Jahon urushi, uning borishi va jahon tarixidagi o’rni


Urushning sabablari

XIX asr oxiri — XX asr boshlarida dunyoni qaytadan bo‘lib olish uchun boʻlgan kurash Yevropa davlatlarining ikki guruhi shakllanishiga olib keldi. Birinchi guruhda Germaniya boshchiligidagi Avstro-Vengriya, Turkiya va Bolgariya bor edi. Ikkinchi guruhga esa Angliya, Fransiya va chor Rossiyasi kirgan edi. Keyinroq unga Italiya, Yaponiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa davlatlar qo’shildilar.


Davlatlaming mazkur ikki guruhi oʻrtasida bosib olingan yerlarni bo‘lib olish, ular ustidan bosimni qaytadan taqsimlash va XX asr boshlarida vujudga kelgan kuchlarning o ʻziga mos ravishda yangi jahon tartiblarini qaror toptirish uchun kurash borardi. Bu shiddatli va ayovsiz kurashning oʻziga xos xususiyati shunda ediki, u xalq manfaatlari uchun emas, balki hali boʻlib olinmagan yerlarni qoʻlga kiritish uchun intilayotgan yirik sarmoya egalarining manfaati uchun olib borilmoqda edi.


Bu — dunyoni qaytadan bo‘lib olish, ulkan daromad va jahon bozorida alohida imtiyozlarga ega bo‘lish uchun kurash edi. XX asr boshlarida Germaniya qudratli davlatga aylandi va mustamlaka yerlardan o‘z ulushini talab qila boshladi. U Britaniya imperiyasi uchun jiddiy xavfga aylandi. Kuchli nemis dengiz flotining yaratilishi Britaniya imperiyasining mavqeyiga ham zarba edi. Chunki Angliyaning dengizlardagi ustunligi mustamlaka yerlardagi hukmronligining ustunligini ham kafolatlar edi. Germaniyaning Afrikadagi mustamlakalarga daʼvosi bu qitʼadagi fransuz va inglizlarga qaram yerlarga ham xavf tugʻdirardi.


Nihoyat, Germaniyaning Sharqiy O‘rta Yer dengizi mamlakatlariga kirib kelishi va Turkiyada hukmron boʻlib olishi Angliya va Fransiyaning Osiyodagi mustamlaka yerlariga o‘tishida asosiy qatnov yo‘li bo’lgan Suvaysh kanalini zarba ostida qoldirar edi. Germaniyaning o‘sib borayotgan sanoati hamma joyda ingliz sanoati mahsulotlarini siqib chiqarmoqda, boshqacha qilib aytganda, Germaniya Yevropada yakka hukmronlikka ochiqdan ochiq da’vo qilmoqda edi. Bularning hammasi Angliya va Fransiyani Germaniyaga qarshi birlashishga majbur qildi. Ular Germaniyaning jahon miqyosida yuksalishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilar edilar.


Antanta va Uchlar ittifoqining tuzilishi


Angliya va Fransiya o‘zaro ziddiyatlarini bartaraf etish va Yevropa davlatlarining Germaniyaga qarshi kuchli ittifoqini yaratish yo‘llarini zo‘r berib qidira boshladi. 1904-yil aprel oyida Angliya va Fransiya o‘rtasida «bo‘sh», yaʼni hali egallanmagan yerlarni boʻIib olish va ularni birgalikda himoya qilish haqida so‘nggi bitim imzolandi. U Antanta ittifoqi deb nomlandi (fransuzcha entent — samimiy). Ana shu bitim tufayli mustamlaka masalalari bo‘yicha ingliz-fransuz ziddiyatlari bartaraf etildi va harbiy ittifoq yo’li ochildi. Ammo endi Germaniyani to’xtatish qiyin edi. U bosib olgan yerlaridan o‘z ulushini talab qilmoqda edi. Osiyoda bozorlar ochishni va jahon bozorida teng imkoniyatlar yaratilishini xohlardi.


Germaniyada armiyani qayta qurollantirish, harbiy-dengiz flotini kuchaytirish dasturi amalga oshirila boshlandi. Iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy jihatdan urushga kuchli hozirlik koʻrilmoqda edi. Bunga javoban ingliz hukumati ham harbiy-dengiz flotini qayta qurish va uni yangi joyga ko’chirish dasturini amalga oshirishga kirishdi.


