda edi. Bolsheviklarning asosiy shiori — ʻʻXalqlarga tinchlik!ʼʼ mamlakat aholisining katta qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xalq urushdan charchagan va boshqa urushishni istamas edi.
Mamlakatda Muvaqqat hukumatni ag‘darishga qaratilgan harakat boshlandi.
Ana shunday targ‘ibot ishlari natijasida askarlar frontdan ommaviy shaklda qochib kela boshladi. Bundan keyin ularni toʻxtatishning iloji yo‘q edi.


Muvaqqat hukumat hokimiyatini ag‘darish

Muvaqqat hukumat o‘z ishlarini harbiy muvaffaqiyatlar bilan tuzatib olish maqsadida 1917-yil iyun oyi boshida qo‘shinlarga hujumga o‘tish haqida buyruq berdi. Hujum yirik mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Petrogradning g‘azablangan aholisi 1917-yil 4-iyulda ommaviy namoyishga chiqdi. Unda 500 mingdan ortiq kishi qatnashdi. Namoyishchilar Muvaqqat hukumatning iste’foga chiqishini va hokimiyat Sovetlar qo‘liga berilishini talab qildi. Namoyish hukumat qo‘shinlari tomonidan bostirildi. Ikki hokimiyatchilik tugatilib, hokimiyat toʻlaligicha Muvaqqat hukumat qoʻliga oʻtdi.


Hukumatda o‘zgarishlar qilindi, mehnatchilar fraksiyasi rahbari A. Kerenskiy (1881 — 1970) Bosh vazir qilib saylandi. Iyul namoyishi bostirilganidan so‘ng bolsheviklar partiyasining e’tibori va ta’siri anchagina oʻsdi. 1917-yil sentyabr oyida partiya a’zolari soni 300 mingdan ortib ketdi. Bu paytda mamlakat siyosiy hayotining ikki asosiy markazi — Petrograd va Moskva Sovetlari bolsheviklar nazorati ostiga o‘tgandi. Amalda mamlakat hokimiyati ularning qo‘lida edi.
Faqatgina inqilobni yakunlash, Muvaqqat hukumat hokimiyatini ag‘darish lozim edi.


1917-yil 25-oktyabrda bolsheviklar hokimiyatni o‘z qoʻllariga oldilar. Amalda Peterburgda toʻntarishga qarshi turadigan kuch qolmagan, hech kimning Muvaqqat hukumatni himoya qilish niyati ham yo‘q edi. Sovetlarning ikkinchi syezdi to‘ntarish yakunlanganidan keyin hokimiyatga bolsheviklar partiyasi kelganligini tasdiqladi, yer haqida, tinchlik haqida dekretlar va ʻʻRossiya xalqlari huquqlari deklaratsiyasiʼʼni qabul qildi. 25-oktyabrga o‘tar kechasi bolsheviklarning qurolli guruhlari Nikolay va Boltiq vokzallarini, markaziy elektr stansiyasini egalladi. Soat 13:00 da Muvaqqat hukumat joylashgan Mariin saroyi qoʻlga kiritildi. Soat 18:00 da Qishki saroy o‘rab olindi va tez orada zabt etildi. Muvaqqat hukumatning barcha aʼzosi qamoqqa olindi. Harbiy-inqilobiy qoʻmita davlat toʻntarishini amalga oshirib, 25-oktyabrda hokimiyatni o‘z qoʻliga oldi.


Rossiya 1917-yil oktyabr toʻntarishidan keyin

Rossiyada oktyabr toʻntarishidan boshqa yoʻl bormidi? Rossiya taraqqiyotning boshqacha yoʻlidan ketishi mumkinmidi? Ayrim olimlarning fikricha, agar podshoh hokimiyati buijua-demokratik respublikasi bilan almashtirilganida edi, Rossiya jahonning sanoati eng rivojlangan ikkinchi mamlakati boʻlishi, terror, ommaviy repressiyalar, hayotning past darajasi va axloqiy tanazzul kabi ayanchli qismatdan qutulishi mumkin edi. Ammo har qanday inqilobiy voqea — uni vujudga keltirgan moddiy va ma’naviy sharoitlarning inʻikosidir. Rossiyada feodal aqidalarning saqlanib qolgani, shuningdek, burjuzuaziyaning kuchsizligi, uning siyosiy jihatdan tarqoqligi, eskirgan boshqaruv tizimiga asoslangan avtokratiyaning shafqatsizligi tufayli vaziyat murakkablashgan edi.


