Natsistlar tuzumining harbiy doktrinasi
Urush natsistlar tuzumining asosiy vazifasi edi. Siyosiy va iqtisodiy hayotning barcha sohalaridagi tadbirlar bitta maqsad — boshqa mamlakatlarning armiyasidan son va sifat jihatidan bir necha karra ustun qurolli kuchlarni tuzish, Gitler rahbariyatining tajovuzkor rejalarini tez va talafotsiz amalga oshirish imkonini beruvchi harbiy doktrinani yaratishga qaratilgandi.
Harbiy doktrina — davlatdagi harbiy ishlarni rivojlantirish, mamlakat va qurolli kuchlarni yuz berishi mumkin boʻlgan urushga tayyorlash, uni olib borish usullarini ishlab chiqish borasidagi nuqtai nazarlar tizimi. Harbiy nizolarni hal qilish yoʻllarini izlash (tinch-totuv yashash tamoyili).
1936-yil yozida natsistlar rahbariyati butun iqtisodiyotni urush yoʻnalishiga oʻtkazishning toʻrt yillik rejasini ishlab chiqdi. Toʻrt yil ichida barcha mamlakatlarning armiyasidan bir necha baravar ustun boʻlgan eng zamonaviy armiya tashkil qilinishi lozim edi. Butun siyosat faqat urush olib borish nuqtai nazaridan koʻzdan kechirilardi.
Xuddi shu jarayonda Germaniyada urushga tayyorgarlik ham jadal surʼatlarda olib borildi. 1929-yilga kelib Germaniya poʻlat va choʻyan ishlab chiqarishda dunyoda ikkinchi oʻringa chiqdi, bu borada Yevropadagi barcha mamlakatlarni ortda qoldirdi. 1929-yilda Germaniyada 120 ming avtomobil sotildi. Mamlakatda ommaviy avtomobillashtirish avj oldi, bu esa vermaxtning qudratli mexanizatsiyalashgan qoʻshilmalarini yaratish imkonini berdi. Krupp zavodlari 1929-yildayoq qurol-aslaha ishlab chiqarishga oʻtdilar. Shveysariya, Avstriya, Gollandiyadagi filiallar ogʻir artilleriya, tanklar, pulemyotlar va aviabombalar ishlab chiqardi. Germaniyaning sanoat sohasidagi imkoniyatlari qisqa vaqt ichida dunyodagi eng qudratli armiyani tashkil qilish imkonini berdi.
Toʻrt yillik reja urush bilan bogʻliq iqtisodiy muammolarni hal qilishni koʻzda tutardi. Harbiy dasturning asosiy vazifasi Germaniyaning sintetik benzin va kauchuk ishlab chiqarishni rivojlantirish vositasida xomashyo bilan oʻz-oʻzini taʼminlash va, eng muhimi, poʻlat ishlab chiqarishni bir necha baravar oshirishiga erishishdan iborat edi.
Fashistlar rahbariyati va Germaniyaning yirik tijorati oʻzaro kelishuv va totuvlikda ishlashdi. Qisqa vaqt ichida sanoatchilar eng zamonaviy qurol-aslahalarni yaratdi.
Tanklar, samolyotlar va artilleriya boshqa mamlakatlarning qurollaridan sifat jihatidan ancha ustun edi. Barcha imkoniyatlar qurol-aslaha ishlab chiqarishga safarbar etildi. ʼʼMoy oʻrniga toʻplarʼʼ — natsistlar rahbariyatining shiori shunday edi. Germaniyaning urushga tayyorgarlik koʻrish borasidagi xarajatlari besh yil ichida 10 baravar oshdi, bu davrda 90 mlrd marka sarf qilindi. 1939-yilda qurollanishga mutanosib narxlarda Angliya 5 mlrd, Fransiya 2,3 mlrd marka pul sarflagani holda, Germaniyaning bu boradagi xarajatlari 18 mlrd markani tashkil qildi.
Butun mamlakat Bosh shtab tomonidan tayyorlangan harbiy doktrinaga xizmat qildi. Bu doktrina mohiyatan blitskrig, yaʼni shiddatli urushni koʻzda tutardi.
