1929-1939-yillarda Fransiya


30-yillar boshida mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz

Fransiyada jahon iqtisodiy inqirozi oʻta ogʻir shaklda kechdi. Sanoat mahsulotlari hajmi va milliy daromad 1934-yilda 30% ga kamaydi; bir nechta yirik banklar kasodga uchradi, koʻplab yirik zavod va fabrikalar yopildi. Inqiroz, ayniqsa, toʻqimachilik sanoatiga qattiq taʼsir qildi. 1934-yilda ip-gazlama fabrikalari inqirozdan avval ishlab chiqargan yalpi mahsulotning atigi 35 foizini berdi, 1935-yilda esa 135 ta ip-gazlama fabrikalari yopildi.

Qishloq xoʻjaligidagi inqiroz vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Dehqonlarning daromadi ikki baravarga kamaydi, qarzdorligi esa oʻsdi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olmay qoʻydilar, fransuz vinolari va mevalarining eksporti tushib ketdi. Koʻplab dehqon xoʻjaligi sotildi, qishloq mehnatkashlari esa shaharlarga intilishdi va bu yerdagi ishsiz, boshpanasiz va ochlarning safini toʻldirishdi.

Inqiroz mamlakatdagi barcha mehnatkash sinflaring moddiy ahvolida aks etdi.
Ishsizlar soni 1,5 mln kishiga yetdi, toʻliq ish haftasida band etilmaganlar soni bundan ham koʻpaydi. Shu bilan birga, ish kuni rasman 10–12 soatgacha uzaytirildi, maosh miqdori esa oldingiga nisbatan 40 foizgacha kamaytirildi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxining, soliqlar miqdorining oshishi fransuz xalqining turmush sharoitini yanada qiyinlashtirdi. Inqiroz mamlakatdagi siyosiy beqarorlikni kuchaytirdi va hukumatdagi guruhlar oʻrtasidagi kurashning avj olishiga olib keldi. Faqat 1937-yildagina Fransiya sanoati va tashqi savdosi inqirozdan oldingi darajaga qaytdi, biroq 1938-yilda yangi tanazzul boshlandi va u deyarli Ikkinchi jahon urushi boshlangungacha davom etdi. Fransiya iqtisodiy rivojlanishning normal oʻzaniga qaytib tusholmadi.

Inqirozdan shahar aholisining oʻrta tabaqalari jiddiy jabr koʻrgani Fransiya uchun muhim ahamiyatga ega boʻldi. Maʼlumki, bu tabaqalar saylov natijalari va ommaviy harakatlarga jiddiy taʼsir koʻrsatishadi. Mayda shahar burjuaziyasining daromadi 1929-yildan 1934-yilgacha boʻlgan vaqt davomida 30% ga tushib ketdi. 100 mingdan ortiq mayda savdogar, mayda va oʻrta korxonalar, doʻkonlar, qahvaxonalarning egalari kasodga uchradi.


Inqirozdan chiqish yoʻllarini izlash

Banklar va ayrim yirik korxonalarning kasodga uchrashi оʼn minglab pul qoʻyuvchilar va hissadorlarni xonavayron qildi. Fransiyadagi siyosiy vaziyat keskin oʻzgardi, keng ommaning noroziligi kuchaydi. Bu, jumladan, fransuz burjuaziyasining anʼanaviy yirik partiyalari obroʻsining tushishida aks etdi. Maʼlumki, moliyaviy oligarxiya va yirik sanoat monopoliyalarining manfaatlarini himoya qiluvchi bu partiyalar Fransiyada hukumat tepasiga 1926-yilda kelgandi. 1929-yil noyabrdan 1932-yil maygacha mamlakatda 8 hukumat almashdi.

