1929-1939-yillarda Buyuk Britaniya


Iqtisodiy inqirozning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri

Iqtisodiy inqiroz Angliyada 1930-yilda ro‘y berdi, ammo uning choʻqqisi 1932-yilga to‘g‘ri keladi. Sanoat sohasidagi ishlab chiqarish 1932-yilda 1929-yildagiga nisbatan 82 foizga tushib ketdi, 1933-yilda esa pasayish 93 foizni tashkil qildi. Sanoat sohasidagi ishlab chiqarish darajasining Angliyada nisbatan oz pasayishi mahsulotlarni rezerv bozorlar sifatida saqlab turilgan mustamlaka va qaram mamlakatlarda sotish hamda u yerlardan arzon xomashyo va ishchi kuchini keltirish imkoniyatlari mavjudligi bilan izohlanadi. Inqiroz Angliya iqtisodiyotining anʼanaviy sohalari — Angliya ishchilar sinfining asosiy qismi jalb etilgan ko‘mir qazib chiqarish, metallurgiya, kemasozlik sohalarini, ayniqsa, qattiq larzaga soldi.

Inqiroz davrida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlab chiqarish darajasi keskin qisqardi. Aholida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun mablagʻ yo‘q edi. Ishsizlik darajasining yuqoriligi mamlakatning shundoq ham tor ichki bozorining battar torayishiga olib keldi.

Angliya iqtisodiyotining tayanchi tashqi savdo hisoblanardi. Inqiroz davrida Angliya mahsulotlari eksporti ikki baravar kamaydi, ularning raqobatbardoshligi yo‘qoldi. Angliyani anʼanaviy bozorlardan siqib chiqarish jarayoni avj oldi. Inqiroz natijasida juda ko‘p mamlakatlar kasodga uchrab, Angliya mahsulotlarini rad etdi. Bir vaqtning o‘zida xorijiy raqiblar Angliyani hatto uning ichki bozoridan ham siqib chiqarishga urinishdi. Yevropa va AQSHda ro‘y bergan moliyaviy inqiroz, Markaziy Yevropadagi banklarning kasodga uchrashi Angliya pulining qadrsizlanishiga olib keldi va uning oltin bilan ta’minlanishiga barham berdi.

Angliya iqtisodiyotining eng zaif joyi ishsizlik bo‘ldi. 1929–1932-yillardagi inqiroz ishsizlikning Angliya tarixida boʻlmagan darajada o‘sishiga olib keldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1930-yilda barcha ishchilarning 17 foizi uzoq vaqt davomida ishsiz edi, 1931-yilda ishsizlik darajasi 23 foizga, 1932-yilda esa 25 foizga o‘sdi.
1932-yilda har to‘rtinchi ishchi ishsiz edi.

Angliya sanoatining alohida hududlardagi an’anaviy sohalarida ro‘y bergan inqiroz ʻʻshikastlangan hududlarʼʼ yoki ʻʻdepressiyaga uchragan hududlarʼʼning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu hududlarda iqtisodiy hayot deyarli to‘xtagandi. Korxonalar o‘z faoliyatlarini toʻxtatdi, odamlar bu hududlarni tashlab, chet ellarga koʻchib keta boshladi, chunki Angliyada hayot istiqbolsiz bo‘lib borardi.

Inqiroz konservatorlar hukumati siyosatining barbod boʻlganini anglatdi.
Mamlakat aholisi iqtisodiy qiyinchiliklarning muttasil oʻsishidan norozi boʻldi va oʻzgarishlarni talab qildi.


R. Makdonald hukumati va uning mamlakatni qutqarish dasturi

1929-yil may oyidagi parlamentga saylovlarda leyboristlar partiyasi koʻp ovoz oldi va partiya rahbari Ramsey Makdonald (1866–1937) Bosh vazir qilib tayinlandi. R. Makdonald XX asr Angliya siyosiy hayotidagi eng murakkab taqdirli shaxslardan biri bo‘ldi. U kichkina baliqchilar qishlogʻida qashshoq shotlandlar oilasida tug‘ildi va 1894-yilda 28 yoshida leyboristlar partiyasiga a’zo bo‘ldi. 1900-yildayoq u partiyaning faxriy kotibi lavozimiga saylanib, bu lavozimda ozgina tanaffus bilan 1931-yilgacha faoliyat ko‘rsatdi. U 27 yil davomida parlament deputati, uch marta mamlakat Bosh vaziri bo‘ldi.

