Ikkinchi jahon urushining 1941-1944-yillarda asosiy janglari



Urush boshlangan damdan AQSH Angliyaga bor imkoniyatlari bilan yordam bera boshladi. Gitlerning AQSHga urush e’lon qilishi uchun barcha asoslari bor edi, biroq u bu mamlakatning urushga ochiq qoʻshilishidan choʻchib, bundan oʻzini tiydi. Agar Tinch okeanda urush boshlanmasa, AQSH hukumati Yevropadagi urushga qo‘shilishga yetarli asos topmasligi mumkin edi. Yaponiya Germaniya va Italiya bilan ittifoqqa qoʻshildi va Fransiyaning zaiflashganidan foydalanib Hindixitoyga bostirib kirdi. Shu bilan birga u Xitoyda ham urushni davom ettirdi va Malayziyaning kauchuk plantatsiyalari ustidan nazorat oʻrnatish maqsadida bu mamlakatni bosib olish rejasini tuza boshladi.

AQSH Yaponiyaning bu tadbirlarini bosiqlik bilan kuzatdi, chunki u yaponlarning janubi-sharqiy Osiyo va Indoneziyaga hujum qilishlarini istamasdi. Yaponiyaning 1941-yil tyulida Hindixitoyni bosib olishi AQSH siyosatiga o’zgartish kiritdi. AQSH yapon aktivlarini muzlatib, Yaponiyani neft manbalaridan ajratib qoʻydi; ingliz va gollandlar ham shunday ish tutdi.

Yaponiya Indoneziya nefti hamda Malayziya kauchugi va qalayisiz urushni davom ettira olmasdi. Yaponiya vakillari Vashingtonda muzokaralar olib borishayotgan bir paytda, 1941-yil 7-dekabrda, yakshanba kuni ertalab yaponlar AQSHning Pyorl-Xarbor (Gavay orollari)dagi bosh harbiy-dengiz bazasiga havo hujumi uyushtirdi.
Amerikaliklar gʻaflatda qoldi. Yapon aviatsiyasi ikki soat davomida ko‘rfazni va sohildagi qurilmalar bombardimon qildi. Natijada 8 linkordan 4 tasi choʻktirib yuborildi, 18 ta harbiy kema ishdan chiqdi, 188 ta samolyot yo‘q qilindi, 128 ta samolyot esa shikastlandi, 3000 harbiy xizmatchi o‘ldirildi.

8-dekabrda AQSH Yaponiyaga urush e’lon qildi. 11 dekabrda esa Yaponiyaning ittifoqchilari boʻlgan Italiya va Germaniya AQSHga urush e’lon qildi. Tinch okeanda ham urush boshlandi.

AQSH urushga tayyor emasdi. Garchi 1940-yilda AQSHda umumiy harbiy majburiyat joriy etilgan bo‘lsa-da, armiya kam sonli, uquvsiz, yaxshi ta’minlanmagan edi. AQSH sanoati hali harbiy yo‘nalishga o‘tkazilmagandi.
Yaponlar AQSH flotining zaifligidan foydalanib, tezda muvaffaqiyat qozondi.

Pirl-Xarborning bombardimon qilinishi. 1941-yil 7-dekabr

Yaponlarning urushning dastlabki bosqichidagi bosh vazifasi janubi-sharqiy Osiyoni Angliyadan kesib qoʻyish edi, shu sababli asosiy zarba Angliyaning Yevropadan Tinch okean tomon barcha dengiz yo‘llarini nazorat qiluvchi kuchli harbiy-dengiz bazasi sanalgan Singapurga berildi. Pyorl-Xarbor bilan bir kunda yapon aviatsiyasi Singapurga ham hujum qilib, undan 200 km narida joylashgan Kota Baraga desant tashladi. Yaponlar shiddatli hujumlar qilib, ikki oy deganda Singapurga kirdi. 1942-yil 15-fevralda Singapur deyarli jangsiz taslim boʻldi. Kuchli istehkom va qurol-aslahaga ega bo‘lgan qudratli ingliz garnizom urushsiz oq bayroq koʻtardi. 100 ming ingliz askari asir olindi, yaponlar 740 to‘p, 2500 pulemyot va 200 tankni qo‘lga kiritdi.O‘zbekistonliklar tank kolonnasi qurilishi uchun pul yig‘ishmoqda. 1942-yil. Singapuring tor-mor qilinishi Tinch okeanidagi butun mudofaa tizimining barbod bo’lishiga olib keldi. 1942-yil mayiga kelib Yaponiya Malayziya, Indoneziya, Yangi Gvineya, Birma, Filippin, Gonkong, Guam, Sulaymon orollari — jami 400 mln aholi yashaydigan hududni bosib oldi. Hindiston va Avstraliyaga real xavf tugʻildi. AQSH halokat yoqasida edi. Biroq fashistlarning sovet-german frontida 1942-yil yozida hujumga oʻtishlari yapon hujumining strategik yo‘nalishini o‘zgartirdi.