Inqiroz va mehnatkash ommaning oʻsib borayotgan noroziligi burjuaziya mafkurasi va siyosatida oʻzgarishlar yasadi. Burjuaziyaning bir qismi davlatning iqtisodiy hayotga aralashuvini kuchaytirish zarur degan xulosaga keldi, iqtisodiyotning davlat tomonidan boshqarilishini yoqlab chiqdi, davlatning iqtisodiyotni rejalashtirish va nazorat qilish idoralarini tuzishni taklif qildi. Ular mehnatkash ommani bu vazifaning bajarilishiga jalb qilish maqsadida ijtimoiy sugʻurta tizimini kengaytirish, ishsizlik boʻyicha nafaqalar miqdorini oshirish va mehnat sharoitlarini yaxshilash takliflari bilan chiqishdi. Bu burjuaziya vakillarining qarashlari iqtisodiyotning davlat tomonidan rejalashtirilishi va ijtimoiy sugʻurta tizimining kengaytirilishi tarafdori boʻlgan Fransiya sotsialistlarining dasturiga qisman mos kelardi.

Fransiya sotsialistlari banklarni davlat tasarrufiga oʻtkazish va ular ustidan davlat nazoratini oʻrnatish, xalq xoʻjaligini rivojlantirish rejalarini tuzish, narx-navo va
maosh miqdorlarini belgilash huquqiga ega markaziy boshqaruv idorasini tashkil etishni taklif qildi. Shuningdek, ish kunini qisqartirish va mehnatkashlar uchun haq toʻlanuvchi taʼtillarini joriy etish ham taklif qilindi. Bu burjua doiralari siyosiy arboblarining liberal islohotlar dasturi bilan mos keluvchi dastur boʻlib, ular birgalikda Fransiyaning 30-yillar siyosiy hayotidagi nufuzli liberal yoʻnalishning asosini tashkil qildi.

Burjua islohotchilarining yana bir guruhi demokratik erkinliklarni cheklash va ʼʼkuchli hokimiyatʼʼni qaror topdirish maqsadida konstitutsiyaning qayta koʻrilishini talab qilishdi. Sobiq bosh vazir Tarde parlament huquqlarini cheklash va prezidentning vakolatlarini kengaytirishni tavsiya qildi. Bu burjuaziyaning oʻz imtiyozlari va daromadlarini kuchli markazlashgan hokimiyat yaratish yoʻli bilan saqlab qolishga uringan konservativ guruhi edi. Ikkala yoʻnalish vakillari — liberallarning ham, konservatorlarning ham maqsadlari bir, yaʼni mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tartibni saqlab qolish boʻlib, faqat bunga erishish yoʻllarigina boshqa edi.

1932-yil mayidagi saylovlar Fransiya inqirozning ikki yili davomida soʻlga qarab burilganini koʻrsatdi. Saylovlar sotsialistlar va radikal-sotsialistlar blokiga gʻalaba keltirdi. Yangi hukumatni yana Eduard Errio boshqardi. Deputatlar palatasidagi 594 oʻrindan 386 tasini soʻl blok vakillari olib, oʻz dasturlarini amalga oshirish imkoniyatini qoʻlga kiritishdi. Biroq ular bu imkoniyatni boy berdi. Oʻng doiralar soʻl hukumatga qarshi kuchli hujumni avj oldirdi va bu hukumatning normal faoliyat koʻrsatishiga imkon bermadi. E. Errio hukumati bor-yoʻgʻi 6 oy ishlab, isteʼfo berishga majbur boʻldi. 1932-yil dekabridan 1934-yil yanvariga qadar Fransiyada soʻllarning 5 hukumati almashdi va ularning har biri uch oydan oz hukm surdi. Ularning eng soʻnggisi Eduard Dalade (1884–1970) hukumati boʻldi.