Makdonald o‘z siyosiy faoliyatini Angliya qudratli mamlakat boʻlgan paytda boshlab, uni bu buyuklikdan faqat olis xotira qolgan paytda yakunladi. R. Makdonald saqlab qolishning iloji boʻlgan barcha narsani saqlab qolishga urindi.
U Sovet Ittifoqi bilan normal diplomatik aloqalarni rivojlantirish tarafdori edi.
Konservatorlar ikki marta Sovet Ittifoqi bilan diplomatik aloqalarni uzdi va ikki marta (1924–1931) Makdonald ularni tikladi.

Makdonald realist siyosatchi bo‘lib, Angliyaning sobiq buyukligini qaytarishni xomxayol deb hisoblardi. Biroq u Angliyani bostirib kelayotgan halokatdan qutqarishga va mamlakatning jahondagi mavqeyini eng avvalo muvaffaqiyatli diplomatik kombinatsiyalar uyushtirish hamda Millatlar Ligasidan foydalanish yo‘li bilan saqlab qolishga urindi.

R. Makdonald boshchiligidagi ikkinchi leyboristlar hukumati qiyin ahvolda qoldi.
Bir tomondan, ish berish va yashash sharoitlarini yaxshilashni talab qilgan mamlakat aholisiga berilgan va’dalarni bajarish, ikkinchi tomondan esa davlat ijroiya hokimiyati vazifalarini bajarish va mamlakatni bosib kelayotgan iqtisodiy inqirozdan saqlab qolish lozim edi. Leyboristlar o‘z majburiyatlarini qisman bajarishdi. Koʻmir konlarida 7 soatlik ish kuni joriy etildi. 1930-yilda ishsizlik bo‘yicha sugʻurta to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilindi, ishsizlik bo‘yicha nafaqalar olish muddati 3 oydan 12 oygacha uzaytirildi. Ishsizlikka qarshi kurash bo‘yicha maxsus vazirlik hamda ishsizlar uchun ish qidirish boʻyicha maxsus qo‘mita tashkil qilindi. Bu choralar ishsizlarning ahvolini ma’lum darajada yaxshilashga xizmat qildi.

Biroq, umuman olganda, ikkinchi leyboristlar hukumati inqiroz og‘irligining katta qismini mamlakat mehnatkashlari yelkasiga yuklashga urindi. Britaniya tadbirkorlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi uchun ular tovon toʻlashlari lozim edi. 1931-yil bahorida mashinasozlik sanoati, qishloq xoʻjaligi ishchilari, dokerlar va sanoatning boshqa qator sohalari ishchilarining maoshini pasaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Angliya tadbirkorlariga bu oz tuyildi va ular hukumatdan ijtimoiy ehtiyojlar, ya’ni ta’lim, sog‘liqni saqlash, nafaqalar uchun xarajatlarni jiddiy qisqartirishni talab qilishdi.


Tarixiy ma’lumot

Angliya qirollari
1837–1901-yillar — Viktoriya
1901–1910-yillar — Eduard Vll
1910–1936-yillar — Georg V
1936-yil — Eduard VIII
1936–1952-yillar — Georg VI

Hukumat rahbarlari
1895–1902-yillar — R. S. Solsberi
1902–1905-yillar — A. J. Balfur
1905–1908-yillar — G. Kempbel Bannerman
1908–1916-yilIar — G. Askvit
1916–1922-yillar — D. Lloyd Jorj
1922–1923-yillar — A. Bannar Lou
1923–1924-yillar — S. Bolduin
1924-yil yanvar, noyabr — R. Makdonald
1924–1929-yillar — S. Bolduin
1929–1935-yillar — R. Makdonald
1935–1937-yillar — S. Bolduin
1937–1940-yilIar — N. Chemberlin
1940–1945-yillar — U. Cherchill


