1929-1939-yillarda Amerika Qo’shma Shtatlari


Buyuk depressiyaning boshlanishi

AQShda boshlangan jahon iqtisodiy inqirozi aynan shu mamlakat uchun eng sertalafot oqibatlar keltirdi. Inqiroz 1929-yilning 24-dekabrida Nyu York birjasidagi vahimadan boshlandi. Aksiyalar kursi keskin ravishda pasayaverdi. Bir haftadan soʻng aksiyalarning umumiy qiymati 4,5 baravar pasaydi, barcha qimmatli qogʻozlar, jumladan, pullar ham qadrsizlandi. Bir necha hafta mobaynida koʻplab zavodlar, shaxtalar, temiryoʻllar, elektr stansiyalari toʻxtab qoldi. Sanoat ishlab chiqarishi deyarli yarmiga qisqardi. Avtomobillar chiqarish 80 foizga, eksport, import, chakana savdo aylanmasi ikki barobarga kamaydi. Ushbu inqiroz ʼʼBuyuk depressiyaʼʼ deb nomlandi, zero, 1929–1932-yillarda 130 mingga yaqin firma bankrotga uchradi.

Qishloq xoʻjaligidagi vaziyat ham keskin yomonlashdi. Qishloq xoʻjalik mahsulotlarining xarid narxlari tushib ketgani fermer xoʻjaliklarining ommaviy inqiroziga sabab boʻldi. Inqiroz yillarida milliondan ortiq fermer xoʻjaliklarining bor-budi sotib yuborildi. Ularning egalari esa ishsizlar safiga qoʻshilishdi. Ishsizlik amerikaliklar uchun haqiqiy ofatga aylandi. 1933-yili mamlakatda 17 mln ishsiz boʻlib, har uchinchi ishchi ish haqidan mahrum edi. AQSHda ishsizlikdan sugʻurtalash tizimi mavjud boʻlmagani bois koʻpchilik uchun ochdan oʻlish haqiqatan xavf sola boshladi. 1931-yili Nyu Yorkda ikki mingdan ziyod odam ochlikdan halok boʻldi. Ishlab turgan ishchilarning ahvoli ham aytarli yaxshi emasdi, zero, ish haqi 40 foizga kamaytirilgan, koʻpchilik toʻliqsiz ish haftasida mehnat qilardi.

Buyuk depressiya ommaviy stachkachilik harakatiga turtki berdi, ishchilar va fermerlarning chiqishlari boshlandi. 1931-yil dekabrida va 1932-yili ishsizlarning Vashingtonga yurishlari tashkil etildi. Ular ʼʼocharchilik yurishlariʼʼ deb nomlandi. Gʻalayonlar qishloq xoʻjalik hududlariga ham tarqaldi. 22 shtatni fermerlarning chiqishlari qamrab oldi. Davlat beshafqat repressiyalar yoʻli bilan chiqishlarni bostirdi. Qora tanli aholi orasida ham gʻalayonlar avj oldi. Ijtimoiy tuzumning barcha tayanchlari dahshatli tezlikda buzila boshlandi. Amerika bir necha yillar mobaynida mavjud tizimning halokati yoqasida turdi.

Franklin Delano Ruzvelt. 1933-yil


Prezident F. D. Ruzveltning ʼʼyangi yoʻnalishʼʼi

1932-yili prezidentlikka saylovlar ogʻir iqtisodiy inqiroz, ijtimoiy qutblanish va qizgʻin siyosiy kurash sharoitlarida oʻtdi. G. Guver — Respublikachilar partiyasidan, Nyu York shtati gubernatori Franklin Delano Ruzvelt (1882–1945) Demokratlar partiyasidan nomzod edi. F. Ruzvelt keng miqyosli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar oʻtkazish koʻzda tutilgan koʻlamdor dastur bilan chiqdi. U mustahkam gʻalabaga erishdi — Ruzvelt uchun 23 mln saylovchi ovoz berdi. Raqibi esa 16 mln ovoz oldi.
Demokratlar 12 yil mobaynida birinchi bor zafar qozonishib, oʻz nomzodlarini Oq uyga chiqarishdi. F. Ruzvelt AQSHning oʻttiz ikkinchi prezidenti hamda Amerika tarixidagi eng mashhur prezidentlardan biri edi. U 1932-yildan 1944-yilgacha prezidentlikka toʻrt marta saylangan yagona prezident ham edi. Zero, konstitutsiyaga koʻra, prezident faqat ikki muddatga saylanishi mumkin.


