Natsistlar davlatining qurilishi
Germaniyada qaror topgan tuzum davlat siyosati miqyosiga koʻtarilgan ommaviy va shafqatsiz terrordan iborat edi. Terror faqat siyosiy raqiblarni yoʻq qilish vositasi emas, nemis xalqini qoʻrqitish omili ham hisoblanib, har bir nemis fuqarosi qarshilik koʻrsatishning befoydaligini, qarshilik koʻrsatgan muqarrar halok qilinishini va natsistlar rahbariyatiga soʻzsiz itoat etish zarurligini anglab yetishi lozim edi. Natsistlar tuzumining bosh jazo idorasi xavfsizlik otryadlari (SS) boʻlib, uni Genrix Gimmler (1900–1945) boshqarardi. Bu otryadlar 20-yillar oʻrtasida Gitlerning shaxsiy qoʻriqlovchi otryadlari sifatida tashkil qilingan edi, biroq keyinchalik ular natsistlar davlatining terror tizimidagi asosiy boʻgʻiniga aylandi. 1933-yilda SS saflarida 50 ming kishi boʻlib, aynan shu otryadlar 1934-yil iyunida fashistlar partiyasini tozalash boʻyicha qonli tadbirlarni amalga oshirdi. 1940-yilga kelib SS saflari 240 ming kishiga oʻsdi, harbiy tuzilishga ega boʻlib, diviziya va polklarga ajratildi.
SS (nemischa SS — qoʻriqlash qoʻshinlari) — Germaniya fashistlarining tashkiloti, fashist tuzumining bosh tayanchlaridan biri. 1929-yildan unga G. Gimmler boshchilik qildi. SS tarkibiga konslagerlarni qoʻriqlovchi ʼʼOʻlik boshʼʼ, SD xavfsizlik xizmati (razvedka va kontrrazvedkaning bosh idorasi) kirdi. Nyurnbergdagi xalqaro harbiy tribunal SSni jinoyatchi tashkilot sifatida hukm qildi.
SS otryadlarining vazifasi odamlarni taʼqib qilish va qirish, ommaviy qirgʻin va odamlarni krematoriylar (odam jasadini kuydiradigan olov muassasa) hamda gaz kameralarida yoʻq qilishdan iborat boʻldi. SS rahbariyati konslagerlar (oʻlim lagerlari)dagi tutqunlar va harbiy asirlar ustida tajribalar oʻtkazdi: muzlatish boʻyicha tajribalar, zaharli oʻqlar, vositalarni sinab koʻrish va hokazo.
SSning tarkibiy qismini maxfiy politsiya (gestapo) va SS qoʻmondoni (reyxsfyureri)ning xavfsizlik xizmati — SD tashkil qildi. Ular xalqi va bosib olingan hududlarning aholisi ustidan yalpi nazorat oʻrnatdi. Ularning asosiy vazifasi mavjud tuzumga qarshi paydo boʻlgan har qanday muxolifatni joyida yoʻq qilishdan iborat edi. Har bir uy, yoʻlak, xonadon va oila nazorat ostiga olindi. Yalpi taʼqib tizimi oʻrnatildi, yaʼni hamma bir-birini kuzatdi va taʼqib qildi. Bolalar ota-onalari, ota-onalar esa oʻz farzandlarini kuzatib, maʼlumot berishlari odatiy holga aylandi. Maʼlumot yetkazmaslik jinoyat hisoblanardi.
Gestapo va SD zimmasiga yahudiylarni ommaviy qirgʻin qilish vazifasi yuklatildi. Mamlakatning har bir fuqarosida maxsus varaqchalar yuritilib, ularda bu shaxsning ishonchlilik darajasi koʻrsatildi. Gestapo — fashistlar Germaniyasidagi davlat maxfiy politsiyasi. 1933-yilda tuzildi. Germaniya va uning tashqarisida ommaviy terrorni amalga oshirdi. Nyurnbergdagi xalqaro harbiy tribunal tomonidan jinoyatchi tashkilot deb tan olindi.
ʼʼReyx dushmanlariʼʼ, yaʼni oʻzgacha fikrlovchilar, demokratik tashkilotlarning vakillari, harbiy asirlarni ommaviy ravishda qirgʻin qilish uchun maxsus konsentratsion lagerlar barpo etilib, ularda odamlar ommaviy qirgʻin qilindi.