Mamlakatdagi ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlar

1930-yil bahorida Angliyani yana sinfiy kurash to‘foni larzaga soldi. Butun mamlakat ishsizlarning harakatida ishtirok etdi. 1930-yil martdan aprelgacha ishsizlar va ochlarning ommaviy yurishi boʻlib o‘tdi va u Londonda Gaydparkdagi ulkan namoyish bilan yakunlandi. Angliyada vaziyat kundan kun keskinlashib borardi. Ishlab chiqarishda ommaviy ish tashlashlar boshlandi, tadbirkorlar bunga javoban ommaviy ishdan boʻshatishlar bilan javob berishdi. Faqat toʻqimachilik sanoatida 250 ming ishchi, temiryoʻllar, junni qayta ishlash sanoatining yuz minglab ishchisi bo‘shatildi.

Angliya hukmron doiralari yirik siyosiy nayrangni amalga oshirishga ahd qilishdi.
1931-yil avgustida R. Makdonald hukumati iste’foga chiqdi, biroq ertasi kuniyoq qirol Georg V (1865–1936–1910–1936-yillarda hukmronlik qilgan) unga hamkorlik asosida konservatorlar ishtirokida yangi hukumat tashkil qilish vazifasini topshirdi.
Hukumatdagi ko‘pchilik o‘rin konservatorlarga tegishli edi, biroq Bosh vazir kursisida Makdonald qoldirildi. Bu yangi siyosiy hiyla-nayrang bo‘lib, unda leyboristlar rahbarlik, konservatorlar esa hukmronlik qilardi.

Yangi hukumat mehnatkashlarning ijtimoiy imtiyozlariga qarshi yoppasiga hujum boshladi. Ishsizlik boʻyicha nafaqa 10 foizga pasaytirildi, harbiy-dengiz floti shaxsiy tarkibining maoshi qisqartirildi. Angliya valyutasi oltin qiymatining bekor qilinishi ingliz xalqiga berilgan qattiq zarba bo‘ldi. Funt sterlingni oltinga almashtirish barham topdi.

Oltin bilan ta’minlashning toʻxtatilishi kutilgan natijani bermadi. U Angliya iqtisodiyotini jonlantirish o‘rniga funt sterlingning qadrsizlanishiga olib keldi. 1931-yil dekabrida u oldingi qiymatining faqat 70 foizini tashkil qildi. Pul qadrining tushishi Angliya sanoat mahsulotlarining qimmatlashishi va raqobatbardoshligining zaiflashishiga olib keldi.

Ommaviy norozilikning kuchayishi sharoitida konservatorlar parlamentda koʻp ovoz olish va xalqqa qarshi faoliyatni to‘siqsiz amalga oshirish umidida yangi parlament saylovlarini oʻtkazishni talab qila boshladi. Saylovlar 1931-yil oktyabr oyida oʻtkazildi. Natsional-leyboristlar, konservatorlar va liberallardan saylovoldi ʻʻmilliy koalitsiyasiʼʼ tuzilib, ko‘p ovoz bilan gʻalaba qozondi. U parlamentda 497 o‘rin oldi, bu unga 330 mandatga ustunlikni ta’minladi va har qanday qonun va qarorlarning o‘tishini toʻla kafolatladi. Hokimiyat to‘liq konservatorlar qo‘lida edi, biroq bosh vazir etib yana leyboristlar partiyasining sobiq rahbari R. Makdonald tayinlandi.


Konservatorlarning proteksionistik siyosati va uning natijalari

Milliy koalitsiya hukumatining hukmronligi 1935-yil noyabr oyidagi saylovlargacha davom etdi. Ammo 1935-yil iyunidayoq R. Makdonald Bosh vazir lavozimidan olinib, uning o‘rniga konservatorlar partiyasi rahbari Stenli Bolduin (1867–1947) tayinlandi.

