Lotin Amerikasi xalqlarining ozodlik va mustaqillik uchun kurashi




Lotin Amerikasi davlatlarining yarim mustamlakaga aylantirilishi

Lotin Amerikasi shimolda Meksika chegaralaridan boshlanib, janubda Olovli yergacha cho‘zilgan. Faqat torgina Dreyk bo‘g‘ozi Lotin Amerikasini Antarktidadan ajratib turadi. Qit’a hududining katta qismi abadiy yashil o‘rmonlar, dunyodagi eng yirik qalin savannalardan iborat. O‘rmonlarda texnika va tibbiyot uchun ahamiyati beqiyos bo‘lgan qimmatbaho daraxt turlari, rezina ishlab chiqarishda bebaho xomashyo sanalgan kauchuk olinuvchi daraxtlar ko‘plab o‘sadi.

Lotin Amerikasi zamini foydali qazilmalar — temir rudasi, mis, molibden, xrom, tabiiy gaz, uran rudasi, marganets, nikel, kobalt, volfram, qo‘rg‘oshin, rux, qalay, surma, fosfatlar va boshqa qazilmalarga juda boy. Tabiiy boyliklarining hajmi va xilma-xilligi jihatidan hech bir qit’a Lotin Amerikasiga tenglasha olmaydi.

Lotin Amerikasi bu yerda o‘z rivojlanayotgan sanoati uchun xomashyo olishni va ulkan mol o‘tkazish bozoriga ega bo‘lishni ko‘zlagan AQSHning va Yevropadagi yirik davlatlarning e’tiborini ko‘pdan o‘ziga tortib keladi. XIX va XX asr chegarasida ular Lotin Amerikasida keng ekspansiyani avj oldirdilar. 1903-yilda AQSH Panama kanali hududini “abadiy” foydalanish uchun sotib olib, muhim strategik mavqeni qo‘lga kiritdi.

AQSH agrar munosabatlarning sodda shakllarini saqlab qolishga, Lotin Amerikasi mamlakatlarini o‘zining agrar xomashyo “dum”iga aylantirish maqsadida uni iqtisodiy ixtisoslashtirishni kuchaytirishga urindi. Argentina va Urugvay — bug‘doy, go‘sht, jun, Braziliya — qahva va kauchukni yirik miqdorda yetishtiruvchi, Boliviya — qalay, Chili — mis va selitra, Meksika va Venesuela — neft yetkazib beruvchi davlatlarga aylandi. Asosan, AQSHga meva yetkazib berish bilan shug‘ullangan Markaziy Amerika mamlakatlari “bananli respublikalar” nomini oldi. Bu yerda Nikaragua, Paragvay, Salvador, Panama va Kosta Rikada yuksak mavqega ega bo‘lgan AQSHning yirik “Yunayted frut kompani” kompaniyasi xo‘jayinlik qildi.

Kuba shakarqamish yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Kuba, Panama, Gaiti, Nikaragua, Dominika respublikasi kabi mamlakatlar AQSHning yarim mustamlakasiga aylantirildi. Ularda hokimiyat tepasiga harbiy xuntalar keldi. Mamlakatni boshqarishni ular oilaviy ishga aylantirdi. AQSHning pullari evaziga ulkan qurolli kuchlarni saqlab turdi.

Lotin Amerikasi xalqlari xorijiy kompaniyalarning tazyiqiga qarshi ozodlik va mustaqillik uchun muntazam kurash olib bordi. Bu kurashda demokratik xususiyatga ega Meksika inqilobi yirik hodisa bo‘ldi. U 7 yil (1910–1917) davom etdi va mustaqil Meksika respublikasining e‘lon qilinishi bilan tugadi. Meksika inqilobi qit’ada ozodlik harakatlari silsilasining boshlanishiga turtki berdi va ular Lotin Amerikasi mamlakatlarining yirik davlatlarga qaramligi zaiflashib, mustaqilliklari mustahkamlanishiga olib keldi.


Lotin Amerikasi mamlakatlari Birinchi jahon urushidan keyin

Birinchi jahon urushi qit’ada iqtisodiyotning o‘sishiga imkon yaratdi. Yevropa tayyor mahsulotlari importining qisqarishi bu yerda qayta ishlash sanoatining rivojlanishiga turtki berdi. Peru, Kolumbiya, Venesuela, Kuba va boshqa mamlakatlarda olinayotgan foydali qazilmalar hajmi ko‘paydi, qishloq xo‘jalik xomashyosini ishlab chiqarish va tashqi savdo hajmlari ham oshdi. Shu bilan birga milliy burjuaziya va milliy ishchilar sinfi, o‘rta va mayda savdogarlar tabaqasi ham o‘sdi.