Bunday lagerlar jami 15 ta boʻlib, ularda 10 mln ga yaqin odam yoʻq qilindi.
Birinchi konslager Buxenvaldda — Shiller va Gyotening vatani hisoblangan Veymar yaqinida 1933-yilda, ikkinchisi 1934-yili Daxauda barpo etildi. Buxenvald lageri faoliyat yuritgan 12 yil davomida gaz kameralari, krematoriylar, merganlik tirlarida 1 mln 350 ming kishi, Daxauda esa 1 mln 200 ming kishi yoʻq qilindi.
Yahudiy aholi va boshqa xalqlarga qarshi genotsid
Natsizm yahudiy aholini toʻliq qirib tashlashning maxsus dasturini ishlab chiqdi.
Natsistlar hokimiyatni qoʻlga kiritganlaridan soʻng antisemitizm rasmiy siyosatga aylandi. Bu insoniyat tarixidagi eng shafqatsiz, gʻayriinsoniy va keng miqyosli irqiy taʼqib boʻldi. Natsistlar antisemitizmdan ʼʼommani alangalatuvchi ruhiy uchqunʼʼ sifatida foydalanishdi. Yahudiylar maxsus ajratilgan joylar (getto)da yashashlari lozim edi, ular davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilindi, shuningdek, ular kiyimlarida maxsus belgi (olti qirrali yulduz) taʼqib yurishga majbur edi.
Getto — shaharning yahudiylar yashashi uchun ajratilgan qismi. Ikkinchi jahon urushi davrida Sharqiy Yevropaning qator shaharlarida fashistlar tomonidan gettolar barpo etilib, ular oʻlim lagerlarga aylantirildi.
Maxsus dastur (ʼʼxolokastʼʼ — yakuniy qaror)x\mg amalga oshirilishi natijasida Yevropada 6 mln.dan ortiq yahudiy qirib tashlandi. Bu dastur shu qadar puxta va beshafqat tuzilgan ediki, 1945-yildan soʻng Yevropada yahudiylar xalq sifatida deyarli qolmadi. Bu dasturning ijrochilaridan biri — SS gruppenfyureri, Chexoslovakiya gaulyayteri Karl Frank 1946-yilda Nyurnberg sudining hukmiga binoan qatl qilinadi. Sudda u shunday deydi: ʼʼOradan minglab yillar oʻtadi, biroq ular Germaniyaning bu aybini yuvolmaydiʼʼ.
Germaniya aholisining ʼʼrahmdillik yuzasidanʼʼ oʻldirilishi ham natsistlar tuzumining axloqsiz va jinoiy atvorini fosh qiladi. Davlatda oziq-ovqatning tanqisligini roʻkach qilib, Gitler samarali mehnatga noqobil boʻlgan barcha kasallar va qariyalarni hamda telbalar, aqli ojizlar, tutqanoq kasaliga chalinganlar, davlat va xususiy ruhiy shifoxonalar bemorlarini qirib tashlash toʻgʻrisida buyruq berdi. Ularni konslagerlarga koʻchirib, soʻng yoʻq qilishardi, oila aʼzolari va yaqinlariga esa bemor xastalikdan vafot etdi, deb maʼlum qilardi. Ushbu yoʻl bilan 275 ming nemis qirib tashlandi.
Natsistlar mafkurasi — irqchilik, ijtimoiy safsatabozlik va urush dasturi
Barcha totalitar tuzumlarning maxsus ishlab chiqilgan oʻz mafkuralari boʻlib, ular bu tuzumlarning hukm surishini oqlashi yoki asoslashi, maqsadlarini ifodalashi va ularga erishish yoʻllarini koʻrsatishi lozim edi.
Natsizm 1920-yilda, yaʼni Gitler hali Germaniya natsional-sotsialistik ishchilar partiyasi fyureri boʻlmay turib eʼlon qilingandi. Gitler ushbu dasturning barcha moddalarini nazariy shaklda ifodalab berdi va uni natsizm mafkurasi koʻrinishidagi gʻoyalar tizimiga aylantirdi. Ular Gitlerning ʼʼMayn Kampfʼʼʼ (ʼMening kurashim) kitobida oʻz ifodasini topdi.
