Birinchi jahon urushi nihoyasiga yetdi. Hayot sekin-asta izga tusha boshladi. Koʻplab banklar, trestlar va kompaniyalar ochildi, amaliy va madaniy hayot tiklandi.
Shu bilan birga, yana uzoq vaqt davomida gazetalar o‘ldirilgan va yaralanganlar, bedarak yoʻqolganlarning ro‘yxatlarini eʼlon qilib bordi. Biroq faqat jang maydonida halok boʻlganlar emas, ulkan yo‘qotish — butun bir avlodning fojiasi haqida ham gapirishga to‘g‘ri keldi. Tirik qolgan askarlarning ko‘pchiligi hayotdan chetga itqitildi. Urushdan qaytgan kechagi qahramonlar ishsizlar safini toʻldirishdi. Ular boshpanasiz va och, o‘zlari himoya qilgan jamiyat uchun ortiqcha odamlarga aylandi.
Adabiyot
1929-yili bir vaqtning oʻzida turli mamlakatlarda urush haqidagi uch roman hayot yuzini koʻrdi: Angliyada — Richard Oldingtonning ʻʻQahramonning o‘limiʼʼ, AQSHda — Ernest Xemingueyning ʻʻAlvido, qurolʼʼ, Germaniyada — Erix Remarkning ʻʻG‘arbiy frontda о‘zgarish yo‘qʼʼ romanlari. Romanlar urush qatnashchilari tomonidan yozilgan bo‘lib, urushga qarshi ruh bilan sug‘orilgandi. Uchalasi ham o‘sha zahotiyoq butun dunyoga keng tanildi.
Romanlarning mualliflari yosh edi. Ularning eng kattasi — R. Oldington (1892–1962) o‘sha yili 36 yoshga toʻldi, Remark (1898–1970) 31, Xeminguey (1899–1961) esa 30 yoshda edi. Ularning har biri urushni bosib oʻtgan bo‘lib, urushdan keyingi sarsonlik va muvaffaqiyatsizliklarning o‘n yillik tajribasiga ega edi. Romanlar hayratomuz kuch bilan urushning qonli, g‘ayriinsoniy mohiyatini ochib berdi.
Mualliflar faqat oʻzlari koʻrgan va boshdan oʻtkazgan voqealarni tasvirlashgandi.
Ular hukmron doiralarning loʻttibozligi, yolgʻonchiligi va ikkiyuzlamachiligi haqida g‘azab bilan so‘zlashdi. ʻʻTag‘in ularning yoshlar nega beadab, umidsiz, norozi, hech qanday tartib va qoidalarni tan olmaydilar, deb taajjublanishga haddilari sig‘adi!ʼʼ deydi Oldingtonning bosh qahramoni Jorj Uinterborn. Romanlarning qahramonlari bu urushga goʻyoki turtki boʻlgan demokratiya va ozodlikning ʻʻyuksak g‘oyalariʼʼga ishonishmaydi. Ularning nazarida bu mudhish halokat yoki undan ham mudhishroq jinoyat edi.
1929-yilda urushga qarshi ruhdagi bu uch romanning bir vaqtda e’lon qilinishi tasodifiy emasdi. Shu yili jahonda iqtisodiy inqiroz ro‘y berdi, fashizm tahdidi kuchayib, yangi jahon urushi xavfi tugʻildi. R. Oldington, E. Remark, E. Xeminguey o‘z romanlarini ro‘y berajak dahshatli voqealarni sezib yaratdi.
1929–1932-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi mahsuloti xaridorgir boʻlmagan fabrikalarning yopilishi, fermerlarning xonavayron bo‘lishiga olib keldi. Inqiroz, ayniqsa, Amerika Qo‘shma Shtatlariga qattiq ta’sir qildi. Eng gullab-yashnagan mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan o‘ta noshud boʻlib chiqdi. 30-yillar boshida uyushtirilgan ishsizlarning mamlakat boʻylab och yurishlarida millionlab kishilar ishtirok etdi. Ular butun mamlakat orqali Vashingtonga non va ish talab qilib bordi. Manhettenning aqlni shoshiruvchi osmonoʻpar binolari yonida dunyo boshqa Amerikani — yerto‘lalarda yashovchi millionlab kishilar, muttasil yerdan ayrilishdan qoʻrqib yashovchi savodsiz fermerlar Amerikasini koʻrdi. Minglab xonavayron bo‘lgan fermer va ijarachilar qadrdon yerlarini tashlab, Kaliforniyadan boshpana va ish qidirgan koʻchmanchilarning ulkan oqimiga kelib qoʻshilardi.
