YUGOSLAVIYA IKKINCHI JAHON URUSHI YILLARIDA
Urushga munosabat
Urush boshlanishi bilan Yugoslaviyada urushayotgan tomonlarning birontasini quvvatlashda qatnashishdan bosh tortishni va Sovet Ittifoqi yo‘lida turishni talab qilgan demokratik hamda tinchliksevar kuchlar yanada faollashdi.
1940-yilda Svetkovich hukumati SSSR bilan diplomatik aloqalar oʻrnatdi.
Urushga va fashistlarga qarshi harakat hukumatni ko‘zbo‘yamachilikka majbur qildi. Tilda toʻliq betaraflik qat’iy saqlanishini bildirgan hukumat amalda 1941-yil martidayoq Gitler bilan Yugoslaviyaning fashistik blokka qo‘shilishi haqida muzokaralar olib bordi. 1941-yil 24-martda Venada mamlakatning uch davlat (Germaniya, Italiya va Yaponiya) paktiga qo‘shilishi haqida shartnoma imzolandi.
Bu voqeaga javoban mamlakatda ommaviy qahr-g‘azab toʻlqini koʻtarildi.
Hamma joyda namoyishlar va mitinglar bo‘lib o‘tdi. Qoʻshinlar namoyishchilar tomonga o‘tishdi. Svetkovich boshchiligidagi hukumat qamoqqa olinib, umummilliy asosda yangi hukumat tuzildi.
Fashistlar hujumiga qarshi kurash
1941-yil 6-aprelda Germaniya urush e’lon qilmasdan Yugoslaviyaga hujum qildi.
Gitlerchi feldmarshal List ixtiyorida 300 ming kishilik armiya bor edi. Italiya o‘z qoʻshinlarini Albaniya va mamlakat shimoliga, Istriyaga yo‘lladi. Bolgariya, Ruminiya va Vengriya ham Yugoslaviya hududiga bostirib kirishda ishtirok etishdi.
Mamlakatning oʻzida fashistparast generallar frontni ochib berib, armiyaga xiyonat qilishdi.
Yugoslav armiyasi o‘n kun davomida tor-mor etildi. Uning qoldiqlari partizanlar bo‘linmalari shtabi boshchiligida kurashni davom ettirish uchun tog‘-u o‘rmonlarga chiqib ketdi. Mayda guruhlardan yirik partizan qo‘shilmalari tuzildi.
1941-yil kuzida partizanlar nemislarning Bolqondagi kommunikatsiyalariga zarba berishdi, Chernogoriyani, deyarli butun Serbiyani tozalab, Belgradga yurish qilishdi. Alohida partizan boʻlinmalaridan Xalq ozodlik armiyasi tuzildi. Bu armiya yetti marta fashistlarning katta hujumlariga dosh berdi.
Mamlakatning ozod qilinishi
1942-yiI noyabrida Bukach shahrida Yugoslaviya xalq xaloskorlik antifashistik vechesi (YuXXAV) yigʻildi va bu xalq hokimiyatini yaratish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi. 1943-yili YuXXAV parlamentning barcha huquqlariga ega qonun chiqaruvchi organga aylantirildi. Shuningdek, Xalq ozodlik armiyasi qo‘mondoni, marshal Iosif Broz Tito boshchiligida muvaqqat hukumat bo‘lib qolgan Yugoslaviyani ozod qilish milliy qo‘mitasi ham tuzildi. Antifashistik veche Yugoslaviya 6 qismdan: Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya, Chernogoriya, Makedoniya, Bosniya-Gersegovinadan iborat demokratik federativ davlat boʻlishi shartligi haqida qaror qabul qildi. Qirol Pyotr yon berishga va yangi kabinet tuzishni xalq ozodlik harakati bilan hamkorlik tarafdori Ivan Shubashichga topshirishga majbur boʻldi. Bu 1944-yil 7-iyulda yagona demokratik hukumat tuzilishiga olib keldi.
1944-yil kuzida Qizil armiyaning Bolqondagi yozda boshlangan hujumi munosabati bilan Yugoslaviya xalq ozodlik armiyasining hujumi avj oldi.
