Ikkinchi jahon urushining kengayib borishi




Gitler Germaniyasining Yevropani bosib olishi

20 kun ichida Germaniya armiyasi Polshani tor-mor keltirdi. G‘arb davlatlarining har qancha ishontirishlariga qaramay, shartnomalar bajarilmadi. 20 yil davomida Polsha G‘arb davlatlarining sovetlarga qarshi siyosatida yetakchi oʻrin egallab kelgandi. Endi esa hatto Angliyaning Germaniyaga 1939-yil 1-sentyabrda urush e’lon qilishi ham ta’ziya izhoridan boshqa narsa emasdi.

Gʻarbiy frontda osoyishtalik hukm surardi. Fransuzlar Majino chizigʻi ortida payt poylashdi, Angliya esa shoshilinch ravishda qayta qurollanib, an’anaviy dengiz qamalini tashkil qildi. Bu holatni tarixchilar g‘alati urush yoki “zitskrig” (“o‘tirib urushish”) deb nomlashdi. G‘arb davlatlarining rahbarlari Gitlerni “tinchitish” uchun Polsha unchalik qimmat toʻlov emas deb hisobladi va hammasi yaxshi tugashiga umid qilishdi. Biroq Gitlerni endi to‘xtatishning iloji yo‘q edi. Germaniyada ulkan armiya va harbiy sanoat yuzaga kelgan bo‘lib, u bor kuchi bilan harakat qilishi va ishlashi lozim, bu esa faqat urush sharoitidagina mumkin edi.

Gitler qat’iy va shiddatli harakat qildi. U Gʻarbda asta-sekin qurolli kuchlarni to‘plab, 1940-yil bahorida Belgiya va Fransiya chegaralarida 135 dan ortiq diviziyani jamladi, tirik kuch, texnika va aviatsiyada juda katta ustunlikni qo‘lga kiritdi. Biroq Germaniya qo‘mondonligi oldin Skandinaviyada harbiy-dengiz va havo bazalarini barpo etishga qaror qildi, chunki ulardan turib Angliya flotining faol harakatlariga qarshilik koʻrsatish mumkin edi.

1940-yil 9-aprelda “Vezeryubung” operatsiyasi boshlanib, uning natijasida atigi ikki kun ichida nemis qo‘shinlari Norvegiya va Daniyani bosib oldi. Tronxeym va Narvikda harbiy bazalar barpo etilib, ularda Germaniya suvosti flotining asosiy qo‘shilmalari hamda suvusti flotining asosiy qismi jamlandi. Bundan tashqari, Bergen va Tronxeymda harbiy-havo bazalari barpo etilib, ularning kuchlari bilan Angliya hududini bombardimon qilish rejalashtirildi. Ko‘p o‘tmay Belgiya, Gollandiya va Fransiyaga navbat keldi. 1940-yil 10-mayda bu uch davlatni tor-mor keltirishni ko‘zda tutuvchi ʻʻGelbʼʼ operatsiyasi boshlandi. Nemis qo‘shinlarining bosqini Gollandiya, Belgiya va Fransiyaning aerodromlari, komanda punktlari, harbiy omborlari va muhim sanoat markazlariga kuchli havo hujumi bilan boshlandi. Vermaxtning 3000 dan ortiq samolyoti bu obyektlarni kun bo‘yi bombardimon qildi. Soʻng zirhli qoʻshilmalar hujum boshladi. 2,5 mingdan ortiq tanklardan iborat hujumkor tuzilmalar zaif qarshilik o‘choqlarini osongina yanchib o‘tib, shimolga va Fransiya chegarasi tomon yo‘l oldi. Ikki kun ichida ular 110 km yoʻlni bosib o‘tib, Fransiya chegarasiga yetdi. 14-mayda Gollandiya taslim boʻldi, 20-mayda esa Germaniya qoʻshinlari La Mansh bo‘g‘oziga chiqib, Belgiya va Fransiyaning shimolini Angliya-Fransiya-Belgiya qo‘shinlarining yirik qo‘shilmasidan kesib qo‘ydi. Qarshi hujum muvaffaqiyatsiz tugadi. 1940-yil 28-mayda Belgiya ham taslim boʻldi.