Tarixiy maʼlumot

AQSH prezidentlari
1901–1909-yillar — T. Ruzvelt
1909–1913- yillar –– U. X.Taft
1913–1921- yillar –– V. Vilson
1921–1923-yillar — U. Garding
1923–1929-yillar –– K. Kulij
1933–1945-yillar — F. D. Ruzvelt
1945–1953-yillar — G. Trumen

Ruzvelt Morganlar moliya guruhiga yaqin boy amerikalik oilasida dunyoga keldi. U AQSHning ikkita eng nufuzli oliy oʻquv yurti — Garvard hamda Kolumbiya universitetlarini tamomlab, huquqshunos diplomini oldi. Siyosiy faoliyatini 1910-yili harbiy-dengiz floti ministrining yordamchisi lavozimidan boshladi. Bu vazifasini yetti yil, yaʼni 1920-yilgacha egallab turdi, keyin kasallik tufayli tark etdi.

Ruzvelt 1921-yili falaj dardiga yoʻliqdi. U mustaqil harakatlanish qobiliyatidan mahrum boʻlsa-da, buyuk ishbilarmonlik fazilatlari va siyosiy isteʼdodi tufayli katta siyosatga qaytoldi. Ruzvelt 1928-yili barcha qonun-qoidalarga qarshi oʻlaroq, Nyu York shtati gubernatori etib saylandi.

FDR (butun Amerika ism-sharifi initsiallariga koʻra, uni shunday atardi) prezident boʻlgach, Amerika iqtisodiyotida ʼʼyangi yoʻnalishʼʼ sifatida shuhrat qozongan keng miqyosli islohotlarni boshladi. Bu yoʻlning mohiyati ishlab chiqarish vositalariga xususiy mulkchilik toʻliq saqlangan holda davlat boshqaruvini iqtisodiyotga va ijtimoiy munosabatlarga keng joriy etishdan iborat edi. Ruzvelt hamda uni quvvatlovchi siyosiy arboblar dadil qadam tashlay olishdi — mamlakat iqtisodiyotini boshqarishning davlat dastaklarini qoʻllash koʻzda tutilar, mehnat huquqini jiddiy qayta koʻrish, ishsizlikka qarshi kurashga katta mablagʻlar ajratish va ijtimoiy sugʻurta asoslarini yaratish (pensiyalar, kasallik boʻyicha nafaqalar, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi tizimini takomillashtirish) rejalashtirilgandi. Shunday qilib, Ruzveltning ʼʼyangi yoʻnalishʼʼidagi asosiy vazifa davlatning iqtisodiy faoliyat jarayoniga faol aralashuvi yoʻli orqali mamlakatni inqirozdan chiqarishdan iborat edi.

Yangi maʼmuriyat ishchilar va fermerlarning ijtimoiy-siyosiy huquqlarini kengaytirishga qaratilgan liberal islohotlarni oʻtkazdi. Islohotlar neoliberalizm, yaʼni davlat-monopolistik iqtisodiyotining liberal koʻrinishi mafkurasini mujassamlashtirdi. Amerika burjuacha islohotchilik va neoliberalizmda mavjud ulkan imkoniyatlarni dunyoga namoyish etdi. Dunyoda eng yuqori turmush darajasi, eng katta koʻlamli inson huquqlari va konstitutsiyaviy kafolatlar AQSHga buyuk, gullab-yashnayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan mukammal davlat shuhratini keltirdi.

Ruzvelt Amerika bank tizimini qutqarishdan oʻz yoʻnalishini amalga oshirishga kirishdi. Inqiroz natijasida mamlakatdagi deyarli barcha banklar yopilgandi.
Favqulodda bank qonuni shartlariga koʻra faqat eng yirik banklarga davlat zayomlari ochish va olish uchun ruxsat berildi. Oqibatda banklar soni qisqardi, lekin qolganlari haqiqatda faoliyat koʻrsatardi. 30-yillarning yarmiga kelib, 1929-yili AQSHda ishlab turgan 25 ming bankdan faqat 15 mingtasi keldi. Ular davlatdan kreditlar olib, omonatchilar bilan hisob-kitob qilishdi. Shu tariqa amerika iqtisodiyotining tabarruk qadamjosi — banklar saqlab qolindi.