Milliy koalitsiya hukumati Britaniya iqtisodiyotini oyoqqa turgʻizish boʻyicha qizg‘in ishga kirishdi. 1931–1932-yillarda parlament Angliyaga olib kiriluvchi barcha turdagi mahsulotlarga narxining kamida 10 foizi miqdorida bojxona soligʻi belgiladi. Angliya tarixda birinchi marta erkin savdo tamoyillariga qarshi borib, milliy iqtisodiyotni himoya qilish (proteksionizm) yoʻlini tutdi. Koʻhna Angliya yo‘l-yo‘lakay qayta qurishni amalga oshirdi. Funt sterlingning oltin asosi va erkin savdo Britaniya imperiyasining poydevori bo‘lib kelgandi. Endi ular yo‘q edi va Angliya yuz yildan ortiq vaqt davomida oʻtkazib kelingan iqtisodiy siyosatdan qat’iy farq qiluvchi yangi iqtisodiyot yoʻliga tushdi.

Milliy iqtisodiyotni himoya qilish siyosati, eng avvalo, sanoatning yangi sohalari — avtomobil, aviatsiya, elektrotexnika va kimyo sanoatlarining rivojlanishiga jiddiy ta’sir qildi. Bu siyosatning joriy etilishi ular uchun ichki bozorda va Britaniya imperiyasining bozorlarida juda qulay sharoit yaratdi. Boshqa tomondan iqtisodiyotni himoya qilish to‘siqlari ichki bozorga joylashtirilgan sarmoyalar o‘rnining almashtirilishiga olib keldi. Oltin standartdan voz kechilishi oqibatida Angliyadan sarmoya olib chiqish foydasiz bo‘lib qoldi, olib borilgan siyosat sanoatning yangi sohalari jadal rivojlanishi natijasida ichki bozordagi vaziyatning keskin o‘zgarishiga olib keldi.

Investitsiyalarning asosiy oqimi endi turar joy va avtomobil yo‘llari qurilishiga, 30-yillar oʻrtalaridan boshlab esa harbiy sanoat, aviatsiya va avtomobilsozlikka yo‘naltirildi. 1936-yilda Angliyaning chet ellarga joylashtirilgan sarmoyalari 61 mln funt sterlingni, ichki sarmoyalari esa 217 mln funt sterlingni tashkil qildi

Investitsiya — sarmoyaning biror-bir korxona, ishga uzoq muddatga joyiashtirilishi.

Xususiy sarmoyalarning ichki bozorga yoʻnaltirilishiga hukumat olib borgan moliyaviy siyosat ham koʻmaklashdi. Hukumat arzon kredit joriy qildi — banklar xususiy tadbirkorlarga 2 foiz evaziga kreditlar bera boshladi, holbuki, oldin kreditlar 10–12 foiz evaziga berilardi. Bu Angliya tarixidagi eng yirik turar joy qurilishining avj olishiga olib keldi. Qurilish sanoati va mebel ishlab chiqarish bilan bogʻliq sanoat sohalari gullab-yashnadi. Yangi sanoat sohalarining o‘sishi va qurilishning avj olishi inqirozning zarbasini birmuncha yumshatdi va 1934-yilda sanoat sohasidagi ishlab chiqarish 1929-yilgi darajadan koʻtarildi. Angliya iqtisodiy inqiroz changalidan qutulish choralarini izladi va 1937-yilda undan juda qiyinchilik bilan chiqa boshladi. Ammo shu yili ishsizlar soni 1,5 mln kishini tashkil qildi. Angliya tarixida birinchi marta 7 yil davomida ishsizlikning bu qadar yuqori darajasi saqlandi. Biroq 1938-yilda ishsizlar soni ikki milliondan ham oshdi.