Dengiz bo‘yidagi ittifoqchilar qo‘lida boʻlgan so‘nggi yirik port — Dyunkerk xavf ostida qoldi. Angliya qo‘mondonligi o‘z qoʻshinlari va Belgiya-Fransiya qismlarini evakuatsiya qilishga qaror qildi. 1940-yil 4-iyungacha davom etgan Dyunkerk operatsiyasi davomida 300 mingdan ortiq kishi, shu jumladan, 123 ming fransuz va belgiyaliklar olib chiqib ketildi. Bor og‘ir harbiy texnika evakuatsiya hududiga tashlab ketildi va gitlerchilarning qoʻliga tushdi.


Buyuk Britaniya urushning dastlabki davrida

Nihoyat, Yevropa davlatlarining rahbarlari haqiqiy urush boshlangani va Gitler uchun gʻoyaviy masalalar ikkinchi planga chiqqanini tushunib yetishdi. Germaniyaning Yevropa va jahon miqyosidagi eski da’volari haqida gap borardi.
Germaniya harbiy yutuqlari Angliyada shu qadar hayratomuz taassurot uygʻotdiki, bu Chemberlen hukumatining iste’foga chiqishiga sabab boʻldi. 10-mayda Germaniya Gollandiyaga qarshi hujumni uyushtirayotgan bir paytda Angliya parlamenti Uinston Cherchill boshchiligidagi yangi hukumatni sayladi. U konservatorlar, leyboristlar va liberallardan iborat koalitsion hukumatni boshqardi. Bu “milliy birlashish” hukumati boʻlib, urushning oxirigacha — 1945-yil iyunigacha faoliyat ko‘rsatdi.

Hukumat dasturining taqdimoti chog‘ida U. Cherchill o‘z hukumatining maqsadini shunday tushuntirdi:

Uinston Cherchill

“Dengizda, yerda va osmonda Tangri bizga bergan butun kuch va qudrat bilan urush olib borish, inson jinoyatlarining qayg‘uli ro‘yxatida tengi boʻlmagan mudhish zolimlikka qarshi urush olib borish”. Butun ingliz millati urushni g‘alabagacha, Gitler zulmi toʻliq yo‘q qilingungacha va insoniyat fashizmdan xalos etilgungacha olib borishga so‘z bergan yangi hukumat atrofiga jipslashdi.

U. Cherchill Germaniya va Rossiyaning ashaddiy dushmani bo‘lib, fashizm va kommunizmni birdek qoralardi. Biroq uning qarshisida juda katta xavf — Gitler Germaniyasi turardi. U Britaniya imperiyasiga xavf solar va eng muhimi shu edi.
Cherchill bu dushmanga qarshi urush olib borishga ingliz millatining barcha tabaqalaridan vakolat oldi.

Cherchill Uinston Leonard Spenser (1874–1965) — 20-yillardan boshlab Buyuk Britaniya konservatorlar partiyasining rahbarlaridan biri. 1908-yildan boshlab turli vazirlik lavozimlarida ishlagan (ichki ishlar vaziri, aviatsiya vaziri, harbiy vazir, moliya vaziri). 1940–1945 va 1951–1955-yillarda — Buyuk Britaniya Bosh vaziri.


Fransiyaning bosib olinishi

Germaniya qoʻshinlari Parijga Dyunkerk operatsiyasini 1940-yil 5-iyunda tugatib, hujum boshladi. Fransiya armiyasi deyarli qarshilik koʻrsatmadi. Fransiya hukumati qarshilik koʻrsatishdan bosh tortib, oʻz imtiyozlarini saqlab qolish maqsadida fashistlar Germaniyasi oldida taslim boʻldi. Vatan ozodligi, mustaqilligi xususiy mulk, daromad va imtiyozlar oldida shunchaki quruq gap bo‘lib chiqdi. Fransiya armiyasi bosh qo‘mondoni general Veygan, hatto hukumatdan rozilik ham soʻramay, Parijni ochiq shahar deb e’lon qildi, ya’ni mudofaadan voz kechdi. 1940-yil 14-iyunda nemis-fashist qoʻshinlari Parijga kirdi. Fransiya hukumat doiralari, fransuz burjuaziyasi Fransiya eshigini Gitlerga lang ochib berishdi.

Pol Reyno hukumati iste’fo bergach, marshal Peten yangi hukumat tuzishga koʻrsatma oldi. Hali janglar davom etayotgan, qoʻshin harbiy harakatlar olib borayotgan, istehkomlar qurilayotgan bo‘lsa-da, generallar yarash bitimini imzolashga hozirlik koʻrishardi. Fransiya hukumati a’zolari Shimoliy Afrikaga — Senegal va Jazoirga qochib ketishdi. Xalq ishonib saylagan odamlar Fransiya va fransuz xalqini oʻz holiga tashlab ketdi. Petenning yangi hukumati nemis qoʻshinlari kuzatuvida Vishiga yoʻl oldi.

