Ikkinchi jahon urushining tugashi. Fashistlar Germaniyasining tor-mor qilinishi.




Yevropa mamlakatlarining ozod etilishi

Sovet armiyasining 1944-yil kuzidagi shiddatli hujumi sovet davlati hududining fashist bosqinchilaridan to‘liq tozalanishiga olib keldi. Urush SSSR tashqarisiga, Markaziy Yevropa hududiga ko‘chdi. Sovet armiyasi kirgan birinchi mamlakat Ruminiya bo‘ldi. 1944-yil 25-oktyabrda bu mamlakat fashistlardan ozod qilindi.
Uning ketidan Bolgariya ozod etildi. Sovet armiyasi Yugoslaviya Xalq ozodlik armiyasiga fashistlarning Yugoslaviyadagi qo‘shinlarini tor-mor keltirishga ko‘maklashdi. 1944-yil 20-oktabrda Belgrad shahri ozod qilindi. 1944-yil noyabrda nemis-fashist qo‘shinlari Bolqon yarimorolidan quvib chiqarildi.

Sovet qoʻshinlarining hujumi kuchli va shiddatli bo‘ldi. Ularning ixtiyorida eng qudratli harbiy texnika mavjud edi. Mamlakatning sharqiy hududlarida barpo etilgan sanoat qoʻshinni yangi texnika bilan muntazam ta’minlab turardi. Qurol-aslahalar sifat jihatidan betoʻxtov takomillashib borardi.

Sovet qoʻshinlari muvaffaqiyatlarining yana bir muhim garovi qo‘mondonlik harbiy san’atining o‘sgani, sovet armiyasi rahbar tarkibi strategik mahoratining takomillashgani edi. Urush davomida armiyadagi rahbar lavozimlarga urush maktabi va yangi turdagi akademiyani oʻtagan, barcha zamonaviy harbiy jang olib borish usullarini egallagan yosh iste’dodli sarkardalar tayinlandi.

Askarlar Yevropaga xaloskor sifatida kirishdi va bu vazifani chuqur masʼuliyat hissi bilan bajarishdi. Ular qasos olishni o‘ylamadi, tinch aholiga nisbatan kek saqlamadi, oʻzlarini faqat fashizmga qarshi kurashchi deb his qildi. Sovet qo‘shinlari hujumkor shiddatining buyuk siri shunda yashirin edi.

1944-yil 28-sentyabrda nemislarning Yugoslaviyadagi qoʻshinlarini tor-mor qilish bo‘yicha Belgrad operatsiyasi boshlandi. 3-Ukraina fronti, Yugoslaviya va Bolgariya qoʻshinlari qatnashgan bu operatsiya natijasida fashistlarning ʻʻSerbiyaʼʼ gruppirovkasi tor-mor keltirilib, Belgrad hamda Serbiyaning katta qismi ozod qilindi.

1944-yil 16-dekabrda Ardenna operatsiyasi boshlanib, uning davomida nemis qo‘shinlari G‘arbiy Yevropadagi vaziyatni Germaniya foydasiga oʻzgartirishga urinishdi. Ushbu maqsadda ular Gʻarbiy frontda AQSH-Angliya qo‘shinlarini tor-mor qilishga urinib ko‘rishdi. Frontning uzunligi 115 km ni tashkil qildi. Nemis qo‘shinlarining hujumi AQSH qo‘shinlarini dovdiratib qoʻydi va ular chekina boshladi. Dekabr oxirida AQSH-Angliya qoʻmondonligi qarshi zarba bilan dushman hujumini to‘xtatdi. Biroq 1945-yil 1-yanvarga o‘tar kechasi nemislar qarshi hujumga o‘tishdi. Ittifoqchilar qiyin ahvolda qolganlari munosabati bilan U. Cherchill I. Stalinga yordam soʻrab murojaat qildi. Iltimos qondirildi va nemis qoʻmondonligi hujumni toʻxtatib, 13 diviziyani Sharqiy frontga tashlashga majbur edi.

