1929-1939-yillarda Italiya


Jahon iqtisodiy inqirozining mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri


Italiyada iqtisodiy inqiroz 1934-yilgacha davom etdi va mamlakatni chuqur depressiyaga duchor qildi. U Italiyaning 1926-yilgi sharoitida boshlandi. Inqiroz oʻtkazilgan pul islohoti choʻqqiga chiqqan 1932-yilga kelib sanoatdagi ishlab chiqarish 1929-yildagi darajaga nisbatan 33 foizga qisqardi, ayrim sohalardagi qisqarish bundan ham ko‘proqni tashkil qildi. Tashqi savdo hajmlari ikki baravarga kamaydi. Yirik sanoat kompaniyalarining tayanchi hisoblangan uchta eng yirik bank kasodga uchradi. Inqiroz mehnatkash ommaning ahvolini yanada og‘irlashtirdi. 1933-yilda rasman hisobga olingan ishsizlarning soni 1 mln dan oshdi. Oylik maosh, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1929–1934-yillarda 50–60 foizga qisqardi. Qishloq xoʻjaligida inqiroz dehqonlarning shusiz ham mushkul ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Italiya dehqonlarining asosiy mahsuloti— vino, meva va sabzavotlarga talab tushib ketdi. Dehqonlar va qishloq xoʻjaligidagi ishchilar daromadlarining pasayishi qishloq xo‘jaligini halokat yoqasiga olib keldi. O‘n minglab yer maydoni sudlarning hukmiga ko‘ra qarz beruvchilarga berildi. Shahardagi o‘rta tabaqa vakillari — hunarmandlar, mayda tadbirkorlar, mayda va o‘rta savdogarlar og‘ir ahvolda qoldi. Inqiroz davomida Italiyada 12 mingta korxona kasodga uchradi va bankrot deb e’lon qilindi. Boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, Italiyada xoʻjalik ishlariga aralashish tashabbusi iqtisodiyotni rivojlantirish borasida o‘z konsepsiyasi boʻlgan totalitar fashist davlatidan chiqardi. Bu konsepsiya, eng avvalo, avtarkik xoʻjalik, ya’ni mamlakatning barcha zarur mahsulot turlari bilan o‘z-o‘zini ta’minlashiga asoslangan xo‘jalikni koʻzda tutardi.


Davlatni boshqarish korporativ tizimining vujudga kelishi

Davlat birinchi navbatda kasodga uchragan uchta eng yirik bankni qutqarish choralarini koʻrdi. 1933-yil boshida Italiyada davlat moliya idorasi — Sanoatni qayta qurish instituti tuzilib, u kasodga uchragan banklarning qimmatbaho qogʻozlarini davlat hisobiga sotib oldi. Bu harakat natijasida Sanoatni qayta qurish instituti banklar ustidan, ular orqali esa metallurgiya va mashinasozlik korxonalarining aksar qismi, kemasozlik va deyarli butun harbiy sanoat ustidan nazorat oʻrnatdi. Shunday qilib, davlat iqtisodiyotni saqlab qolish va rivojlantirish tashvishini toʻliq xalqning yelkasiga yukladi. Inqiroz munosabati bilan Italiya fashizmi o‘zining asosiy ijtimoiy tajribasi — korporativ davlatni tuzishga kirishdi. Bu nom lotincha corporatio so‘zidan kelib chiqqan boʻlib, hamkorlik, ma’lum maqsadda birlashish degan ma’noni anglatadi. Bu holda fashizm maqsadlari — buyuk Italiyani barpo qilishga erishish uchun davlatdagi barcha ijtimoiy tabaqalarni birlashtirish ko‘zda tutildi. ʻʻBuyuk Italiyaʼʼ davlati butun O‘rta Yer dengizi boʻylarini o‘z ichiga olishi va u ʻʻBuyuk Italiyaʼʼning ichki dengiziga aylanishi lozim edi. Bu davlat bir paytlar Rim imperiyasi tarkibiga kirgan barcha hududlarni birlashtirishni ko‘zda tutardi.