Biroq Birinchi jahon urushidan so‘ng yirik davlatlarning Lotin Amerikasidagi ekspansiyasi yanada kuchaydi. Shu bilan bir vaqtda jahon bozorida Lotin Amerikasi mollari (oziq-ovqat mahsulotlari, qahva, selitra, mis, neftga bo‘lgan talab kamaydi. Bu qit’adagi qator mamlakatlarning iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir qildi. Mehnatkashlarning turmush darajasi keskin pasaydi.

Birinchi jahon urushi tugashi bilan Lotin Amerikasi mamlakatlari hayotida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu, eng avvalo, ijtimoiy nizolarning kuchayishida aks etdi.

Qit’adagi barcha mamlakatlarda ishchilarining yirik ish tashlashlari, dehqonlarning qo‘zg‘olonlari, talaba va ziyolilarning inqilobiy namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ular ta’lim tizimini isloh qilish, siyosiy hayotni demokratlashtirish, agrar islohotlarni amalga oshirishni talab qildi. Inqilobiy harakat to‘lqinida eski kasaba uyushmalari markazlari mustahkamlandi, ulkan mehnatkash ommani birlashtirgan yangi kasaba uyushmalari vujudga keldi. Lotin Amerikasi mamlakatlarining hukmron doiralari ayrim yon berishlarga borishga va islohotlarni o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Deyarli barcha mamlakatlarda sakkiz soatli ish kuni, yakshanbada dam olish, ijtimoiy sug‘urta va shu kabilar joriy qilindi. Qit’adagi mamlakatlarning iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklaridan foydalangan yirik davlatlar ularning iqtisodiyotiga faol aralashishga kirishdi. 20-yillarga qadar Lotin Amerikasiga sarmoya joylashtirish borasida Angliya birinchi o‘rinda turardi. Biroq 20-yillar oxiriga borib AQSH bu borada Angliyani ancha chetga surdi. 30-yillar oxiriga borib esa yirik AQSH kompaniyalari bu yerda hal qiluvchi mavqeni qo‘lga kiritdi. AQSH elektr stansiyalari, temiryo‘llar, pochta, telegraf, neft va tog‘-kon sanoatini o‘z nazorati ostiga oldi.

Xorijiy sarmoyaning tazyiqi Lotin Amerikasi jamiyati ijtimoiy-iqtisodiy tizimining konservatsiyalanishi va jahon ijtimoiy taraqqiyoti darajasidan ortda qolishiga olib keldi. 20-yillarda iqtisodiy faol aholining 66%i qishloq xo‘jaligida ishlab, faqat 14%igina ishlab chiqarishda band etilgan edi. Xorijiy sarmoyaning tazyiqi bu yerda yaratiluvchi boyliklarning asosiy qismi chet elga chiqib ketishiga imkon yaratardi.

Lotin Amerikasi mamlakatlari rivojlangan davlatlarning xomashyo “dum”iga aylanib qoldi. Oziq-ovqat mahsulotlari, foydali qazilmalar bu yerdan past narxlarda olib ketilib, tayyor mahsulot ko‘rinishida tannarxidan bir necha o‘n baravar yuqori narxlarda qaytib kelardi. Teng huquqli bo‘lmagan bitimlar majburan qabul qildirilar, xalqqa qarshi tuzumlar qaror topar edi.


Lotin Amerikasi mamlakatlari ikkinchi jahon urushi arafasida

XX asrning 30-yillarida Lotin Amerikasi qit’asiga harbiy-fashistlar ittifoqi mamlakatlari — Germaniya, Italiya va Yaponiyaning faol ta’sir ko‘rsatishi kuzatildi.


Ikkinchi jahon urushiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bu mamlakatlar Lotin Amerikasidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, strategik xomashyo, neft, rangli metallar, selitra xarid qildi. Germaniya sarmoyasi Argentina, Braziliya, Chili, Paragvay iqtisodiyotiga faol joylashtirilib, bu mamlakatlardagi hukmron sinflarning siyosatiga tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsata boshladi. Nemis muhojirlarining ko‘pligidan foydalanib, gitlerchilar bu yerda fashistik tashkilotlarni ko‘paytirdi, natsizm mafkurasini tarqatishga urindi.