1944-yil 20-oktyabrda ikki armiyaning qo‘shilishi natijasida Yugoslaviya poytaxti — Belgrad ozod qilindi.
Biroq qirol Pyotr va uning a’yonlari Shubashich hukumatini tasdiqlashdan bosh tortib, qirol hokimiyatini va avvalgi tartibot qoldiqlarini saqlash boʻyicha manevrlar qila boshladi. Lekin uch buyuk davlatning Qrim konferensiyasi ularning bitimi asosida Tito va Shubashichga Muvaqqat birlashgan hukumat tuzishni tavsiya qildi.
1945-yil 7-martda Tito yangi yugoslav hukumatini tuzdi. Bunda Shubashich tashqi ishlar vaziri vazifasini egalladi. Soʻngra federativ qismlarda o‘z mahalliy hukumatlari tashkil etildi. Yugoslav armiyasi ittifoqchilar armiyalari bilan birgalikda gitlerchilarga, shuningdek, ularning ittifoqchilari—ustashlar va chetniklarga qarshi kurashni davom ettirdi hamda dushman qoʻshinlari qoldiqlarini taslim bo‘lishga majbur qilib, 1945-yil 15-mayda mamlakatning ozod qilinishini yakunladi.
Qisqacha mazmun
- 1940-yil — SSSR bilan diplomatik aloqalar oʻrnatilishi;
- 1941-yil 24-mart — fashistik blokka qoʻshilish haqidagi shartnomaning imzolanishi;
- Svetkovich hukumatining qamoqqa olinishi. Umummilliy hukumat tuzilishi;
- 1941-yil, aprel — Germaniyaning Yugoslaviyani bosib olishi;
- bosqinchilarga qarshi partizanlik harakati. Yugoslaviya xalq ozodlik armiyasining tuzilishi;
- 1942-yil, noyabr — Yugoslaviya xalq xaloskorlik antifashistik vechesi — xalq hokimiyatini yaratish yoʻlidagi ilk qadam;
- 1943-yil — mamlakatni ozod qilish Milliy qoʻmitasi (Muvaqqat hukumat) tuzilishi;
- 1944-yil 20-oktyabr — Belgradning ozod etilishi;
- 1945-yil 7-mart — Yugoslaviyaning federativ davlat deb e’lon qilinishi va I. B. Tito boshchiligidagi hukumat tuzilishi;
- 1945-yil 15-may — mamlakatning gitlerchi bosqinchilardan toʻliq ozod qilinishi.
BOLGARIYA IKKINCHI JAHON URUSHI YILLARIDA
Bolgariyaning Ikkinchi Jahon urushidagi ishtiroki
Ikkinchi jahon urushi boshida Bolgariya o‘zini betaraf deb e’lon qildi, biroq hukmron doiralar uni amalda fashistlar Germaniyasi harbiy mashinasining malayiga aylantirishdi. Bolgariya va Germaniya hukumatlari o‘rtasidagi maxfiy bitimga ko‘ra, Bolgariyaga 1940-yilning ikkinchi yarmida ko‘p sonli nemis otryadlari kiritildi. Sayyoh va texniklar niqobi ostida ular mamlakatning muhim strategik punktlariga joylashdi. 1941-yil 1-martda Bolgariya Bosh vaziri Filov Venada Bolgariyaning uch davlat bitimiga qoʻshilishi to‘g‘risidagi ahdnomani imzoladi va bir vaqtning o‘zida mamlakatga nemis qoʻshinlarining kiritilishiga rozilik berdi. Ko‘p oʻtmay nemis qo‘shinlari Bolgariyaga kirdi. Uning strategik mavqeyidan foydalanib, Germaniya Yugoslaviya va Gretsiyaga qanotdan hamda orqadan zarba berdi va ularni qisqa vaqt ichida bosib olishga erishdi. Bu xiyonat evaziga Germaniya Bolgariyaga Yugoslaviyaning Pirot okrugi va Makedoniyani, Gretsiyaning esa G‘arbiy Frakiya qismini ʻʻhadyaʼʼ qildi. Bolgariya AQSh va Angliyaga urush e’lon qilib, o‘zi ham harbiy harakatlar istehkomiga aylandi. Bu yerda Odessa va Qrimdagi desant operatsiyalariga tayyorgarlik ko‘rgan Italiya va Germaniya qo‘shinlari toʻplandi.