Urush bitta kutilmagan va qaqshatqich zarba bilan hal qilinishi lozim edi. Buning uchun zamonaviy tanklar va artilleriya, samolyotlar, harbiy-havo desanti qismlari va yirik motorlashtirilgan qoʻshilmalar talab qilinardi. Наг bir davlatga qarshi urush 2–3 kundan uzoqqa choʻzilmasligi lozim edi.
Bir necha yil ichida Germaniya armiyani qayta qurollantirish borasida ulkan taraqqiyotga erishdi. 1939-yilga kelib tuzilgan diviziyalar soni 1914-yil urush arafasidagi diviziyalar soniga yetdi. Ular eng zamonaviy qurol-aslahalar bilan jihozlangan, oʻsha paytdagi eng yaxshi aviatsiya, tanklar va artilleriyaga ega edi. Flot ham toʻliq qayta qurollantirildi. Boshqa mamlakatlardagidan farqli oʻlaroq Germaniya armiyasining asosiy qudratini bronetank qismlar tashkil qildi — ular 50 diviziyadan iborat edi. SSSR oʻsha paytda faqat bitta shunday diviziyaga ega, Fransiya va Angliyada esa bunday qoʻshilmalar umuman yoʻq edi.
Germaniyasining 1933–1939-yillardagi tashqi siyosati
Fashistlar Germaniyaning tashqi siyosati Gitler оʼzining ʼʼMayn Kampfʼʼ kitobida ishlab chiqqan rejaga muvofiq qatʼiy ravishda amalga oshirildi. Birinchi bosqichda Germaniya nemis tilida soʻzlashuvchi barcha mamlakatlarni birlashtirishi kerak edi, ikkinchi bosqichda butun Yevropani, soʻng esa butun dunyoni bosib olishi, Yer kurrasida oriylar irqining hukmronligini oʻrnatishi lozim edi. Gitlerchilar hokimiyatga kelgan davrdan boshlab ularning siyosati hududiy ekspansiya va agressiyani targʻib qildi.
Natsistlar rahbariyati birinchi galda qurolli kuchlarni tashkil qilish boʻyicha tayyorgarlik ishlariga xalaqit bergan siyosiy rishtalardan qutulishga qaror qildi.
1933-yiI oktyabrda Germaniya Millatlar Ligasidan chiqdi, 1935-yil mayda esa Versal bitimining qurollanishga tegishli bandlarini bekor qilganini eʼlon qildi, dunyoga harbiy-havo kuchlari, yirik muntazam armiya tuzish va majburiy harbiy xizmatni joriy etishini bildirdi.
Gitler juda qaltis, biroq keyin maʼlum boʻldiki, puxta oʻylangan oʻyin olib bordi, zero, Yevropada hech kim unga xalaqit berishni istamadi.Gʻarb davlatlari Gitlerning Germaniya tashqi siyosatining asosiy maqsadi Sovet Ittifoqini yoʻq qilish ekani toʻgʻrisidagi gaplariga ishondi.
Osongina va oʻta muvafflaqiyatli amalga oshirilgan ilk tashqi siyosiy tadbirlar Gitlerni Yevropada Versal bitimidan soʻng qaror topgan siyosiy vaziyatni oʻzgartirish borasida hal qiluvchi qadamni tashlashga daʼvat etdi.
1936-yil 7-mart kuni tongda yangi Germaniya armiyasining qoʻshilmalari Reyn harbiysizlashtirilgan zonasi hududiga bostirib kirdi. Bu Versal bitimining Reyn harbiysizlashtirilgan zonasini tuzish va Germaniyani bu yerda qoʻshinlar saqlash yoki harbiy istehkomlar qurish huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi 42-44-moddalarining toʻgʻridan toʻgʻri buzilishi edi. Fransiya va Angliya norozilik bildirish bilan kifoyalandilar, bunga javoban Gitler ularga qator tinchlikparvar takliflar bilan murojaat qildi. Biroq Germaniya Fransiyaning sharqiy chegaralariga jiddiy xavf soldi. Sobiq Reyn harbiysizlashtirilgan zonasi Fransiya uchun eng jiddiy xavf tugʻdirgan hududga aylandi. Bu Gitlerning bosqinchilik faoliyatiga asos solgan dastlabki muvaffaqiyati boʻldi.