O’zbekistonliklar tanklar kolonnasi qurilishi uchun pul yig’ishmoqda. 1942-yil

Stalingrad qoʻlga olinishini kutib 1942-yil noyabrida eng yaxshi yapon diviziyalari Manchjuriyaga tashlandi. Bu yerda yapon qoʻshini artilleriyasining yarmi va tanklarning 2/3 qismi jamlandi. Bu yapon rahbariyatining xatosi bo‘ldi. Shu damdan e’tiboran Tinch okeandagi vaziyat o‘zgarib bordi. AQSH tanaffusdan foydalanib qurolli kuchlarni toʻplay boshladi, aviatsiya va flotni qayta jihozladi. Yaponiya Tinch okeanda hujumdan mudofaaga o‘tdi. AQSH tashabbusni qo’lga kiritib, uni urush oxirigacha boy bermadi.


Stalingrad jangi

1942-yil yozida Yevropada Ikkinchi jahon urushining asosiy voqealari sodir boʻlmoqda edi. Bu paytga kelib nemislar Sovet Ittifoqidagi barcha frontlarda yana hujumga oʻtdi, biroq Kavkaz tizmalarigacha yetib, Shimoliy Kavkazning neftga boy hududlari qoʻlga olingan va Stalingradga chiqilgan Janubiy frontdan boshqa hech qayerda muvaffaqiyatga erisha olmadi. Stalingrad uchun jang olti oy, 1942-yil 17-iyuldan 1943-yil 3-fevralga qadar davom etib, u Ikkinchi jahon urushida keskin burilish yasadi. Jangda fashistlar Germaniyasining besh armiyasi qurshovga olinib, tor-mor keltirildi. 1943-yil 2-fevralda nemis qo‘shinlarining qurshovdagi gruppirovkasi toʻliq tor-mor qilindi. Vermaxtning Stalingrad jangidagi umumiy talafoti 1,5 mln ga yaqin kishini tashkil qildi. 91 ming askar, 26 ming ofitser, 24 general 6-armiya qoʻmondoni feldmarshal Paulyus boshchiligida qoʻlga olindi.
Bu Gitler Germaniyasining halokatga yuz tutganidan dalolat berardi. Germaniyada uch kunlik motam e’lon qilindi.

General-mayyor Sobir Rahimov. 1943-yil

Stalingrad jangidan soʻng yana qator ogʻir zarbalar berildi va ulardan soʻng Gitler Germaniyasi qayta oʻnglanmadi. Bu jangdan soʻng urushdagi strategik tashabbus Qizil armiya qoʻliga oʻtdi. Front G‘arbga tomon betoʻxtov siljiy boshladi. 1944-yil kuzida nemis qoʻshinlari Sovet Ittifoqi hududidan quvib chiqarildi, urush Yevropaga ko‘chdi. Sovet armiyasi gitlerchilar tomonidan bosib olingan Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlari hududida hujumkor operatsiyalarni boshladi.


SSSR hududlarining ozod qilinishi

1943-yil 5-iyuIdan 23-avgustgacha davom etgan Kursk jangidan maqsad Kursk bo‘rtig‘i hududida nemislarning hujumini barbod qilishdan iborat edi. 12-iyulda Proxorovka yaqinida ikki tomondan 1 200 tank qatnashgan tanklar jangi boʻlib oʻtdi. Uning natijasida dushman qoʻshinlari chekina boshladi. Kursk jangida vermaxt 500 mingga yaqin odam yoʻqotdi, 1,5 ming tank, 3,7 mingdan ortiq samolyot, 3 mingdan ortiq toʻp yakson qilindi.