Tarixiy maʼlumot

Fransiya
1913–1920-yillar — R. Puankare
1920-yil fevral, sentyabr — R. Denashel
1920–1924-yillar — A. Mileran
1924–1931-yillar — G. Dumeig
1931–1932-yillar — P. Dumer
1932–1940, 1940–1947-yillar — A. Lebren


Fashistlarning hokimiyatni egallashga urinishi

Gitlerning hokimiyatga kelganidan ruhlangan Fransiya yirik moliya va sanoat sarmoyasining oʻng doiralari Fransiyada ham fashistlar diktaturasini oʻrnatishga urindi. Reaksion doiralar mamlakatni fashistlar toʻntarishiga va hokimiyatni fashistlar egallashiga ruhan tayyorlash maqsadida ommaviy targʻibotni avj oldirdi.
Bir vaqtning oʻzida buyruq berilgani zahoti hokimiyat uchun kurashni boshlashga tayyor koʻp sonli fashistlar tashkilotlari tuzildi. 1933-yil oxirida fashistlarning tashkilotlari ʼʼStavisskiy ishiʼʼ bilan bogʻliq janjalni va buning oqibatida hukumatda yuzaga kelgan inqirozni bahona qilib hokimiyatni egallashga ochiq-oydin tayyorlana boshladi. 1934-yil 6-fevralda, hukumat inqirozi siyosiy inqirozga aylanganidan soʻng, Parijda fashistlar isyoni boshlandi. Bir necha oʻn ming qurollangan fashistlar koʻchalarga chiqishdi va Burbonlar saroyi, parlament binosiga yorib oʻtishga urindi. Hukumatning beparvoligidan foydalanib, fashistlar pochta, telegraf, vokzallar va Yelisey dalasidagi Murosa maydoniga hujum qila boshladi.

Parij ko’chalarida janglar


Hukumatning faoliyatsizligini koʻrib, Fransiya poytaxtining turli tumanlarida yuz minglab ishchilar koʻchalarga chiqdi. Germaniya fojiasining Fransiyada takrorlanishini istamagan odamlarning barchasi oyoqqa turdi. Bunday ommaviy namoyishlar mamlakatning Marsel, Lion, Ruan, Nant, Nansi va boshqa shaharlarida boʻlib oʻtdi.

Mamlakat mehnatkashlari Fransiya tarixidagi eng muhim gʻalabani qoʻlga kiritishdi. Fashistlar millat demokratik kuchlari fronti oldida chekinishga majbur boʻlishdi. Biroq kurash shu bilan tugamadi. Reaksion va konservativ kuchlar hokimiyatni xuddi Germaniyadagidek siyosiy nayranglar yoʻli bilan egallashga qaror qildi. 1934-yil 7-fevralda E. Daladye oʻziga ishonch bildirilganiga qaramay isteʼfo berdi. Bosh vazir qilib fashizmning ochiq tarafdori boʻlgan Gaston Dumerg (1863–1937) tayinlandi.


Soʻl kuchlarning fashizmga qarshi kurashga birlashishi

Fransiya mehnatkashlari fashistlar toʻntarishi mualliflari rejasini barbod qildi. Hokimiyat tepasiga Dumerg kelgani toʻgʻrisidagi xabar tarqalgani zahoti yana isyonchilar va ishchilar oʻrtasida ashaddiy janglar boshlandi. Butun Parijda, har bir tumanda, Fransiyaning hamma yerida ishchilar fashistlarni hokimiyatga qoʻymaslik shashti bilan yonishdi. Mamlakatda demokratiya va Fransiya ozodligi uchun kurashuvchilarning umumiy fronti vujudga kela boshladi.

Namoyishlar taqiqlanganiga qaramay, 50 ming parijlik 9-fevral kechqurun fashistlarga qarshi namoyishga chiqdi. Shaharda politsiya va ishchilar oʻrtasida haqiqiy koʻcha janglari avj oldi. Parij kasalxonalari yaradorlar bilan toʻlib-toshdi.
Ishchilar hukumatning fashistlar tomonida ekaniga ishonch hosil qilishdi, zero, uning buyrugʻiga koʻra politsiya va qoʻshinlar de Lya Rok bandalariga qarshi emas, Parij mehnatkashlariga qarshi chiqishdi.

12-fevralda butun Fransiyada umumiy ish tashlash boshlandi. Unda 4,5 mln kishi qatnashdi. Shu kuni Fransiyada fashistlarga tarafdor reaksion kuchlar tomonidan tayyorlangan davlat toʻntarishi barbod boʻlgani oydinlashdi. Fashizm Fransiyada oʻtmadi.