Tashqi siyosat

Angliya tashqi siyosati 30-yillarda ikki asosiy muammo — fashistlar Germaniyasining Yevropadagi tashqi siyosati va mustamlakalardagi milliy-ozodlik harakatlari muammolariga duch keldi. Yevropada Angliya hukmron doiralari oʻzlarining asosiy dushmanlari hisoblangan Sovet Ittifoqiga qarshi kurashda va Fransiyaning Yevropadagi ta’sirini zaiflashtirishda natsistlardan foydalanishga umid qildi. 1935-yil 18-iyunda Angliya-Germaniya dengiz bitimi imzolanib, unga ko‘ra Germaniyaga Angliya harbiy-dengiz flotining 1/3 ga teng harbiy-dengiz floti tuzishga ruxsat etildi. Bunday flotni tuzib Germaniya butun Boltiq dengizida xoʻjayinga aylanardi. Angliya-Germaniya bitimi Versal bitimini buzardi, biroq buzgʻunchi bu safar Angliya bo‘lib, u Germaniyaning bunday buzgʻunchiliklariga qarshi norozilik bildirishga ma’naviy huquqni yo‘qotardi. Fashistlar tomonidan Reyn hududining bosib olinishini Angliya jim turib kuzatdi. Bu Germaniyaga qilingan tajovuzni davom ettirish haqida qilingan taklifdan boshqa narsa emasdi. Angliya Ispaniya respublikasi taqdirida ham salbiy rol o‘ynadi. 1936-yil avgustida Londonda Angliya hukumatining tashabbusi bilan Yevropa mamlakatlari Ispaniyaga qurol-yarogʻ (shu jumladan, samolyotlar)ni eksport va tranzit qilishni taqiqlovchi Ispaniya ishlariga aralashmaslik to‘g‘risidagi bitimni imzolashdi. Bu taqiqning bajarilishini kuzatish va nazorat qilish uchun ingliz lord Plimut rahbarligida Aralashmaslik qoʻmitasi tuzildi. Bu qoʻmita fashist davlatlariga Ispaniya respublikasini yo‘q qilishga koʻmaklashdi. U Ispaniyaga respublika uchun kurashayotgan respublikachi va demokratlar uchun qurol-yarogʻ va hatto oziq-ovqat keltirilishining yo‘lini to‘sdi va fashist isyonchilarini ta’minlash uchun barcha yoʻllarni ochib berdi.


N. Chemberlenning Gitlerni ʻʻtinchlantirishʼʼ siyosati

Angliya hukmron doiralarining xatolari Bosh vazirning almashuvida ham o‘z aksini topdi. 1937-yil 28-mayda Angliya Bosh vaziri qilib Konservativ partiyaning rahbari N. Chemberlen (1869–1940) tayinlandi. U parlamentda 1918-yildan 1937-yilgacha konservatorlar partiyasi nomidan ishtirok etib, konservatorlar hukumatida muhim lavozimlarni egallab kelgandi. U Bosh vazir kursisini 1937-yil 28-mayda egalladi va 1940-yil 10-maygacha, jamoalar palatasi uning iste’foga chiqarilishi uchun ovoz berib, oʻrniga Uinston Cherchillni saylagungacha faoliyat ko‘rsatdi. Uch yil davomida N. Chemberlen Gitlerni ko‘p sonli yon berishlar yo‘li bilan ʻʻtinchlantirishʼʼ siyosatining tashabbuskori va ijrochisi boʻldi. N. Chemberlenning siyosiy maqsadi to‘rt davlat — Angliya, Germaniya, Italiya va Fransiya oʻrtasida bitim tuzishdan iborat edi. Uning flkricha, bunday bitim Yevropaning qolgan qismiga hukmini o‘tkazuvchi ittifoqning tuzilishiga olib kelardi. Shu sababli N. Chemberlen hukumatining tashqi siyosati Germaniya bilan murosa yoʻllarini izlashdan iborat bo‘ldi. N. Chemberlen sharmandali Myunxen kelishuvining bosh mualliflaridan biri edi. Gitler oʻzining Chexoslovakiyani to‘liq yo‘q qilish rejalarini yashirmas va bu bilan Sudet viloyati faqat boshlanishi ekanini uqtirardi. N. Chemberlen bunga qarshilik bildirmadi va Chexoslovakiya hukumatidan Gitlerning Sudet viloyatini berish to‘g‘risidagi talabini qondirishni talab qildi. Myunxendan qaytganidan so‘ng N. Chemberlen butun bir avlod uchun tinchlik keltirganini barchaga uqtirdi. Bu juda katta xato edi. Angliya urush va sharmandalik o‘rtasida o‘ziga yo‘l qidirdi.
U sharmandalik yoʻlini tanladi va bu yo‘l so‘ng urushga olib bordi. N.Chemberlenning Myunxendagi xatosi uning o‘ziga ham qimmatga tushdi.
Angliya hukumat doiralarida parchalanish ro‘y berdi. U. Cherchill Myunxen siyosatini qat’iy qoralagan parlamentning konservativ a’zolari guruhini boshqardi.
Hukumatning qator a’zolari iste’foga chiqishdi. N. Chemberlenning hukumat tepasida saqlanib qolinishi moʻjiza boʻldi.