1944-yil sentyabrda Vengriya uchun uzoq va qonli janglar boshlandi. Bu mamlakat Germaniya armiyasining barcha harakatchan va uchuvchi qismlarini yonilgʻi bilan ta’minlovchi soʻnggi tabiiy neft manbai edi. Nemis qo‘shinlari Vengriya yerining har bir parchasi uchun qattiq qarshilik ko‘rsatishdi. Faqat 1945-yil 18-yanvarda Pesht, 13-fevralda esa Buda qo‘lga olindi. Sovet tank qoʻshinlari va qismlari shiddat bilan butun front bo‘ylab hujumni rivojlantirdi. 1944-yil oxiri–1945-yil boshida Polsha va Finlyandiya, 1945-yil boshida Chexoslovakiya va Avstriyaning katta qismi ozod qilindi. Nihoyat, 1945-yil yanvar oyining boshida sovet armiyasining dastlabki qismlari Germaniya chegarasiga chiqdi. Urushning oxiri ko‘rinib qoldi. Biroq fashizm reyx hududida qattiq qarshilik ko‘rsatish uchun hali yetarli kuchga ega edi.


Ittifoqchilar birdamligi — gʻalabaning bosh garovi

Fashizm ustidan g‘alaba barcha tinchliksevar va demokratik davlatlardan juda katta kuch va qurbonlar talab qildi. Gitler Germaniyasiga qarshi kurash demokratik davlatlarning rahbarlarini o‘z siyosiy va gʻoyaviy ixtiloflarini chetga surib, insoniyatning mudhish dushmanini butkul tor-mor keltirish uchun birlashishga majbur qildi. Sovet Ittifoqining urushga kirishi Gitlerga qarshi keng koalitsiyaning tuzilishiga olib keldi. Gʻarbdagi davlat arboblari faqat Sovet Ittifoqining urushda ishtirokigina Germaniya va uning ittifoqchilari ustidan uzil-kesil g‘alabani ta’minlashi mumkinligini yaxshi tushunardi.

1941-yil 22-iyun oqshomi butun dunyo Gitlerning Sovet Ittifoqiga qarshi agressiyasi to‘g‘risidagi xabar bilan birga, damini ichiga yutib, Cherchillning Bi-Bi-Si orqali so‘zlagan nutqini ham tingladi. Bu tarixiy nutq tinchliksevar kuchlarning natsizmga qarshi ittifoqiga asos soldi. Angliya bosh vaziri kommunizmning prinsipial dushmani ekanini yashirmasdi. Biroq yangi xavf oldida vaziyat oʻzgardi.
ʻʻBiz Gitlerni va natsistlar tuzumi haqidagi har qanday tushunchani yo‘q qilib tashlashga tayyormiz, — deb aytdi Cherchill. — Biz hech qachon Gitler va uning gumashtalari bilan muzokara olib bormaymiz… Natsizmga qarshi kurashgan har bir inson, har bir davlatni biz qoʻllab-quvvatlaymiz… Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, biz Rossiya va rus xalqiga qo‘limizdan kelgan yordamni beramizʼʼ.

Gitlerga qarshi ittifoqchi qo’shinlar Bosh qo’mondonlari. Chapdan o’ngga: B.Montgomeri, D.Eyzenxauer, G.K.Jukov, J. Delotr de Tassini

U. Cherchill oʻzining SSSR va uning kurashiga boʻlgan munosabatini Angliya manfaatlari bilan asosladi. ʻʻGitler, — deb aytdi u, — rus qudratini sindirmoqchi, zero, u agar bu ishni uddalasa, o‘z armiyasi va aviatsiyasining asosiy kuchlarini bizning orolimizga tashlashi mumkinligiga umid qilmoqda… Uning Rossiyaga tajovuzi Britaniya orollariga tajovuzning boshlanishidir… Shuning uchun ham ruslarga nisbatan xavf bizga va AQSHga nisbatan xavfdir, o‘z qalbi va yurti uchun kurashayotgan har bir rus kishisining ishi yer yuzidagi har bir ozod inson va xalqning ham ishidirʼʼ.

Angliya hukmron doiralari Germaniya ustidan yolg‘iz g‘alaba qozonolmasliklarini yaxshi tushunishardi. Buning uchun ularga quruqlikda va, albatta, Yevropada kuchli ittifoqchi kerak edi. Bunday ittifoqchi paydo boʻldi va Angliya rahbariyati bu qulay imkoniyatdan foydalanishga shoshildi. Gap endi Gitlerga qarshi kuchlarning koalitsiyasini tuzish haqida borardi. 1941-yil 24-iyunda AQSH prezidenti F. Ruzvelt Sovet Ittifoqini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