Bolgariya hukmron doiralari Gitlerning tezkor g‘alabasiga ishonishgandi, biroq adashganini tushunishdi. Mamlakatda partizanlik harakati avj oldi.
Vatan fronti kuchlari to‘plana boshladi.
Biroq 1944-yil avgustida Ruminiyaning tor-mor qilinishi Bolgariya hukumatini hiyla ishlatishga — 1944-yil 26-avgustidan betaraflik e’lon qilishga undadi.
Fashistlar hukumatining agʻdarilishi
Bolgariya hukmron doiralari sovet qoʻshinlarining mamlakat hududiga bostirib kirishlariga yo‘l qo‘ymaslikka va Germaniya qo‘shinlarini harakat uchun maydon bilan ta’minlashga urindi. Fashistlarga tarafdor hukumat boʻlgan Bagryanov Muraviyev boshchiligidagi hukumatga almashtirildi.
Biroq sovet hukumati bunday betaraflikni rad etdi, Bolgariya bilan barcha munosabatlarni uzdi va unga urush e’lon qildi. 1944-yil sentyabrda marshal Tolbuxin qoʻmondonligidagi sovet qoʻshinlari Bolgariya hududiga kirdi. Chekinayotgan nemis qismlarini quvib, sovet armiyasi qisqa vaqt ichida Bolgariya hududining katta qismini egalladi.
Mamlakatda Vatan fronti boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. 1944-yil 9-sentyabrda Muravievning fashist hukumati agʻdarilib, Vatan fronti vakillaridan iborat yangi hukumat tuzildi va u o‘sha kuni Moskvada SSSR, Buyuk Britaniya va AQSh vakillari bilan yarash ahdini imzoladi. Vatan fronti chuqur demokratik islohotlarni amalga oshirdi. Vatan fronti chuqur demokratik islohotlarni amalga oshirdi. Harbiy jinoyatchilar jazolandi, fashistlarning barcha qonunlari bekor qilindi, fuqarolarning erkinliklari tiklandi. 1945-yil 18-noyabrda Bolgariyada birinchi demokratik saylovlar oʻtkazilib, unda Vatan fronti gʻolib chiqdi. Xalq kengashining raisi qilib Vasil Kolarov (1877—1950) saylandi. Bolgariya yangi taraqqiyot yoʻliga qadam qoʻydi.
Qisqacha mazmuni - 1941-yil 1-mart — Bolgariya hukumati tomonidan Germaniya, Italiya, Yaponiya bitimiga qoʻshilish toʻgʻrisidagi ahdnomaning imzolanishi.
Bolgariyaning AQSh va Angliyaga urush e’lon qilishi; - 1944-yil 26-avgust — Bolgariyaning urushdan chiqishi va betaraflik e’lon qilishi;
- 1944-yil sentyabr — SSSRning Bolgariyaga urush e’lon qilishi va uning hududini bosib olishi;
- 1944-yil sentyabr — mamlakatdagi xalq qoʻzgʻoloni, SSSR bilan yarash ahdining imzolanishi;
- 1945-yil noyabr — Vatan frontining gʻalabasi. Demokratik yangilanish sari yoʻl.