Tashqi siyosatda Gitler quruq tinchlikparvarlik soʻzlarini keng ishlatdi. Bu yoʻllar bilan u Fransiya va Angliya hukmron doiralariga Gitlerni ʼʼtinchitish siyosatiʼʼ deb nomlangan harakatsizlik uchun oʻz xalqlari oldida oʻzlarining passiv siyosatini oqlashlariga imkon berdi. Bu siyosatni amalga oshirish bahonasida ular har qanday yon berishlarga borishga tayyor edi. Gitler bundan juda ustalik bilan foydalandi.
1936-yil 25-noyabrda Germaniya Yaponiya bilan ʼʼKominternga qarshi bitimʼʼni imzoladi. Bu bitimga koʻra har bir tomon bir-birini oʻz mamlakatlaridagi kommunistlar faoliyati toʻgʻrisida xabardor qilish majburiyatini oldi, SSSR tomonlardan biri bilan nizolashgan taqdirda, ikkinchi tomon betaraf qolishi lozim edi. Tomonlarning hech biri boshqa tomonning roziligisiz SSSR bilan bitim tuzmasligi kerak edi. ʼʼKominternga qarshi bitimʼʼ barchani Germaniya Sovet Ittifoqiga qarshi urushga jiddiy tayyorgarlik koʻrayotganiga ishontirishi lozim edi.
1936-yil yozida Berlinda oʻtkazilgan Olimpiya oʻyinlari Yevropa jamoatchiligini yanada tinchlantirdi. Germaniya sport rivojlanayotgan, yoshlarga musobaqalashish imkoniyatlari yaratib berilgan tinchliksevar mamlakat boʻlib koʻrindi. Berlin tinchlik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shiorlar bilan bezatilgan edi. Bu targʻibot tadbirlari Gitler siyosatining asl atvorini niqoblashi kerak edi. 1936-yil iyulida Ispaniyada boshlangan fuqarolar urushi Gitlerga yangi qulay imkoniyatlar berdi. U Ispaniya fashistlariga Afrika qitʼasidan Marokash korpusini olib kelish uchun harbiy-havo kuchlarining ʼʼKondorʼʼ diviziyasini taqdim qildi.
Bu korpus qoʻzgʻolonni bostirishda asosiy hujumkor kuch boʻldi. Bundan tashqari, Ispaniyaga 7 mingdan ortiq samolyotlar yuborildi va ular Ispaniya shaharlarini ayovsiz bombardimon qilishdi. Buning evaziga Gitler Ispaniyadan kamyob va qimmatbaho strategik materiallar oldi, ular Germaniya armiyasini qurollantirishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Franko Germaniyaning sodiq ittifoqchisiga aylandi.
Endi Fransiyaning janubida ham unga qarshi dushmanona harakatlarni boshlashi va Gitlerga bebaho strategik yordam koʻrsatishi mumkin boʻlgan davlat paydo boʻldi. Fransiya janubida Germaniyaning yana bir ittifoqchisi — fashistlar Italiyasi joylashgani hisobga olinsa, aytish mumkinki, Fransiya fashistlar davlatlari qurshovida qoldi va uning kunlari sanoqli edi. Gitler Fransiya Germaniyaning ashaddiy dushmani ekanini yashirmasdi.
Avstriyaning Germaniyaga qoʻshib olinishi
Gitlerga, ayniqsa, ikki mamlakat — Avstriya va Chexoslovakiya zarur edi. Ikkala mamlakat ham rivojlangan ogʻir sanoatga ega boʻlib, Markaziy Yevropada muhim mavqeni egallardi. Chexoslovakiya Ruminiya, Vengriya, Polsha, Avstriya va SSSR bilan umumiy chegaralarga ega edi, Avstriya esa Germaniyaga Yugoslaviyaga bostirib kirish imkonini berardi.