Е. Daladye , N. Chemberlen va B. Mussolini Myunxen bitimini imzolamoqdalar

Urushga tayyorgarlik

Ko‘p oʻtmay Angliya hukumati Germaniya Sharqda Sovet Ittifoqiga qarshi emas, G‘arbda Angliya va Fransiyaga qarshi urush boshlashi mumkinligi to‘g‘risidagi ma’lumotni qoʻlga kiritdi. Bu ma’lumot 1937-yildayoq Gitlerning Gʻarbda urush boshlash, avval Versal bitimi mualliflari va yirik mustamlakalar egalarini bir yoqli qilib, so‘ng Sharqqa yuz burish niyatida ekanidan dalolat berardi. Angliya hukmron doiralari mudofaa qobiliyatini kuchaytirish bo‘yicha shoshilinch choralar koʻra boshladi, qator mamlakatlarga harbiy kafolatlar berib, oʻzlariga ittifoqchilar qidirdi. Angliya armiyasini qurollantirish xarajatlari 1938-yildagiga nisbatan ikki baravar oshirildi. 1939-yil iyunida xarajatlar miqdori yana oshirildi. Harbiy doktrinaga ham o‘zgartirish kiritildi. Angliya hukumati faqat oʻzini emas, Fransiyani ham mudofaa qilish ehtimolidan kelib chiqdi. Yevropa qit’asida 19 piyoda va 2 kavaleriya diviziyasidan iborat Angliya ekspeditsiya korpusini tashkil qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 1939-yil 15-aprelda Angliya tarixida birinchi marta tinch davrda umumiy harbiy majburiyat joriy qilindi. 1938-yil oxiriga kelib Angliya aviatsiyasi son jihatidan o‘sdi va sifat jihatidan Germaniya aviatsiyasidan ustun yangi samolyotlar bilan ta’minlandi. Ushbu yillarda Angliya armiyasi ixtiyorida Ikkinchi jahon urushi yillari nom chiqargan ʻʻSpitfayrʼʼ va ʻʻXarrikenʼʼ qiruvchi samolyotlari hamda Angliya aviatsiyasiga havoda toʻla ustunlik qilish imkonini bergan radar qurilmalari paydo boʻldi. Shunga qaramay, bu agressiyachiga qarshi mudofaaga tayyorgarlik emas, Gʻarb mamlakatlariga qarshi ekspansiyaning oldini olish maqsadida ularga ta’sir koʻrsatish vositasi edi.


1939-yil martida N. Chemberlen Polshaga harbiy kafolatlar berilishini ma’lum qildi.
Xuddi shunday kafolatni Polshaga Fransiya ham berdi. Bu Germaniya Polshaga hujum qilgan taqdirda Angliya va Fransiya unga barcha, shu jumladan, harbiy vositalar bilan ham yordam koʻrsatishini anglatardi. Shunday kafolatlar Gretsiya va Ruminiyaga ham berildi. Biroq bu ʻʻkafolatʼʼlarga juda kam odam ishonardi.
N. Chemberlen hanuz Germaniya bilan dunyoni boʻlib olish va Sovet Ittifoqiga qarshi salib yurishi uyushtirish toʻgʻrisida yaxshilikcha kelishish mumkinligiga ishonardi. U o‘zaro teng bitim tuzishni istardi, harbiy tayyorgarliklar va ittifoqchilar Angliya marralarini Germaniya bilan boʻlajak muzokaralarda kuchaytirishga urinish edi.