Tarixiy ma’lumot

Birlashgan Italiya qirollari
1861–1878-yillar — Viktor Emmanuil II
1878–1900-yillar — Umberto I
1900–1946-yillar — Umberto II


Hukumat rahbarlari
1914–1916-yillar — A. Salandra
1916–1917-yillar –– P. Bosseli
1917–1919-yillar –– V. Orlando
1919–1920-yillar — F. Nitti
1920–1921-yillar — D. Jolitti
1921–1922-yillar — I. Bonomi
1922-yil fevral, oktyabr — L. Fanta
1922–1943-yillar — В. Mussolini
1943–1944-yillar –– P. Badolo
1944–1945-yillar — I. Bonomi


1930–1934-yillarda 22 ta sohaviy tashkilotlar tuzilib, ular korporatsiyalar deb nomlandi. Наr bir korporatsiyaga tadbirkor va ishchilarning tegishli tashkiloti kirardi. Tadbirkor va ishchilarning vakillari hukumat buyrug‘iga ko‘ra Korporatsiyalar milliy kengashiga kiritiladi. Bu kengash iqtisodiyot vazirligi mavqeyiga ega bo‘lib, uni vazir, vazir o‘rinbosarlari, fashistlar partiyasi vakillari va turli ekspertlar boshqarardi. Korporatsiyalar milliy kengashi davlat qoʻlida iqtisodiyot rivojlanishiga ta’sir qilishning asosiy vositasiga aylandi. Korporatsiyalar tuzish yo‘li bilan davlat korxona egalari va ishchilarning hamkorlik qilishiga erishmoqchi boʻldi. Sohaviy korporatsiyalar ishlab chiqarish me’yorlari, mehnat sharoitlarini tartibga soldi, tadbirkor va ishchilar oʻrtasidagi ixtiloflarni hal qildi. Mussolini o‘zini korporatsiyalar kengashi raisi qilib tayinladi. 30-yillar o‘rtasiga kelib Italiyaning butun aholisi korporativ tizimga jalb qilindi.


Korporativ tizim qishloq xo‘jaligini ham qamrab oldi. Qishloqda majburiy mahsulot tayyorlash tizimi joriy qilindi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari faqat davlat idoralariga belgilangan narxlar boʻyicha sotilishi lozim edi. Bu dehqonlarni kafolatlangan mahsulot sotish bozori bilan ta’minladi va o‘n minglab dehqon xoʻjaliklarini kasodga uchrashdan saqlab qoldi. Mussolini korporativ tizimni ʻʻijtimoiy inqilobʼʼga teng deb e’lon qildi. Biroq korporativ tizimning bosh maqsadi Italiya yirik sarmoyasini qoʻllab-quvvatlash va Italiyaning yetakchi monopoliyalarini imkon qadar ko‘proq daromad bilan ta’minlashdan iborat edi. Korporativ tizim monopoliyalarga ulkan daromad keltirdi. Besh yil ichida, 1934-yildan 1939-yilgacha Italiyaning 16 ta eng yirik kompaniyasi daromadi 78 foizga o‘sdi.


Iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi

Korporativ tizim davlatga mamlakat iqtisodiy hayotining mulkdorlik shaklini oʻzgartirmay boshqarish imkonini berdi. Davlat Sanoatni qayta qurish instituti orqali qarz berish yo‘li bilan mamlakat iqtisodiy hayotiga ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodiy qiyinchilik yillarida davlat majburiy davlat qarzlarini joriy qilib, aholini davlat xazina chiptalarini sotib olishga majburladi. Italiya iqtisodiyotining davlat tomonidan boshqarilishi unga faqat inqiroz bilan bogʻliq qiyinchiliklarni yengib o‘tish emas, balki tarkibiy o‘zgarishlar borasida ham ancha olg‘a tashlash imkonini berdi. 1937-yilga kelib Italiya iqtisodiyoti 1929-yilgi darajaga, ya’ni urushdan keyingi davrdagi eng yuqori darajaga koʻtarildi. Bu vaqtga kelib Italiya agrar-sanoat mamlakatidan sanoat-agrar mamlakatiga aylandi. Biroq iqtisodiy rivojlanishda erishgan jiddiy yutuqlariga qaramay, Italiya Yevropadagi rivojlangan sanoat mamlakatlari darajasiga yetolmadi. 1939-yilda cho‘yan bu yerda AQSH va Germaniyadagiga qaraganda 20 baravar, po‘lat tegishli ravishda 12 va 8 baravar hamda Angliyadagiga qaraganda 5 baravar kam eritilardi. Shu bilan birga, fashizm Italiyada xususiy monopolistik, ya’ni yirik sarmoyaning tez va kuchli o‘sishini ta’minladi. Bu ishlab chiqarishni majburiy to‘plash va sanoatda yakka hokimlik hisobiga amalga oshirildi. 1931-yilda po‘lat prokati ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar majburiy ravishda konsorsiumga birlashtirildi. 1932-yilda biror-bir sanoat sohasida 70% sarmoyaga ega bo‘lgan kompaniyalarning davlat tomonidan ularning manfaatlari asosida boshqarilishini ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilindi.
Endi ishlab chiqarishning katta qismi tadbirkorlarning bir necha guruhi tomonidan nazorat qilinardi.