1941-yil 14-avgustda ʻʻUels shahzodasiʼʼ ingliz harbiy kemasida U. Cherchill va F. Ruzvelt fashizmga qarshi kurashish niyati bayon etilgan ʻʻAtlantika xartiyasiʼʼni imzolashdi. Shu yilning 24-sentyabrida Sovet hukumati xartiyaga qoʻshildi. AQSHning urushga qoʻshilishi Gitlerga qarshi koalitsiyaning tuzilishini tezlashtirdi.
1942-yil yanvarda Vashingtonda AQSH, Angliya, SSSR, Xitoy va yana 22 davlat vakili Vashington deklaratsiyasini imzoladi. Imzo chekkan davlatlar fashizmga qarshi kurashga oʻzlarining barcha iqtisodiy va harbiy manbalarini sarflashga hamda Gitler Germaniyasi yoki uning ittifoqchilari bilan separat bitim yoki yarash ahdi tuzmaslik majburiyatini oldi.


Tehron konferensiyasl

1943-yil 28-noyabrdan 1-dekabrgacha boʻlib oʻtgan uch davlat rahbarlarining Tehron konferensiyasi Gitlerga qarshi koalitsiyaning vujudga kelishida muhim qadam boʻldi. U Stalingrad jangi va Al-Alamayn yaqinidagi jangdan so‘ng, faqat harbiy emas, dunyoning urushdan keyingi taqdiri borasidagi masalalar ham koʻndalang turgan Ikkinchi jahon urushida hal qiluvchi burilish yasalgan yilda boʻlib o‘tdi.

Tehron konfirensiyasi. 1943-yil.

ʻʻMamlakatlarimiz faqat urush davomida emas,undan keyingi tinch davrda ham hamkorlik qilishlariga ishonch bildiramizʼʼ, deb aytilgandi uch davlat deklaratsiyasida. ʻʻBiz Germaniya qurolli kuchlarini tor-mor qilish rejasini kelishib oldikʼʼ, deb qayd etdi F. Ruzvelt, U. Cherchill va I. Stalin. Konferensiya 1944-yil may oyidan kechikmay Fransiyada ikkinchi frontni ochish haqida qaror qabul qildi.
Polsha chegaralari Sharqda Kerzon, Gʻarbda Oder va Neyse daryolari chizig‘i bo‘ylab oʻtishi haqida kelishib olindi. Konferensiyada Sovet Ittifoqiga Sharqiy Prussiyaning bir qismi, shu jumladan, Kenigsberg shahrini berish haqida qaror qabul qilindi. Boshqa qator muhim masalalar haqida ham kelishildi. Eron urushdan soʻng hududiy yaxlitligini saqlagan holda mustaqil davlatga aylanishi lozim edi. Sovet Ittifoqi Yevropada harbiy harakatlar nihoyasiga yetganidan soʻng Yaponiyaga qarshi urush boshlash majburiyatini oldi.

Konferensiya yakunlari muzokara yoʻli bilan har qanday davlatlararo ixtiloflarni hal qilish mumkinligini koʻrsatdi. Uch davlat rahbari gʻalabani va urushdan keyingi hamkorlikni ta’minlash borasida harbiy va siyosiy hamkorlikning mustahkam poydevorini oʻrnatdi. Konferensiya qarorlari Gitlerga qarshi koalitsiyaning jipslashishi va mustahkamlanishiga koʻmaklashdi.


Qrim konferensiyasi

SSSR, AQSH va Angliya o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishida 1945-yil fevralda boʻlib oʻtgan uch buyuk davlat rahbarlarining Qrim konferensiyasi muhim bosqich boʻldi. Urush nihoyasiga yetib qolgan, g‘alaba yaqin edi. Konferensiyada magʻlub Germaniya va ozod qilingan Yevropaga nisbatan hamkorlikdagi siyosat rejalarining ishlab chiqilishi bosh masala hisoblandi. Uch davlat rahbari natsizmni, uning qurolli kuchlari, bosh shtabi, barcha idoralarini yo‘q qilish, fashistlar Germaniyasi rahbarlarini jazoga tortish, natsizmning nemis xalqining madaniy va iqtisodiy hayotiga har qanday ta’sirini bartaraf etishga kelishdi.