Nevill Chemberlin


Buni Angliya hukmron doiralarining barcha vakillari yaxshi tushunishardi, shu sababli N. Chemberlenning Gitlerni ʻʻtinchlantirishʼʼ siyosatiga qarshiligi kuchayib borardi. U. Cherchill (1874–1965) boshchiligidagi konservatorlar guruhining mavqeyi ham kuchaymoqda edi. Germaniya armiyasi Pragaga kirgan damda U. Cherchill, A. Iden, D. Lloyd Jorj, leyboristlar partiyasi rahbarlari va boshqa ko‘plab siyosiy arboblarning urush muqarrar ekani va faqat Rossiya bilan til topishishgina vaziyatni oʻzgartirishi mumkinligiga ishonchlari komil edi. Angliya jamoatchiligining koʻpchilik vakillari ham shu fikrda edi.


SSSR bilan muzokaralar

Sovet hukumatining maqsadi aniq edi — jamoaviy xavfsizlik tizimini yaratish va agressorga birga, bahamjihat qarshi turish. Jamoatchilik fikri tazyiqi ostida N.Chemberlen va E.Daladye Moskvaga Germaniyaga qarshi birga harakat qilish to‘g‘risidagi muzokaralarni olib borish uchun delegatsiyalar yo‘llashga majbur bo‘ldi. Ammo Moskvada 1939-yil martdan avgustgacha davom etgan muzokaralar G‘arb davlatlari Sovet Ittifoqiga bir tomonlama majburiyatlar yuklab, uni Germaniyaga qarshi urushga tortib, oʻzlari chetda tomoshabin boʻlib turish niyatida ekanliklarini oshkor qildi. Shu bilan birga, Moskva Angliya hukumati Germaniya vakillari bilan dunyoni ta’sir doiralariga bo‘lib olish, xomashyo manbalarini bo‘lib olish to‘g‘risida muzokaralar olib borganini isbotlovchi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi. 1939-yil 23-avgustda Moskvada hujum qilmaslik to‘g‘risidagi sovet-german bitimi imzolandi, 1-sentyabrda esa Germaniya qo‘shinlari Polsha hududiga bostirib kirdi. 2-3-sentyabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga urush e’lon qilishga majbur boʻldilar. N. Chemberlenning ʻʻtinchlantirishʼʼ siyosati amalda agressor qarshisida qo‘l qovushtirish siyosati bo‘ldi va uning mevasini birinchi bo‘lib Angliya yeyishiga to‘g‘ri keldi.


Buyuk Britaniyaning mustamlaka va dominionlardagi siyosati

Angliya tashqi siyosati ko‘p jihatdan mustamlaka va qaram hududlarda milliy-ozodlik harakatining o‘sishi bilan belgilandi. Angliya mustamlaka va dominionlarida juda katta qo‘shinni saqlashga majbur bo‘ldi. Mamlakat hukmron doiralarida hech kim mustamlakalarga mustaqillik berish haqida oʻylamasdi. Biroq mustamlakalarda osoyishtalikni ta’minlash uchun Angliya hukumati milliy-ozodlik harakatini parchalash va o‘z tomoniga yirik va oʻrta burjuaziya hamda amaldorlarning koʻpchilik qismini ogʻdirishga qaratilgan turli nayranglarni qo‘llashga majbur bo‘ldi.

1930-yil aprelida Hindiston milliy kongresi hind xalqini fuqaroviy boʻysunmaslikka chaqirdi. Ammo xalq harakati qonun chegarasidan chiqib, kuchli ommaviy namoyishlarga aylandi. Politsiya va qoʻshinlar bilan toʻqnashuvlar bo‘lib, ularda yuzlab namoyishchilar oʻldirildi. Mirutda kasaba uyushmalari harakati faollarining ishi boʻyicha jarayon oʻtkazildi. Ularga juda og‘ir jazolar belgilandi — ayrimlar umrbod katorga ishlariga, boshqalar esa 12 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Shunday qilib Angliya hukumati o‘z mustamlakalarini tark etish niyati yoʻqligini bildirdi.