Sanoatni qayta tiklash haqidagi qonun

1933-yil 16-iyunda kuchga kirgan sanoatni qayta tiklash haqidagi qonun ʼʼyangi yoʻnalishʼʼ doirasidagi yana bir muhim tadbir boʻldi. Bu qonun sanoatning davlat tomonidan boshqarilishi tizimini joriy qildi. Sanoatning har bir sohasi uchun davlat qonuni sifatida tatbiq qilingan ʼʼhalol raqobat kodekslariʼʼ ishlab chiqildi. Mazkur kodekslar har bir korxona uchun muayyan ishlab chiqarish hajmini, mahsulot narxini, savdo bozorini belgilab berardi.

Qonun ishbilarmonlarga ish haqining eng kam darajasini va ish haftasining maksimal vaqtini kodekslarda qatʼiy qayd etishni ham belgilardi. Shuningdek, ishchilarning kasaba uyushmalar vujudga keltirish va jamoaviy shartnomalar tuzish huquqi eʼlon qilingandi. Sanoatni qayta tiklash haqidagi qonun boʻyicha ishsizlarga yordam choralari koʻzda tutilgandi. Ijtimoiy ishlar maxsus qoʻmitasi tuzilib, uning ixtiyoriga yoʻllar qurish, maktablarni taʼmirlash, sport majmualari va boshqa inshootlar barpo etish uchun katta miqdorda mablagʻ berildi. Mazkur tadbirlar 8 mln amerikalikni ish bilan taʼminladi. Ajratilgan mablagʻga 10 000 kilometrlik katta yoʻllar qurildi, 77 ming koʻprik va 800 ta aerodrom barpo etildi, oʻnlab harbiy kema yasaldi. Qashshoq oilalardagi 18 dan 25 yoshgacha boʻlgan ishsizlar uchun maxsus lagerlar barpo etildi. Bu yerda davlat hisobidan taʼlim olib, sanoatning yangi tarmoqlari uchun zarur ixtisosliklarni egallashardi. Har bir shtatga ishsizlarga yordam koʻrsatish uchun dotatsiyalar ajratildi. Mazkur faoliyatning miqyosi ulkan edi va Amerika ijtimoiy ziddiyatlardan saqlanishga muvaffaq boʻldi.


Fermerlarga yordam haqidagi qonun

Ruzvelt amerikalik fermerlarni qutqarishga alohida eʼtibor qaratdi. Inqiroz AQSH qishloq xoʻjaligiga ulkan ziyon yetkazdi. Anʼanaviy bozorlaridan mahrum boʻlgan, bank kreditlarini yoʻqotgan koʻplab fermer xoʻjaligi halokatga uchradi. Jorjiya, Alabama, Oklaxoma, Texas fermerlari oʻz fermalarini tark etib, boshqa shtatlarga ish va yer topish uchun joʻnab ketishdi. Amerika yoʻllari birmuncha yaxshi sharoitli shtatlarga joʻnayotgan fermer oilalarining avtomashinalariga toʻla edi. Bu yerlarda ham ularni oʻzlari qochgan xuddi oʻsha falokat kutardi. Mazkur voqealarni XX asrning buyuk amerikalik yozuvchisi Jon Steynbek ʼʼGʻazab gʻujumlariʼʼ asarida ajoyib tarzda tasvirlagan.

Steynbek qahramonlari siymosi. Amerika fermerlari jahon inqirozi davrida

1933-yil 12-mayda fermerlarga yordam haqidagi qonun qabul qilindi. Ularning mahsulotlariga boʻlgan narxlarni oshirish zarur edi. Fermerlarga ekinzor maydonini va chorva sonini qisqartirish haqida davlat bilan kontrakt tuzish taklif etildi. Buning uchun ularga mukofotlar berildi. Fermerlarning qarzi davlat hisobiga qabul qilindi va nomaʼlum muddatga toʻxtatib qoʻyildi. Davlat yuz minglab fermerga kreditlar berdi. Norentabel fermalar tugatildi. 1933–1936-yillarda qarzlar va soliqlarni toʻlamagani uchun deyarli 600 ming ferma, yaʼni jami fermalarning 10 foiziga yaqini ʼʼkimoshdiʼʼda sotib yuborildi. Mazkur choralar amerikalik fermerlarning barcha muammolarini hal etmasa-da, qishloq xoʻjaligini halokatdan saqlab qoldi.