Konsorsium (lotincha consortium — qatnashuv, uyushma) — bir necha bank yoki sanoat kompaniyalarining qarzini birgalikda joylashtirish yoki umumiy qimmat turuvchi loyihani birgalikda amalga oshirish maqsadida vaqtinchalik kelishuvi.

Bu monopolistik guruhlar fashistlarning rahbarlari bilan qalin munosabatlarda bo‘lib, ularning vakillarini mablagʻ bilan taʼminlardi. Deputatlar senatorlar va katta fashistlar kengashi a’zolarining aksariyat qismi yirik hissadorlik kompaniyalarida maosh toʻlanuvchi lavozimlarni egallagandi. Fashizm Italiyada yirik sarmoya va yirik yer egalari o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy ittifoq oʻrnatish yo‘li bilan yirik yer egalarining ham qoʻllab-quvvatlashishiga erishishni ko‘zlardi. O‘ttizinchi yillarda yirik sanoat kompaniyalari egalari orasida 516 nafar yirik yer egalari ham bor edi.
Ular bank operatsiyalari, yer olib sotish bilan shug‘ullanib, moliyaviy oligarxiyaga qoʻshildi. Monopolistik guruhlar va yirik yer egalari Italiyadagi fashistlar davlatining ijtimoiy-iqtisodiy tayanchi boʻldi.

Moliya oligarxiyasi — mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga, yirik sarmoya yigʻilgan taqdirda esa jahon iqtisodiyotiga bevosita ta’sir koʻrsatuvchi eng boy sarmoyadorlarning kichkina guruhi.


Mamlakat iqtisodiyotida avtarkik tizimning vujudga kelishi

O‘z milliy monopoliyalariga ichki bozorda hukmronlik qilish uchun qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida Italiya davlati iqtisodiyotning avtarkik tizimini yaratish boʻyicha faol harakatlarni boshladi. U mamlakatning oʻzini o‘zi ta’minlashi va strategik xomashyoning olib kelinishiga qaramlikni qisqartirishidan iborat edi.

Avtarkik tizim uch asosiy maqsadni koʻzlardi:
1) avtarkik fikrlash tarzini yaratish, ya’ni italiyaliklarni import tovarlarini sotib olishdan voz kechishga majbur qilish;
2) iqtisodiyotni takomillashtirish, ilmiy-texnik o‘sishni rag‘batlantirish, sanoatning raqobatbardosh sohalarini yaratish;
3) importni qisqartirish va Italiya mahsulotlari eksportini oshirish yoʻli bilan iqtisodiy mustaqillikka erishish.
Ushbu munosabat bilan davlat 1934–1935-yillarda tashqi savdo monopoliyasini joriy qildi va bu xorijiy tovarlar importini keskin qisqartirdi.

Avtarkiya, odatda, ma’lum mamlakat doirasidagi alohida xoʻjalikdir. Avtarkizm sharoitida mamlakat yo boshqa mamlakatlar bilan aloqa qilmaydi yoki bu aloqalar o‘ta chegaralangan boʻladi.