Dnepr uchun jang 1943-yil avgustdan dekabrgacha davom etdi. Sovet qoʻshinlariga “Markaz” qoʻshinlar gruppirovkasi va “Janub” qoʻshinlar gruppirovkasining asosiy kuchlari qarshi turdi. Sovet qoʻshinlari asosiy qismi Dnepr qirgʻoqlari boʻylab oʻtgan “Sharqiy gʻov” mudofaa marrasini barpo etdi. Dnepr uchun jang davomida sovet qoʻshinlari tomonidan Dneprdagi strategik platsdarm qoʻlga kiritilib, 38 mingdan ortiq aholi punkti, shu jumladan, 160 shahar ozod qilindi.

1944-yil 8-aprelda Qrimni ozod qilish operatsiyasi boshlandi. 12 mayda Qrim ozod etildi.

Gitler Leningradni qoʻlga olish bilan faqat strategik emas, siyosiy maqsadlarni ham amalga oshirishni koʻzlagan edi. Leningrad mudofaasi 1941-yil 10-iyuldan 1944-yil 9-avgustgacha davom etdi. “Shimol” qoʻshinlar gruppirovkasi (29 diviziya) oldiga Boltiqboʻyidagi sovet qoʻshinlarini tor-mor keltirib, “Markaz” qoʻshinlar gruppirovkasi qismlari bilan hamkorlikda Leningrad va Kronshtadtni qoʻlga olish vazifasi qoʻyilgan edi. 1941-yil 8-sentyabrda nemis qoʻshinlari Leningradni quruqlikdan kesib qoʻydi. Shahar qamalda qoldi. Faqat 1943-yil 18-yanvarda sovet qoʻshinlari qamalni yorib oʻtdi, 1944-yil yanvar-fevralida unga batamom barham berildi.

1944-yil 10-avgustda Leningrad jangi nihoyasiga yetdi. 1944-yil 23-iyundan 29-avgustgacha Belorussiyani ozod qilish operatsiyasi davom etdi. Bu operatsiya davomida “Markaz” qo‘shinlar gruppirovkasining asosiy kuchlari qurshovga olindi va tor-mor keltirildi. Belorussiya to‘liq, Litva va Latviyaning esa bir qismi ozod qilindi.


Gʻarbiy Yevropadagi hujum

1944-yil 20-iyulda Gitler оʻzining bosh qarorgohida majlis o‘tkazayotgan paytda portlash sodir boʻldi. Uning natijasida to‘rt ofitser halok bo‘ldi. Gitlerning o‘zi hech qanday zarar ko‘rmadi. Suiqasd vermaxt ofitserlari tomonidan uyushtirilgan bo‘lib, bombani polkovnik Shtauffenberg qo‘ygan edi. Gitler ulardan ayovsiz o‘ch oldi, fitnaga aloqador 5 mingdan ortiq kishi otib tashlandi.

Vaqt SSSRning ittifoqchilari foydasiga ishlardi. AQSH 1942-yilga kelib ishlab chiqarishni harbiy tartibga oʻtkazdi va bu tezda o‘z natijasini berdi. Butun urush davomida AQSH Angliya va SSSRga 300 ming samolyot, 86 ming tank, 2,7 mln to‘p va pulemyot yetkazib berdi. Bu lend-liz — AQSH kongressi 1941-yil fevralida qabul qilgan qonunga ko‘ra amalga oshirildi. U Gitlerga qarshi koalitsiya bo‘yicha ittifoqchilarga qurol-aslaha, strategik xomashyo, o‘q-dori va oziq-ovqatlarni ijaraga yoki foizsiz qarz tartibida berishni ko‘zda tutardi. Bu qonunga ko‘ra AQSH Angliya va SSSRga urush davrida 50 mln dollarlik mahsulot yetkazib berdi. AQSHning koʻmagi va o‘z harbiy sanoati ishlab chiqarishini oshirgani ittifoqchilarga

1942-yildayoq harbiy texnika jihatidan fashistlar Germaniyasi ustidan ustunlikka erishish imkonini berdi. 1943-yilda AQSH sanoati bor kuchi bilan ishlardi. Yangi texnologiyalar va taktika Atlantika okeanidagi Germaniya suv osti flotini deyarli yo‘q qilib tashlash imkonini berdi. Amerika texnikasining ulkan oqimi Yevropaga qarab yo‘naldi. 1942-yiI noyabrda Angliya va AQSH Jazoir va Marokash qirg‘oqlariga desant tushirdi. 450 ga yaqin harbiy va transport kemalari okean orqali AQSHdan va Angliyadan odamlar va texnikani olib o‘tib, ularni Kasablanka, Jazoir va Oran portlariga tushirdi. Vishi hukumati qo‘mondonligi ostidagi Fransiya qo‘shinlari hech qanday qarshilik ko‘rsatmadi. Talafot deyarli bo‘lmadi. General D. Eyzenxauer (1890–1969) qo‘mondonligidagi Angliya-AQSH qo‘shinlari Tunisga hujum boshladi.