Ijtimoiy qonunchilikdagi oʻzgarishlar

ʼʼYangi yoʻnalishʼʼ AQSHdagi ijtimoiy munosabatlarni liberallashtirish uchun ijtimoiy qonunchilik sohasida muhim siljishni amalga oshirdi. 1935-yili AQSh Kongressi ʼʼVagner qonuniʼʼni qabul qildi. Mazkur qonun boʻyicha ishchilar jamoaviy shartnomalar tuzish va ish tashlash huquqiga ega boʻlishdi. Bundan buyon ish tashlashda qatnashgani uchun taʼqib qilish man etildi. Xuddi shu yili AQSH tarixida birinchi marta ijtimoiy sugʻurtalash haqidagi qonun qabul qilindi. Bu qonunda keksalarni taʼminlash va ishsizlik boʻyicha kompensatsiya toʻlash, koʻzi ojizlarga, majruhlarga, yolgʻiz onalarga va yetimlarga yordam berish koʻzda tutildi. Bunday qonunlar mavjud boʻlmagan mamlakatda bu hodisa ijtimoiy islohotlar va adolatli jamiyat yaratish yoʻlidagi olgʻa tashlangan katta qadam edi. Ruzveltning ʼʼyangi yoʻnalishʼʼi AQSH tarixidagi eng ilgʻor sahifalardan biri boʻldi. Bu Amerika siyosatida liberalizm va liberal gʻoyalarning gʻalabasi edi. ʼʼNeoliberalizmʼʼ nomi shu bilan bogʻliqki, ruzveltcha liberalizm avvalgi liberal islohotlardan farqli oʻlaroq, davlatdan kelib chiqardi va u asosida ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish maqsadida yirik biznes daromadining maʼlum qismini olish uchun davlat tomonidan barcha samarador dastaklardan faol foydalanish yotardi. Eng boy oilalarning millionlab va milliardlab daromadlariga keng mehnatkashlar ommasining ahvolini yaxshilash uchun qoʻshimcha soliqlar solindi. ʼʼYangi yoʻnalishʼʼ bozor iqtisodiyoti doirasida umuman butun jamiyatning sifat jihatdan oʻzgarishiga olib keluvchi teran ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish mumkinligini koʻrsatdi.


Neoliberalizm siyosatiga qarshi harakat

ʼʼYangi yoʻnalishʼʼ amalga oshirilishining boshlangʻich davrida AQSHdagi yirik biznes uni qoʻllab-quvvatladi, hatto bu rejaning hayotga tatbiq etilishiga koʻmaklashdi. Biroq inqiroz oʻtib borgani sari moliya va sanoat kapitali vakillari, shuningdek muxolif siyosiy kuchlar Ruzvelt siyosatiga qarshi ochiq chiqa boshlashdi. Amalda 1934-yildayoq burjuaziyaning bir qismi ʼʼyangi yoʻnalishʼʼ siyosatiga muxolifatlikka oʻtdi. Bu 1934-yili Dyupon va Morganlar yirik monopolistik guruhlarining bevosita ishtirokida Amerika ozodlik ligasi tuzilishida oʻz ifodasini topdi. Mazkur tashkilot davlat tomonidan boshqarilish va liberal islohotlar rad etilishini, yirik kapitalga soliqlar kamaytirilishini hamda mehnatkashlarga va demokratik harakatlarga nisbatan qattiq yoʻnalishga oʻtilishini talab qildi.