Gitler Germaniyasi rahbariyatining diqqat markazida Janubiy Amerikadagi eng yirik davlatlar hisoblangan Argentina va Braziliya turdi. Bu mamlakatlarda qo‘shin boshliqlari fashizm andozasidagi harbiy diktatura o‘rnatilishini orzu qilardi. Ofitserlar korpusi nemis harbiy instruktorlari tomonidan o‘qitilgan bo‘lib, qo‘shin ham fashistlar qo‘shini namunasi bo‘yicha tuzilgandi. Argentina va Braziliya fashizm ekspansiyasining Janubiy Amerikadagi tayanchi bo‘lishi lozim edi. Gitlerchilarga Italiya fashistlari ham ko‘maklashib, Braziliya, Chili va Argentinada o‘z tayanch punktlarini barpo etdi. Bu yerda tashkil etilgan fashistik tashkilotlar hokimiyatni egallash uchun qurolli chiqishlar tayyorladi.

Biroq fashistlarning Janubiy Amerikada hokimiyatni egallash borasidagi rejasi chippakka chiqdi. Germaniya va Italiya bu yerdan o‘zlarining G‘arbiy Yevropadagi raqiblarini siqib chiqarishga iqtisodiy jihatdan zaiflik qildilar. Iqtisodiyotda yetakchi marralarni egallashga bo‘lgan urinishlar bir nechta firma tashkil qilish va savdoni birmuncha kengaytirish bilan yakunlandi.

Ijtimoiy-siyosiy hayotda fashistlarning hokimiyatni egallashga bo‘lgan urinishi liberal-demokratik kuchlar boshchiligidagi antifashistlarning qudratli demokratik harakati qarshiligiga uchradi. Meksikada L. Kardenas (1934–1940)ning demokratik hukumati, Xalq fronti harakatiga tayanib, 1938-yilda general Sediloning fashistlar ko‘magida harbiy to‘ntarish uyushtirishga bo‘lgan urinishini chippakka chiqardi. Bu Lotin Amerikasi qit’asida fashizmga qarshi kurashda keskin burilish yasadi.


Fashistlar hokimiyatni Ispaniyadagi kabi egallashni uddalay olmadi. Meksikadan Kolumbiya, Kuba va Chili ibrat oldi. Ayniqsa, Chilida ro‘y bergan o‘zgarishlar katta ahamiyatga egadir. Bu yerda demokratik tashkilotlarning keng ommasi ko‘magida hukumat tepasiga demokratik kuchlar vakili senator Salvador Alyende boshchiligidagi Xalq fronti keldi.

Lotin Amerikasi xalqlari qit’aga fashizmni kiritmadi. Bu Ikkinchi jahon urushidagi kuchlar nisbatida katta o‘rin tutdi. Biroq fashizmga tarafdor kuchlar to‘liq tor-mor etilmadi va ular Ikkinchi jahon urushi yillari Lotin Amerikasi mamlakatlarining antifashistlarning demokratik ittifoqi tomonida urushga qo‘shilishlariga faol to‘sqinlik qildilar.

AQSH qo‘shini tarkibiga harbiy-havo kuchlari eskadrilyasi (9–25 ta samolyot yoki vertolyotdan iborat aviaguruh)ni Filippinga jo‘natgan Meksika hamda 5 ming kishilik (ittifoqchilar qo‘shini tarkibiga kirgan) ekspeditsiya korpusini Italiyaga yuborgan Braziliyadan tashqari. Lotin Amerikasi mamlakatlari urushda bevosita ishtirok etmadi.


Braziliya

1922-yilda Braziliyada prezident Bernardisning ochiq-oydin terroristik diktaturasi o‘rnatildi. Demokratik erkinliklar chegaralandi, mehnatkashlarning namoyishlari ayovsiz ta’qib ostiga olindi. 1930-yilda davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyat tepasiga yirik chorvador boy Vargas keldi. U konstitutsiyani bekor qilib, parlamentni tarqatib yubordi va inqilobiy harakatni yanada shafqatsizlik bilan bostirishga kirishdi. Kasaba uyushmalarining siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlab qo‘yildi. Vargasning tuzumi 1945-yilgacha saqlanib qoldi.


Kuba

Kuba XX asr boshidan AQSHning ulkan shakarqamish plantatsiyasiga aylantirildi. 1924-yilda AQSHning moliya sarmoyasi yordamida Kubada hokimiyatni AQSHdagi “Kloben elektrik kompani” kompaniyasining sobiq vitse-prezidenti Xerardo Machado qo‘lga kiritdi. U shafqatsiz terroristik tartib o‘rnatdi. Machadoning tuzumi yordamida AQSH sarmoyasi Kubaning jami iqtisodiyotini o‘ziga to‘la bo‘ysundirdi.