Natsizmning asosiy gʻoyasi Germaniya xalqi uchun hayotiy kenglikni taʼminlash, bunda har qanday vositalarni qoʻllash, urush va jinoyatlardan ham tap tortmaslikdan iborat edi. Nemislar Yevropada, soʻng esa butun dunyoda hukmronlik qilishi lozim boʻlgan oliy irq vakillari deb eʼlon qilindi. Natsional-sotsializm maqsadlariga erishish quroli sanalgan yalpi urush adolatli va tabiiy deb eʼlon qilindi. Urush, oʻlimga sigʻinish va past irq vakillari hisoblangan boshqa xalqlarga nisbatan nafrat ruhi onglarga singdirildi. Natsistlar mafkurasi nemis xalqining boshqa xalqlar ustidan hukmronlik qilishga boʻlgan huquqini qaror topdirish uchun ʼʼabadiy kurashiʼʼ toʻgʻrisida safsata tarqatdi. Natsistlar daʼvosicha, bu huquqni nemislar oliy irqqa mansubligi tufayli qoʻlga kiritgan edi. Osiyoliklar, afrikaliklar, semitlar, slavyanlar, umuman nord (yaʼni german) irqiga mansub boʻlmagan xalqlar abadiy qullikka mahkum etilardi. Butun Sharqiy Yevropa hududiga nemislar joylashtirilishi, qitʼaning bu qismi toʻliq germanlashtirilishi lozim edi.
Nemislar, natsizm mafkurasiga muvofiq, Germaniyaga boshqa xalqlarning hududlarini qoʻshib olishlari yoki ularni ishgʻol etishlari lozim edi. Gap, eng avvalo, aholisi qirib tashlanishi yoki qulga aylantirilishi koʻzda tutilgan hududlar haqida borardi. Bu mafkura butun-butun xalqlarni qirib tashlash, davlatlarni yoʻq qilishni rejalashtirgandi. U shaxs erkinligi, fuqaroviy huquqlar, yashash huquqiga qarshi harakatlarni oqlardi va asoslardi. Adolat bu — kuch, kim kuchli boʻlsa, huquq va adolat uning tomonida, deb daʼvo qildi fashistlarning rahnamolari. Bu gʻoyalarning amalga oshirilishi totalitar tuzum hukmronligi, yalpi urushlar, butun-butun xalqlarning qirib tashlanishi, madaniyati, anʼanalarining yoʻq qilinishi, ularning ʼʼtoza qonliʼʼ irqqa boʻysundirilishini talab qilardi. Bu qotillar, jinoyatchilar va vahshiylar mafkurasi edi. U insoniyatga qarshi tajovuzkor urush va jinoyatlarga olib borardi.
Fashizm mafkurasi targʻitobi
Fashistlar partiyasining 1933-yil 3-sentyabrda Nyurnbergda boʻlib oʻtgan syezdida Gitler oʻzining nemislar barcha xalqlar boʻysunishi lozim boʻlgan oliy irq vakillari ekani toʻgʻrisidagi nazariyasini eʼlon qildi. Bu nemislarning boshqa millatlardan ustun millat ekani va bu ustunlik unga millatlarni boʻysundirish, ulardan oʻz maqsadlariga erishish yoʻlida foydalanish huquqini berishini daʼvo qiluvchi nazariya edi. Bu nazariya natsistlar davlatining rasmiy mafkurasi va rasmiy siyosatiga aylandi.
Natsional-sotsializm mafkurasini nemis xalqining keng ommasi ongiga singdirish boʻyicha kuchli tashviqot ishlari avj oldirildi. Syezd yakunlangani zahoti Berlin operasi maydonida yoqilgan ulkan gulxanda jigarrang forma kiygan talabalar jahon adabiyotining buyuk namoyandalari yozgan minglab kitoblarni yondirishdi.
Gyote va Geyne, Shekspir va T. Mann, Volter va Russoning kitoblari kuydirildi.
Butun Germaniyada taraqqiyparvar yozuvchi va allomalarning kitoblari yondirildi.
Mamlakatdan 5 mingga yaqin olimlar, yozuvchilar, rassomlar, artistlar quvgʻin qilindi. Matbuot, radio, teatr, kino — bularning barchasi I. Gebbels (1897–1945) boshchiligidagi axborot vazirligi nazorati ostiga oʻtdi. Barcha maktab va universitetlar harbiylashtirildi.