Biroz oldin Aleksandriyadan 90 km naridagi Al-Alamayn shaharchasi yaqinida hal qiluvchi jang sodir boʻlib, unda feldmarshal B. Montgomeri (1887–1976) qoʻmondonligidagi ingliz qoʻshinlari feldmarshal Ervin Rommel (1891–1944) qo‘mondonligidagi Afrika korpusini tor-mor keltirdi. Stalingraddan so‘ng bu Germaniya va Italiyaning Ikkinchi jahon urushidagi eng jiddiy mag‘lubiyatlaridan biri edi. U 1942-yil 23-oktabrda boshlanib, 4 noyabrda tugadi. Rommelning 249 tankidan faqat 36 tasigina qoldi, u 400 to‘p va bir necha ming avtomobil yoʻqotdi.
Inglizlar 20 ming nemis askarini asir oldi. Bu jangdan so‘ng inglizlar nemislarni 2,5 ming km davomida beto‘xtov quvib bordi. 1943-yil mayida ingliz qo‘shinlari va Angliya-AQSH ekspeditsiya korpusi Tunisda birlashib, Italiya-Germaniya qo‘shinlarini yangidan mag’lubiyatga uchratdi. Shimoliy Afrika tozalandi va 0‘rta Yer dengizida to‘liq ittifoqchilar nazorati o‘rnatildi.

Angliya-AQSH qo‘shinlari dushmanga og‘ir mag‘lubiyatlardan so‘ng nafas rostlash imkonini bermay, 1943-yil iyul-avgustida Sitsiliyaga desant tushirdilar. Italiyaliklar jiddiy qarshilik koʻrsatishmadi. Italiyada fashistlar diktaturasining inqirozi kuzatilardi.

Mussolini ag‘darib tashlandi. Marshal Badalyo boshchiligidagi yangi hukumat 1943-yil 3-sentyabrda yarash ahdini imzoladi va unga ko‘ra Italiya qo‘shinlari qarshilikni to‘xtatib, taslim bo‘ldi. Mussolini tuzumini qutqarish niyatida Germaniya qo‘shinlari Italiya markaziga qarab yo‘naldi va Rimni ishg‘ol qilib, Italiya harbiy qismlarini qurolsizlantirdi, mamlakatda shafqatsiz istilo tartibi o‘rnatdi. Ittifoqchi qo‘shinlar himoyasiga qochib o‘tgan Badalyo hukumati 1943-yil 13-oktyabrda Germaniyaga urush e’lon qildi.

1944-yil 6-iyunda AQSH-Angliya qo‘shinlari Fransiya shimoli Normandiyaga tushirildi. Bu ittifoqchilarning ikkinchi frontni ochish haqidagi eski va’dani bajarish borasidagi amaliy qadami edi. 24-iyulgacha ularnıng soni 1,5 mln dan ortiq kishini tashkil etdi. Ittifoqchilar dushmandan shaxsiy tarkibi va tanklari soni jihatidan 3 baravar, samolyotlari soni jihatidan esa 60 baravar ustun bo‘lib, havo va dengizda to‘liq hukmronlik qilardilar. 15-avgustda AQSH va Fransiya qo‘shilmalari Fransiya janubiga ham tushirildi. 25-avgustda fransuz qarshiligi qo‘shinlari AQSH qo‘mondonligi bilan kelishuvga ko‘ra Parijga kirdi va Fransiya poytaxti uzra milliy bayroq hilpiray boshladi.

Amerikalik desantlar Normandiyada. 1944-yil, iyun.