Bu maqsadlarga erishish uchun ittifoqchilar Germaniyani uzoq vaqt davomida istiloda saqlashga qaror qildi. Har bir davlatga ma’lum istilo hududi ajratildi.
Konferensiya qatnashchilari Germaniya boshqa mamlakatlarga yetkazgan zarari reparatsiyalar toʻlash yo‘li bilan qoplashini kelishib oldi, biroq reparatsiyalar miqdori belgilanmadi. Konferensiya ʻʻOzod Yevropa to‘g‘risidagi deklaratsiyaʼʼni e’lon qildi. Unda ittifoqchilarning ozod qilingan xalqlarga fashizmning soʻnggi qoldiqlarini yo‘q qilish va o‘z xohishlariga ko‘ra demokratik tuzumlarni barpo etishda koʻmaklashish uchun Yevropadagi siyosatlarini o‘zaro kelishishlari zarurligi ta’kidlandi. Ushbu munosabat bilan Polshada sovet rahbariyati tomonidan tuzilgan kommunistlardan iborat muvaqqat hukumatni keng demokratik asosda, Polshaning oʻzidagi va undan tashqaridagi polyak demokratlari va jamoat arboblarini jalb etish yo‘li bilan qayta tashkil qilish koʻzda tutildi.

Qrim konferensiyasi ishlab chiqilgan BMT Nizomi loyihasini ma’qulladi va 1945-yil 25-aprelda San Fransiskoda BMTning Ta’sis konferensiyasini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Sovet Ittifoqi o‘zining Yaponiyaga qarshi urush boshlash niyatini tasdiqladi. Buning evaziga Mongoliya Xalq Respublikasining avvalgi mavqeyini saqlab qolish, Sovet Ittifoqiga Saxalinning janubiy qismi, Kuril orollarini berish, Port Arturdagi harbiy-dengiz bazasini taqdim etishga qaror qilindi.

Yalta konferensiyasi fashistlar Germaniyasiga qarshi kurashda va urushdan keyingi hamkorlikni rivojlantirishda tashlangan yangi katta qadam bo‘ldi. Ixtiloflarga qaramay, Gitlerga qarshi koalitsiyaning bosh davlatlari hamkorlikni davom ettirdi.


Germaniyaning taslim boʻlishi

1945-yil 13-yanvarda gitlerchilarning Sharqiy Prussiyadagi qo‘shinlarini tor-mor qilish operatsiyasi boshlandi. Bu Ikkinchi jahon urushining eng ulkan janglaridan biri bo‘ldi. Unda gitlerchilar ustidan bir necha baravar ustun bo’lgan to‘rt front qoʻshinlari qatnashdi. Fashistlar Germaniyasining hech qanday rezervi qolmagandi. Sovet qo‘shinlari tirik kuchda uch baravar, samolyot va tanklarda besh baravar ustunlikni qo‘lga kiritdi. Aprel oyining boshida fashistlarning shimoldagi gruppirovkasi tor-mor keltirilib,

1945-yil 9-aprelda Prussiya poytaxti Kenigsberg (hozirgi Kaliningrad) shahri qo‘lga kiritildi. 1945-yil yanvar oyi oxiri–fevral oyining boshlarida sovet qoʻshinlari Oderni kechib o‘tdilar. Gitler Germaniyasi poytaxtiga 60 km qoldi. Fevralda Berlin ostonasidagi soʻnggi mudofaa marrasi yorib oʻtildi. Martda sovet qo‘shinlari quyi Sileziyani va Brandenburg viloyatini egallashdi. Bir vaqtning o‘zida G‘arbda ittifoqchi qoʻshinlar nemislarning Reyndagi mudofaa marrasini yorib o‘tib, Rurdagi gruppirovkani qurshovga oldi. 18-aprelda 325 ming kishilik dushman gruppirovkasi qarshilikni toʻxtatib, taslim bo‘ldi.

Germaniya qo‘mondonligi qo‘shinlar ustidan nazoratni qo‘ldan chiqardi, ular noma’lum tomonga qarab qochib borayotgan to‘dalarga aylanishdi. Germaniya shaharlari taslim boʻlganlik belgisi hisoblangan oq bayroqlarga to‘lib ketdi.
Jangovar ruh so‘ndi, kurashni davom ettirishga kuch ham, manba ham tamom bo‘ldi. Gitlerchilar soʻnggi rezerv — gitleryugend va folksshturm — 14–015 yashar oʻsmirlar va 60–65 yoshli qariyalardan tuzilgan otryadlarni jangga tashlashdi. Ularning koʻpchiligi quroldan foydalanishni ham bilmay, tengsiz va shafqatsiz janglarda halok boʻlishdi. Gitlerchilar maxfiy qurollari borligi va ular tez kunda ishga solinib, g‘alabani ta’minlashini aytib xalqni aldashardi. Ular umrlarini bir necha kunga bo‘lsa-da, uzaytirishga urinishardi.