Burjuaziya muhitidagi ʼʼyangi yoʻnalishʼʼ dushmanlarining asosiy qismi AQSH Oliy sudiga va uning ortida turgan moliya oligarxiyasining reaksion kuchlariga tayanardi. Umrbod saylangan Oliy sud aʼzolarining aksariyati xususiy biznes sohasiga davlat tomonidan har qanday aralashuvga qarshi chiqishardi va ʼʼyangi yoʻnalishʼʼ huquqan toʻgʻriligini inkor etishardi. Ularning tazyiqi tufayli AQSH Oliy sudi 1935-yil mayida qabul qilingan qonunlarning 1936-yil yanvarida qishloq xoʻjaligining boshqarilishi haqidagi qonunning konstitutsiyaga toʻgʻri emasligini eʼlon qildi. Soʻngra 1933–1934-yillarda qabul qilingan yana 9 ta qonun konstitutsiyaga toʻgʻri kelmaydigan qonunlar sifatida tan olindi.

Erishilgan ijtimoiy yutuqlarga nisbatan xavf ʼʼyangi yoʻnalishʼʼ atrofida liberal-demokratik kuchlarning keng koalitsiyasini birlashtirdi. 1936-yiIi FDR saylovlarda ajoyib gʻalaba qozondi. 48 shtatdan 46 tasi uning nomzodini quvvatladi.

Bu umumxalq qoʻllab-quvvatlanishini olgan neoliberalizmning zafari edi. Saylovlar AQSHdagi firqaviy tizimda mavqelarning oʻzgarishiga olib keldi. Yetakchi rol respublikachilardan demokratlarga oʻtdi.


ʼʼYangi yoʻnalishʼʼning jamiyatni liberalizatsiyalashdagi roli

Kasaba uyushmalari huquqlarining va ish tashlash huquqining tan olingani ishchilar sinfining oʻz saflari birligi uchun kurashiga yangi turtki berdi.

1934-yildayoq 1 mln 170 ming ishchi, yaʼni avvalgi toʻrt yildagidan koʻra koʻproq kishi stachkalarda qatnashdi. Umuman, 1933–1939-yillarda AQSHda 8 mln dan ortiq ishchi ish tashladi. Stachkalar hujumkor xususiyatga ega boʻlib, yuqori darajada uyushgani bilan ajralib turardi. 1934-yil iyulida San Fransiskoda boʻlgan umumiy ish tashlash oʻsha yillardagi sinfiy kurashning yorqin voqealaridan biridir.
Bu ish tashlash oʻz kasaba uyushmalari tan olinishiga va mehnat sharoitlari yaxshilanishiga harakat qilayotgan dengizchilar hamda port yukchilarini qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgandi. 127 ming kishi qatnashgan bu ish tashlash bir necha kun davom etgan boʻlsa-da, ishchilar oʻz talablarining qisman qondirilishiga erishdi.

Kasaba uyushmalari soni koʻpaya boshladi. Tan olingan markaz — Amerika mehnat federatsiyasi (AMF) bilan birga yangi kasaba uyushma tashkiloti — Ishlab chiqarish kasaba uyushmalari komiteti paydo boʻldi. Bu tashkilot 1938-yildan Ishlab chiqarish kasaba uyushmalari Kongresi (IChKUK) deb nomlandi. Yangi kasaba uyushma birlashmasi tarkibiga, asosan, malakasiz ishchilar kirishgan va ular maʼlum darajada sinfiy hamkorlikda va korchalonlarga qarshi kurashdan bosh tortishda mujassamlanadigan eskicha qarashlardan ozod edi. 1939-yilga kelib, kasaba uyushmalari aʼzolari soni 9 mln ga yetdi, kasaba uyushmalari harakati mamlakat siyosiy hayotining muhim qismiga aylandi. Kasaba uyushmalari barqaror ravishda Demokratik partiyani qoʻllashardi va shu qoʻllab-quvvatlash tufayli partiya 1952-yilgacha hukmronlikni egallab turdi. Ruzvelt 1940–1944-yillarda, asosan, ishchilar sinfining ovozlari hisobidan katta ustunlik bilan saylangandi.