Amerikaning bu davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy manzarasini buyuk Amerika yozuvchisi Jon Steynbek oʻzining 1939-yilda e’lon qilingan ʻʻG‘azab shingillariʼʼ romanida haqqoniy tasvirladi. Roman qisqa vaqt ichida AQSH uzra hukmron ekspluatatsiyaga qarshi norozilik ruhining ramzi sifatida dunyoga dong taratdi. J. Steynbek xalqning yirik kompaniyalar tomonidan talanishi, boylar va yoʻqsillarni ajratgan tubsiz jarlik haqida dadil yozdi va inqiroz titratgan jamiyatning yaxlit manzarasini, uning deyarli barcha tabaqalari vakillari suratlarini yorqin boʻyoqlarda chizib berdi.
ʻʻG‘azab shingillariʼʼ romani fosh qiluvchi asar sifatida taraqqiyparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan jahon adabiyoti namunalari orasidan o‘rin oldi. Unda Amerikaning 30-yillardagi hayoti hamda jamiyatning turli tabaqalari uchun xos boʻlgan umumiy norozilik va darg‘azablik kayfiyatlari haqqoniy aks ettirilgan. ʻʻGʻazab shingillariʼʼ romani uchun yozuvchi 1962-yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Dunyo muqarrar ravishda yangi jahon urushiga yaqinlashmoqda edi. Urush mohiyatan 1936-yilda, Ispaniyada fashistlar harbiy qo‘zg‘olon uyushtirib, mamlakatga Italiya va Germaniyaning harbiy qo‘shilmalari bostirib kirishi bilan boshlangandi. Gitler va Mussolini tinch aholini ayovsiz qirib, himoyasiz shahar-qishloqlarni vayron qilib, Yevropa xalqlarining yuragiga qo‘rquv solishni koʻzladi.
Biroq fashistlar xato qildi. Qo‘rquv o‘rniga ular o‘z demokratik g‘alabalari va ozodligi uchun jon berishga tayyor xalqning matonatiga toʻqnash keldi. Ispan xalqi birinchi bo‘lib oʻzida fashizmning vahshiyligini sinab ko‘rdi, xalqaro fashizmning birlashgan kuchlari shiddati bilan toʻqnashdi.
1936-yil 9-noyabrda birinchi baynalmilal brigada Madrid uchun jangga kirdi. Uning saflarida butun dunyodan: Angliya, Fransiya, Argentina va Amerikadan Ispaniyaga yordamga kelgan jangchilar kurashishdi. Ular orasida Ernest Xeminguey ham bor edi. Baynalmilalchilar kuylagan ʻʻBanderra Rossaʼʼ (ʻQizil bayroq) qo‘shig‘i barcha antifashistlarning madhiyasiga aylandi.
Mashhur fransuz yozuvchisi Jan Rishar Blok o‘sha kunlari shunday deb yozgandi: ʻʻXalq qurollanmoqda, qoʻrquv va xo‘rliklarni yenggan xalqning bu xursandchiligi, g‘ururlanishini koʻrmagan odam respublika himoyachilari uchun mudhish va xaloskor so‘z — qurol qanday ahamiyatga egaligini tushunishga qodir emasʼʼ. Fashizm Ispaniyada minglab jangchilarga emas, minglab qahramonlarga ro‘para bo‘ldi.
Kurashayotgan Ispaniyaga keyinchalik jahon madaniyati xazinasidan o‘rin olgan minglab adabiyot asarlari bagʻishlandi. Kurash eng sara ziyolilarning shioriga aylandi. Ispaniya haqida yozgan yozuvchilar insoniyatning buyuk murabbiylariga aylanishdi.
O‘zining eng yaxshi asarlaridan biri — ʻʻQo‘ng‘iroq kimning motamini kuylayotir?ʼʼ (1940) romanini E. Xeminguey ispan xalqining kurashiga bag‘ishladi. Roman gʻoyalari insoniyat ongida paydo bo‘lgan barcha yangi tushunchalarni aks ettirdi.