1936-yil iyulida Avstriya kansleri Kurt Shushing (1897–1977) Germaniya bilan shartnoma imzoladi. Unga koʻra, Germaniya Avstriyaning mustaqilligini tan oldi, Avstriya esa, oʻz navbatida, oʻzini ʼʼGermaniya davlatiʼʼ deb hisoblardi. Oradan ikki yil ham oʻtmay, 1938-yil 11-martda Gitler goʻyoki Germaniyaga tarafdor avstriyaliklarni taʼqib ostiga olgani uchun K. Shushnigning isteʼfo berishini talab qildi. Shushnig isteʼfo berishdan bosh tortdi, Avstriya prezidenti ham uni isteʼfoga chiqarish niyati yoʻqligini bildirdi. Bunga javoban Germaniya qoʻshinlari 1938-yil 12-martda Avstriyaga bostirib kirdi, 14-martda esa Avstriyaning Germaniyaga qoʻshib olingani eʼlon qilindi. Avstriya Germaniya reyxining Sharqiy markasi nomi ostida Germaniya qismiga aylandi, ʼʼanshlyusʼʼ, yaʼni Avstriyaning Germaniyaga qoʻshilishi amalga oshirildi. Avstriya davlat sifatida tugatildi. Fransiya va Angliya Avstriyani, shu bilan birga oʻz obroʻsini saqlashga urinmadi, holbuki, ular Germaniyaning Avstriyani qoʻshib olishini taqiqlovchi Versal bitimi bajarilishini kafolatlovchi davlatlar hisoblanardi.
Sudet viloyatini berish toʻgʻrisidagi bitim
1938-yil 21-apreelda Gitrel Bosh shtab boshligʻi general Keytel (1882–1946)ga Chexoslovakiyaga bostirib kirish va uni ishgʻol qilish rejasini ishlab chiqish toʻgʻrisida koʻrsatma berdi. Bundan ham oldin Sudet nemislari natsistlari rahbari Konrad Genleyn (1898–1945) Gitlerdan Chexoslovakiya hukumatiga bajarib boʻlmaydigan talablar qoʻyish, hukumat ularni qabul qilsa, yanada ogʻirroq talablar bilan murojaat qilish toʻgʻrisida koʻrsatma oldi. Chexoslovakiya hukumati Genleynning, asosan, nemislar yashovchi Sudet viloyatiga muxtoriyat berish toʻgʻrisidagi talablarini qondirishdan bosh tortdi. Berlindan berilgan buyruqqa muvofiq butun Chexoslovakiyada nemis aholisi bosh koʻtardi, politsiya bilan qurolli toʻqnashuvlar roʻy berdi. Bir vaqtning oʻzida Germaniyada Chexoslovakiyaga qarshi ruhdagi targʻibot avj oldirildi, Chexoslovakiya hukumati nemis xalqining ozodlikka boʻlgan intilishini boʻgʻganlikda ayblandi. Gitler Chexoslovakiyadagi nemislarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bayonot bilan chiqdi, ularni qurolli bosqin bilan himoya qilishga ham tayyorligini bildirdi. Gʻarb davlatlari Chexoslovakiyani ham qurbon qilishga qaror qilishdi. Gitler Angliya va Fransiya rahbarlarini Chexoslovakiyaning keyingi taqdiri muammosiga bagʻishlangan yigʻilishga oʻzining Berxtesgaden (Myunxen yaqini)dagi qarorgohiga taklif qilib, yana bir nayrang (Myunxen bitimi) uyushtirdi.
Konferensiyada Fransiya nomidan Bosh vazir E. Daladye, Angliya nomidan Bosh vazir Nevill Chemberlen, Italiya nomidan esa Mussolini qatnashdi. Gitler konferensiyada oʻz fikrida sobit turdi. Uning maqsadi aniq — Chexoslovakiya yoki urush edi. Daladye va Chemberlen yon berdilar va 29–30-sentyabrda boʻlib oʻtgan konferensiya Sudet viloyatini Germaniyaga berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. 10-oktyabrda konferensiya qaroriga koʻra Chexoslovakiya Teshen viloyatini Polshaga berdi, 2-noyabrda esa Germaniya tashqi ishlar vaziri Ribbentrop va Italiya tashqi ishlar vaziri graf Chiano Vengriyaga Slovakiyaning bir qismini berish toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi. Shu taxlit Chexoslovakiyani boʻlib tashlash amalga oshirildi.