RUMINIYA IKKINCHI JAHON URUSHI YILLARIDA
General I. Antoneskuning hukumatga kelishi
Germaniyada hokimiyat tepasiga fashistlar kelishi bilan vaziyat keskin oʻzgardi. Gitlerning tashqi siyosatdagi yutuqlari ta’sirida Ruminiya hukmron doiralari ham fashizm yoʻliga tushdi. Mamlakatda Germaniyadan oʻrnak olishga chaqirgan guruhlar paydo bo‘ldi. 1939-yil avgustda hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi sovet-german bitimi imzolanib, uning maxfiy bandlariga muvofiq, Germaniya Bessarabiya uni qiziqtirmasligini bildirdi. Ushbu munosabat bilan Ruminiya hukumati SSSRning Bukovina va Bessarabiyani berish haqidagi talabini bajardi. Angliya va Fransiya Germaniya bilan urushda band boʻlib, Ruminiyaga yordam berolmadi. Sovet Ittifoqi hech bir qarshiliksiz Bessarabiyani o‘ziga qoʻshib oldi. 1940-yil 18-iyunda Fransiyaning taslim boʻlishi ham Ruminiyaning tashqi yo‘nalishiga ta’sir koʻrsatdi. Fransiya Yevropaning buyuk davlati sifatidagi faoliyatini to‘xtatdi va Ruminiya taqdiri Germaniya ixtiyoriga o‘tdi. Bessarabiyaning qaytarilishi va hududiy yaxlitlikning saqlab qolinishi endi faqat Germaniya irodasiga bogʻliq edi.
1940-yil 3-sentyabrda qirol Karol o‘zining fashistlarga tarafdor qarashlari bilan mashhur Ruminiya qurolli kuchlari bosh shtabining sobiq boshlig‘i Ion Antonesku (1882— 1946)ni hukumatni boshqarishga chaqirdi. Qirol generalning oʻziga sodiqligiga ishongandi. 1940-yil 6-sentyabrda hukumat tepasiga kelgach, Antonesku qirolning hokimiyatdan voz kechishnii talab qildi, uni mamlakatdan quvib chiqardi va hokimiyatni qirol Mixayga topshirdi. Antonesku ʻʻkondukatorʼʼ, ya’ni davlat rahbari (Germaniyadagi ʻʻfyurerʼʼ yoki Italiyadagi ʻʻducheʼʼga teng)ga aylandi. U demokratik erkinliklarning soʻnggi qoldiqlarini yo‘q qilib, mamlakatda mustabid tuzum oʻrnatdi. Butun Ruminiya iqtisodiyoti Germaniyaga xizmat qilishga safarbar etildi. Shu yilning oktyabridayoq Ruminiya Germaniya instruktorlari bilan toʻlib-toshdi, ular sovet chegarasi boʻylab hamda strategik jihatdan muhim punktlarda joylashtirildi.
Ruminiya qoʻshinlarining ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki
1941-yil bahorida Ruminiyada ʻʻBarbarossaʼʼ rejasiga koʻra SSSRga bostirib kirishi lozim boʻlgan nemis qoʻshinlari jamlandi. Yugoslaviyadagi harbiy
operatsiyalardan soʻng ular SSSR chegaralariga yuborildi. 1941-yil 11-iyundagi Gitler va Antoneskuning uchrashuvida Sovet Ittifoqiga birgalikda hujum qilish rejalari uzil-kesil belgilab olindi. Ruminiya rahbariyati Bessarabiyani qaytarib olish hamda Ruminiyani Odessa va Janubiy Ukrainagacha kengaytirishga umid qildi. Antonesku Germaniya ixtiyoriga 1 mln.ga yaqin askar, 24 piyoda, 4 kavaleriya va motomexanizatsiyalashtirilgan diviziyani berdi. Biroq Ruminiya armiyasi urushga tayyor emasdi: askarlar uquvsiz bo‘lib, harbiy harakatlar tajribasiga ega emasdilar. 1941-yil noyabridayoq Ruminiya armiyasining talafoti halok boʻlganlar va yaradorlarni qo‘shganda 300 ming kishidan ortiqni tashkil etdi. Ruminiya qo‘mondonligi ularni mamlakatga qayta tuzish uchun qaytarishga majbur boʻldi.
1942-yil iyulida Ruminiya qoʻshinlari yana sovet-german frontida paydo bo‘ldi. Stalingrad ostonasida 24 rumin diviziyasidan 18 tasi tor-mor etildi, shularning 12 tasi to‘liq yo‘q qilindi yoki asir tushirildi. Ruminiya armiyasi sovet-german frontida jami 1 mln. dan ortiq kishini yoʻqotdi. Bu Bessarabiyaning qaytarilishi, Odessa va Janubiy Ukrainaning qo‘shib olinishiga boʻlgan barcha umidlarni chippakka chiqargan shafqatsiz urush boʻldi.