1940-yil 22-iyunda Kompen oʻrmonida, 1918-yilgi Kompen yarash ahdi imzolangan joyda, marshal Foshning muzeydan olib kelingan shtab vagonida Germaniya bilan yarash ahdi imzolandi.

Yarash ahdi shartlariga koʻra, Fransiya armiya va floti qurolsizlantirilib tarqatilardi.
Nemis harbiy asirlari ozod etilardi, biroq 1 800 fransuz harbiy asiri Germaniyada qolardi. Fransiya Germaniya qoʻshinlarini oʻz hududida saqlab turish uchun ulkan istilo toʻlovlarini toʻlashi lozim edi. Fransiyaning uchdan ikki qismi va mamlakat poytaxti Parij Germaniya tomonidan ishgʻol etilgandi. Mamlakatning janubiy qismi va mustamlakalarga daxl etilmagan boʻlib, ular Peten hukumati tomonidan nazorat qilinardi. Peten hukumati butun Fransiyaning hukumati deb e’lon qilindi. U Fransiya mustamlakalari floti ustidan hukmronlikni saqlab qoldi, Angliya bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Butun Fransiya iqtisodiyoti Germaniyaga xizmat qila boshladi. Jami fransuz korxonalarining 80% i istilo toʻlovlari hisobiga nemis buyurtmalarini bajarardi. Istilo to‘lovlari hisobiga Germaniya tomonidan fransuz xomashyosining toʻrtdan uch qismi va Fransiya sanoati asosiy sohalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 50 dan 100% igacha olib chiqib ketilardi. Fransuz ishchilari Germaniyaga majburiy ishlarga jalb qilindi. Jami 1 mln ga yaqin kishi olib ketildi. Urush soʻngigacha ulardan 200 ming kishi halok boʻldi, 228 ming kishi uyiga nogiron boʻlib qaytdi.

Peten, Veygan va ularning hamfikrlariga kollaboratsionistlar, ya’ni Germaniya malaylari deb nom qo‘yildi.

Biroq Fransiyada hamma ham kollaboratsionist emasdi. 1940-yil 18-iyunda general De Goli “Bi-Bi-Si” radiosi orqali fransuzlarni Gitler bosqinchilariga qarshi kurash boshlashga chaqirib, murojaat qildi. Fransiya ikkiga — Germaniya bilan hamkorlik qiluvchilar va Germaniyaga qarshi kurashuvchilar lageriga ajraldi. De Goll Peten hukumatini sotqinlikda aybladi. “Fransiya askarlari, qayerda boʻlmangiz, kurashga qo‘zg‘alinglar”, deb chaqirdi u.


Angliyaning bombardimon qilinishi

Fransiya tor-mor qilingach, Gitler Angliyani tor-mor keltirishni niyat qildi. Germaniya ixtiyorida endi urushni gʻalaba bilan tugallash uchun manba yetarli edi.
1940-yil 16-iyulda oliy qoʻmondonlikning “Zeeleve” (Dengiz sheri) nomli desant tashlash operatsiyasini tayyorlash to‘g‘risidagi direktivasi e’lon qilindi. Operatsiya 1940-yil 15-avgustga belgilangandi, biroq u Angliya floti yaqqol ustunlikka ega boʻlgani tufayli amalga oshirilmay qoldi.

Fashist rahbariyati Britaniya orollarini surunkali bombardimon qilishni boshlab, shu yo‘l bilan Angliya hukumatini taslim bo‘lishga majbur qilishni koʻzladi. Hujum 1940-yil 15-avgustda yirik havo bosqini bilan boshlanib, unda 800 bombardimonchi va 1140 qiruvchi samolyot qatnashdi. Hujumlar 15 sentyabrgacha davom etdi. Asosan, yirik sanoat va ma’muriy markazlar — London, Koventri, Birmingem bombardimon qilindi. Hujumlar natijasida Angliyada ko‘plab turar joy binolari vayron etildi. 40 mingga yaqin kishi halok boʻldi, 46 ming kishi esa yaralandi. Asosan, tinch aholi halok boʻldi. Biroq Gitler rahbariyatining havo urushi yo‘li bilan Angliya qarshiligini yengish borasidagi strategik rejasi xom bo‘lib chiqdi.