Gʻarb uchun bu urushsiz magʻlubiyat edi. Gitler Angliya va Fransiyani Chexoslovakiya, yaʼni ular 1918-yilda hamkorlikda tuzgan davlatni boʻlib tashlashga majbur qildi. Holbuki, Fransiya Chexoslovakiya bilan oʻzaro yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga ham ega edi. Endi Germaniya Yevropa qitʼasidagi eng qudratli davlatga aylandi. Uning Yevropa siyosatiga taʼsiri hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi.
Chexoslovakiyaning bosib olinishi
Gitler Chemberien bilan hamkorlikda Angliya-Germaniya deklaratsiyasini imzoladi.
Unda 1935-yildagi Angliya-Germaniya dengiz bitimi va Myunxen bitimi ikkala millatning ʼʼbir-biriga qarshi boshqa hech qachon urushmaslikʼʼ hamda oʻzaro qiziqish uygʻotgan barcha masalalarni bundan buyon ʼʼmaslahatlashish yoʻli bilanʼʼ hal qilish niyatini ifoda etishi bildirildi. Chemberlen deklaratsiyani ʼʼbugungi kundagiʼʼ tinchlikning poydevori deb eʼlon qildi. Gitler uchun esa u imzolagan boshqa shartnomalari kabi quruq qogʻozdan boʻlak hech narsa emasdi.
Deklaratsiya imzolanganidan yarim yil oʻtib, 1939-yil 14-martda, endi hech qanday izoh va ogohlantirishsiz, Germaniya qoʻshinlari Chexoslovakiya hududiga bostirib kirdi, 16-martda esa Gitler Pragadagi Gradchina saroyining balkonidan turib Chexoslovakiyaning davlat sifatida tugatilishi va uning oʻrnida Germaniyaning Bogemiya va Moraviya protektorati (vassalligi) tuzilishini eʼlon qildi. Slovakiya alohida davlat— Germaniya satelliti maqomini oldi. Gitler Litvadan Klaypedani — Boltiq dengizidagi portni, muhim harbiy-dengiz bazasini berishni talab qildi va 1939-yil 22-martda Litva hukumati Klaypedani Germaniyaga topshirdi.
Vassallik — mustamlaka qaramligi shakllaridan biri boʻlib, unda vassal davlat faqat ichki ishlarda baʼzi bir mustaqillikni saqlab qoladi, uning tashqi siyosatini esa mustamlakachi davlat oʻz ixtiyoriga koʻra amalga oshiradi.
Satellit (lotincha ʼʼsatellitesʼʼ — yoʻldosh, hamfikr) — rasman mustaqil, biroq amalda boshqa, nisbatan kuchli davlatga boʻysinuvchi davlat.
ʼʼVays rejasiʼʼ Ikkinchi jahon urushining boshlanishi
Gitler yangi bosqinlarga tayyorgarlik koʻrdi. Navbat Polshaga kelgandi. Uning taqdiri, aslida, 1938-yil noyabrda, Gitler Polsha hududiga tor-mor keltirish rejasi (ʼʼVaysʼʼ bostirib kirish va uning rejasini tayyorlash toʻgʻrisida koʻrsatma bergandayoq hal qilingandi. Bu rejaga tayyorgarlik Germaniya va Polsha oʻrtasidagi doʻstlik kampaniyasi bilan bir vaqtda amalga oshirildi. Gitler, Ribbentrop va fashistlar reyxining boshqa rahbarlari ikki xalq doʻstligi, bu doʻstlikning istiqbollari, uning Yevropada tinchlikni mustahkamlashdagi ahamiyati toʻgʻrisida tinimsiz uqtirib kelishdi.
Biroq Chexoslovakiya bosib olinganidan soʻng Gʻarb mamlakatlari tashvishga tushib qolishdi. 1939-yil 31-martda Angliya hukumati Polshani chetdan unga qarshi agressiya uyushtirilgan taqdirda ʼʼhar tomonlama yordamʼʼ berishiga ishontirdi. Fransiya hukumati ham xuddi shu gapni takrorladi. Biroq Gitler Angliya ham, Fransiya ham Polsha uchun urushmasliklari, buning ustiga ular urushga tayyor emasliklarini yaxshi tushunardi. 1939-yil 11-aprelda ʼʼVays rejasiʼʼning uzil-kesil varianti tuzilib, unda Gitler ʼʼPolshani nihoyat bir yoqli qilishʼʼ, ʼʼPolshaning harbiy qudratini yakson qilishʼʼ va Polshani davlat sifatida tugatish zarurligini uqtirdi.