Shu bilan birga, Mussolini ʻʻgʻalla uchun kurashʼʼ kompaniyasini e’lon qildi va u Italiyaning g‘alla bilan oʻz-oʻzini toʻliq ta’minlashiga olib kelishi lozim edi. Garchi 30-yillarda g‘alla yetishtirish hajmlarining o‘sishiga erishilgan bo‘lsa-da, Italiya g‘alla bilan o‘zini o‘zi toʻliq ta’minlashga muvaffaq bo‘lolmadi. Chorvachilik mahsulotlari bilan ham xuddi shu hol yuz berdi. Birin-ketin ko‘mir, neft, elektr energiyasi uchun ʻʻkurashʼʼ kompaniyalari oʻtkazila boshlandi, ular milliy iqtisodiyotni xususiy xomashyo va elektr manbalari bilan ta’minlashga qaratildi. Biroq Italiya fashizm intilgan iqtisodiy avtarkiyaga erisholmadi, rivojlangan ilg‘or sanoat davlatlari qatoriga qo‘shilmadi. Asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ishlab chiqarilishi mamlakatdagi ichki ehtiyojni qondirmadi.


Mamlakat siyosiy hayotida totalitar diktaturaning o‘rnatilishi

Italiya fashizmi oʻttizinchi yillarda mamlakat hayotining barcha tomonlarini o‘ziga bo‘ysundirib, totalitar diktaturani oʻrnatdi. Demokratiyaning barcha, hatto rasmiy belgilari, shu jumladan, parlament ham tugatildi. Parlamentning saylanuvchi palatasi o‘rniga fashistik kombattimento va korporatsiyalar palatasi tuzilib, unga tayinlanuvchi ʻʻdeputatlarʼʼ kirdi. Fashistlar partiyasi esa davlat tizimiga to‘liq qo‘shildi. Partiya nizomiga ko‘ra u duche Mussolini buyruqlariga bo‘ysunib, davlat xizmatini bajaruvchi ʻʻfuqarolar militsiyasiʼʼ (lotincha ʻʻmiliciaʼʼ — qo‘shin)ga aylandi.

Ommaviy axborot vositalari fashizmga xizmatga oʻtib, fashist senzurachilari tomonidan qattiq nazorat qilindi. Universitetlarda professorlar duchega sodiqlikka qasamyod qilishdi. Ommaviy tashkilotlar tizimi, fashistik matbuot va maktab orqali sershovqin targʻibot kompaniyalari yordamida fashist g‘oyalari ommaga singdirildi.

Duche (italyancha ʻʻduceʼʼ — dohiy) — Italiyadagi fashistlar diktatori B. Mussolinining unvoni.

Mussolini nomi ommaviy axborot vositalari tomonidan ilohiylashtirildi. O‘zining ko‘p sonli nutqlarida Mussolini fashizm ʻʻdemokratiyadan buzilganʼʼ Yevropani yangilashi, sogʻlomlashtirishi va ʻʻOsiyo bolshevizmigaʼʼ qarshi kurashga boshlashi lozimligini isbotlashga urindi. ʻʻItaliyaning asosiy dushmani bolshevizm, — deb aytardi u, — Italiya fashizmi unga qarshi turadiʼʼ.

Duchening nutqlaridan olingan parchalar fashist targ‘ibotchilarining asosiy quroliga aylandi. Gazetalar ʻʻMussolini doimo haqʼʼ qabilidagi shiorlarni muttasil va sabot bilan takrorlashardi. Madaniyat vazirligining yo‘riqnomalaridan birida esa shunday deb koʻrsatilgan edi: ʻʻ…italiyaliklar mamlakatda hozir amalga oshirilayotgan barcha ishlar duchening tashabbusi bilan boʻlayotgani va ularda duche shaxsining ramzi mavjudligini doimo esda saqlashlari lozimʼʼ. Duchening benuqsonligi va beqiyos qudratiga ishonch italiyaliklar ongiga muttasil singdirilishi lozim edi.

O‘sib kelayotgan avlod fashistlarning bolalar va oʻsmirlar tashkilotlariga jalb qilindi. Bu tashkilotlardagi rasm-rusumlar va ularning faoliyati harbiylashtirilgan xususiyatga ega boʻldi. Maqsad — o‘ylamasdan itoat qiluvchi mukammal fashist askarini tarbiyalash edi.