Aprel oyi boshida sovet qoʻshinlari davlat chegarasini bosib o‘tib, 1944-yil avgustida Ruminiyaga kirdi va Dunay sohiliga chiqdi. Bu general Antonesku tuzumiga qarshi ommaviy harakatning boshlanishiga turtki bo‘ldi. Qarshilik harakatini 1944-yilda tuzilgan yagona ishchilar frontiga birlashgan demokratik kuchlar tashkil etdi.
Ruminiyaning taslim boʻlishi
1944-yil 23-avgustda Antoneskuning fashist diktaturasi ag‘darib tashlandi.
Kondukatorning o‘zi qirol Mixay buyrugʻi bilan qamoqqa olindi, 1946-yilda sud uni harbiy jinoyatlari uchun o‘lim jazosiga hukm qildi (u 1946-yil mayida otib tashlandi). Hokimiyatni general Sanatesku hukumati egalladi. Unga milliy-demokratik blokni tashkil qilgan toʻrtta partiya rahbari kirdi. Yangi hukumat ittifoqchilar qo‘mondonligiga yarash ahdini tuzishni so‘rab murojaat qildi. 1944-yil 12-sentyabrda Moskvada Buyuk Britaniya. Sovet Ittifoqi va AQSh hukumatlari Ruminiya bilan yarashuv ahdnomasim imzoladi.
Ruminiya taslim bo‘ldi va ahdnoma shartiga ko‘ra Germaniya bilan aloqani uzib, qurolni nemislarga qarshi qaratishga rozilik bildirdi. Biroq yarashuv shartlarining bajarilishiga reaksion kuchlar qarshilik koʻrsatib, ularning doirasini chegaralashga urindi. Bunga qarshi Ruminiyada yarashuv shartlarining halol bajarilishi va aksildemokratik tuzum bilan oraning qat’iy ochiq qilinishi tarafdori boʻlgan so‘l kuchlarning Milliy demokratik fronti tashkil etildi.
Mamlakatda demokratik islohotlar uchun kurash
1945-yil fevral oyining oxirida mamlakat boʻylab ommaviy namoyishlar to‘lqini yelib o‘tdi. Ularning ishtirokchilari demokratik islohotlarni amalga oshirish, bosh koʻtargan gitlerchi tashkilotlarga barham berishni talab qildi.
Hukumat ommaviy qatag‘on bilan javob berdi, namoyishlar qo‘shin yordamida tarqatildi. Mehnatkash omma tazyiqi ostida general Radeskuning reaksion hukumati iste’fo berishga majbur bo‘ldi va 6-martda dehqonlar fronti rahbari, Ministrlar Soveti raisining sobiq o‘rinbosari doktor Petru Groza (1884—1958) boshchiligidagi yangi hukumat tashkil qilindi. Yangi hukumat mamlakatni demokratlashtirish yo‘lida qat’iy qadamlar tashladi. 20-martda agrar islohot haqidagi qonun qabul qilindi. Bu islohot pomeshchiklar sinfini tugatdi, yirik pomeshchiklar va yer egalarining mamlakat siyosiy hayotiga ta’siriga barham berdi. Bu qishloq xo‘jaligining yuksalishi va mamlakatning demokratlashtirilishiga zamin hozirladi. Petru Groza hukumati ichki boshqaruv tizimini ham demokratlashtirdi.
1945-yil 2-avgustda uch davlatning Berlindagi konferensiyasida Ruminiyaning BMTga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosi qondirildi, 6-avgustda esa SSSR hukumati u bilan diplomatik aloqalarni tiklashga qaror qildi. 1946-yil fevralida Ruminiyaning yangi hukumatini AQSh va Buyuk Britaniya ham tan oldi.
Qisqacha mazmun
1940-1944-yillar — Ruminiyaning Germaniya bilan hamkorlik qilishi; - 1944-yil avgust — SSSR armiyasi Ruminiya hududiga kirdi;
- 1944-yil sentyabr — Ruminiya so‘zsiz taslim boʻlish toʻgʻrisidagi hujjatni imzoladi;
- 1945-yil mart — Petru Groza — demokratik islohotlarning amalga oshirilishi.