Shakar va tamaki sanoatidan tashqari, AQSH tog‘-kon sanoati, energetika sohasi, qayta ishlash sanoati, transport va jami shahar xo‘jaligini qo‘lga kiritdi. AQSHning qo‘llab-quvvatlashiga tayangan Machado har qanday muxolifatni yo‘q qilish uchun kurashdi. Ishchilar harakati, dehqonlar, kasaba uyushmalari va talabalar tashkilotlari qatag‘on qilindi. Machado hukmronligi yillari uning diktaturasiga qarshi borgan 3 mingga yaqin kishi qatl etildi. Machado ba’zan shaxsan o‘zi mahbuslarni akulalarning komiga itqitardi.

1928-yilda u o‘zining prezidentlik lavozimiga kelgusi muddatga saylanishini uyushtirdi. Bunga javoban Kubada AQSHning ochiq-oydin malayi bo‘lgan xalqqa qarshi diktaturani ag‘darib tashlash uchun kuchli harakat boshlandi. 1933-yiI 12-avgustda Machado Kubadan qochdi. 1934-yil 1-yanvarda Kubada AQSHning boshqa bir malayi — Batista diktaturasi o‘rnatildi. Mamlakatda harbiy-politsiya terroriga tayangan tuzum qaror topdi.


Nikaragua

Nikaraguada AQSH o‘z nazoratini qurolli tazyiq o‘tkazish yo‘li bilan o‘rnatishga urindi. Mamlakat deyarli AQSHning “Yunayted frut kompani” kompaniyasi mulkiga aylandi. Sesaro Augusto Sandino rahbarligidagi partizanlik harakati bostirilib, uning o‘zi AQSH gumashtasi general Anastasio Somosa tomonidan qatl qilindi. 1936-yildan boshlab Somosa Nikaragua diktatorligini qo‘lga kiritdi va mamlakat ustidan AQSHning to‘la hukmronligini o‘rnatdi.


Chili

Shu bilan birga qator Lotin Amerikasi mamlakatlarida AQSH manfaatlarida va AQSH monopoliyalari ko‘magi bilan harakat qilgan reaksion kuchlar o‘z hukmronliklarini o‘rnatishni uddalay olmadilar. Bir tomondan, AQSH Yevropadagi o‘z raqiblari (birinchi navbatda Germaniya va Angliya)ning qat’iy qarshiligi hamda mahalliy milliy burjuaziyaning qarshiligiga uchradi. Qit’a mamlakatlarining xorijiy sarmoya tazyiqiga qarshi kurashi ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Lotin Amerikasi xalqlari xorijiy sarmoyaga qarshi ozodlik va mustaqillik uchun kurashda qo‘lga kiritgan eng yirik natija 1938-yilda Xalq fronti Chilida erishgan g‘alaba hisoblanadi. Bu ishchi va dehqonlar, mayda va o‘rta burjuaziya hamda barcha vatanparvar kuchlarning ittifoqi edi. Mamlakat prezidentligiga Pedro Agirra Serda (1938–1941) saylandi. U tuzgan hukumatga radikal demokratik va sotsialistik partiyalarning vakillari kirdi. Kompartiya hukumatni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Prezident Agirra 1932-yildan so‘ng harbiy diktatura davrida bekor qilingan fuqaroviy erkinliklarni qayta tikladi. Hukumat tomonidan xorijiy tazyiqdan xoli milliy iqtisodiy rivojlanishning keng dasturi ishlab chiqildi.


Venesuela

Jiddiy o‘zgarishlar Venesuelada ham yuz berdi. Mamlakat butun qit’aning neftga bo‘lgan talabini qondirgan Lotin Amerikasidagi birinchi mamlakat bo‘ldi. 1933-yildan u 17 mln t, 1935-yilda — 27 mln t, 1937-yilda — 30 mln t neft qazib oldi. Neft konlari ishchilari mamlakatdagi vatanparvarlik harakatining bosh kuchiga aylandi.