Rossiyaning eng asosiy nuqsoni iqtisodiyotning xorijiy sarmoyaga qaram bo‘lib qolganligi edi. Buyuk imperiya soʻnggi Romanovlar hukmronligi davrida yarim mustamlaka edi, deyish mumkin. Rossiya ko‘mir konlarining 90 foizi, kimyo sanoatining 50 foizi, mashinasozlik korxonalarining 40 foizi, bank jamg‘armalarining 42 foizi G‘arb davlatlariga tegishli edi. Milliy sarmoya juda oz, milliy daromad mamlakat ehtiyojlarini qondirish va iqtisodiy taraqqiyot uchun kamlik qilardi. Milliy daromadning yarmidan ko‘pini aholining eng faqir qismi boʻlgan dehqonlardan olinadigan soliqlar tashkil etardi.


XIX asr oxiri — XX asr boshlarida barpo etilgan Rossiya temiryo’llari xorijiy sarmoya hisobiga qurilgan edi. 1917-yil oktyabr voqealaridan keyin Yevropa sanoatchilari o‘z daromadlarini yana Rossiya sanoatiga qayta olib kirishdan manfaatdor emas edilar. Rossiya faqatgina sarmoya toʻplash boʻyicha favqulodda choralar ko‘rish, qishloq xoʻjaligidagi barcha imkoniyatlarini safarbar etish, o‘z ishchilarini ekspluatatsiya qilish evaziga sanoat ravnaqiga erishishi mumkin edi.
Bolsheviklarning dasturiga ko‘ra, iqtisodiy tadbirlarining asosini xorijiy mulklarini milliylashtirish, podshoh hukumatining qarzlarini to‘lashdan voz kechish va majburiy mehnat tashkil etardi.


Tabiiyki, burjua-demokratik hukumat bularning birortasini ham amalga oshirmagan bo‘lardi. Ishchilar amalda bolsheviklar partiyasini qo‘llab-quvvatladilar. Ammo ular aholining shu qadar oz qismini tashkil etardiki, Rossiya tarixi jarayoniga hal qiluvchi ta’siri haqida gap ham boʻlishi mumkin emas.
Ishchilarning 80 foizi Petrograd va Moskvada jamlangan edi. Bu esa hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Ishchilar eski dunyoni buzish va yangisini qurish ishtiyoqi bilan band edilar. Ular butun jamiyatni ijtimoiylashtirish, ya’ni barcha ishlab chiqarish vositalarini umumiylashtirish, ishlab chiqarish ustidan ishchi nazorati joriy etish va davlatda o‘z hokimiyatlarini o‘rnatish niyatida edilar.


Brest tinchlik shartnomasi

Bolsheviklar taktik harakatlar uchun keng imkoniyatga ega bo‘ldilar. 1918-yil 3-martda Brest Litovsk shahrida Germaniya bilan tinchlik shartnomasi imzolandi.
Shu tariqa inqilobning asosiy shiori ʻʻbajarildiʼʼ. Brest Litovskdagi tinchlik shartnomasi, aslida, Germaniyaga taslim boʻlish bilan barobar edi. Ammo Rossiya ogʻir va tahqirlovchi bo‘lsa-da, uzoq kutilgan tinchlikka erishgan edi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiyadan Litva, Kurlyandiya, Liflyandiya, Estlyandiya, Belorussiyaning bir qismi ajratib olindi. Kars, Ardaxan va Batumi Turkiyaga berildi. Ukraina va Finlyandiya mustaqil davlatlar deb e’tirof etildi. Rossiya o‘zining 780 ming kv.km.hududini yo‘qotdi. Rossiya, shuningdek, butun armiyasini darhol tarqatib yuborishi, flotini portlarga qaytarishi va qurolsizlanishi zarur edi.