GRETSIYA IKKINCHI JAHON URUSHI YILLARIDA
Germaniya qoʻshinlarining hujumi
Ikkinchi jahon urushida Gretsiya hukumati betaraflikni saqlashga harakat qildi. Hukumatning bu niyati rasmiy bayonotlarda bir necha bor bildirildi.
Biroq Gretsiya O‘rta Yer dengizi mintaqasida juda muhim oʻringa ega edi.
1939-yil aprelda fashistlar Italiyasi Albaniyaga bostirib kirdi va ko‘p o‘tmay uni ishgʻol qildi. Albaniyadan so‘ng navbat Gretsiyaga kelishiga hech kim shubha qilmasdi. Angliya Gretsiyani osonlikcha qo‘ldan boy berishni istamasdi, chunki yondosh Kiprda uning kuchli harbiy-havo bazasi joylashgandi. 1939-yil 13-aprelda Angliya Gretsiyaning hududiy yaxlitligini kafolatlashga so‘z berdi. Bu bayonotga Fransiya ham qo‘shildi.
Qoʻgʻirchoq hukumatning tuzilishi. Mamlakatning bosib olinishi
Ikkinchi jahon urushi boshlanishi Bolqondagi vaziyatni oʻzgartirib yubordi.
Italiya va Angliya urush holatida edi. Fransiya 1940-yil iyunda taslim boʻldi.
Endi Italiya fashistlariga hech kim xalaqit berolmasdi. 1940-yil yozida Italiya Albaniyada 130 ming kishilik armiyani jamladi va u 28-oktyabrda Gretsiyaga bostirib kirdi. Bir vaqtning o‘zida temir yoʻllar, portlar va aerodromlar bombardimon qilindi. Qattiq qarshilik koʻrsatgan grek qo‘shinlari o‘z hududlarining katta qismini saqlab qolishga erishdi. Urush cho‘zilib ketdi. Greklarga inglizlar yordamga shoshilib, 1941-yil martda Gretsiyaga 57 ming kishilik ekspeditsiyani tushirdi. Bu grek qoʻshinlari hujumga o‘tib, italiyaliklarni o‘z hududlaridan quvib chiqarishlari uchun kifoya qildi. Greklar hujumni davom ettirib Albaniya hududiga kirdi va uning uchdan bir qismini egalladi. Italiyaliklarni tor-mor boʻlishdan va Bolqon yarim orolidan haydalishdan qutqarishga urinib Germaniya Gretsiyaga urush e’lon qildi va nemis qo‘shinlari 1941-yil 6-aprelda Gretsiyaga bostirib kirdi. 24-aprelda ularga bolgar qoʻshinlari ham qoʻshildi. 1941-yil 27-aprelda Germaniya qoʻshinlari Gretsiya armiyasining qarshiligini yengib, Afinaga kirdi.
Gretsiya hukumati qirol boshchiligida Angliya armiyasi bilan birga Krit oroliga chekindi. Ammo oradan bir oy oʻtib Krit ham nemis qoʻshinlari tomonidan bosib olindi va Gretsiya hukumati Afrikaga qarab qochishga majbur bo‘ldi. Mamlakatda general Cholakoglu boshchiligidagi qo‘g‘irchoq hukumat tuzildi. Bosqinchilar Gretsiyani beayov taladi. Mamlakatdan barcha oziq-ovqat zaxiralarini olib chiqib ketishdi.
Bosqinchilar qo‘shinini saqlab turish grek xalqining zimmasiga yuklandi.
Germaniyaga barcha temiryo‘l tarkiblari, avtomashinalar, fabrika uskunalari olib ketildi. Nemislar o‘z istilo pulini chiqarishdi va grek pulining qadri tushib ketdi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish sur’ati pasaydi, qoramol soni keskin kamaydi. Bu aql bovar qilmas talonchilik juda ko‘pchilikning ochlikdan qirilishiga sabab bo‘ldi. Bosib olingan yerlardan quvgʻin qilingan kishilar Afina va Pireyga najot istab kelishdi, aholi zichligi natijasida bu yerda yuqumli kasalliklar avj oldi.