Heminguey fashizmga qarshi jang qilish uchun Ispaniyaga otlangan yosh amerikaliklar haqida yozdi. Roman qahramoni Robert Jordan muhim ahamiyatga ega topshiriq oladi. Bu topshiriqning bajarilishi o‘zi uchun halokatli tugashi mumkinligini tushungan qahramon demokratiya uchun kurash yoʻlini tanlaganidan afsuslanmaydi: ʻʻНаг kim qoʻlidan kelgan ishni qiladi. Sen endi oʻzing uchun hech narsa qilolmaysan, ammo, balki, boshqalar uchun biror narsa qilarsanʼʼ. Muqarrar oʻlimga tik boqib, u Ispaniyada oʻtkazilgan yilni sarhisob qiladi: ʻʻMen salkam bir yil ishongan narsam uchun kurashdim. Agar biz bu yerda yursak, demak, hamma yerda gʻolib chiqamiz.

Ernest Xemingyuey
Dunyo — yaxshi joy va uning uchun kurashsa arziydiʼʼ. Oldingi ʻʻmenʼʼ oʻrniga romanda ʻʻbizʼʼ paydo boʻladi. Olmoshlarning bu almashuvi faqat Hemingueyning emas, Ispaniya fojiasini tinchlik va demokratiya uchun kurashning boshlanishi deb bilgan dunyodagi koʻpchilik ziyolilarning ongida ham muhim yuksalish roʻy berganini anglatardi.
Demokratiya Ispaniyada magʻlubiyatga uchradi, biroq Ispaniyadagi kurash butun dunyo uchun yaxshi saboq boʻldi. Dunyodagi barcha taraqqiyparvar ziyolilar fashizmning mohiyatini tushunib, fashizm ildizini toʻliq quritish uchun kurashga tayyor boʻlishdi. Amerika yozuvchilarining 1937-yildagi 11-kongressida E. Heminguey bunday degandi: ʻʻMadridda biz ommaviy qotillikning guvohi boʻldik. Uni Germaniya artilleriyasi sodir etdi va bu puxta uyushtirilgan qotillik edi. Urushga koʻnikish mumkin, biroq qotillikka koʻnikishning iloji yoʻq. Madridda esa biz ommaviy qotillikni koʻrdik. Fashistlar yalpi urushga ishonishadi. Bu, demak, qurolli kuchlar bergan har bir zarbaning alamini ular tinch aholidan oladi. Biz fashizmning jinoyatkorligini va unga qarshi qanday kurashish lozimligini aniq anglab yetishimiz kerak. Bosqinchini esa faqat bir yoʻl bilan — qirib tashlab tinchitish mumkinʼʼ.
Uch yil davomida Ispaniyada faqat harbiylargina kurash olib borishmadi, tarixda birinchi marta kurashda ziyolilar ham faol ishtirok etdi. Endi ʻʻbizʼʼ fashizmga qarshi, demokratiya va ozodlik uchun yagona kurash frontini anglatardi. Ziyolilarning mavqeyi shu qadar yuksak ediki, ularning koʻpchilik vakillari qahramon sifatida dong taratishdi.
Fashizmga qarshi ochiq jangda kurashgan adolat boqiy bo‘lib chiqdi. Eng yaxshi romanlar, she’rlar, pyesalar, badiiy reportajlar jahon madaniyati xazinasidan o‘rin oldi, ularni hamon barcha qit’alardagi millionlab kitobxonlar sevib mutolaa qilishadi. E. Heminguey, Pablo Neruda, Antuan Sent Ekzyuperi, Anri Mario, Jorj Bemans va boshqa minglab yozuvchilar jahonga ispan xalqining kurashi haqidagi oʻchmas sahifalarni yozib qoldirdi. Insoniyat taqdiri uchun javobgar ekanliklarini anglagan yozuvchilar adabiyotni insonparvarlik va demokratiya uchun kuchli qurolga aylantirdi. Fashizmga qarshi kurashda Birinchi jahon urushiga qadar nom chiqargan va klassik romantizmdan endi tanqidiy realizmga o‘tgan yozuvchilar ham faol qatnashdilar. Birinchi jahon urushi va jahon iqtisodiy inqirozi keltirib chiqargan ikki jahon urushi oraligʻidagi davrda yaqqol namoyon boʻlgan ma’naviy iztiroblar ularni voqelik bilan ixtilofga kirishishga da’vat etdi. Axloqsiz va manfaatparast jamiyat tanqidi Arnold Sveyg (1887–1968), Tomas Mann (1875–1955), Genrix Mann (1871–1950), Romen Rollan (1866–1944), Lion Fextvanger (1884–1958) kabi dunyoga mashhur yozuvchilarning asarlarida, ayniqsa, ko‘zga yaqqol tashlandi. Bu adiblarning asarlari zamondoshlarining ongiga ta’sir koʻrsatib, ularda insonparvarlik dunyoqarashlarini shakllantirdi. Bu yozuvchilar ikki urushni boshdan o‘tkazgan bo‘lib, barchalari bitta — Birinchi jahon urushini qoralash va fashizmga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash marrasida sobit turishdi.