Angliya jang qilishni bilardi. Xalqning ma’naviy ruhi sinmadi, urushni g‘alabagacha yetkazish niyati yanada qat’iylashdi. Angliya havo hujumidan mudofaa tizimi ixtiyorida keng tarmoqli radiolokatsiya stansiyalari bo‘lib, ular dushman samolyotlarining yaqinlashayotganini oldindan sezishga qodir edi. Lyuftvaffe qoʻmondonligining qo‘qqisdan qilingan hujumlar bilan shoshirish rejasi chippakka chiqdi. Germaniya aviatsiyasi endi har bir hujumda 10–15 samolyot yoʻqotardi.
Sentyabr oʻrtalarida Angliyaga qarshi havo hujumlari toʻxtatildi. Angliya Germaniya aviatsiyasining buyuk qudrati haqidagi afsonani yo‘qqa chiqardi.


Fashistlarning yangi bosib olingan hududlaridagi “yangi tartibi”

Urushning birinchi yiliyoq deyarli butun Gʻarbiy Yevropa tiz choʻktirildi. Yengil gʻalabalardan mast bo‘lgan fashistlar Germaniyasi “Yevropada yangi tartib” oʻrnatishga kirishdi. Endi u “Uchinchi reyx” hududi hisoblanardi. Dastlabki ikki nemis imperiyalari (reyxlar) IX asrda (Karolinglar) va XIX asrda (Vilgelm II) hukm surgan, Gitlerning “uchinchi reyx”i esa ming yil hukm surishi lozim edi. Bu qaramlik darajasi turlicha boʻlgan turli hududlarning yangi tartibi edi.

Ishgʻol etilgan ayrim hududlar Germaniyaga qoʻshib olindi, boshqalari esa Germaniya amaldorlari tomonidan bevosita boshqarildi, uchinchilari so‘zda muxtor sanalsa-da, aslida, “qo‘g‘irchoq” hukumatlar tomonidan boshqarilardi.

Fashistlar Germaniyasining boshqaruv tartibi rejali terror va ommaviy qotilliklar miqyosi jihatidan beqiyos edi. Germaniya xalqini boshqa xalqlar hisobiga hududiy kenglik bilan ta’minlash rejasini amalga oshirish maqsadida Gitler Polshaning turli joylarida nemislar uchun koloniyalar tuzib, u yerlardan mahalliy aholini quvg‘in qildi, ulardan arzon ishchi kuchi sifatida foydalandi. Ayni rejalar, biroq yirik miqyosda, ruslar uchun ham moʻljallangan edi. Gitler ularni O‘rta Osiyo va Sibirga quvgʻin qilishni ko‘zladi. Bu hududlar bilan chegaralarda nemis harbiy faxriylari yashovchi manzilgohlar barpo etish rejalashtirildi, qolgan yerlarni esa Germaniya dehqonlari egallashi lozim edi.

Skandinavlar, gollandlar va shveysariyaliklar singari german irqiga yaqin xalqlar yashovchi mamlakatlarda ularning nemislar bilan assimilyatsiya qilinishi ko‘zda tutildi. Bunday xalqlar qayta oʻqitilishi, yot unsurlardan tozalanishi lozim bo‘lib, ularni mustamlaka qilish ko‘zda tutilmadi.

Gitler bosib olingan yerlarni iqtisodiy jihatdan faqat talonchilik manbai hisoblardi.
U hamma foydali narsalar, shu jumladan, butun-butun sanoat sohalarini olib chiqib ketdi. G‘arbdagi bosib olingan mamlakatlar bosqinchi qo‘shinlarni asl qiymatidan bir necha baravar yuqori narxlarda saqlashi lozim edi. Nemislar daromadni barcha foydali narsalarni sotib olishga sarflab, bosib olingan xalqlarni hayotiy zarur mahsulotlardan mahrum qilishdi. Natsistlar o‘z siyosatlarini hech kimdan yashirmasdi. Bir natsist amaldor shunday derdi: ʻʻMillat toʻkin-sochin yashayaptimi yoki ochlikdan oʻlyaptimi, bu meni faqat madaniyatimiz ravnaqi uchun ulardan qul sifatida foydalanishga nechogʻli muhtojligimiz nuqtayi nazaridan qiziqtiradiʼʼ.

Yevropadagi natsistlar hukmronligining eng mudhish jihati harbiy yoki iqtisodiy muhtojlik emas, Gitler irqiy doktrinasining g‘ayriinsoniy va beshafqatligida ifodalanardi. Gitler slavyanlarni fikrlashga noqodir past irq vakillari deb hisoblar, ular bilan odamday muomala qilmaslik zarurligini uqtirardi. SS reyxsfyureri G. Gimmlerning rejasiga ko‘ra, nemislarga hududiy kenglik yaratish uchun o‘ttiz million slavyanni yo‘q qilish ko‘zda tutilardi.