Gretsiya Millly-ozodlik frontining bosqinchilarga qarshi kurashi
Talangan, o‘z hukumatidan xiyonat koʻrgan va bosqinchilar tomonidan xo‘rlangan xalq jasorat ko‘rsatdi, taslim boʻlmadi va qurolli kurash
boshladi. O‘n minglab kishi qo‘lda qurol bilan o‘z vatani, xalqini himoya qilish uchun tog‘larga chiqib ketdi. Partizanlar bosib olingan shahar va qishloqlar, kommunikatsiyalar va alohida harbiy qismlarga hujumlar uyushtirdi. Korxonalarda shafqatsiz jazolashlarga qaramay, sabotaj va diversiya barham topmadi.
1941-yil yozida partizanlarning otryadlari asosida Gretsiya Milliy-ozodlik fronti tashkil qilinib, u barcha vatanparvar kuchlarni birlashtirdi. Frontning asosiy maqsadi bosqinchilarga qarshi kurash va mamlakat mustaqilligini demokratik asosda tiklashdan iborat edi. Gretsiya tarixida birinchi marta kommunistlar, demokratlar, sotsialistlar, liberallar, ishchilar, dehqonlar, ziyolilar, mayda va oʻrta burjuaziyani birlashtirgan demokratik tashkilot yuzaga keldi. Front qarorlarini amalga oshiruvchi mahalliy qoʻmitalar tashkil qilindi.
1942-yil dekabrda ozod qilingan hududlarda Milliy-ozodlik fronti partizanlarning harbiy harakatlarini boshqaruvchi harbiy tashkilot tuzdi.
Bu vaqtga kelib Milliy-ozodlik frontida salkam ikki million kishi, ya’ni mamlakatning deyarli balog‘at yoshidan o‘tgan barcha aholisi harakat qilardi.
O‘z navbatida, monarxiya tarafdorlari o‘ng kuchlar va reaksion tashkilotlar bilan hamkorlikda bosqinchilarga qarshi emas, ko‘proq urushdan keyingi siyosiy hayotda o‘rin egallash uchun kurashgan EDES, EK KA kabi jangovar tashkilotlarni tuzishdi.
Grek xalqini bosqinchilarga qarshi kurashda imkon qadar birlashtirishga uringan Xalq fronti 1944-yil mayda Betsrutda Gretsiya barcha siyosiy kuchlarining konferensiyasi chaqirilishiga erishdi. Boshqaruv shaklini tanlash va barcha siyosiy kuchlardan iborat hukumat tuzish uchun plebissit oʻtkazishga kelishildi.
Gretsiya hukumatining qaytishi. Fuqarolar urushining boshlanishi
Urush oxiriga yetib bormoqda edi. 1944-yil 3-oktyabrda Gretsiya qirg‘oqlariga Angliya qoʻshinlari kelib tushdi. Keyinchalik ma’lum boʻldiki,
ular bu yerga ʻʻo‘z xohishlariga ko‘raʼʼ ketishga taraddud koʻrayotgan bosqinchilarga qarshi kurashish uchun emas, Gretsiya monarxiyachilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelishgan ekan. 1944-yil 11-oktyabrda BMT talabiga binoan Bolgariya mamlakatning bosib olingan hududlarini ozod qildi, 13-oktyabrda esa gitlerchilar Afinani tark etishdi. Bosh vazir Georg Papandreu (1888—1968) boshchiligidagi Gretsiya hukumati poytaxtga qaytib keldi. Va’da qilingan demokratik islohotlarni o‘tkazish oʻrniga, Papandreu
monarxiyachilar va o‘ng kuchlar bilan faol hamkorlik qilishga kirishdi. Angliya qoʻshinlarining mavjudligi uning aksildemokratik faoliyatiga madad bo‘ldi.