Biroq ularning soʻnggi damlari ham yetib keldi. 1945-yil 16-aprelda Germaniya imperiyasi poytaxti — Berlin shahri uchun hal qiluvchi jang boshlandi. Berlinni Gitler qoʻshinlarining soʻnggi qoldiqlari himoya qilardi.

Ikkinchi jahon urushini boshlagan Germaniya shunday jazoga muqarrar bo’ldi

Biroq ular endi ahvolni saqlab qololmasdi. Ikkinchi jahon urushining so’nggi jangi tong otmasdanoq boshlandi. Uch mingta projektor hujum qiluvchilarning yoʻlini yoritib, gitlerchilarning ko‘zlarini qamashtirdi. Sovet qoʻshinlari niqob sifatida tutun tarqatish vositasini qoʻlladi. Hujumni kuchaytirish uchun jangga tanklar tashlandi. Projektor nurlaridan koʻzlari qamashgan, tutundan nafasi bo‘g‘ilgan, minglab tank va samolyotlar ovozi, o‘n minglab to‘plar va ʻʻkatyushaʼʼ minomyotlarining gumburlashidan garang bo‘lgan fashistlar sarosimaga tushdi. 24-aprelda 1-Belorus fronti (marshal G. K. Jukov) va 1-Ukraina fronti (marshal I. S. Konev) qoʻshinlari Beginning janubi-sharqida qo‘shilib, Berlin qurshovini nihoyasiga yetkazdi.

Bu Gitler Germaniyasining nihoyasini anglatardi. Gitlerchilarni qasosdan endi hech narsa saqlab qololmasligi ma’lum bo‘ldi. Gitlerchilar rahbariyati intiqomdan qutulib qolishga urindi. Sovet toʻplarining gumburlashlari eshitilishi bilan Berlindagi bunkerda Gitler, Gimmler, Gebbels o‘z joniga qasd qilishdi. Gebbels avval xotini va to‘rt qizini ham otib tashlashni buyurdi. Ular insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun qattiq jazo oldi. Bu 1945-yil 30-aprelda sodir boʻldi. Xuddi shu kuni reyxstagni shturm qilish boshlandi va sovet askarlari gʻalaba bayrogʻini reyxstag peshtoqiga o‘rnatdi. 2-mayda Berlin shahri taslim bo‘ldi.

1945-yil 9-mayda Berlin yaqinidagi Karlxorstda AQSH, SSSR, Angliya va Fransiya qoʻshinlari qo‘mondonligi vakillari ishtirokida fashistlar Germaniyasi vakillari soʻzsiz taslim boʻlish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Fashistlar Germaniyasi tomonidan olti yil muqaddam boshlangan qonli urush uning to‘liq tor-mor keltirilishi bilan tugadi. Gitler orzu qilgan ming yillik reyxning umri o‘n ikki yilga ham yetmadi.

Germaniya ko’chalarida janglar

1945-yil 5-iyunda ittifoqchi qo‘shinlar Germaniya qurolli kuchlarining Ikkinchi jahon urushidagi to‘liq magʻlubiyati va so‘zsiz taslim bo‘lganini tasdiqlovchi Germaniyaning magʻlubiyatga uchrash to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi.
Germaniya ustidan hukmronlikni SSSR, Buyuk Britaniya, AQSH hukumatlari va Fransiyaning muvaqqat hukumati qoʻshinlari bosh qoʻmondonlari zimmasiga yukladi. Ularning harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida Germaniyada Nazorat kengashi tuzildi.