Biroq fashizm italiyaliklarning ongini zaharlab yoki unga chuqur singolmadi. Fashizm Italiya millati ongiga, uning diniy va demokratik an’analariga tamomila zid edi. Demokratik kuchlarning vakillari yashirin sharoitda fashistlarga qarshi kurashni davom ettirishdi. Fashistlarning tashkilotlariga joylashib, ularga qarshi faol qoʻporuvchilik ishlarini olib bordi, yoshlar orasida fashizmga qarshi kayfiyatlarning uygʻonishiga sabab boʻldi. Fashizmga qarshi kurashda katolik cherkovining qator vakillari ham munosib hissa qoʻshdi.


Mussolinining tashqi siyosati

Italiya fashizm talablarining imkoniyatlariga muvofiq emasligi fashistlarning tashqi ekspansiyaga intilishini kuchaytirdi. Italiya harbiylashish va urushga tayyorgarlik ko‘rish yo‘liga tushdi. Mussolini italiyaliklarni O‘rta Yer dengizini o‘z dengiziga aylantirishga chaqirdi. 1934-yilda jadal sur’atlarda harbiy-dengiz floti va harbiy aviatsiya qurishga kirishildi. 1935-yil oktyabrida Italiya armiyasi Efiopiyaga urush e’lon qilmay bostirib kirdi. Faqat 1936-yil may oyidagina 600 ming kishilik Italiya armiyasi mamlakatni ishgʻol qilishga erishdi. Millatlar Ligasi Italiya hukumatining harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyani qabul qildi va mamlakatga qarshi iqtisodiy sanksiyalar e’lon qildi. Bu Italiyaning fashistlar Germaniyasi bilan yaqinlashishiga turtki berdi. 1937-yil noyabrida Italiya Germaniya va Yaponiya imzolagan Antikomintem bitimiga erishdi. Mussolini uni atrofida butun Yevropa birlashishi lozim boʻlgan ʻʻdoiraʼʼ sifatida ta’rifladi (ʻʻBerlin–Rim–Tokio doirasiʼʼ degan nom shundan kelib chiqdi). Ushbu bitimga ko‘ra Germaniya Efiopiyaning bosib olinishini tan oldi, xalqaro aloqalarda umumiy bo‘lgan yoʻnalish belgilandi, harbiy aviatsiyani rivojlantirishning yagona siyosati ishlab chiqildi, Bolqon va Dunaybo‘yi davlatlaridagi ta’sir doiralari chegaralandi.

Italiya Ispaniyadagi fuqarolar urushida faol qatnashdi va Frankoni qo‘llab-quvvatladi. Germaniya bilan o‘zaro kelishuvga ko‘ra Italiya 1939-yil aprelda Albaniyani bosib oldi. Ikkinchi jahon urushi arafasida — 1939-yil 22-mayda Germaniya va Italiya oʻrtasida Yevropada harbiy blokni tuzish to‘g‘risidagi ʻʻPo‘lat bitimʼʼ imzolandi. Bitimning tuzilishi Ikkinchi jahon urushiga olib kelgan omillardan biri bo‘ldi.


Qisqacha mazmun

  • 1934-yilgacha — iqtisodiy, moliyaviy, agrar inqiroz, korxonalar, banklar, yer egalarining kasodga uchrashi;
  • mamlakatdagi yirik bank va korxonalarni qutqarish maqsadida Sanoatni qayta qurish institutining tashkil qilinishi;
  • Korporativ davlatning vujudga kelishi — mamlakatdagi barcha aholi tabaqalarining sinfiy hamkorligiga erishishga urinish. Natija — mehnat sharoitlarining yaxshilanishi, yirik kompaniyalarning daromadlari 78 foizga oʻsdi, inqiroz barham topdi;
  • 1937-yilga kelib Italiya sanoat-agrar mamlakatga aylandi;
  • avtarkik xoʻjalik tizimining vujudga kelishi;
  • mamlakatda totalitar diktaturaning oʻrnatilishi jamiyat hayotining barcha tomonlari fashistlashishiga olib keldi;
  • iqtisodiyotning harbiylashtirilishi, ilk hududlarning bosib olinishi (1936-yil — Efiopiya, 1939-yil — Albaniya);
  • Germaniyaning Italiya bilan bitimni imzolashi (1936-yil oktyabr — Berlin–Rim–Tokio doirasi); 1939-yil — ʻʻPo‘lat bitimʼʼ;
  • 30-yillardagi Italiya hukumati — Ikkinchi jahon urushining aybdorlaridan biri.