Gimmler Genrix (1900–1945) — bosh fashist harbiy jinoyatchilaridan biri. 1929-yildan— SS rahbari, 1936-yildan — gestapo shefi, 1943-yildan — Germaniya ichki ishlar vaziri. 1945-yil mayda o‘z joniga qasd qilgan.

Yahudiylar borasida ham Gitlerning maxsus rejasi mavjud edi. U butun Yevropani yahudiylardan tozalashni ko‘zlardi. Dastlab u barcha yahudiylarni Madagaskarga koʻchirishni rejalashtirgandi, biroq so‘ng ularni qirib tashlashga qaror qildi. Natsistlarning oʻlim lagerlarida olti milliondan ortiq yahudiy halok boʻldi. Jami 16 ta o‘lim (agenda 10 mln kishi qirib tashlandi.

Fashistlar o’lim lageri

1940-yil oxiriga kelib Germaniya bosib olgan yerlarda 290 mln kishi yashar, 45 mln tonna po‘lat quyilar, 400 mln tonna ko‘mir va 10 mln tonna neft qazib olinar, 700 ming avtomobil, 110 mlrd kvt elektr quvvati ishlab chiqarilardi. Bu faqat blitskriggagina emas, uzoq muddatli va keng miqyosli urush olib borishga ham qodir dunyodagi eng qudratli armiyani jihozlash va ta’minlash uchun bemalol yetardi. Faqat shundan so‘nggina Gitler Sovet Ittifoqiga qarshi urush boshlashga qaror qildi.


Germaniyaning Sovet Ittifoqiga hujumi

1940-yil oxiriga kelib Germaniya bosib olgan yerlarda 290 mln kishi yashar, 45 mln tonna po‘lat quyilar, 400 mln tonna ko‘mir va 10 mln tonna neft qazib olinar, 700 ming avtomobil, 110 mlrd kvt elektr quvvati ishlab chiqarilardi. Bu faqat blitskriggagina emas, uzoq muddatli va keng miqyosli urush olib borishga ham qodir dunyodagi eng qudratli armiyani jihozlash va ta’minlash uchun bemalol yetardi. Faqat shundan so‘nggina Gitler Sovet Ittifoqiga qarshi urush boshlashga qaror qildi. Gitlerning nemis xalqi uchun hududiy kenglikni yaratish rejasida Sovet Ittifoqini yo‘q qilish birinchi o‘rinda turardi. Angliyaga qarshi havo hujumlariga qadar u o‘z atrofidagilarga qulay sharoit tug‘ildi deguncha Rossiyaga hujum qilish niyatini bildirgandi. 1940-yil dekabrda, Angliyani bombardimon qilish davom etayotgan bir paytda, u generallarga 1941-yil 15-maygacha Sovet Ittifoqiga qarshi tayyorlanishni buyurdi. U sharqdagi blitskrig inglizlarning umidini chilparchin qilib, esini kiritib qo‘yadi, deb taxmin qilardi. “Barbarossa” nomli operatsiya rejasiga ko‘ra, Qizil armiyaning qarshiligi 1941-yil kuziga qadar sindirilishi lozim edi.

1941-yil martda Bolqonda Germaniya armiyasi Yugoslaviyani bosib oldi va greklarning qarshiligini sindirdi. Bu operatsiyalar Sovet Ittifoqiga qarshi urushni olti hafta ortga surdi.

“Barbarossa” operatsiyasi 1941-yil 22-iyunda boshlandi. Gitlerga ishonchsizlik kuchli bo‘lgani va sovet-german bitimi urushga tayyorlanishga go‘yoki imkon bergani uqtirilishiga qaramay, Sovet Ittifoqi g‘aflatda qoldirildi. Stalin sarosimaga tushdi. Gʻarbiy chegaralar mustahkam emas, Germaniya agressiyasiga qarshi harakatlar to‘g‘risidagi direktivalar yaratilmagandi. Dastlabki ikki kundayoq ikki mingga yaqin sovet samolyotlari yerning o‘zida, motorini yurgizib ulgurmay yo‘q qilindi.

Brest qal’asi dushman ortida qolgani holda 1941-yil 22-iyundan 20-iyulgacha qahramonona mudofaani davom ettirdi. Mudofaaning aksariyat qatnashchilari halok bo‘ldi, faqat ayrimlarigina qurshovni yorib chiqishga erishdi. Bu mudofaa Ikkinchi jahon urushidagi mardlik va qahramonlik timsoli bo‘lib qoldi.