Mamlakatda urush va gʻalabalarni yalpi targʻib qilish avj oldi. SS askarlari yangi ritsarlik ordeni aʼzolari sifatida madh qilindi, svastikali bayroqni butun yer kurrasi uzra baland koʻtargan nemis askari namuna qilib koʻrsatildi. Kitoblar, jurnallar, kino, teatr — barchasi yagona maqsadga — nemis yoshlarini shafqatsiz zobit jangchilarga aylantirishga boʻysundirildi. Natsizmni madh etuvchi namoyishlar va mashʼal koʻtarib yurishlar biri-biridan mahobatli boʻldi. Millionlab omma ʼʼfyurerʼʼ portreti koʻrindi deguncha junbushga kelib, ʼʼxaylʼʼ deb qichqirardi. Gitlerning buyukligi va daholigiga ishonch toʻla singdirildi, Fyurer ketidan oʻylamasdan ergashishga daʼvat qilindi.
Gitler rahbariyati maktabdagi tarbiyaga alohida eʼtiborni qaratdi. Maktabga qadam qoʻyilgan davrdan boshlab ʼʼirqiy dunyoqarashʼʼ, ʼʼirqiy ustunlikʼʼ va german nord qonini sof saqlash eʼtiqodida tarbiyalandi. Maktablardan ʼʼsiyosiy jihatdan ishonchli boʻlmaganʼʼ, yaʼni natsional-sotsializm gʻoyasiga koʻr-koʻrona sadoqati sezilmagan barcha oʻqituvchilar haydaldi. Ularning oʻrniga oʻquvchilar ongiga natsistlar gʻoyasini muttasil singdiruvchi oʻqituvchilar tayinlandi.
Gitlerning buyrugʻiga koʻra Germaniyadagi barcha yoshlar ʼʼGitleryugendʼʼ tashkilotiga birlashtirildi. Bu tashkilotning bosh vazifasi yoshlarni natsional-sotsializm ruhida tarbiyalashdan iborat edi, ushbu maqsadda uning saflarida keng natsistlar targʻiboti olib borilardi. ʼʼGitleryugendʼʼ natsistlar partiyasi saflarini toʻldirish manbaiga aylandi. Uning SS talablariga javob beruvchi aʼzolari SSga aʼzolikka asosiy nomzodlar hisoblanardi.
ʼʼGitleryugendʼʼdan harbiy xizmatga chaqirilish arafasidagi yoshlarni harbiy jihatdan tayyorlashda ham foydalanildi. Tashkilot maxsus boʻlimlarga ajratildi va ular turli qoʻshin turlari uchun mutaxassislarni tayyorladi.
1933-yil mayidan boshlab yoshi 18 dan 25 gacha boʻlgan yoshlar uchun ikki yillik koʻngilli mehnat majburiyati joriy qilindi. Yoshlar botqoqliklarni quritish, shosse yoʻllari qurish, kanallar qazish ishlariga jalb qilindilar. Bu mehnat lagerlaridagi hayot toʻliq harbiylashtirilib, harbiy xizmat nizomiga boʻysundirildi, harbiy tayyorgarlik tashkil etildi. Sport harakati armiyani tayyorlash va nemislarning hukmron irq vakillari ekani toʻgʻrisidagi natsizm gʻoyasini targʻib qilish vositasiga aylandi.
1935-yil 16-martda umumiy harbiy majburiyat toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi.
Bu kunga kelib 8 mln nemis oʻsmirlari Germaniya qoʻmondonligi talablarini harbiy, siyosiy va jismoniy jihatdan toʻliq qoniqtiruvchi zamonaviy armiya asosini tashkil qilardi. Garchi Germaniya faqat 500 ming kishilik armiya tashkil qilish toʻgʻrisida eʼlon qilgan boʻlsa-da, millionlab kishilar armiyaga aʼzo boʻlishga tayyor turishardi.