Bu harakat o‘z faoliyatini mamlakatni AQSH monopoliyalari tazyiqidan xalos etish va demokratik islohotlarni o‘tkazishga qaratdi. Ularning tashabbusi bilan 1936-yili mamlakatda prezident Eleasar Kontreras (1935–1941)dan demokratik erkinliklar, kasaba uyushmalari huquqlarini tiklashni va ijtimoiy islohotlar o‘tkazishni talab qilgan ommaviy namoyishlar avj oldi. Vatanparvar kuchlarning tazyiqi ostida prezident fuqarolarning shaxsiy huquqlarini kafolatlovchi mamlakat konstitutsiyasini qabul qilishga majbur bo‘ldi. Bir vaqtning o‘zida har bir shtat o‘z konstitutsiyasini qabul qildi.


Kolumbiya va Peru

Boshqa yirik mamlakatlarning ikki urush o‘rtasida kechgan davrdagi ahvoli o‘ta beqaror bo‘ldi. Bir tomondan, demokratik erkinliklar, ijtimoiy islohotlar hamda ichki va tashqi siyosatda mustaqil yo‘l tutish uchun kurashgan vatanparvar kuchlar ancha o‘sdi, ikkinchi tomondan esa ular AQSHning yanada shafqatsiz zulmiga duchor bo‘ldilar.

Bu davrda Lotin Amerikasi davlatlari o‘rtasida o‘t olgan nizolar qit’ada demokratik harakatning rivojlanishiga to‘g‘anoq bo‘ldi. 1932-yil sentyabrida Kolumbiya va Peru o‘rtasida Kolumbiya janubi, Amazonkaning yuqori tomoni — Letisiya hududidagi boy neft koni orqasidan qonli urush boshlandi. Bu yerga Peru qo‘shinlari kirib keldi.

Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar to‘xtatildi. Harbiy harakatlar 9 oy davom etdi, minglab askarlar va o‘n minglab tinch aholi halok bo‘ldi, yuzlab qishloqlar vayron etildi. Faqat 1934-yilning may oyida ikki mamlakat o‘rtasida sulh tuzildi va unga ko‘ra Letisiya Kolumbiyaga qaytarildi. Urush natijasida ikkala mamlakatda ham reaksion kuchlar o‘z mavqelarini mustahkamladilar. Kolumbiyada hokimiyat tepasiga prezident Eduard Santos keldi va oldingi prezident boshlagan islohotlarni to‘xtatdi. U prezidentlik qilgan davrda mamlakatda AQSH monopoliyalarining hukmronligi qaror topdi. Peruda hokimiyat fashizm tarafdori bo‘lgan general Oskar Benavides (1933–1939) qo‘liga o‘tdi. U mamlakatda terrorga asoslangan tuzumni o‘rnatdi va demokratik erkinliklarni deyarli tugatdi. Shundan so‘ng Peruda ham AQSHning mavqeyi mustahkamlandi.


Boliviya va Paragvay

1932-yili Boliviya va Paragvay o‘rtasida 20-yillarda boy neft konlari ochilgan Chako Boreal viloyati orqasidan nizo chiqdi. 1927–1928-yillardayoq Boliviya-Paragvay chegarasida qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan edi, 1932-yilda ular chinakam urushga aylandi. Paragvay qo‘shini bahsli hududga bostirib kirdi va uning katta qismini egallab oldi. Urush ikkala tomonga ham qimmatga tushdi. 250 ming kishi halok bo‘ldi va yaralandi. Urush natijasida ikkala davlatning ham iqtisodiyoti katta zarar ko‘rdi. 1935-yil iyunida harbiy harakatlar to‘xtatildi. 1938-yil 21-iyulda esa sulh bitimi imzolanib, unga muvofiq hududning katta qismi AQSHning yirik “Standart oyl kompani” tresti qo‘liga o‘tdi.


Qisqacha mazmun

  • Lotin Amerikasi mamlakatlari — boy tabiiy manbalarga ega qit’alardan biri;
  • AQSHning va Yevropa mamlakatlarining Lotin Amerikasi mamlakatlarini xomashyo manbai va tayyor mahsulotlarni sotish bozoriga aylantirishga urinishi;
  • 1910–1917-yillar — Meksikadagi inqilob mustaqil Meksika respublikasining e’lon qilinishi bilan yakunlandi;
  • 20–30-yillar — Lotin Amerikasi xalqlarining ozodlik va mustaqillik uchun kurashi;
  • Lotin Amerikasi mamlakatlari xalqlarining fashizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashi;
  • 40-yillar — Lotin Amerikasidagi aksariyat mamlakatlar agrar hamda AQSH va Yevropa davlatlarining xomashyo “dum”lari bo‘lib qoldi.