1944-yil noyabrda Gretsiyadagi ingliz qoʻshinlari qo‘mondoni bosqinchilarga qarshi kurashgan Xalq fronti otryadlari va partizanlarni qurolsizlantirish to‘g‘risida buyruq chiqardi, biroq monarxiyachilarning otryadlari va fashistlar partizanlarga qarshi kurashish uchun tuzgan ʻʻqoʻriqlov batalyonlariʼʼ saqlab qolindi. Xalq frontining bu qarorga qarshi Afinadagi namoyishi politsiyachilar tomonidan ingliz qoʻshinlari ishtirokida o‘qqa tutildi. Angliya garchi bunga imkoniyati 1922-yildagi kabi oz bo‘lsa-da, oʻzining Gretsiya ustidan nazorat oʻrnatish borasidagi eski siyosatini qayta boshlagandi.
Afinada harbiy holat e’lon qilindi. Mamlakatda fuqarolar urushi boshlandi.
Angliya qurolli kuchlari Papandreuni qoʻllab-quvvatlashga urinib, Xalq frontiga qarshi faol harakat boshlashdi, Afinaning butun-butun mavzelarini bombardimon qilishdi. Mamlakatda Xalq frontiga qarshi kurash uchun respublikachi-monarxiyachilar ittifoqi hamda yana ʻʻBuyuk Gretsiyaʼʼni tashkil qilish tugʻini koʻtargan qurolli otryadlar tuzildi. Xalq fronti a’zolariga qarshi terrorchilik kompaniyasi boshlandi. 100 ga yaqin kishi qamoqqa tashlandi, 200 ming kishi yana tog‘larga chiqib ketishga majbur bo‘ldi, 1000 ga yaqin kishi o‘ldirildi.
Qisqacha mazmuni - Gretsiya hukumatining Ikkinchi jahon urushida betaraflikni saqlashga boʻlgan urinishlari muvaffaqiyatsiz tugadi;
- 1941-yil 6-aprel — Germaniya qo‘shinlarining Gretsiyaga bostirib kirishi.
Mamlakatning bosib olinishi va talon-toroj qilinishi; - Gretsiya Milliy-ozodlik frontining tashkil topishi va bosqinchilarga qarshi kurash;
- 1942-yil dekabr — Gretsiya hududining bir qismi ozod qilindi;
- 1944-yil 13-oktyabr — mamlakatning nemis-fashist bosqinchilaridan ozod qilinishi.
G. Papandreu hukumatining qaytishi.
Fuqarolar urushi.
ALBANIYA IKKINCHI JAHON URUSHI YILLARIDA
Mamlakat ozodligi uchun kurash
Alban vatanparvarlari togʻlarga chiqib ketib, Yugoslaviya va Gretsiya partizanlari bilan hamkorlikda bosqinchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borishdi. Afinada alban legioni tuzildi, kurash jarayonida xristian va musulmon aholi birlashdi. Alban vatanparvarlarining ʻʻOzod Albaniyaʼʼ milliy tashkiloti SSSR, AQSh va Angliya tomonidan alban xalqining vakili sifatida tan olindi. 1943-yil boshida barcha urushishga qodir aholi partizan otryadlarida ishtirok etardi. Boshda bu otryadlar parokanda holda harakat qilardi, biroq 1943-yil iyulida ular Anvar Xo‘ja (1908—1985) qo‘mondonligidagi Xalq ozodlik armiyasiga birlashdi. 1944-yil oktyabri va noyabrida Xalq ozodlik armiyasi mamlakatning barcha yirik shaharlarini qoʻlga kiritdi.
Milliy-demokratik frontning muvaqqat hukumatini Anvar Xo‘ja boshqardi.
1945-yil 2-dekabrda Albaniyada Ta’sis majlisiga saylovlar oʻtkazildi. Saylovlarda saylovchilarning 90%i qatnashib, ularning 93%i Milliy demokratik front uchun ovoz berdi. 1946-yil 11-yanvarda Ta’sis majlisi Tiranada Albaniyani Xalq respublikasi deb e’lon qildi.
Qisqacha mazmun - Albaniya Milliy-ozodlik armiyasining bosqinchilarga qarshi kurashi;
- 1944-yil noyabr — mamlakatning ozod qilinishi;
- 1946-yil 11-yanvar — Albaniyaning Xalq respublikasi deb e’lon qilinishi.