Prezident Ruzveltning tashqi siyosati

Ruzvelt prezidentligi davrida ichki siyosatning liberallashtirilganligi tashqi siyosatda ham aks etdi. AQSHning tashqi siyosati yanada moslashuvchan va haqqoniyroq boʻlib qoldi. Yangi maʼmuriyatning tashqi siyosatdagi birinchi yirik ishi 1933-yil noyabrida Sovet Ittifoqi bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidir. Ikki mamlakat oʻrtasida munosabatlar meʼyorlashgani ularning iqtisodiy aloqalarini faollashtirdi. 1935–1937-yillarda AQSH bilan SSSR oʻrtasida ikki mamlakatning oʻzaro foydali iqtisodiy munosabatlari rivojlanishiga imkon beruvchi savdo bitimlari tuzildi.

1933-yili AQSH hukumati Lotin Amerikasi mamlakatlariga nisbatan ʼʼyaxshi qoʻshnichilikʼʼ siyosatini eʼlon qildi. F. Ruzvelt Gaitidan Amerika qoʻshinlarini chaqirib oldi. Kuba bilan shartnoma tuzilib, AQSHning intervensiya huquqi bekor qilindi. Lotin Amerikasi davlatlari bilan qulay savdo bitimlari tuzildi. Siyosatining yangi usullari tufayli AQSH Janubiy Amerikadagi asosiy raqiblar — Angliya, Germaniyani tezda qisib qoʻyishga erishdi. AQSH yevropalik raqobatchilarga qarshi kurashda Lotin Amerikasi mamlakatlari aholisining keng qatlamlarida hukmron boʻlgan panamerikanizm gʻoyalaridan mohirona foydalandi. Shu davrda oʻtkazilgan uchta Panamerika konferensiyalari AQSHning Lotin Amerikasidagi gegemonligi mustahkamlanishiga imkon yaratdi.

30-yillar oʻrtalarida AQSHdagi hukmron doiralarning diqqat markazini Yevropa va Uzoq Sharq siyosati muammolari egalladi. Bu masalalar boʻyicha oʻtkir siyosiy kurash avj oldi. AQSHda koʻpdan beri ʼʼizolyatsionizmʼʼ, yaʼni Yevropa siyosatiga har qanday aralashishni rad etish siyosati hukmron edi. Mazkur siyosat tarafdorlari AQSHning xalqaro mavqeini mustahkamlash uchun ʼʼqoʻllar erkinligiʼʼ saqlanishi zarurligini va davlatlar bilan harbiy-siyosiy ittifoqlarga kirishmaslikni taʼkidlashardi. Bundan tashqari, izolyatsionistlar Yevropa qitʼasidagi ikki koalitsiyaning toʻqnashuvi ularning oʻzaro zaiflashuviga olib keladi va qaysidir uchinchi tomonga hal qiluvchi daqiqada oʻz shartlarini oʻtkazish imkonini beradi deb hisoblashardi. Izolyatsionistlarning mavqeyi Amerikaning keng xalq doiralarida hukmron boʻlgan urushga qarshi kayfiyatlar, shuningdek, Demokratik partiyaning oʻzida ʼʼbetaraflik — urushga qarshi vositachiʼʼ shiorini ilgari suradigan kuchli senatorlar guruhi mavqeyi tufayli kuchaya bordi. Bu senatorlar guruhi koʻpgina holatlarda tashqi siyosat masalalari boʻyicha muhim qarorlar qabul qilinishiga faol taʼsir koʻrsatishga muvaffaq boʻldi. 1935-yil avgustida ularning tazyiqi bilan betaraflik haqidagi qonun qabul qilindi. Bu qonun Yevropa qitʼasidagi urushayotgan mamlakatlarga qurol aslaha va harbiy materiallar yetkazilishini taqiqlardi. Yevropa qitʼasidagi fashistik davlatlarning tajovuzkorona siyosati va ularning dunyoda hukmronlikka ochiq daʼvolari avj olgani sayin AQSH tashqi siyosatida boshqa yoʻnalish internatsionalizm (baynalmilalchilik) tobora kuchayib bordi. Bu yoʻnalish vakillari fashistik davlatlar blokining vujudga kelishi AQShga ham harbiy xavf tugʻdirardi va shuning uchun Gʻarbiy Yevropadagi demokratik davlatlar bilan, birinchi navbatda Angliya bilan yaqinlashish zarur deb hisoblashardi. Prezident F. Ruzvelt, uning kabineti aʼzolari va Amerika Kongresining koʻplab taniqli yetakchilari internatsionalistik yoʻnalish tarafdorlari edi. AQSHning urushga tayyorlanishi.