Germaniyaning iqtisodiy jihatdan yangidan tuzilishi
Natsistlar dasturi Germaniya iqtisodiyotini totalitar va avtoritar asosda izga solishga qaratildi. Dastur iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal qilish boʻyicha mutlaq vakolatga ega kuchli markaziy hokimiyatni vujudga keltirishni koʻzda tutardi. Uning koʻrsatmalari soʻzsiz bajarilishi lozim edi. Davlat tomonidan boshqariluvchi aralash iqtisodiyot yuzaga keldi. Biroq xoʻjalik iqtisodiyot tizimining yangi tuzilishi mavjud iqtisodiy munosabatlarning asoslariga daxl qilmadi. Sanoat va qishloq xoʻjaligida eski xoʻjayinlar egalik qilishda davom etdi.
Germaniya iqtisodiyotida mamlakat sanoatining asosini tashkil qiluvchi 30 ta eng yirik sanoat konsernlari — ʼʼIG Farbenindustriʼʼʼ (kimyo mahsulotlari, dori-darmon, porox, sintetik benzin va kauchuk ishlab chiqarish), ʼʼFeraynigte Shtalverkeʼʼ (poʻlat ishlab chiqarish), ʼʼKruppʼʼ, ʼʼFlikʼʼ, ʼʼMannesmanʼʼ, ʼʼSimensʼʼ, AEG va boshqalar yetakchi oʻrin egallab turardi. Butun natsistlar siyosiy tizimi ularning imkon qadar koʻp foyda qilishlari asosiga qurildi va butun nemis xalqi ularning xizmatiga jalb qilindi. Gitler ularning boyishi uchun eng qulay sharoitlarni yaratib berdi. ʼʼKruppʼʼning daromadi 1934–1940-yillarda 4 baravar, ʼʼIG Farbenindustriʼʼning daromadi 17 baravar, ʼʼFlikʼʼniki 65 baravar oshdi. Bularning barchasi Yevropadagi bosib olingan mamlakatlardan boʻlgan 12 mln xorijiy ishchilar va harbiy asirlar mehnati bilan dunyoga keldi.
1934-yil fevralda ʼʼIqtisodiyotning uzviy qurilishini tayyorlash toʻgʻrisidaʼʼgi qonun asosida iqtisodiyotni davlat tomonidan boshqarishning yangi tizimi yaratildi.
Imperiyaning iqtisodiy palatasi mamlakatdagi butun iqtisodiy hayotni muvofiqlashtirdi. U xomashyoni taqsimlash, bozorlarni boʻlish, narxlarni belgilash, hukumat buyurtmalarini tasdiqlash va shu kabi ishlar bilan shugʻullandi. Uning tarkibiga 6 imperiya xoʻjalik guruhi, 44 xoʻjalik guruhi, 350 maxsus guruh va 640 maxsus guruhcha kirib, ular mamlakatning joylardagi iqtisodiy hayotini nazorat qildi. Bu tizim vakillari SS generallari (grupenfyurerlar) darajasiga koʻtarilgan va Imperiya iqtisodiy palatasini boshqaruvchi yirik sarmoyaning diktaturasini qonuniylashtirdi. Germaniyaning yirik konsernlari vakillari endi mamlakatning xoʻjalik hayoti ustidan cheksiz hokimiyatni qoʻlga kiritdi.
Bundan tashqari, yetti imperiya guruhlari iqtisodiyot sohalari — sanoat, energetika, hunarmandchilik, transport, bank va sugʻurta faoliyatini nazorat qildi. Bular vazirliklarga yaqin idoralar boʻlib, yirik tadbirkorlar tomonidan boshqarilardi.
Yirik sarmoyani qoʻllab-quvvatlash maqsadida iqtisodiyotning davlat sektori (Reyxsverke AG) tashkil qilindi. Uning vazifasi rentabelsiz xususiyatga ega, biroq zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishdan iborat edi. Davlat mablagʻi hisobiga past navli temir rudasini qayta ishlovchi ulkan metallurgiya korxonalari barpo etildi.
Davlat korxonalari temir rudasining 43 foizi, choʻyanning 17 foizi, poʻlatning 13 foizi, elektr energiyasining esa yarmidan ortigʻini ishlab chiqardi. Davlat korxonalaridan tashqari davlat va xususiy kompaniyalar ishtirokida koʻplab aralash korxonalar ham barpo etildi. Davlatga barcha hissadorlik jamiyatlaridagi sarmoyaning 25 foizi tegishli edi. Yirik konsernlarni xomashyo, bozor va buyurtmalar bilan taʼminlash hamda raqobatga chek qoʻyish maqsadida majburiy kartellash, yaʼni barcha mayda va oʻrta korxonalarni tugatish ishlari amalga oshirildi.