Angliya hukmron doiralari dominionlardagi aholiga nisbatan bir qancha yon berishlarga borishga majbur bo‘ldi. 1931-yilda Angliya parlamenti uning biror-bir qonuni dominionlarga ularning rasmiy roziligisiz tatbiq etikmasligini koʻzda tutuvchi hujjatni qabul qildi. Dominionlar qabul qilgan qarorlar endi Angliya parlamenti tomonidan tasdiqlanmasdi. Angliya parlamentining bu hujjati Vestminster nizomi nomini oldi. U Angliya parlamentining mustamlaka va dominionlarda qabul qilingan istalgan qonunni bekor qilish huquqiga barham berdi. Vestminster nizomi dominionlarning mustaqilligini jilovlovchi soʻnggi huquqiy cheklovlarni yo‘q qildi (Kanada, Yangi Zelandiya, Avstraliya). Shu bilan birga, Britaniya hukumati mustamlaka va dominionlarning Angliyaga qaramligini mustahkamlashga urindi. Ular Angliyaning sanoat ustaxonasi bo‘lib qolishlari lozim edi.


Bundan tashqari, yapon militarizmi ekspansiyasi xavfi ham kuchayib, u Tinch okeanning g‘arbiy qismi, Xitoy va Hind okeanidagi mustamlakalarni qayta taqsimlash hamda ularda hukmronlikni qaror topdirishga majbur qildi. Angliya burjuaziyasi mahalliy millat vakillari orasida o‘ziga ittifoqchilar topish, ularni qurolli kuchlarga jalb qilish va ulardan o‘z hududlarini yapon agressiyasidan himoyalovchi qismlar tashkil qilishga urindi. 1935-yilda Hindiston uchun joriy etilgan yangi konstitutsiya shu maqsadni koʻzlardi. Vakillar idoralariga saylovchilar soni 14 foizgacha oshirildi. Hokimiyat Angliya general-gubernatorlari va mustamlakalarning ma’muriyatlari qo‘lida to‘la saqlanib qoldi.


Qisqacha mazmun

  • 1929-yildan boshlab sanoat va qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning tushib ketishi, eksportning kamayishi, moliyaviy inqiroz, ishsizlik (har to‘rt kishidan biri);
  • R. Makdonald hukumatining mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishga urinishi muvaffaqiyatsiz tugadi.
    1931-yil — R. Makdonald (leyborist) konservatorlar hukumati tepasida;
  • funt-sterlingning oltin qiymati bekor qilindi — pulning qadrsizlanishi;
  • S. Bolduin hukumatining proteksionistlik siyosati — mamlakat iqtisodiyotidagi yangi yo‘l: ishlab chiqarishning koʻtarilishi, inqiroz koʻrinishlarining kamayishi, ishsizlikning saqlanib qolishi (1938-yilda — 2 mln dan ortiq);
  • tashqi siyosat — Germaniyadan SSSRga qarshi kurashda foydalanishga urinish;
  • 1935-yil 18-iyun — Angliya-Germaniya bitimi (Germaniyaning Boltiq dengizida flot tashkil qilish huquqini qoʻlga kiritishi);
  • fashist davlatlariga Ispaniya respublikasini yo‘q qilishga koʻmaklashish;
  • 1936-yil 25-oktyabr — Angliya va Germaniya oʻrtasida harbiy-siyosiy ittifoqning rasmiylashtirilishi;
  • N. Chemberlenning Gitlerni ʻʻtinchlantirishʼʼ siyosati, unga begona hududlarning berilishi, fashizm ekspansiyasining sharqqa yoʻnaltirilishi;
  • 1938-yil 28–30-sentyabr — Chemberlen tomonidan Myunxen bitimining imzolanishi;
  • 1939-yil — mamlakatning urushga tayyorlanishi, umumiy harbiy majburiyatning joriy qilinishi;
  • 1939-yil mart–avgust — SSSR bilan muzokaralarning natijasiz tugashi;
  • 1939-yil 2–3-sentyabr — Polsha bosib olinganidan so‘ng Angliyaning Germaniyaga urush e’lon qilishi.