Lend-liz haqidagi qonun

Ruzvelt 1937-yil 5-oktyabr kuni Chikagoda soʻzlagan nutqida agressorlar atrofida ʼʼkarantinʼʼ oʻrnatishga chaqirdi. U fashistik davlatlarning bosqinchilik harakatlarini ham keskin qoraladi. AQSH hukumati oʻzining barcha imkoniyatlarini ishga solib urushga faol tayyorgarlik koʻra boshladi. Shu maqsadda qurol ishlab chiqarish kengaytirilib, ularning sifati takomillashtirib borildi. Tinch okean orollarida shoshilinch ravishda harbiy bazalar qurishga kirishildi.

1939-yil 26-iyul kuni AQSH Yaponiya bilan savdo shartnomasini bekor qildi. 1939-yil 4-noyabrda Ikkinchi jahon urushi boshlangandan soʻng betaraflik haqidagi qonun qayta koʻrib chiqildi va bu Angliya hamda Fransiyaga AQSHdan qurol-yarogʻ sotib olish imkonini berdi. AQSH demokratik davlatlar tomonidagi oʻz holatini qatʼiy belgiladi.

1941-yil 11-martda Kongress prezident Ruzveltga himoyasini ʼʼprezident AQSH mudofaasi uchun hayotiy muhim hisoblagan har bir millatgaʼʼ qurol va harbiy anjomlar qarzga (lend), yoki ijaraga (liz) berishi uchun imkon yaratgan lend-liz haqidagi qonunni qabul qildi. AQSH lend-liz boʻyicha amalda Angliyaga, Sovet Ittifoqi va Xitoyga qurol bilan katta yordam berdi. Qonun AQSHning Ikkinchi jahon urushiga kirishidan sakkiz oy oldin mamlakat harbiy sanoati rivojlanishini tezlashtirishga shart-sharoitlar yaratdi. Bu siyosiy jihatdan AQSHning urushayotgan tomonga aylanganini anglatdi hamda amerikalik siyosiy va harbiy arboblarga jahon siyosatida faol rol oʻynash huquqini berdi. Biroq bu AQSHning bevosita urushga kirish niyatidaligini bildirmasdi. Izolyatsionistlarning mavqeyi kuchli edi va Amerikaning rahbar namoyandalari doimiy ravishda AQSHning urushdagi ishtiroki harbiy harakatlarda faqat dengiz va havo kuchlarining qatnashishi bilan cheklanishi haqida maʼlum qilishardi. Shu boisdan AQSH hukumati fashistlar agressiyasiga faol va qatʼiy qarshi chiqishga shoshilmadi. Shu bilan birga AQSH Buyuk Britaniyaning halokatga uchrashiga va Britaniya imperiyasining parchalanishiga yoʻl qoʻyolmasdi. Zero, gitlerchilar Germaniyasining gʻalabasi natijasida yuzaga keladigan yangicha kuchlar nisbati AQSH uchun gʻoyatda foydasiz va xavfli boʻlishi mumkin edi.


Qisqacha mazmun

1929-yil — AQSh — jahon iqtisodiy inqirozi manbai;
• sanoat ishlab chiqarishining 50% ga qisqarishi, fermer xoʻjaliklarining xonavayron boʻlishi, ishsizlik;
• 30-yillar — ʼʼBuyuk depressiyaʼʼ, ijtimoiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi;
• F. Ruzveltning ʼʼyangi yoʻnalishʼʼidagi asosiy maqsadi — iqtisodiyot va ijtimoiy munosabatlarning davlat tomonidan boshqarilishini joriy etish yoʻli orqali mamlakatni inqirozdan olib chiqish;
• AQSH sanoat, qishloq xoʻjaligi va ijtimoiy qonunchilik sohalaridagi islohotlar natijasida turmush va sanoat ishlab chiqarish darajasi dunyoda eng baland mamlakatga aylandi (ijtimoiy murosa hisobidan inqirozdan chiqish);
• AQSH tashqi siyosatida internatsionalistik yoʻnalish gʻalabasi (SSSRni tan olish, lend-liz haqidagi qonun).