Germaniya taslim bo’lishi haqida aktning imzolanishi

Potsdam konferensiyasi

1945-yil 17-iyuldan 2-avgustgacha Berlin yaqinidagi Potsdamda, sobiq Gogen-sollernlar saroyida uch buyuk davlat boshligʻi — F. Ruzvelt oʻlimidan so‘ng 1945-yil 12-aprelda saylangan G. Trumen (AQSH), I. Stalin (SSSR), U. Cherchill (Buyuk Britaniya), keyinroq uning oʻrnini egallagan K. Etti ishtirokida konferensiya o‘tkazildi. «Konferensiya» german militarizmi va natsizmi tiklanishining yoki qayta tashkil etilishining abadiy oldini olish uchunʼʼ barcha natsistik tashkilotlarni (denatsifikatsiya) va harbiy muassasalarni tugatish haqida qaror qabul qildi.
Barcha natsist yoʻlboshchilar va harbiy jinoyatchilar qamoqqa olinishi hamda jazolanishi lozim edi. Konferensiya qarorlarida german iqtisodiyotini markazlashtirishdan xoli etish, german monopoliyalarini yoʻqotish haqida so‘z yuritildi. Kenigsberg shahri va uning yaqinidagi hudud Sovet Ittifoqiga berildi.
Polshaning endilikda Oder va Neyse daryolari bo‘ylab o‘tadigan gʻarbiy chegaralari belgilandi.

Germaniyada qat’iy tartibot o‘rnatilib, oliy hokimiyat SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya qurolli kuchlari bosh qoʻmondonlari tomonidan amalga oshirilishi shart edi. Shuningdek, Germaniyadan reparatsiyalar, german savdo-floti, harbiy jinoyatchilar va Germaniya ittifoqchilari bilan sulh shartnomalari tuzish haqida ham qarorlar qabul qilindi. Konferensiya qarorlarida ʻʻittifoqchi armiyalar butun Germaniyaning istilosini amalga oshiradi hamda german xalqi muvaffaqiyatlari vaqtida o‘z qo‘llab-quvvatlashini ochiq ifodalagan va ko‘r-ko‘rona bo‘ysungan shaxslarning rahbarligi ostida sodir etilgan dahshatli jinoyatlar uchun gunohini yuva boshlaydiʼʼ deyilgandi.


Yaponiyaning taslim boʻlishi

Yevropada tinchlik o‘rnatildi. Biroq Uzoq Sharqda hamon urush davom etmoqda edi. Bu yerda ham g‘alabaning yaqinligi aniq edi. AQSH va Angliya endi Yaponiyaga qarshi harbiy harakatlarning barcha sohalarida hal qiluvchi ustunlikka ega edi. AQSH va Angliya qo‘shinlari bevosita Yaponiya chegaralariga yaqinlashdi. 1945-yil iyun oyi oxirida AQSH qoʻshinlari Filippinni egallab, Okinavaga desant tushirish operatsiyasini boshladi. To‘g‘ri, yaponlarning qarshiligini sindirish uchun ularga salkam uch oy vaqt zarur boʻldi.

Urushning nihoyasini tezlashtirish va katta talafotlar bermaslik maqsadida AQSH hukumati Yaponiyaga atom bombasi tashlashga qaror qildi. 1945-yil 6-avgustda AQSH samolyoti Xirosima shahriga atom bombasini tashladi. 200 ming aholi yashaydigan shahar vayronaga aylandi. 70 ming kishi halok boʻldi. Ikki kundan soʻng, Qrim konferensiyasi qaroriga muvofiq, Sovet Ittifoqi Yaponiyaga urush e’lon qildi, ertasiga esa sovet qoʻshinlari Kvantun armiyasiga qarshi keng miqyosli harbiy harakatlarni boshladi. O‘sha kuni Nagasaki shahriga ikkinchi atom bombasi tashlandi. 1945-yil 14-avgustda Yaponiya taslim boʻldi. Yaponiya hukumati faqat bitta shartni — imperator hokimiyatini yapon millatining birligi va yapon xalqi ijodkor ruhining tiklanishiga boʻlgan umid ramzi sifatida saqlab qolishni soʻradi.
Ittifoqchilar soʻzsiz taslim boʻlishni talab qilishda davom etishsa-da, AQSH prezidenti Trumen shartni qabul qildi va 1945-yil 2-sentyabrda ʻʻMissuriʼʼ linkorida Yaponiya vakillari Yaponiyaning taslim boʻlishi toʻgʻrisidagi hujjatni imzoladi.
Ikkinchi jahon urushi german fashizmi va yapon militarizmining toʻliq tor-mor keltirilishi bilan tugadi.