1916-yilda Rossiya bilan ittifoqchi mamlakatlarning siyosiy doiralarida g‘alati bir hujjat paydo boʻldi. Ittifoqchilar urushdan keyin Rossiyani bo‘lib olish haqida yashirincha shartnoma tuzdilar. Reja quyidagicha edi: Rossiya Germaniya bilan urushda mag‘lub bo’ladi. Armiya va flotini yo‘qotadi va siyosiy jihatdan kuchsizlanadi.


Shundan keyin Germaniya bilan yarashish va birgalikda Rossiyani bo‘lib olish mumkin. Bu paytda Rossiya Germaniya armiyasining katta qismini o‘ziga jalb etish uchun soʻnggi kuchlarini safarbar etgan, ittifoqchilarini qoʻllab-quvvatlash uchun nemislarga qarshi yomon qurollangan, yomon tayyorgarlik koʻrgan polklar hujumga tashlamoqda edi. Ittifoqchilar esa Rossiyani magʻlub qilish va uni davlat sifatida yoʻqotishni moʻljallamoqda edilar. Ukraina Fransiyaning protektoratiga aylanishi, Kavkaz va Turkiston esa Angliya protektorati bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.
Uzoq Sharqqa yaponlar da’vogarlik qilar, amerikaliklar esa Rossiya temiryo‘llarini egallab olish ishtiyoqida edilar.


Garchi siyosiy dushmanlari sharmandali bitim deb hisoblasa-da, Lenin Germaniya bilan sulh tuzib, Rossiyani milliy falokatdan saqlab qoldi. Oradan 8 oy oʻtgach, Germaniyada inqilob ro‘y berdi va mazkur shartnoma bekor qilindi. G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi intervensiyasi G‘arb davlatlari Rossiyani kuch bilan jangda ushlab turishga ahd qildilar.


1918-yil mart oyida Rossiyaga qarshi intervensiya boshlandi. Murmansk, Arxangelsk, Vladivostok, Sevastopol, Krasnovodsk shaharlariga, Turkiston hududiga desant tushirildi. Interventlar tartibli va shiddat bilan ishga kirishdi.
Shunday tasavvur paydo boʻldiki, go‘yo bu harakat oldindan rejalashtirilgan-u, hamlaga bir ishora kerak boʻlgan xolos. G‘arb davlatlarining Rossiyadagi harakatlari mustamlakachilik, bosqinchilik yo‘nalishiga ega edi. Ammo qanchalik mantiqqa zid tuyilmasin, mazkur intervensiya bolsheviklarning g‘alabasini ta’minladi.


Interventlar bilan birga mamlakatga yirik mulkdorlar, fabrika va zavodlarning egalari ham qaytib keldi. Xalq ularning hokimiyatga qaytishini istamas edi.
Bolsheviklar xalqni ularga qarshi kurashga chaqirdi va koʻpchilik bolsheviklarni qo‘llab-quvvatladi. Siyosat iqtisodiyotdan ustun chiqdi — xalq bolsheviklarning mantiqsiz iqtisodiy yangiliklarini kechirish va ular bilan birga interventlarga qarshi jang qilishga tayyor edi. Urushdan tinkasi qurigan xalq yana qo‘liga qurol oldi.

Intervensiya — bir yoki bir necha davlatning boshqa davlat ichki ishlariga zoʻravonlik bilan aralashuvi, uning suverenitetini buzishi.

Rossiyada ʻʻharbiy kommunizmʼʼ siyosati

Gʻarb davlatlari o‘zlari istamagan holda o‘z harakatlari bilan bolsheviklar tuzumini mustahkamladilar va kuchaytirdilar. AQSh, Angliya, Fransiya va Yaponiya ishtirok etgan chet el intervensiyasi Rossiyada ichki va tashqi qamalni vujudga keltirdi.
Mamlakat nonsiz, yoqilg‘i va xomashyosiz qoldi. Bolsheviklar o‘z faoliyatlarini hayot uchun ayovsiz kurashdan boshlashga majbur boʻldilar. Intervensiyaga ʻʻharbiy kommunizmʼʼ siyosatida namoyon bo‘lgan keskin inqilobiy harakatlar bilan javob berdilar. Voqelik Leninni sotsialistik jamiyat qurish borasidagi oldingi qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.