1912-yildagi parlament qaroriga koʻra, Angliya Germaniya tomonidan qurilgan har bir harbiy kemaga javoban ikki harbiy kema qurishi zarur edi.


1882-yil 20-may Uchlar ittifoqi


Germaniya, Avstro-Vengriya, Italiya 1907-yil 31-avgust Antanta Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Angliya Rossiyani ham Antantaga jalb etishga ahd qildi. Chunki Germaniyaga qarshi kurashda Rossiyasiz g‘olib chiqish mumkin emas edi.

1907-yil 31-avgustda Osiyodagi ta’sir doiralarini bo‘lib olish haqida ingliz-rus bitimi imzolandi. Mazkur bitimga ko‘ra, Eron uch ta’sir hududiga bo’lindi: mamlakat shimoli — rus ta’sir hududi, janubi — ingliz ta’sir hududi, mamlakat markazi esa betaraf hudud deb qabul qilindi. Rossiya Afg’onistonni o‘z ta’sir doirasidan chetda deb tan oldi va Afg‘oniston bilan barcha munosabatlari faqat ingliz hukumati orqali olib borishga rozi bo‘ldi. Rossiya va Angliya Tibetning ichki ishlariga aralashmaslikka, uning hududiy butunligini buzmaslikka va u bilan hamkorlikni faqat Xitoy hukumati orqali amalga oshirishga kelishib oldi.

1907-yilgi bitim ikkala mamlakatning Osiyodagi keskin ziddiyatlarini vaqtincha bartaraf etdi. Ayni paytda Germaniya, Avstro-Vengriya va Italiya ishtirokidagi Uchlar ittifoqiga qarshi Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya tarkibida Uchlar kelishuvi yuzaga keltirdi. Urush boshlangach, Italiya betaraf boʻlib turdi. Ammo 1915-yil may oyida Afrikadan mustamlakalar va Bolqondan yer berish, shuningdek, 50 million funt sterling zayom ajratish haqida Antantadan va’da olgach, Uchlar ittifoqi haqidagi shartnomadan chiqdi va 23-mayda Avstro-Vengriyaga urush e’lon qildi. Rossiya, asosan, Bolqon muammosi keskinlashganligi tufayli Uchlar kelishuviga qoʻshildi. Rossiyaning rus-yapon urushida mag’lubiyatga uchraganidan foydalanib Avstro-Vengriya o‘zining Bolqon yarim orolidagi ta’sir doirasini kengaytirishga kirishdi.


1908-yilda Avstro-Vengriya Germaniya yordamida Bosniya va Gersegovinani oʻziga qoʻshib oldi. Natijada Serbiya dengiz portlariga chiqolmay, tashqi dunyodan butunlay uzilib qoldi. Bu voqealarga javoban serb xalqi junbushga keldi. Taxt vorisi shahzoda Georgiy boshchiligidagi radikal kuchlar Avstro-Vengriyaga qarshi urush ochishni talab qildilar. Rus hukumati Serbiyani qo’llab-quvvatlar edi. 1912-yili Rossiya homiyligida Avstro-Vengriya va Turkiyaga qarshi Bolqon davlatlari ittifoqi tuzildi.


1912—1913-yillardagi Bolqon urushlari Serbiyaning kuchayishiga sabab bo‘ldi va u eng qudratli Bolqon davlatiga aylandi. Bu esa Avstro-Vengriyaning javob harakatlariga hamda Serbiya bilan munosabatlarining keskinlashuviga olib keldi. 1914-yili Bolqon yarim orolida bir tomondan Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan Serbiya bilan, ikkinchi tomondan Avstro-Vengriya, Bolgariya va Turkiya o‘rtasida urush chiqishi aniq bo‘lib qoldi.


Urushga hozirlik


Ikkala harbiy ittifoq ham urushga hozirlik ko‘rmoqda edi. 1912-yilda Angliya va Fransiya hukumatlari o‘zaro yozishmalar natijasida «…hujumning oldini olish va tinchlikni ta’minlash uchun birgalikda harakat qilish» majburiyatini oldilar. Ikki mamlakat oʻzining barcha harbiy tadbirlarini Germaniyaga qarshi harbiy operatsiyalari birgalikda amalga oshirishni nazarda tutgan holda rejalashtirishi ta’kidlangan edi.