BMTning tashkil topishi

1945-yil 25-aprelda San Fransiskoda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’sis konferensiyasi ish boshladi. Unga Birlashgan Millatlar Deklaratsiyasini imzolagan va Germaniyaga 1945-yil 1-martigacha urush e’lon qilgan 42 davlat vakillari taklif etildi. 1945-yil 26-iyunda konferensiya BMT Nizomini qabul qildi. U BMTning birinchi navbatdagi vazifasi tinchlik va xavfsizlikni saqlashdan iborat ekanini e’lon qildi. Bugungi kunda xalqaro huquqning eng muhim hujjatlaridan biri sanalgan BMT Nizomida turli ijtimoiy-siyosiy tizimdagi davlatlarning tinch-totuv kun kechirishi va hamkorlik qilishining asosiy tamoyillari belgilandi. BMT Nizomida qayd etilgan maqsadlardan biri ʻʻirqi, jinsi, tili va dinidan qat’i nazar, barchaning insoniy huquq va asosiy erkinliklariga hurmatʼʼ ruhida xalqaro hamkorlik qilish edi.


Nyurnberg jarayoni

Potsdam konferensiyasida uch buyuk davlat boshliqlari asosiy harbiy jinoyatchilarni ʻʻtezkor va adolatli sudʼʼga topshirishga qaror qilishdi. 1945-yil 1-sentyabrda ayblanuvchilarning birinchi roʻyxati e’lon qilindi. Fashizm o‘zining jinoyatkorona yurishini boshlagan Nyurnbergda 1945-yil 20-noyabrdan 1946-yil 1-oktyabrgacha Xalqaro tribunal natsist harbiy jinoyatchilarning birinchi guruhini sud qildi.

BMT dekloratsiyasining imzolanishi. Vashington. 1945-yil 1-yanvar

Javobgarlikka tortilganlar orasida G. Gering, V. Keytel, E. Kaltenbrunner, I. Ribbentrop, A. Yodl, A. Shpeyer va boshqalar bor edi. 12 kishi o‘lim jazosiga hukm etilib, qatl qilindi (o‘zini zaharlagan G. Geringdan tashqari), 7 kishi uzoq muddatli yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Ulardan biri G. Gess hayotining oxirigacha turma kamerasida qolib, shu yerda umrini tugatdi.

Natsional-sotsialistik partiya, SS, gestapo, SD jinoyatchi tashkilotlar deb e’tirof etildi. Nyurnberg jarayoni german fashizmining gʻayriinsoniy mohiyatini, uning koʻplab xalqlar va davlatlarni yoʻqotish rejalarini fosh etdi. Nyurnberg sudi qaroriga ko‘ra, agressiya insoniyatga qarshi eng ogʻir jinoyat deb e’tirof etildi. Bu haqiqiy xalqlar sudi, tarixning ayovsiz, lekin adolatli sudi boʻldi. Ikkinchi jahon urushiga soʻnggi nuqta qoʻyildi.


Ikkinchi jahon urushi yakuni

Urushning asosiy yakuni ikki urush oʻchogʻi ––Yevropada Germaniya va Osiyoda Yaponiyaning tor-mor qilinishi boʻldi. Salkam o‘n yil davomida butun dunyoda tinchlikka xavf solgan va tarixdagi eng qonli urushga sabab bo‘lgan ikki tuzum — fashizm va militarizm yakson etildi. Bu davlatlar va ular ittifoqchilarining tor-mor qilinishi kapitalistik davlatlar tuzumi mavqeyining zaiflashganini anglatdi.

Urush davrida Sovet Ittifoqining harbiy qudrati yuksalib, u qudratli rivojlangan davlatga aylandi. Sovet Ittifoqining fashizmga qarshi kurashga bardosh bergani va uni tor-mor qilishda hal qiluvchi o‘rin tutgani uning obro‘si va dunyodagi jarayonlarga ta’sirini oshirdi. Tehron, Yalta va Potsdam konferensiyalari Sovet Ittifoqining dunyoda kechayotgan jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish borasida ulkan imkoniyatlarga ega ekanini namoyon qildi. U xalqaro munosabatlarda yetakchi oʻringa chiqdi, BMTni ta’sis etgan uch buyuk davlatdan biriga aylandi, dunyodagi muammolarni yo‘lga solishda hal qiluvchi so‘z endi unga tegishli edi.