Ehtimol, birinchi bor unda barcha odamlar ehtiyojlariga koʻra oladigan va imkoniyatlariga ko‘ra ishlaydigan yalpi tenglik jamiyati qurish mumkinligiga shubha uygʻongandir. Nima bo‘lganda ham, o‘sha paytda Rossiyada bunday jamiyat qurishga urinish chinakam xomxayol edi. Ocharchilikni yengish, ishchilarni toʻydirish, chayqovchilikni tugatish, ishchilar sinfini tanazzul va tushkunlikdan qutqarish — inqilobiy hukumat oldida turgan asosiy vazifalar mana shular edi.
1918-1919-yillarda Lenin shu munosabat bilan mamlakat iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotining yangi konsepsiyasini ishlab chiqdi. Bu kommunizmga to‘g‘ri olib borishi kerak boʻlgan ʻʻharbiy kommunizmʼʼ siyosati edi.


Mazkur konsepsiya asosida mamlakatda don uchun ʻʻharbiy yurishʼʼ e’lon qilindi.
ʻʻTemir proletar intizomiʼʼ joriy etildi. Donni davlatga berishdan yashirgan ʻʻkulaklarʼʼ ayovsiz jazolandi. 1918-yil may oyida don topish uchun qurolli guruhlar tashkil etildi. Proletar davlat o‘z xalqiga zoʻravonlik qildi. Mehnat bilan yetishtirgan donini tortib ola boshladi. Ayrim qurolli guruhlar bosqinchilik bilan shugʻullandilar. Ular qishloqlardagi donni toʻligʻicha olar, har qanday qarshilikni isyon deb baholab, ayovsiz shaklda bostirar edilar.


Lenin bir qator qat’iy chora-tadbirlar vositasida xususiy tijoratni tugatish, ishlab chiqaruvchilar bilan iste’mol kommunalari oʻrtasida rejali oziq-ovqat almashuvini yo‘lga qoʻyishni mo‘ljallagan edi. Tijoratni davlat miqyosida tashkil etilgan oziq-ovqat taqsimoti bilan almashtirish ko‘zda tutilgandi. Pulni yo‘qotish, uning oʻrniga omonat daftarchalari, cheklar, jamoat oziq-ovqatini olish huquqini beruvchi qisqa muddatli biletlar joriy etish rejalashtirilgan edi.


Shu munosabat bilan mazkur siyosatning o‘zi ham kommunizm deb ataldi — pulni bekor qilish, xizmatlar, transportda yurish, uy-joyni tekin qilishga urinish uning asosiy belgilari edi. Harbiy kommunizm sovet davlatining fuqarolar urushi sharoitidagi ijtimoiy-iqtisodiy siyosatidir. Aholining boy qismi mol-mulkini olishni, yalpi mehnat majburiyati joriy etishni, yirik, oʻrta va qisman kichik sanoatni tez sur’atlar bilan davlat ixtiyoriga o‘tkazishni nazarda tutardi.


Tijorat taqiqlandi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ortiqchasini davlatga topshirish majburiy qilib qoʻyildi. Lenin, shuningdek, qattiq intizomga asoslangan, omma manfaati uchun mehnatga sadoqatli va ʻʻoʻzini qurbon qilishga ham hozirʼʼ ʻʻbuyuk mehnat qizil armiyasiʼʼni yaratish to‘g‘risida ham soʻzlagan edi.
1920-yil yanvarida u endi ʻʻmehnat armiyalariʼʼ to‘g‘risida gapira boshladi.
Xonavayron boʻlgan, haddan tashqari faqir, ochlik va sovuqdan qiynalgan mamlakatda ʻʻmehnat armiyasiʼʼ eng dolzarb muammoga aylangan edi.
Harbiy kommunizm dasturi barcha iqtisodiy muammolarini zoʻravonlik va inson shaxsini ezish evaziga hal qilishga urinish edi. Bolsheviklar xususiy mulkni zoʻravonlik bilan ʻʻjamoa-proletarʼʼ mulkiga aylantirishga urindilar.