Polshaga hujum 1939-yil 1-sentyabrga belgilandi. Asosiy eʼtiborni Gitler Polshani birov hech qanday yordam koʻrsatolmaydigan qilib ajratib qoʻyishga qaratdi.
Gʻarbiy Yevropadagi aksariyat siyosatchilar Polshani Gitlerga bersak, u SSSR bilan bevosita yuzma-yuz qolib, unga qarshi urush boshlaydi degan xayolga borishdi.
Biroq ular adashgan edi. Gitlerning bu vaqtda SSSR bilan urushish niyati yoʻq edi.
U eng avvalo Gʻarb mamlakatlari bilan urushga tayyorgarlik koʻrardi. Polshaning bosib olinishi Gitlerni muhim tayanch, Germaniya armiyasini oziq-ovqat, sanoatni esa xomashyo, xususan, koʻmir va temir rudasi bilan taʼminlashi lozim edi.
Polshani ajratib qoʻyish va uni har qanday yordamga umiddan mahrum qilish maqsadida Gitler Sovet Ittifoqi bilan hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga qaror qildi. Bunday bitim 1939-yil 23-avgustda imzolandi. Bitimda maxfiy bandlar boʻlib, ularda Polshaning Germaniya va Sovet Ittifoqi oʻrtasida boʻlib olinishi toʻgʻrisida gap borardi.
Endi Polshaga yoʻl ochiq edi. 1939-yil 1-sentyabrda Germaniya qoʻshinlari Polsha hududiga bostirib kirdi. Angliya va Fransiya oʻsha kuniyoq urushni toʻxtatish toʻgʻrisida ultimatum berdi. Gitler ultimatumga rad javob berganidan soʻng Angliya va Fransiya Germaniyaga urush eʼlon qildi. Shu taxlit Ikkinchi jahon urushi boshlandi.
Qisqacha mazmun
• natsistlar tuzumi harbiy doktrinasi maqsadi — tez va talafotsiz ʼʼblitskrigʻʼni amalga oshirish. Gitler rahbariyatining bosqinchilik rejalari — butun dunyoda oriylar irqining hukmronligini oʻrnatish;
• bosh shior: ʼʼMoy oʻrniga toʻplarʼʼ;
• 1933-yil — Millatlar Ligasidan chiqish;
• 1935-yil — Versal bitimining bekor qilinishi;
• urushga tayyorgarlik;
• 1936-yil — urushga tayyorgarlikning toʻrt yillik rejasiga oʻtish;
• 1936-yil 7-mart — Germaniya armiyasining Reyn harbiylashtirilmagan viloyatiga kirishi;
• 1936-yil 25-noyabr — Germaniya va Yaponiya oʻrtasida ʼʼKominternga qarshi bitimʼʼning imzolanishi;
• Gitlerning Ispaniya fashistlariga koʻmagi;
• 1938-yil 14-mart — Avstriyaning ʼʼanshlyusʼʼ qilinishi;
• 1938-yil 29–30-sentabr — Fransiya, Angliya va Italiya hukumatlari Sudet viloyatini Germaniyaga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishdi (Myunxen bitimi);
• 1939-yil 14-mart — Gitler Germaniyasining Chexoslovakiyani bosib olishi;
• Polshani bosib olish borasidagi ʼʼVays rejasiʼʼ;
• 1939-yil 1-sentyabr— Ikkinchi jahon urushining boshlanishi;
• Germaniyada fashistlar diktaturasining oʻrnatilishiga olib kelgan omillar:
— yirik sanoatchilar bu tuzumda siyosiy va iqtisodiy inqirozdan chiqish yoʻlini koʻrdi;
— oʻrta tabaqalar va qashshoq aholi iqtisodiy tanglikning yengillashishiga umid qildi;
— mamlakatda fashistlar diktaturasining oʻrnatilishiga qarshi turishga qodir kuchlar topilmadi.