Urush mustamlakalardagi milliy-ozodlik harakatlarining faollashishiga olib keldi.
Bu mamlakatlarning aksariyatida urush davridayoq xalq inqiloblari boshlanib, ular metropoliyalarning zaiflashganidan foydalanib hokimiyatni qoʻlga oldi, siyosiy partiyalar tuzib, mustaqil davlatlar tashkil qildi. Fashizmning tor-mor keltirilishi irqchilik va natsizmga chek qoʻyilgani, mustamlakachilikning barham topganini anglatardi. Buni ВMT Nizomi va boshqa qator xalqaro hujjatlar ham tasdiqladi.
Mustamlakachilik va imperializmning qulashi aniq boʻlib, dunyoning taqdiri endi ko‘p jihatdan ularning qaysi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot yoʻlini tanlashlariga bog‘liq bo‘lib qoldi.

Fashizm butun dunyoda ulkan fashistlarga qarshi harakat to‘lqinini paydo qildi va u turli jihatlarga ega boʻlgan demokratik harakatga aylandi. Aholining turli tabaqalari, turli tashkilot va siyosiy partiyalarni o‘z ichiga olgan bu harakat Gitler Germaniyasining tor-mor keltirilishida muhim o‘rin tutdi. Bu vatanparvar, demokratik, fashizm va militarizmga qarshi harakat edi. Fashist bosqinchilari bilan hamkorlik qilgan barcha reaksion partiyalar keng omma koʻzi oʻngida obroʻsizlanishdi. Demokratik va milliy harakatlarning yangi darajasi, dunyoni va dunyo miqyosidagi muammolarni demokratlashtirish uchun kurash borasidagi yangi g‘oyalarni aks ettirgan yangi siyosiy partiyalar dunyoning urushdan keyingi taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etdi.

Yevropa, Osiyo va Afrikaning 61 davlatini komiga tortgan Ikkinchi jahon urushi olti yil davom etdi. Olovli to‘fon ulkan kengliklar uzra yelib o‘tdi, Shimolda Yangi Yer va Alyaska sohillariga, G‘arbda Amerikaning Atlantika qirgʻoqlariga, Sharqda Kuril va Gavay orollariga, Janubda Misr, Hindiston va Avstraliya chegaralariga qadar yetdi. Harbiy harakatlar 40 davlat hududida bo‘lib oʻtdi. Umumiy harbiy xarajatlar 4 trillion dollardan ortiqni tashkil etdi. Urush 50 mln dan ortiq kishining yostigʻini quritdi. Fashistlar va ularning gumashtalari nayrangining natijalari shunday boʻldi. Fojianing oldini olish imkoni boʻlmadi. Nega? Javoblar turlicha boʻlishi mumkin. Ammo bitta sababni hamma yakdil tan oladi. Dunyo yagona va davlatlar o‘zlarini nechog‘li qudratli hisoblashmasin, ularning o‘zaro bog‘liqligi uzilmasdir. O‘z xavfsizligini boshqalarning xavfsizligi hisobiga qurishga uringani adashadi. 1939-yilda shunday ish tutmoqchi boʻlgan ayrim davlatlarning fojiali qismati buning yorqin isbotidir. Ayniqsa, bugungi kunda o‘z xavfsizligini boshqalarning xavfsizligi hisobiga qurib boʻlmaydi. Ikkinchi jahon urushining bosh sabog‘i ham aynan shundan iboratdir.


Qisqacha mazmun

  • 1944-yil oktyabr — fashist bosqinchilari Ruminiya, Yugoslaviya hududidan quvib chiqarildi;
  • 1944-yil 16-dekabr — AQSH—Angliya qoʻshinlarining g‘alabasi bilan yakunlangan Ardenna operatsiyasining boshlanishi;
  • 1945-yil boshi — Polsha, Finlyandiya, Chexoslovakiya, Avstriya ozod qilindi;
  • 1945-yil 13-yanvar — Gitler qo‘shinlarining tor-mor keltirilishi bilan yakunlangan Sharqiy Prussiyadagi fashist qoʻshinlariga qarshi operatsiyaning boshlanishi;
  • 1945-yil 16-aprel— Berlin uchun jangning boshlanishi. 30 aprel — Reyxstagning shturm qilinishi;
  • 1945-yil 2-may — Germaniyaning tor-mor qilinishi;
  • 9-may — Germaniyaning soʻzsiz taslim boʻlishi to‘g‘risidagi hujjatning imzolanishi;
  • 1943-yil 28-noyabr — 1-dekabr — Tehron konferensiyasi;
  • 1945-yil fevral — Qrim konferensiyasi;
  • 1945-yil 25-aprel — BMTning tashkil topishi;
  • 1945-yil 26-noyabr — 1946-yil 7-oktyabr — Nyurenberg jarayoni.