Rossiyada fuqarolar urushi

Ta’sis majlisining tarqatilishi va Brest sulhi shartlari mamlakatdagi siyosiy kuchlarning katta qismida norozilik uygʻotdi. Oziq-ovqat muammosi paydo boʻldi.
Mamlakatdagi bozor munosabatlari izdan chiqqanligi sababli bu muammo, ayniqsa, shaharlarda koʻzga keskin tashlandi. Bundan tashqari, 1918-yil bahorida qishloqdan donni majburiy olish boshlandi. Favqulodda oziq-ovqat guruhlari qishloqlarga yuborilib, ortiqcha don davlat ixtiyoriga olina boshlandi. Bularning hammasi fuqarolar urushiga sabab bo‘ldi. U 1918-yildan 1920-yilgacha davom etdi.


Don (Kaledin, Krasnov), Kuban (Denikin), Janubiy Ural (Dutov), Sibir (Semyonov), Qrim (general Vrangel), mamlakat shimoli-g‘arbi (general Yudenich) ichki aksilinqilobning asosiy markazlari edi. Fuqarolar urushi jarayonida Rossiyaning kelgusi taraqqiyot yo‘li uchun kurash borardi. Dehqonlarning barcha talablari pirovardida shu shiorlarga borib taqalardi: ʻʻKommunistlarsiz Sovetlar uchunʼʼ va ʻʻTijorat erkinligi uchunʼʼ. Yirik burjuaziya, dvoryanlar va oq armiya rahbariyati cheklangan monarxiyani tiklashga intilardi.


ʻʻInqilobiy demokratiyaʼʼ yo‘nalishidagi partiyalar (mensheviklar, eserlar) Rossiyaning demokratiya va erkin ishbilarmonlik yo‘lidan rivojlanishi tarafdori edilar. Bolsheviklar esa proletariat diktaturasi asosiga qurilgan ʻʻsotsialistikʼʼ davlat barpo etishni o‘ylardilar. Fuqarolar urushi bolsheviklar g‘alabasi bilan yakunlandi.
Chunki ular sovet hokimiyatini himoya qilish uchun ommani birlashtiradigan yangi mafkurani (jahon urushidan chiqish, yer haqidagi Dekretni amalga oshirish, 8 soatli ish kuni joriy etish va hokazo) shakllantirishga muvaffaq bo‘ldilar.

Rossiya qizil armiyasi, 1919-yil


Fuqarolar urushi alangasida (1918—1920) mamlakatning shusiz ham kuchsiz bo’lgan sanoati tamomila vayron bo‘ldi. Millionlab dehqonlar tirikchilik tashvishida mamlakat bo‘ylab yoʻlga tushdilar. 1917-yilda barrikadalar qurgan bir necha million ishchi tarqalib ketdi, o‘zining uyushgan ijtimoiy va siyosiy kuch sifatini yoʻqotdi. Inqilobning gʻoyaviy jihatdan eng sodiq tarafdorlari fuqarolar urushida halok boʻldi, ko‘plari yuksak martabali amaldorlarga aylandi, katta qismi och qolgan shaharlardan qochib ketdi, qolganlari oʻzini chayqov bozorlari va tijoratga urdi.


Bolsheviklar endi sotsializm qurish uchun kurashning ilg‘or qismi deb hisoblangan ishchilarga suyana olmasdilar. Bu hol odat boʻyicha hamon inqilobiy deb atalayotgan yangi tuzumdagi byurokratik inqirozning asosiy sababchisi edi.
ʻʻXalq hokimiyatiʼʼ, ʻʻdemokratiyaʼʼ, ʻʻsanoatda ishchi nazoratiʼʼ kabi tushunchalar quruq shior bo‘lib qoldi.

ʻʻHarbiy kommunizmʼʼ siyosatining oqibatlari va yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ga oʻtish

Harbiy kommunizm siyosati iqtisodiyotda va davlat siyosatida salbiy oqibatlarga olib keldi. Buning natijasida sovet hukumati 1921-yil bahorida chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozga duch keldi. Qishloqda boshlangan dehqon qo‘zg‘olonlari chinakam dehqonlar urushiga aylanib ketdi, uni bostirish uchun yirik harbiy qo‘shinlar tashlandi. Qishloqda boshlangan dehqon qo‘zg‘olonlari chinakam dehqonlar urushiga aylanib ketdi, uni bostirish uchun yirik harbiy qo‘shinlar tashlandi.