Noyabr oyigacha Gitler Sovet Ittifoqiga Napoleon Rossiyaga kirganidan ham ancha ichkari kirishga muvaffaq boʻldi: nemis qoʻshinlari Leningrad darvozasi oldida, Moskva ostonasi va Donda turardi. Sovet armiyasining g‘arbiy qismlaridagi 4,5 mln kishidan 2,5 millioni halok bo‘ldi, 15 ming tankdan faqat 700 tasigina qoldi. Germaniya gʻalabasi muqarrar tuyulardi.

Biroq nemislar hal qiluvchi zarbani berolmadi. Qizil armiyaning qahramonona qarshiligi shiddatli urush rejasini barbod qildi. Gitlerchilar ham ulkan talafot koʻrishdi va hal qiluvchi zarba uchun ularda tirik kuch ham, texnika ham qolmadi.
Ular Smolensk ostonasida deyarli ikki oy turib qolishdi. Smolensk jangi 1941-yil 10-iyuldan 10-sentyabrgacha davom etdi. Bu jang natijasida Qizil armiya fashistlarning “Markaz” gruppirovkasi hujumini Moskva strategik yoʻnalishida ushlab turishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Gitlerning “shiddatli urush” rejasi tanazzulining boshlanishi edi. Fashistlar Qizil armiyaning parokanda kuchlari qarshiligini Moskva ostonasida ham yengolmadi. Moskva mudofaasi 1941-yil 30-sentyabrdan 5 dekabrgacha davom etdi. Mardona qarshilik koʻrsatilishiga qaramay, “Markaz” gruppirovkasi mudofaani yorib o‘tib, janubdan Kashira shahriga chiqdi.

Qishki sovuqlar Gitler askarlarining jangovar ruhini sindirdi. Nemis askarlari yengil yoz kiyimida bo‘lib, qishga armiya tayyor emasdi. Bir vaqtning o‘zida sovet rahbariyati Sibirdan rezervlarni keltirish, frontda va front ortida tartibni tiklash va qarshi hujumni tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi. 1941-yil 5-dekabrda boshlangan qarshi hujum natijasida sovet qo‘shinlari 38 nemis diviziyasini tor-mor keltirib, 11 mingdan ortiq aholi punktini ozod qildi. Nemis qo‘shinlari talafoti 500 ming kishini tashkil qildi. 1300 tank, 2500 to‘p, 15 mingdan ortiq avtomashina va boshqa texnika yo‘q qilindi. Noyabr va dekabrda sovet qoʻshinlari Moskva ostonasida qarshi hujumga o‘tib, Gitler qoʻshinlariga qaqshatqich zarba berdi. Bu fashistlar Germaniyasining Ikkinchi jahon urushidagi birinchi yirik magʻlubiyati edi. Moskva ostonasida 60 diviziya tor-mor qilindi. Fashistlar qo‘shinining yengilmasligi haqidagi afsona chippakka chiqarildi. Blitskrig barbod bo‘ldi.


Qisqacha mazmun

  • 1939-yil 3-sentyabr — Angliyaning Germaniyaga urush e’lon qilishi;
  • “Zitskrig” — Yevropadagi ʻʻgʻalatiʼʼ yoki “oʻtirib urushish”;
  • 1940-yil 9-aprel –– Germaniyaning Norvegiya va Daniyani bosib olishi;
  • 1940-yil may — Gollandiya va Belgiyaning kapitulyatsiya qilinishi;
  • 1940-yil iyun — Germaniya qoʻshinlarining Parijga kirishi. Germaniya bilan yarash ahdining imzolanishi. Mamlakatning bosib olinishi. Fransiya iqtisodiyoti Germaniya xizmatida;
  • De Gollning bosqinchilarga qarshi kurashga chaqirigʻi;
  • 1940-yil 15-avgust — ʻʻDengiz sheriʼʼ operatsiyasining boshlanishi. Angliyaning bombardimon qilinishi;
  • Fashistlar bosib olgan yerlarda ʻʻyangi tartibʼʼning oʻrnatilishi. Gitlerning irqiy doktrinasi; 1941-yil 22-iyun — ʻʻBarbarossaʼʼ rejasi — Germaniyaning SSSRga hujumi. Brest qal’asi mudofaasi. Smolensk jangi. Moskva uchun jang.