Harbiy-dengiz shtablari oʻrtasida imzolangan konvensiyaga ko‘ra, Angliya Fransiyaning Atlantika dengizi sohillarini himoya qilishni, fransuz floti esa O‘rta Yer dengizida ingliz manfaatlarini muhofaza qilishni o‘z zimmasiga oldi. Ikkala harbiy ittifoqda ham qurol-yarogʻlarning yangi turlari yaratildi, o‘ta qudratli harbiy kemalar qurildi. Jumladan, Angliyada tarixdagi ilk tanklar yasaldi. Germaniyada kimyoviy urushga tayyorgarlik borar, zaharlovchi moddalar ishlab chiqarilmoqda edi.


Barcha mamlakatlarda pulemyotlaring eng yangi turlari ixtirosi ustida ish olib borildi, harbiy samolyotlardan foydalanishga hozirlik koʻrildi. 1914-yil yozida Germaniya qayta qurollanish jihatidan Antanta mamlakatlarini, harbiy tayyorgarlik bo‘yicha Rossiya va Fransiyani ortda qoldirdi. Mamlakat armiyasini jangovar holatga keltirish rejasi 1914-yil 31-martdayoq tayyorlab qo‘yilgan edi.


Germaniya keng miqyosli urush harakatlari olib borishga tayyor edi. Temiryoʻllarning harbiy ish jadvali tasdiqlangan, a’lo darajada ta’lim olgan ofitserlar tarkibi tayyorlangan, zaxira okruglar tashkil etilgandi. Butun armiya o‘ta qudratli va uzoq masofaga otadigan og‘ir dala to‘plari bilan qurollantirildi. Germaniya armiyasi qurollari ichida taktik zaharlovchi moddalar paydo bo‘ldi. Xullas, Germaniya jahon urushiga tayyor edi.


Germaniyaning urush bilan bogʻliq rejalarida Fransiyani yashin tezligida tor-mor qilish ko‘zda tutilgan edi. Rossiya o‘sha davrda o‘zining ittifoqchisiga yordam bera olmasdi, chunki Rossiya urushga tayyorgarlik ishlarini 1917-yilga kelib yakunlashni mo‘ljallagan edi. Qurol-yarogʻlar armiya shaxsiy tarkibining uchdan biriga yetar, toʻplar nihoyatda oz, pulemyotlar esa sanoqli edi. Armiyada kiyim-kechak, oziq-ovqat, o‘q-dori tanqisligi mavjud edi. Temiryoʻllar bir tekis ishlamas, poyezdlar nihoyatda sekin harakat qilardi. Bunday sharoitda urush e’lon qilinadigan boʻlsa, Rossiya armiyasini faqat 40 kun ichida jangovar holatga keltirish mumkin boʻlardi. Germaniya armiyasi esa bu muddat ichida bemalol Fransiyani tor-mor qilib ulgurardi. Buni yaxshi anglagan Germaniya jangovar harakatlarni tezlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga sola boshladi.


Urushga bahona topildi


Avstriya imperatori Frans Iosif (1830—1916) ancha keksayib qolgan, hayotining so‘nggi kunlarini o’tkazmoqda edi. U mamlakatning soʻnggi podshohi boʻlib, deyarli 60 yil hukmronlik qilgan va hokimiyatga soʻzsiz boʻysunishga asoslangan, yakka hukmronlik davlati tarafdori edi. Avstro-Vengriya siyosiy hayotida uning jiyani, taxt vorisi — ersgersog Frans Ferdinandning ahamiyati tobora ortib borardi. U Serbiyani tor-mor qilish va bosib olish rejalarini tuzayotgan harbiy partiyaning rahbari edi. 1914-yil iyun oyi soʻngida Frans Ferdinand Serbiyaga bostirib kirishga hozirlik ko‘rayotgan Avstriya qoʻshinlarim koʻrikdan oʻtkazish uchun Bosniyaga borishga qaror qiladi.


Sarayevo shahri bo‘ylab sayohati chogʻida Frans Ferdinand va uning xotini serb armiyasi ofitserlaridan tuzilgan «Qora qo‘l» tashkiloti a’zolari tomonidan o‘ldiriladi.