Fevral voqealari soʻl kuchlarning fashizmga qarshi kurashga, tinchlik va ijtimoiy taraqqiyot uchun birlashishlariga kuchli turtki berdi.


Xalq fronting dasturi

1936-yil yanvarida Xalq frontning dasturi eʼlon qilindi. Uni ishlab chiqishda mamlakat demokratik kuchlarining vakillari ishtirok etishdi. Dastur fashistlarga qarshi demokratik xususiyatga ega edi. U barcha fashistlarning tashkilotlarini qurolsizlantirish va tarqatish talabidan tashqari keng xalq ommasining ahvolini yaxshilash — ish haftasini qisqartirish, ishsizlarga yordam koʻrsatish milliy jamgʻarmasini tashkil qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qatʼiy narxlarni belgilashni koʻzda tutuvchi dasturni ham ilgari surardi.

1936-yil bahorida Fransiyada deputatlar palatasiga saylovlar boʻlib oʻtdi.
Xalq fronti partiyalari birgalikda umumiy dastur asosida ishtirok etishdi.
Saylovlarda Xalq fronti umumiy hisobda 57 foiz ovoz toʻplab, gʻolib chiqdi.

Xalq fronti hukumati Sotsialistik partiya yetakchisi Leon Blyum (1872–1950) rahbarligida Fransiyada inqirozning yangi bosqichi boshlanayotgan bir paytda ish boshladi. Shunga qaramay, u oʻz dasturini amalga oshirish va bergan vaʼdalarini bajarish borasida juda katta ishlarni amalga oshirdi. 1936-yil yozi davomida parlament Xalq fronti dasturiga mos keluvchi 100 dan ortiq qonunni qabul qildi.
Fashistlarning tashkilotlari taqiqlandi. Oʻz vaʼdalariga muvofiq, hukumat parlament orqali uchta qonunni oʻtkazdi: 40 soatlik ish haftasi toʻgʻrisidagi qonun, ikki haftalik haq toʻlanuvchi taʼtil toʻgʻrisidagi qonun va jamoaviy shartnomalar toʻgʻrisidagi qonun. Xizmatchilarning maoshi va nafaqalar oshirildi. Ishsizlik boʻyicha nafaqaga soliq solinishiga barham berildi. Ishsizlar uchun jamoat ishlari tashkil qilina boshlandi.

Aholining oʻrta tabaqalari ahvoli ham yaxshilandi. Hukumat sanoat, savdo va qishloq xoʻjaligi sohasidagi korxonalarning qarz toʻlash muxlatini kechiktirdi va bu bilan minglab mayda ishlab chiqaruvchini kasodga uchrashdan asrab qoldi. Mayda korxonalardan olinuvchi soliqlar miqdori kamaytirildi, yirik korxonalardan olinuvchi soliqlar esa oshirildi. Fransiya banki va qator harbiy zavodlar davlat tasarrufiga oʻtdi. 1937-yilda Temiryoʻllar milliy jamiyati tuzilib, uning qoʻl ostiga mamlakatdagi barcha temiryoʻl oʻtkazildi. Yevropaning boshqa mamlakatlarida boʻlgani kabi Fransiyada ham iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish joriy qilina boshladi.

Xalq fronti hukumati oʻz qonunlarini amalga tatbiq etishda juda katta qiyinchiliklarga toʻqnash keldi. Davlatda pul yoʻq, demak, tadbirkorlarni qabul qilingan qonunlarni bajarishga majbur qilish uchun mablagʻ ham yoʻq edi. Hukumat nisbatan yengil yoʻlni tanladi. U Fransiya valyutasi boʻlgan frankni fransuz xalqining barcha ijtimoiy yutuqlarini yoʻqqa chiqargan holda 30 foizga devalvatsiya qildi. 1937-yil fevralida L. Blyum mamlakatning ogʻir moddiy ahvolini bahona qilib, Xalq fronti dasturini bajarishda tanaffus eʼlon qilish taklifini kiritdi. U kuch toʻplab, soʻng yutuqlarni mustahkamlash uchun ʼʼnafas rostlashʼʼ lozimligini uqtirdi. Bu aholining noroziligiga sabab boʻldi.1937-yil iyunida Blyum isteʼfo berdi.