1933-yil 15-iyuldagi qonunga koʻra yahudiylarning mol-mulki musodara qilindi, banklar va sanoat korxonalari esa ʼʼoriylashtirildiʼʼ (yaʼni toza qonli nemislarga berildi). Ushbu qonunga muvofiq sarmoyasi 100 ming markadan kam boʻlgan hissadorlik korxonalari taqiqlandi, sarmoyasi 500 ming markadan kam boʻlgan yangi korxonalarni tuzish esa man etildi. Shu taqlid barcha mayda va oʻrta korxonalar deyarli tugatilib, yirik sarmoyaning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratildi. Natijada yirik mulkdorlar sinfi yuzaga keldi. Jumladan, sarmoyasi 1 mln markadan kam boʻlgan kompaniyalar soni kamaydi, sarmoyasi 20 mln markadan koʻp boʻlgan kompaniyalar soni esa oshdi.
Natsistlar tuzumi majburiy mehnatni joriy qildi. 1934-yil 20-yanvardagi ʼʼMilliy mehnatni tartibga solish toʻgʻrisidaʼʼgi qonunga koʻra tarifli shartnomalar va mehnatni erkin tanlash huquqi bekor qilindi. Ishchilar qayerni koʻrsatishsa, oʻsha yerda ishlashga, tadbirkorlar qancha maosh belgilashsa, oʻsha pulni olishga majbur edi. Zavodlarda 1 mln ishchi harbiy xizmatni oʻtardi. Mehnatlari uchun ularga sariq chaqa toʻlanardi. Ishchilarning maoshi tinimsiz kamayib borardi. Zavodlarda kuchaytirilgan harbiy naryadlar tashkil qilinib, ular boʻysunmaslikning har qanday koʻrinishini bostirdi. Jazo shafqatsiz edi — boʻysunmaslik davlatga qarshi qoʻporuvchilik sifatida baholanardi.
Fashistlarning harbiy-xoʻjalik kompleksi shunday yuzaga keldi. Natsistlar mamlakatda siyosiy hokimiyatni, Germaniya yirik sarmoyasi esa iqtisodiy hokimiyatni qoʻlga kiritdi. Bu sanoat-moliya doiralarining diktaturasini eslatardi.
Endi ularning taqdiri oʻzaro bogʻlangan edi. Bu kompleksni iqtisodiy hayotning davlat tomonidan tartibga solinishi natijasida aralash koʻrinishdagi iqtisodiyot oʻrnatiluvchi davlat-monopolistik kapitalizmining qaror topishi sifatida baholash mumkin.
Qisqacha mazmun
• Mamlakatda terrorning siyosiy raqiblarni yoʻq qilish vositasi sifatida davlat siyosati darajasiga koʻtarilishi;
• Xavfsizlik otryadlari (SS)ning partiyani ʼʼtozalashʼʼ boʻyicha faoliyati, muxolifatning yoʻq qilinishi, aholining konslagerlarda qirgʻin qilinishi;
• Maxfiy politsiya (gestapo) va SS xavfsizlik xizmati — SDning faoliyati;
• Oʻlim lagerlari — Buxenvald, Daxau;
• Antisemitizm — hukumatning rasmiy siyosati (ʼʼxolokastʼʼ);
• bemor va qariyalarning ʼʼrahmdillikʼʼ yuzasidan oʻldirilishi;
• nemislarning boshqa xalqlardan ustunligi toʻgʻrisidagi natsistlar gʻoyasi;
• mamlakatda fashistlar harbiy-xoʻjalik kompleksining tashkil topishi;
• mamlakat iqtisodiyotining harbiylashtirilishi, majburiy mehnatning joriy qilinishi;
• rentabelsiz, biroq davlatga zarur mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun davlat sektori (reyxsverke AG)ning tashkil qilinishi;
• Fashizmning oʻziga xos xususiyatlari:
— millatchilik va irqchilik;
— demokratiyadan voz kechish;
— totalitar va avtoritar tuzumning barpo etilishi;
— kuch oldida sigʻinish, oʻta tajovuzkorlik;
— dunyo ustidan hukmronlikni qoʻlga kiritishga intilish.