Antuan de Sent Ekzyuperi
Ozodlik, demokratiya va insonparvarlikka intilish ularning ideali hisoblanardi. Ular reaksiya va fashizm kuchlariga qarshi turishga qodir kuchli shaxsni kuyladi. O‘zining kitoblaridan birida Stefan Sveyg (1881–1942) shunday deb yozgandi: ʻʻShaharlarni vayron etib, davlatlarni yo‘q qilayotgan kuchlar bir inson oldida ojizlar, agar unda erkin qolish uchun iroda va ruhiy matonat yetarli boʻlsa, zero, millionlar ustidan o‘zini gʻolib deb bilganlar bitta erkin vijdonni bo‘ysundirishga qodir emasʼʼ.
Bu yo‘nalishdagi yozuvchilarning asarlari jahon madaniyatining ajralmas qismiga aylandi. Ular dunyo birdamligi, millat va xalqlarni yaqinlashtiruvchi va boyituvchi madaniy birdamlikni kuyladi. Insonparvar Yevropa madaniyati zulmga barham berishi lozim edi. Biroq barchani oldinda achchiq mag‘lubiyat kutmoqda edi.
Italiya va Germaniyada hukumat tepasiga fashistlar keldi. Natsistlarning irqiy doktrinasini qabul qilmagan madaniyat arboblari quvgʻin qilindi, kitoblar gulxanlarda yondirildi.
Ayrimlar bunga bardosh berolishmadi — 1942-yili Stefan Sveyg o‘z joniga qasd qildi. Boshqalar ishonchni yo‘qotmadilar va fashizmga qarshi kurashchilar safiga kelib qoʻshilishdi. Fashizmga qarshi kurash ular uchun Yevropa madaniyatini himoya qilish vositasi, ozodlik, insonparvarlik va demokratiyaga intilish esa — hayot va ijodning ma’nosiga aylandi.
Fashistlar hukumat tepasiga kelgan birinchi kundanoq yozuvchilar fashizmni dunyoga buyuk falokat keltiruvchi yovuz kuch sifatida baholashdi. Ular Germaniyada yolg‘on, zoʻrlik hukm surayotganidan, buning barchasi ularda faqat dahshat va nafrat uygʻotayotganidan ogoh etdi. Shu bilan birga, barcha ilgʻor ziyolilar singari ular: ʻʻFashizm orqasida kimlar turibdi? Kim uni hukumat tepasiga olib chiqdi, uning tayanchi kim?ʼʼ degan savolni berishdi. Tomas Mann shunday yozadi: ʻʻNatsional-sotsializm va fashizm barcha yerda tahdid solayotgan ijtimoiy inqilobga qarshi ko‘makchi vositalar boʻlib, ular bu inqilobni bostirish, qoralash, toʻxtatish, sekinlatishga qaratilgandirʼʼ. Uning fikricha, dunyoning fashizmga muruvvat ko‘rsatishi — u bilan murosa qilish va undan tahdid solayotgan ijtimoiy nizolarga qarshi kurashda foydalanishga urinish sabablari ham aynan shunda edi.
XX asrning buyuk yozuvchilari demokratiya, tinchlik va ozodlik gʻoyalariga sodiq qoldi.
O‘z dunyoqarashiga ko‘ra sotsializm g‘oyalarini yoqlagan, iste’dodi salmog‘i jihatidan esa Angliya madaniyatining yuksak choʻqqilaridan biri sanalgan ingliz yozuvchisi Bernard Shou (1856–1950) XX asr jahon madaniyatining yorqin yulduzi hisoblanadi. Uning asarlari butun dunyoda yuksak baholandi va 1925-yili Shou adabiyot sohasidagi Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.