L.Blyum va M.Torez 1936-yil


Xalq frontining parchalanishi

Reaksion kuchlar Xalq fronti hukumatiga qarshi ochiq hujum boshladi, uning faoliyatini xalqqa qarshi yoʻnaltirishga urindi. Ular davlatning ijtimoiy ehtiyojlar uchun xarajatlarini qisqartirishga erishdi, hukumatning moddiy ahvolini ogʻirlashtirishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirdi. Hukumat tamaki mahsulotlari, gugurt, spirtli ichimliklar, pochta-telegraf va temiryoʻl tashuvlariga yangi soliqlar belgilashga majbur boʻldi.

Xalq frontining yangi hukumati — Shotan hukumati yangi devalvatsiyani amalga oshirdi. Ikki devalvatsiya natijasida Fransiyada yashashning qiymati 1936-yil maydan 1937-yil dekabrgacha 40 foizga qimmatlashdi. Xalq fronti obroʻsizlandi.
Uning saflarida parchalanish yuz berdi. Eduard Daladye boshchiligidagi guruh Xalq fronti partiyalari bilan orani uzish va oʻng reaksion partiyalarga tayangan holda bir partiyali hukumatini tuzishni talab qildi. Eduard Errio boshchiligidagi ikkinchi guruh esa Xalq fronti dasturiga sodiq qoldi. Radikal-sotsialistlarning 1938-yil oktyabrda Marselda boʻlib oʻtgan syezdida Xalq frontidan ajralish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Fransiyaning xalq fronti parchalandi.


ʼʼMillly xiyonatʼʼ hukumatining hokimiyatga kelishi

Xalq frontining parchalanishi reaksion kuchlarga yoʻl ochdi. 1938-yil 10-apreldan 1940-yil 18-maygacha hokimiyatni boshqargan E. Daladye davridayoq Fransiya
mehnatkashlari uchun Xalq fronti hukumati joriy qilgan imtiyozlarga barham berila boshladi. Barcha mahsulot va xizmat turlariga soliqlar oshirildi. Tadbirkorlar oz miqdorda haq toʻlagan holda xizmat vaqtidan tashqari ishlarni joriy qilish huquqini qoʻlga kiritishdi. Ish haftasi 5 kundan 6 kunga uzaytirildi. Ijtimoiy himoya xarajatlari qisqardi. Mayda korxonalarga solinuvchi soliqlar miqdori 13 baravar oshirildi, yirik korxonalarga solinuvchi soliqlar esa kamaytirildi.

Mamlakat mehnatkashlari bunga ommaviy namoyishlar bilan javob berishdi.
1938-yil 30-noyabrda Fransiyada umumiy ish tashlash boshlandi. Hukumat qoʻshinlarni safarbar qildi, askarlarga jangovar oʻqlar tarqatildi. Hukumat va tadbirkorlar birgalikdagi harakatlari bilan ish tashlovchilardan shafqatsiz oʻch oldi.
Koʻplab zavodlar yopildi, 1,5 mln kishi ishdan boʻshatildi, minglab ishchilar qamoqqa olindi.

E. Daladye hukumati ʼʼmilliy xiyonatʼʼ hukumatiga aylandi. Ostonada esa birinchi imkoniyat tugʻilgandayoq dushman Fransiyani bosib olish niyatini hech kimdan yashirmagan fashistlar Germaniyasi turardi.