1921-yil 2-martda bir paytlar bolsheviklarning tayanch nuqtasi bo‘lgan Kronshtadt qo‘zg‘aldi. Isyonchi dengizchilar partiyani inqilobga xiyonat qilishda, hokimiyatni zoʻrlik bilan egallashda ayblab, rus xalqini kommunistlarning hukmronligiga qarshi bosh ko‘tarishga chaqirdilar. Partiya ichida ham boʻlinish ro‘y berdi, markaziy komitet fraksiyalarga ajraldi. Bular obyektiv voqelik tomonidan bolsheviklarning xomxayoliga qarshi berilgan birinchi ayovsiz dars edi.


Dehqon qo‘zg‘olonlari zolimona tarzda bostirildi. Kronshtadt isyoni tor-mor qilindi. Ish tashlaganlar tinchitildi. Isyonkor Turkistonning chet bilan aloqasi kesildi. Ammo bolsheviklar rahbariyati zoʻravonlik bilan vaziyatni yaxshilab boʻlmasligini, ʻʻharbiy kommunizmʼʼ vositasida mamlakatni to’ydirish, kiydirish va isitish mumkin emasligini yaxshi anglar edi. Bu totalitar tuzumning birinchi magʻlubiyati bo‘lib, xususan, shiorlar va da’vatlardan ham kuchliroq narsalar borligini, chunonchi, bozor, erkin tijorat, ishlab chiqarish va iste’mol ekanligini yaqqol namoyish etdi.


Shu munosabat bilan 1921-yil mart oyida Lenin bolsheviklar taktikasida keskin burilish yasadi. Mamlakatda yangi iqtisodiy siyosat (NEP) joriy etildi. Bu siyosat iqtisodiyotning ko‘p tarzli boʻlishini e’tirof etdi, erkin tijorat va xususiy mulkni qonunlashtirdi. Konsessiyalar berish vositasida xorijiy sarmoyaning mamlakatga kirish yo‘li ochildi. Mayda tijoratchilarning katta armiyasi paydo bo‘ldi.
Millionlab kosiblar mamlakat iste’mol mollarining toʻrtdan uch qismini ishlab chiqara boshladi.


Natijada ishchi va dehqonlar turmushi yaxshilandi, dastlabki jiddiy ijtimoiy tadbirlar hayotga joriy etildi.

Konsessiya (lot. concessio — yon berish) — davlatga tegishli tabiiy boyliklar, korxonalar va boshqa obyektlarni xorijiy davlatlarga, kompaniyalar va ayrim shaxslarga ma’lum muddatga foydalanishga berish.

Qisqacha mazmun

1917-1921-yillarda Rossiya tarixining asosiy voqealari va ularning yakunlari:

  • 1917-yil 2-mart — Rossiya podshosi Nikolay II ning taxtdan voz kechishi;
  • 1917-yil 1-mart — 2-iyul— Rossiyada Muvaqqat hukumat hamda ishchi, askar va dehqon deputatlari Soveti hokimiyatga keldi. Yakka hokimiyat uchun kurash Muvaqqat hukumat hokimiyatining oʻrnatilishi bilan yakunlandi;
  • 1918-1920-yillar — Rossiyada fuqarolar urushi. Mamlakat sanoatining tamomila vayron boʻlishi;
  • 1919-1920-yillar — harbiy intervensiya va Birinchi jahon urushidan keyingi iqtisodiy vayronlik sharoitida omon qolish vositasi sifatida Rossiyada ʻʻharbiy kommunizmʼʼ siyosatining e’lon qilinishi;
  • 1918-yil 3-mart — Brest Litovskda Rossiya bilan Germaniya oʻrtasida shartnoma imzolandi. Rossiya hududining bir qismi Germaniya va ittifoqchilari mulkiga aylanishi koʻzda tutilgandi. Keyinroq shartnoma bekor qilindi;
  • 1921-yil — dehqonlarning ʻʻharbiy kommunizmʼʼ siyosatiga qarshi ommaviy chiqishlari. Yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ga oʻtish.