Bernard Shouning jahon madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasi shundan iboratki, u ijtimoiy drama janriga asos soldi. Uning ʻʻJizzaki sotsialistʼʼ, ʻʻNoteng nikohʼʼ (1910), ʻʻPigmalionʼʼ (1912), ʻʻQalblar parchalanadigan uyʼʼ (1919) pyesalari yozuvchiga ulkan dovruq keltirib, uni jahon adabiyoti klassigi darajasiga ko‘tardi.
1929-yili Shou 75 yoshida burjua jamiyati va parlamentarizmiga qarshi oʻtkir siyosiy pamflet sanalgan ʻʻOlma ortilgan aravaʼʼ pyesasini e’lon qildi. Keyingi yillarda u jahon adabiyotining mumtoz namunalari qatoridan o‘rin olgan yana bir qancha pyesalar yozdi. 91 yoshida Shou ʻʻBayantning millionlariʼʼ nomli katta pyesani yozib tugatdi va bu pyesa London teatrlarida ikki oy davomida uzluksiz qo‘yildi. 1948-yili Shou ʻʻOlis kelajak haqida rivoyatʼʼ asarini tugatib, unda atom urushini qoraladi.
Angliya hukmron doiralari uchun Shou buyuk dahriyga aylandi, oddiy mehnatkash omma uchun esa u ilg‘or mutafakkir, insonparvar yozuvchi boʻlib qoldi. ʻʻFaqat hayotning o‘zi va insonning yalpi farovonlikka erishishi uchun yashasa arziydiʼʼ, deb yozdi B. Shou va bu soʻzlarda uning yorqin va uzoq umri ma’nosi koʻrinadi.
ʻʻForsaytlar dostoniʼʼ (1916–1921) va ʻʻBu kunning komediyasiʼʼ (1924–1928) trilogiyalarida u Angliya burjua jamiyatining epik manzarasini yaratdi. ʻʻForsaytlar dostoniʼʼ (1916–1921) va ʻʻBu kunning komediyasiʼʼ (1924–1928) trilogiyalanda u Angliya burjua jamiyatining epik manzarasini yaratdi. U Angliyani ʻʻmunofiqlar oroliʼʼ deb atab, hukmron doiralarning ikkiyuzlamachiligini, ijtimoiy munosabatlardagi illatlarni fosh qildi. 1932-yilda u ham Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.
AQSh buyuk Steynbekdan tashqari dunyoga yana bir qancha ulkan yozuvchilarni berdi. Ular orasida Teodor Drayzer (1871–1945) va Uilyam Folkner (1897–1962) alohida o‘rin tutadi.
Teodor Drayzerning ʻʻBaxtiqaro Kerriʼʼ (1900), ʻʻAmerika fojiasiʼʼ (1925), ʻʻAyollar galereyasiʼʼ (1929), ʻʻTongʼʼ (1931) romanlari hamda ʻʻKorchalonʼʼ va ʻʻDahoʼʼ romanlarining davomi sanalgan ʻʻMardʼʼ (1945) romani AQSHdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga bag‘ishlangan. Ularda zamonaviy jamiyat shaxs bilan qanday ish tutishi va shaxsning hukmron sinflar qarshisida nechog‘li ojizligi haqqoniy tasvirlangan. Har qanday yo‘l bilan boylik orttirishga bo‘lgan urinishni Amerikaga xos odatiy xususiyat deb hisoblagan T. Drayzer oʻzining bosh romanini ʻʻAmerika fojiasiʼʼ deb nomladi.
Drayzer romanlarida ko‘pchilik yetishishi mahol bo‘lgan to‘q va dabdabali hayot haqidagi ʻʻAmerika orzusiʼʼ bilan millionlab amerikaliklar ustidan hukmron qashshoqlik o‘rtasidagi nomutanosiblikka urgʻu berdi. U Amerika milliy tajribasining o‘ziga xos sintezi sanalgan XX asr birinchi yarmidagi Amerika jamiyatining atrofli manzarasini yaratdi.