Fransiyaning tashqi siyosati (1932–1939)

Xiyonat, xoʻrlanish va magʻlubiyatlar yoʻli Fransiya tashqi siyosatini bu davrda Fransiya yirik sarmoyasi bilan yaqin aloqada boʻlgan, reaksion va fashistlarga tarafdor qarashlarini hech kimdan yashirmagan davlat va siyosat arboblari belgiladi. Bular 1931-yil yanvardan 1932-yil fevralgacha, 1935-yil iyundan 1936-yil yanvargacha Fransiya Bosh vaziri boʻlgan P. Laval, 1934-yil oktyabrdan 1936-yil yanvargacha tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan P. Tardye, E. Daladye, J. Bone, A. Sarro va boshqalar edi. Fransiyaning Yevropada gegemonligi qaror topishiga ishonchi yoʻqolgan bu davlat va siyosat arboblari Germaniya va Italiya fashistlari bilan til biriktirish yoʻliga tushishdi, shu taxlit ular bilan toʻqnashishdan qutulib qolishga umid qildi. Ular mudofaaga asoslangan urush gʻoyasini ilgari surdi.

Germaniyada fashistlarning hokimiyatga kelishi, 1934-yil fevral voqealari va Xalq frontining 1936-yildagi muvaffaqiyatlari reaksion qarashlarni yanada mustahkamladi va fashistlarni faol harakatlar boshlashga daʼvat etdi. Ularning millatga qarshi qarashlari davlatning rasmiy siyosati darajasiga koʻtarildi.

Fransiya tashqi siyosatining asosiy konsepsiyasi Gitler bilan Sovet Ittifoqiga qarshi til biriktirishdan iborat boʻldi. Gitler ekspansiyasi faolligini Sharqqa yoʻnaltirish Fransiya diplomatiyasining bosh maqsadiga aylandi. 1940-yilda Fransiya bu siyosati uchun harbiy magʻlubiyat va milliy mustaqillikni boy berish bilan haq toʻladi. Fransiya hukmron doiralarining bir qismi fashistlar Germaniyasini Fransiyadagi mavjud tuzumni saqlab qolishning kafolati deb hisobladi. Bunday siyosatchilarni kollaboratsionistlar deb nomladi, ular Gitlerning tashqi siyosatini amalga oshirishi uchun yoʻl ochib berdi.

Kollaboratsionistlar (fransuzcha collaboration— hamkorlik) — Ikkinchi jahon urushi davrida fashist bosqinchilari bilan hamkorlik qilgan shaxslar.


ʼʼToʻrtlar bitimiʼʼ va uning maqsadlari

1933-yil iyunida Fransiya diplomatiyasi fashistlar bilan kelishuvga bordi. 1933-yil 7-iyunda Angliya, Fransiya, Italiya va Germaniya oʻrtasida ʼʼToʻrtlar bitimiʼʼ imzolandi. U kuchga kirmadi, biroq Fransiya tashqi siyosatining mohiyatini ochiq koʻrsatdi. 1934-yil oktyabrida Fransiya bosh vazirligiga P. Laval tayinlandi. U ikki yoqlama oʻyin olib bordi, yaʼni fashistlarning davlatlari eʼtiborini jalb qilish maqsadida oʻzini goʻyoki Sovet Ittifoqi bilan yaqinlashmoqchidek qilib koʻrsatdi. 1935-yil 2-mayda oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi sovet-fransuz bitimi imzolandi. Biroq u faqat 1936-yil yanvaridagina tasdiqlandi. Unga qadar Fransiya diplomatlari ʼʼFransiyaning Germaniya bilan toʻla va uzil-kesil kelishishi uchun zarur boʻlsaʼʼ sovet-fransuz bitimidan voz kechishga tayyorligni aytib, Germaniya bilan til topishishga rosa urindi. Gitler rad javobi berdi.

1936-yil martida Gitler qoʻshinlari harbiysizlashtirilgan Reyn hududiga kirdi. Bu bilan Gitler Fransiyani ochiq-oydin maydonga chaqirdi. Versal bitimining 42–43-moddalari buzilganiga qaramay, Fransiya chekindi, fashistlar Germaniyasining birinchi tajovuzkor harakatiga hech qanday qarshilik koʻrsatmadi. Kollaboratsionistlar Gitler tuzumiga qarshi zarba mehnatkash ommani inqilobga ruhlantiradi, vatanparvarlik tuygʻularini oshirib, fashizmga qarshi kurashning kuchayishiga olib keladi, deb qoʻrqishdi.