    Hujjatlar


    Podsho hukumati ichki ishlar vaziri A.D. Protopopovning 1917-yil yozida Muvaqqat hukumat Favqulodda tergov komissiyasiga bergan ma’lumotidan
    Moliya izdan chiqqan, tovar almashlash buzilgan, mamlakat ishlab chiqarishi keskin pasayib ketgan edi. Mamlakatning butun kuch-qudratini safarbar qilish zarurati dastlab hokimiyat tomonidan anglab yetilmadi, uni payqamaslik mumkin bo‘lmay qolgan paytda esa eski, idoraviy qoliplardan chiqishga kuch topilmadi. Yo‘llar tamomila buzilgan bo‘lib, iqtisodiy va harbiy vaziyatni favqulodda murakkablashtirib yuborgan edi. 1916-yil qishida yoqilg‘i, oziq-ovqat va yem-xashak ortilgan 60 000 vagon qor ostida qolib ketdi. Armiyaga olishlar tufayli qishloqlar huvillab qoldi, dehqonchilik sanoati barbod bo‘ldi, ishchi kuchiga ehtiyoj sezildi… Ersiz, aka-ukasiz, farzandlarsiz va hatto o‘smirlarsiz qishloq ham baxtsiz edi. Shaharlar och, savdo izdan chiqqan, jazolar ogʻirligidan doimiy qo‘rquv hukmron… Mahsulot oz, narxlar oshib borar, chayqovchilik keng tus olgan, chinakam kafandoʻzlik davom etardi… San’at, adabiyot, ilmiy faoliyat tazyiq ostida edi. Ishchilarni askarga, askarlarni ishchiga aylantirishgandi. Armiya charchagan, barcha sohalardagi yetishmovchilik uning ruhini cho‘ktirgan edi… Ishlarni tartibga soladigan odam yo‘q edi. Garchi hamma joyda buyruq beradigan boshliqlar mavjud bo‘lsa-da, yagona tartib yo‘q edi. Ijroiya hokimiyati oʻrtasidagi yalpi boshboshdoqlik sharoitida boshqacha boʻlishi ham mumkin emasdi…


    BREST TINCHLIK SHARTNOMASI

    Rossiyaning Germaniya va uning ittifoqchilari bilan 1918-yil 3-martda imzolagan tinchlik shartnomasidan

    1-m о d d a

    Bir tarafdan Rossiya, ikkinchi tarafdan Germaniya, Avstro-Vengriya, Bolgariya va Turkiya o‘rtadagi urush holatiga barham berganini e’lon qilishadi.
    Bundan buyon ular o‘zaro tinchlik va doʻstlikda yashashga ahd qildilar.

    2-m о d d a

    Ahdlashuvchi tomonlar bir-birlarining hukumatlariga yoki davlat va harbiy nizomlarga qarshi hech qanday targʻibot-tashviqot olib bormaydilar.
    Bu majburiyat Toʻrtlar ittifoqi davlatlari egallab turgan hududlarga ham daxldordir.

    3-m о d d a

    Ahdlashuvchi tomonlar tarafidan belgilangan chiziqdan gʻarbda joylashgan va ilgari Rossiyaga tegishli boʻlgan viloyatlar bundan keyin uning oliy hokimiyati ostida boʻlmaydi… Rossiya bu viloyatlarning ichki ishlariga har qanday aralashuvdan voz kechadi. Germaniya va Avstro-Vengriya bu viloyatlarning kelgusi taqdirini ularning aholisi bilan kelishgan holda belgilashni koʻzda tutadilar.

    9-m о d d a

    Ahdlashuvchi tomonlar o‘z harbiy xarajatlari, yaʼni urush olib borishga sarflangan davlat mablagʻlari, shuningdek, harbiy zararlar uchun oʻzaro toʻlovlardan voz kechadilar.

    14-m о d d a

    Mazkur tinchlik shartnomasi rasman tasdiqlanadi. Tasdiq yorliqlari eng qisqa muddatda Berlinda almashlanishi zarur. Rossiya hukumati Toʻrtlar ittifoqi davlatlaridan birining xohishiga koʻra ikki hafta mobaynida tasdiq yorliqlarini oʻzaro almashlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Tinchlik shartnomasi tasdiqlangan ondan kuchga kiradi, chunki uning moddalarida, ilovalarida yoki qoʻshimcha shartnomalarda boshqacha fikr bayon qilinmagan.