1930-yili ʻʻAmerika fojiasiʼʼ romani ekranlashtirildi. U butun dunyoni aylanib chiqdi. Butun dunyoda uni ʻʻhaqiqiy Amerika fojiasiʼʼ deb nomlashdi. Amerika reaksion kuchlarining xurujlari, qoʻrqitish, do‘q-po‘pisa va matbuotdagi ta’qiblarga qaramay, AQSH jamoatchiligi Drayzerning Amerika madaniyatini yuksaltirishga qo‘shgan hissasini yuksak baholadi. 1944-yili Amerika san’at va adabiyot akademiyasi yozuvchini faxriy oltin medal bilan taqdirladi. Yozuvchiga yuborilgan ushbu qaror haqidagi xatda mazkur mukofot unga faqat ʻʻAmerika fojiasiʼʼ, ʻʻBaxtiqaro Kerriʼʼ, ʻʻO‘n ikki erkakʼʼ kabi badiiy jihatdan yuksak asarlari uchun emas, nasrda chinakam tirik insonlar va haqiqiy Amerikani tasvirlagan pioner sifatidagi jasorati va to‘g‘riso‘zligi uchun ham berilayotgani aytilgandi. T. Drayzerning kitoblari jahon adabiyoti xazinasiga qoʻshilgan buyuk hissa bo‘lib, hanuz butun dunyo kitobxonlari orasida ma’lum va mashhurdir.
Qishloq hayoti, ʻʻkichik vatanʼʼ haqida yozuvchi ko‘plab adiblarning paydo boʻlishi Amerika madaniy hayotida yirik voqea boʻldi. Ular orasida buyuk Amerika yozuvchisi Uilyam Folkner, ayniqsa, alohida o‘rinni egallaydi. U nisbatan qisqa umr koʻrganiga qaramay, jahon adabiyoti cho‘qqisiga ko‘tarilishga muvaffaq boʻldi.
Folkner G‘arb yozuvchilari orasida birinchi boʻlib qishloq hayotiga murojaat qildi.
Taraqqiy etgan Amerikada u qishloqqa nigoh tashladi va bu yerda inson qalbi uchun zarur barcha xislatlar mujassamligini tushundi. Folkner mamlakat taraqqiyotining tabiiy omili shaxs, oila, vatan va jamiyat ekanini ko‘ra bildi. Bu zanjirning bo‘g‘imlari tarixiy vaziyatdan kelib chiqib almashishi mumkin, biroq ulardan bittasining ajralishi ham butun zanjirning uzilishiga olib keladi.
U. Folkner insonparvar yozuvchilarning buyuk maktabiga mansub. U oddiy narsalar haqida murakkab, biroq realistik tilda yozdi. ʻʻVoqeani aytish, nohaqlik haqida hikoya qilishning o‘zi ba’zan kifoya emas. Bu odamlarga ta’sir qilmaydi. Yozuvchi bunga o‘z iste’dodini qoʻshishi, haqiqatni olib, odamlar xotirasida qolishi uchun uning ostiga o‘t yoqishi lozimʼʼ, deb yozgandi u.
Folknerning o‘smirligi amerikaliklar ʻʻolis janubʼʼ deb ataydigan Missisipi janubidagi Oksford shaharchasida o‘tdi. Folkner dastlabki ikki romani — ʻʻAskarlik mukofotiʼʼ (1926) va ʻʻChivinlarʼʼ (1927)ni xuddi shu yerda yaratdi. Biroq bu ilk mashqlar edi. Folknerga chinakam shuhratni uchinchi romani — ʻʻSartorisʼʼ (1929) keltirdi. Uning qadrdon zamin bilan bog‘liq asarlar majmuyi aynan shu romandan boshlandi. Ularda yozuvchi Amerika janubining xususiyatlari zohir o‘ziga xos kichik olamni yaratdi.
Yozuvchi ijodida ʻʻAvgustdagi nurʼʼ (1932) romani muhim bosqich bo‘ldi. Bu romanda yozuvchi ilk bor janubdagi eng o‘tkir muammo — irqiy munosabatlar muammosiga murojaat qildi. Romanga qahramon sifatida adib jamiyatning quyi tabaqalari vakillari — daydi, qashshoq fermerning qizi, ishchi va sobiq ruhoniyni tanladi. Daydi Jo Kristinas fojiasi, uning irqiy taassublar qurboni bo‘lishi voqeasi romanning asosiy mazmunini tashkil etadi. U Folkner odamlarning ichki dunyosi va hayotini mayib qilayotgan jamiyatni ayovsiz fosh qildi, zulm, mutaassiblik qurbonlariga hamdardlik bildirdi. Roman hayotbaxsh xotima hamda ozodlik va adolat g‘oyalari g‘alaba qozonishiga ishonch bilan yakunlanadi.