Berlin va Vena uchun xuddi shunday bahona kerak edi. Boshqa vaziyatda nizom balki diplomatik yo‘l bilan hal qilinsa bo’lardi, ammo sodir boʻlgan bu voqea Germaniya va Avstro-Vengriya uchun qulay paytda urushni boshlash imkoniyatini tugʻdirdi. Berlinda Rossiya hali urushga tayyor emasligini bilsalar-da, Rossiya oʻzining imkoniyatlarini safarbar qila olishini va ittifoqchilar topa olishini ham yaxshi anglardilar.


Avstro-Vengriya hukumati Germaniya hukumati bilan maslahatlashib, 1914-yil 23-iyulda Serbiyaga ultimatum (qatʼiy ogohlantirish) berdi. U o‘zini hurmat qiladigan hech bir hukumat qabul qila olmaydigan qo‘pol va keskin uslub bilan bitilgan edi.
Berlin va Venadagilar xuddi shunday boʻlishini xohlashgandi. Rossiyaning Avstro-Vengriya va Germaniyani tinchlantirishga urinishi natija bermadi. Jang shiddat bilan yaqinlashib kelardi.


Urush bombasi Yevropada, uning portlovchi o‘zagi esa Bosniya va Gersegovinadagi Sarayevo shahrida edi. Bu bomba nihoyat portladi. 1914-yil 29-iyulda Rossiya imperatori Nikolay II harbiy safarbarlik haqidagi buyruqni imzoladi. 1-avgust kuni Germaniya ham safarbarlik e’lon qildi va shu kuniyoq Rossiyaga urush ochdi. Rus-german urushi boshlandi.


1914-yil 3-avgustda Germaniya Fransiyaga urush e’lon qildi. 4-avgustda esa Angliya Germaniyaga urush e’lon qildi. Jang gʻildiragi shiddat bilan aylanib ketdi. 1914-yil 23-avgustda Yaponiya Germaniyaga urush ochdi va uning Xitoydagi bir qator yerlarini, shuningdek, Tinch okeanidagi Germaniyaga qarashli bir qancha orollarni egallab oldi. Turkiya esa kutilganidek Germaniyani qoʻllab-quvvatladi. 1914-yil 22-iyulida Turkiya harbiy vaziri shu haqida bayonot berdi. 1914-yil 2-noyabrda Rossiya, 5- va 6-noyabrda esa Angliya va Fransiya Turkiyaga urush e’lon qildi.


Nihoyat, uzoq kelishuvlardan so‘ng 1915-yil 23-mayda Italiya Avstro-Vengriyaga urush e’lon qildi. Birinchi jahon urushi boshlandi.Yarashuvlar haqida gap ham boʻlishi mumkin emas, nizolar qurol kuchi bilan hal etilishi lozim edi.


Qisqacha mazmun


Birinchi jahon urushining sabablari:

  • Yevropa davlatlarining ikki harbiy-siyosiy guruhi— Antanta va Uchlar ittifoqi oʻrtasida dunyoni qaytadan boʻlib olish uchun kurash.
  • Jahon bozorida ta’sir doiralarini qaytadan boʻlish, yangi yerlar zabt etish uchun kurash.
    Urushayotgan tomonlarning maqsadlari:
  • Germaniya — Angliya va Fransiyaning mustamlakalarini bosib olish; Fransiya va Rossiyani kuchsizlantirish; Yevropa va Osiyoda (Sharqiy O‘rta Yer dengizi mamlakatlari, Turkiya) o‘z hukmronligini o’rnatish.
  • Avstro-Vengriya — Bolqonda ta’sir doirasini kengaytirish; zulm ostidagi slavyan xalqlarining milliy-ozodlik harakatlarini bostirish.
  • Angliya — Germaniyani kuchsizlantirish, uning mustamlakalari bir qismini bosib olish, Usmonli imperiyasini boʻlib olish
  • Fransiya — Germaniyani kuchsizlantirish, Germaniyaning Elzas va Lotaringiya, Saar viloyatlarini, Reyn viloyatining bir qismini qaytarib olish.
  • Rossiya — Bolqonda va Bosfor hamda Dardanel boʻgʻozlarida oʻz hukmronligini oʻrnatish, Germaniyani kuchsizlantirish, Avstro-Vengriyaning Bolqondagi hukmronligi xavfini bartaraf etish.
  • Italiya — Afrika va Bolqonda yangi hududlar egallash.