Ikkinchi frontning ochilishi Ikkinchi jahon urushidagi muhim voqea bo‘ldi. Germaniya endi Yevropada ikki frontda urush olib borishga majbur bo‘lib, bu uning strategik imkoniyatlarini chegaralar edi. Havoda G‘arbiy Yevropada AQSH va Angliya aviatsiyasi to‘liq hukmronlik qilardi. Barcha yo‘l va kommunikatsiyalar ittifoqchilar nazorati ostiga olingandi.

Germaniyani strategik bombardimon qilish hajmlari kengayib, unga Angliya-AQSH aviatsiyasining yirik kuchlari jalb qilina boshladi. Kunduzi AQSH aviatsiyasi sanoat obyektlari, temiryo‘llar, ko‘priklar, suvosti kemalari bazalari, sintetik benzin va kauchuk ishlab chiqaruvchi korxonalarga havodan hujum uyushtirardi. Tunda Angliya aviatsiyasi, asosan, shaharlarni bombardimon qilib, tinch aholini ruhiy tushkunlikka tushirishga urinardi. Germaniya xalqi fashistlarning avantyurasi evaziga katta haq to‘ladi. Bombardimonlar natijasida Germaniya hududida joylashgan mudofaa korxonalarining katta qismi yakson qilindi, havo mudofaasi tizimi ishdan chiqarildi, nemis aviatsiyasi faol harakat qilishni to‘xtatdi. Havo hujumlaridan, ayniqsa, tinch aholi katta zarar ko‘rdi. 1945-yil bahoriga kelib Berlinning to‘rtdan bir qismi vayron qilindi, 1,5 mln aholi boshpanasiz qoldi.
Fashist qo‘shinlarining transport va ta’minot tizimi deyarli yakson qilindi va ishdan chiqarildi.

1943-yil boshida Tinch okeandagi urushda burilish yasaldi. Yaponiyaning iqtisodiy ahvoli keskin zaiflashdi. Aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash avval qisqardi, so‘ng esa butunlay to‘xtatildi. Mamlakatda ish tashlashlar boshlandi. Urushga qarshi kayfiyatlar ochiq izhor qilina boshladi. Shu taxlit harbiy mag‘lubiyatlar chuqur ichki inqiroz bilan uyg‘unlashdi. Qishloqda dehqonlar bilan pomeshchiklar o’rtasida nizolar boshlandi. Mamlakatdagi siyosiy inqiroz hukumat almashuvida aks etdi.
1944-yil iyulda Tinch okeanda urush boshlagan Bosh vazir Todzening hukumati iste’foga chiqarildi, 1945-yil aprelda Yaponiya hukumati yana almashdi.


Qisqacha mazmun

  • 1941-yil 7-dekabr — Yaponiya tomonidan AQSHning Gavay orollaridagi Pyorl-Xarbor harbiy-dengiz bazalarining bombardimon qilinishi. Yaponiyaga urush e’lon qilinishi;
  • 1941-yil 11-dekabr — Italiya va Germaniya AQSHga urush e’lon qildi;
  • 1942-yil 15-fevral — Yaponiya tomonidan Angliyaning Singapurdagi harbiy-dengiz bazasining bosib olinishi. Tinch okeanidagi mudofaa tizimining yakson etilishi;
  • 1942-yil — Yaponiya tomonidan Malayziya, Indoneziya, Yangi Gvineya, Birma, Filippin, Gonkong va boshqa hududlarning bosib olinishi;
  • 1942-yil 23-oktyabr — 4-noyabr — Italiya-Germaniya qo‘shinlarining Al-Alamayn (Misr)dagi mag‘lubiyati, strategik tashabbusning Angliya armiyasiga o’tishi;
  • 1942-yil 17-iyul — 1943-yil 2-fevral — Stalingrad jangi — Ikkinchi jahon urushidagi burilish bosqichi;
  • 1943-yil 5-iyul — 23-avgust — Kursk jangi;
  • 1943-yil avgust—dekabr — Dnepr uchun jang;
  • 1944-yil 20-iyul — Gitlerga qarshi suiqasd;
  • 1944-yil may — Shimoliy Afrikaning Italiya-Germaniya qo’shinlaridan ozod qilinishi;
  • 1943-yil 3-sentyabr — Italiyaning taslim bo‘lishi nemis-fashist blokini tanazzulga mahkum qildi;
  • 1944-yil 6-iyun — ikkinchi frontning ochilishi;
  • 1944-yil 10-avgust — Leningrad qamaliga to‘liq barham berildi.