Irqiy munosabatlar mavzusini Folkner o‘zining keyingi — ʻʻAvessalom! Avessalom!ʼʼ (1936), ʻʻBo‘ysunmaganlarʼʼ (1938), ʻʻTushgin, Moiseyʼʼ (1942) romanlarida ham davom ettirdi. Ajoyib psixologik trilogiya — ʻʻQishloqchaʼʼ (1940), ʻʻShaharʼʼ (1957) va ʻʻQo‘rg‘onʼʼ (1959) Folkner ijodining cho‘qqisi hisoblanadi. Unda Folkner ijodining asosiy tamoyillari — rahmdillik va insonparvarlikni nihoyatda yorqin va chuqur aks ettirdi. 1949-yili u adabiyot sohasidagi Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.
She’riyat
XX asrda butun dunyoda she’riy ijodning oʻsishi qayd etildi. Bu qadar ko‘p iste’dodli va rang-barang shoirlar biror-bir asrda bo‘lmagandi. Agar fan va texnika bilan bog‘liq boshqa yutuqlar bo‘lmasa, uni she’riyat asri deb atash mumkin edi. XIX asr she’riyatining estetik qonunlaridan hatlab o‘tildi. Prinsipial jihatdan yangi yo‘llar paydo boʻldi, shaklga emas, mazmunga ko‘proq e’tibor berila boshlandi. She’riyatga yangi tip shoirlar — shoirning ijtimoiy vazifasi dunyoni yangilash jarayonida faol qatnashishdan iborat deb tushungan faylasuf shoirlar kirib keldi.
XX asr she’riyati asrning buyuk falsafiy gʻoyalarini tajassum etib, kitobxonlarni inson hayotining ma’nosi, tiriklikning asosiy qadriyatlari haqida jiddiy bosh qotirishga undadi. Shu bilan birga barcha yirik shoirlar badiiy-estetik saviyasining yuksakligi bilan farq qildilar. Bu shoirlarning insoniyat oldidagi ulkan xizmati shundaki, ular jahonda urushlar va ijtimoiy inqirozlar hukm surgan davrda ham ruhiy go‘zallik, kelajakka ishonch va romantika olamini saqlab qolishdi.
Hozirgi zamon jahon she’riyatining buyuk namoyandalari qatorida ijodi jabrdiyda xalq bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan demokratik yoʻnalishdagi shoirlar muhim o‘rin egallashadi. Ular shovinizm va nafratdan xoli o‘ziga xos ma’naviy qadriyatlarga intildilar, tinchlik, ozodlik, taraqqiyot va demokratiyani kuylashadi. Bu yoʻnalishdagi shoirlar orasida nemis shoiri Bertold Brext (1898—1956) va ispan shoiri Federiko Garsia Lorka (1898—1936) alohida o‘rin tutdi.
B. Brext hozirgi zamon she’riyati novatori sifatida maydonga chiqdi. Uning she’riyati dunyoni yangilash uchun kurashda jangovar pamfletga aylandi. U fashizm va diktaturaga qarshi kurashga chorlovlarga to‘liq, oddiy mehnatkashlarga sadoqat va muhabbat ruhi bilan sug‘orilgandi.
Brext nemis shoiri bo‘lsa-da, tafakkur doirasining kengligi ko‘targan muammolarining chuqurligi jihatidan dunyo miqyosidagi shoir darajasiga koʻtarildi. Brextning burjua olami manmanligi va ochko‘zligiga qarshi qaratilgan ilk she’rlari koʻchalardagi qoʻshiqchilar tomonidan kuylanar, xalq orasida mashhur bo‘lib borardi. Brext hukmron doiralarning asl basharasi va hayvoniy hirslarini, voqelikning buzuqligi va axloqsizligini fosh qildi. Uning ijodi ko‘p qirrali edi. Biroq asosiy oʻrinni unda pyesalar egallaydi. Ularda hayotning ma’nosi, oila, burch, sevgi va inson qadr-qimmati haqidagi chuqur falsafiy qarashlar mujassam. ʻʻUch pullik operaʼʼ (1928), ʻʻKurash momo va uning bolalariʼʼ (1939), ʻʻGalileyning hayotiʼʼ (1939), ʻʻSichuanlik muruvvatpeshaʼʼ (1940), ʻʻArtur U. I. ning martabasiʼʼ (1941) peysalari she’riy uslubning yuksak namunasi hisoblanib, insonparvarlik va urushga qarshi kurash ruhi bilan sugʻorilgan. 1931-yilda Brext bunday deb yozgandi:
Ey dunyoning xalqlari,
Kulfat kuni qo‘zg‘oling!