1936-yil iyulida Gitler Avstriyani ham bosib oldi. Fransiya oʻzining soʻnggi ittifoqchisidan ayrildi. 1936-yil 27-aprelda Belgiya oʻzini betaraf deb eʼlon qildi, yaʼni Fransiyaning sharqiy chegaralarini qoʻriqlovchi Reyn bitimining kafolatchisi boʻlishdan bosh tortdi.


Myunxen bitimining ratifikatsiya qilinishi

Reyn voqealaridan koʻp oʻtmay, 1936-yil iyulida, Ispaniyada fuqarolar urushi boshlanib, Germaniya va Italiya fashistlari isyonchilarga ochiq-oydin yordam bera boshlaganlaridan soʻng, Fransiya Ispaniya ishlariga oʻzining aralashmasligini eʼlon qildi va Ispaniya respublikachilariga qurol-yarogʻ sotishni man etdi. Fransiya hukumati Gitlerning malayiga aylandi. 1938-yilda Gitler yangi qurbon — Chexoslovakiyani talab qildi. Fransiya Bosh vaziri E. Daladye Chexoslovakiya hukumatining fikrini surishtirmay Sudetni Germaniyaga berishga rozilik bildirdi.
1938-yil 4-oktyabrda Fransiya Milliy Majlisi sharmandali Myunxen bitimini ratifikatsiya qildi va bu mamlakatning fashistlar Germaniyasi bilan til biriktirish yoʻliga ochiq-oydin tushganini tasdiqladi.

Myunxen bitimi ratifikatsiya qilingach, Fransiya kollaboratsionistlari nihoyat yengil tin olishdi. Ular Gitlerga Sharq tomon yoʻl ochdi. Endi Germaniyadan ʼʼkelishuvʼʼ toʻgʻrisida soʻrash mumkin edi. Germaniya rozi boʻldi va Myunxen bitimidan ikki oy oʻtib, 1938-yil 6-dekabrda Parijda Fransiya tashqi ishlar vaziri J. Bone va Germaniya tashqi ishlar vaziri I. Ribbentrop oʻzaro hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi bitimdan umuman farq qilmagan qoʻshma deklaratsiyani imzoladi.


Qisqacha mazmun

• 30-yillar — ishlab chiqarishning qisqarishi, banklarning kasodga uchrashi, agrar inqiroz;
• ish kunining uzaytirilishi, ishsizlik, inflyatsiya;
• 1929-yil noyabrdan 1934-yilgacha 8 marta hukumat almashdi; inqirozdan chiqish yoʻllarini izlash;
• fashistlar isyoni, soʻl kuchlar birlashgan frontning gʻalabasi. Xalq frontining fashizmga qarshi kurashi, iqtisodiyotni davlat tomonidan boshqarishning joriy etilishi;
• Xalq fronti siyosatining magʻlubiyati, hokimiyatga ʼʼmilliy xiyonatʼʼ hukumatining kelishi, soʻl kuchlarga qarshi qatagʻon reaksion ijtimoiy chora-tadbirlar;
• tashqi siyosat — mudofaaga asoslangan urush gʻoyasi (Germaniya va Italiya fashizmi bilan til biriktirish); 1933-yil — ʼʼToʻrtlar bitimiʼʼ;
• 1936-yil — fashistlar Reyn viloyatida, Avstriyada, Belgiyaning betarafligi: Fransiya Germaniyaga tarafdor kayfiyatidagi davlatlar qurshovida;
• 1938-yil 4-oktyabr — Sudet viloyatini berish toʻgʻrisidagi Myunxen bitimining imzolanishi (E. Daladye) — Gitler bilan ochiq til biriktirish yoʻliga oʻtish;
• 1938-yil 6-dekabr — Germaniya bilan hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi bitim.