Bu kurrayi zaminni
Volidangiz deb biling.
Oq, sariq, qizil, qora!
Og‘a qonin to‘kmangiz!
Axir dunyo juda keng,
Yetar bizga boshpana.
Kim agar yolgʻiz boʻlsa,
O‘lim uni yiqajak.
Do‘stga yordam bermagan
O‘zi nobud bo‘lajak.
Zolimlarga hech kun yo‘q
Bo‘lsa do‘stlar ittifoq.
Zolimlar ot ustida
Toki biz qilsak nifoq.
Brextning birdamlik va kurashga chorlovchi she’rlari jahonda demokratiya, ozodlik va tinchlikning barqarorligi uchun kurashda ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.
XX asrning buyuk shoirlaridan biri boʻlgan Federiko Garsia Lorka ispan she’riyatining faxri hisoblanadi. Uning she’rlarida ispan xalqining dardi, fojiali tarixi o‘z aksini topdi. Lorka Andaluziyada, Grenada yaqinida dunyoga keldi. Uning oddiy ispan xalqi orasida kechgan umri bu xalqning ma’naviy merosi bilan chambarchas bogʻlandi. Xalq she’riyati, ertak va afsonalaridan u chuqur mazmun, ohang topib ular asosida o‘zining go‘zal she’riyatini yaratdi. Bu she’riyat mamlakat ma’naviyatini yuksaltirdi, uning adabiy faxri va shuhratiga aylandi.
1928-yili Lorka ʻʻLo‘li romanserosiʼʼ nomli katta she’rlar to‘plamini e’lon qildi, shoir Ispaniyaning bu qadimiy xalq og‘zaki ijodi an’anasini tikladi va yangiladi. 1931-yili Primo de Rivera diktaturasi o‘rniga hokimiyat tepasiga kelgan yangi respublikachilar hukumati Lorkaga oʻzining sayyor teatr guruhini tashkil qilishga ruxsat berdi va shoir u bilan mamlakat boʻylab sayohatga otlandi. ʻʻLa Barrokoʼʼ (Tomosha) nomini olgan bu talabalar teatri butun mamlakatni aylanib chiqdi. Lorkaning bu teatr uchun yozgan pyesalari she’riy klassikaga aylandi. Ular orasida ʻʻQonli toʻyʼʼ, ʻʻYermaʼʼ, ʻʻDonya Rositaʼʼ, ʻʻBernardo Albaning uyiʼʼ pyesalari ajralib turadi. Bu pyesalarda qaygʻuli qismatlar aks ettirilgan, biroq shu bilan birga, ularda inson qalbining yuksak boyligi — sadoqat kuylanadi.
Fuqarolar urushi yaqinlashayotganini sezgan Lorka 1936-yilda siyosiy fojia ustida ish boshladi. Lorkaning hayoti va she’riyati bevaqt uzildi. 1936-yil 19-avgustda Grenada ostonasidagi Visnor qishlog‘i yaqinida u Ispaniyaning qonuniy hukumatiga qarshi tomonidan otib tashlandi.
Men ismingni takrorlayman
Zulmatli bu oqshomda.
U uzoqda sado berar,
Har galgidan uzoqda.
Bu ism yulduzdan-da olisda.
Horg‘in yomg‘irdan-da gʻamgin.
Sevarmanmi men seni tagʻin,
Qachonlardir sevganim yangligʻ?
Nahot mening yuragim aybli?
Sevgim qanday boʻladi, agar
Bu oq tuman tarqalsa-ketsa?
Muloyim va yorugʻmi?
Bilmam.
Oyga boqib fol ochsam, qani
Gul bargini uzgandek kabi.
Brextning birdamlik va kurashga chorlovchi she’rlari jahonda demokratiya, ozodlik va tinchlikning barqarorligi uchun kurashda ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.