1918-1939-yillarda Yugoslaviya


Yugoslaviyada mustaqil davlatlarning barpo etilishi

Bolqon yarimoroli Birinchi jahon urushining detonatori bo‘ldi. 1914-yil 28-iyunda Bosniya-Gersegovina poytaxti. Sarayevoda yangragan o‘q ovozlari amalda Birinchi jahon urushining muqaddimasiga aylandi. Bu hudud turli manfaatlar davlatlarning ta‘sir doirasi uchun kurashi, milliy-ozodlik harakati, Bolqon yarimorolida yashovchi har xil millatlarning o‘zaro kurashlari to‘qnashgan chorraha edi. Avstriya-Rossiya qarama-qarshiliklari uzoq vaqt mobaynida Bolqondagi siyosiy kurashning o‘zagi bo‘lib keldi.

Avstriya Xorvatiya va Sloveniyani bosib olib, o‘z kapitalini zo‘r berib joriy etgan holda uzoq davr davomida bu yerlar aholisini nemislashtirish ishlarini olib bordi. Avstriya 1878-yili Bosniya-Gersegovinani, Serbiyadan tashqarida joylashgan eng katta serb yerlarini zabt etdi va bu bilan serblarning o‘z hududini to‘liq birlashtirish hamda dengizga chiqish umidlarini yo‘q qildi. Avstriya 1908-yilda bu hududlarni bosib oldi.

Germaniya va Avstro-Vengriyaning rejalari bo‘yicha “Bolqon Buyuk nemis makoni”ga aylanishi shart edi hamda Germaniya shu orqali Shimoliy dengizdan Fors qo‘ltig‘igacha bo‘lgan yo‘lni o‘ziga ta’minlashi mumkin bo‘lardi.

Rossiya Bolqonda Germaniya va Avstro-Vengriyaga qarshi turardi. U rus-turk urushlarida uch marta g‘alaba qozonib, Bolqonning turk istibdodidan xalos bo‘lishida asosiy rol o‘ynadi hamda bu hududda ulkan ommaviy shuhrat qozongandi. Ayniqsa, Rossiyaning Serbiya bilan bog‘liqligi kuchli edi. Umumiy din pravoslavlik do‘stona aloqalarni mustahkamlab, ularni birodarlarcha munosabatlar darajasiga ko‘tarardi.

Serbiyada hukmron yuqori doira guruhlari — Rossiyaga ergashish tarafdorlari — Karageorgiyevichlar hamda Avstro-Germaniyaga ergashish tarafdorlari — Obrenovichlar o‘rtasidagi shafqatsiz kurash deyarli yuz yil davom etdi. 1903-yil 11-iyundagi saroy to‘ntarishi natijasida Obrenovichlar ag‘darib tashlandi va ularning butun nasl-nasabi yo‘q qilindi. Karageorgiyning nevarasi — Pyotr Serbiya qiroli bo‘ldi. Shu vaqtdan boshlab Serbiya butun Bolqon xalqlarining chet el
hukmronligiga qarshi milliy-ozodlik uchun kurashi yo‘lboshchisiga aylandi.

1912-yili Rossiya tarkibiga Serbiya, Bolgariya, Gretsiya va Chernogoriya kirgan Bolqon ittifoqini tuzishga muvaffaq bo‘ladi. Xuddi shu yili ittifoqning birlashgan qo‘shinlari Turkiyani qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratishdi. Natijada Turkiya Bolqon yarim orolidan quvib chiqarildi va Konstantinopol (Istambul) joylashgan kichik hududnigina saqlab qoldi.

Urush natijasida Serbiya o‘z hududini kengaytirib, Bolqon yarim orolidagi eng yirik davlatga aylandi. 1913-yili Avstro-Vengriya Bolgariyaning Serbiyaga hujum qilishini uyushtirishga erishdi. Serblar g‘alaba qozonishdi va Buxarest shartnomasiga ko‘ra (1913-yil 10-avgust) Makedoniyaning katta qismi Serbiyaga o‘tdi. Germaniya va Avstro-Vengriya javob zarbasi berishga hamda Serbiyani erishgan yutuqlaridan mahrum etishga qaror qilishdi. Serblar qahramonlarcha qarshilik ko‘rsatishdi va 1915-yili Bolgariya Germaniyaga qo‘shilgandan keyingina Serbiya bosib olindi. Serb armiyasining bir qismi rus qo‘shinlariga qo‘shilib, urushni g‘alabali yakungacha davom ettirishdi.


Korfu pakti

XIX asr oxirida serb milliy-ozodlik harakatining ko‘p sonli guruhlari orasida muhandis Nikolo Pashich (1845—1926) boshchiligidagi radikallar partiyasi ajralib turardi. Pashich Avstro-Vengriyaning murosasiz dushmani edi.

Serbiya Avstriya qo‘shinlari tomonidan bosib olinganidan so‘ng grek hukumati N. Pashichga (bu paytda u hukumatga boshchilik qilardi) va butun serb hukumatiga Korfu orolidan siyosiy boshpana berdi. Bu yerga barcha janubiy slavyanlarning vakillari slavyan xalqlarining yagona fronti uchun kurashda qatnashish maqsadida yig‘ila boshlashdi. 1917-yil 30-iyul kuni N. Pashich va xorvatlar yo‘lboshchisi Ante Trumbich (1868—1938) pakt (“Korfu pakti”) imzolashdi. Bu paktda serbiya, xorvatiya, sloveniya va chernogoriyaliklar birlashishi lozim bo‘lgan “Janubiy slovyanlar qirolligi” tashkil etilganligi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Karageorgiyevichlar sulolasi vakili qirol bo‘lishi, lekin qirollik demokratik konstitutsiyaga ega bo‘lishi, xalqlar esa mahalliy muxtoriyat olishi shart edi. 1917-yil 11-avgustda paktga Chemogoriya vakillari qo‘shilishdi, 1918-yil 1-dekabrda esa barcha yirik janubiy slavyan xalqlari vakillari Belgradda “Serblar, xorvatlar va slovenlar qirolligi” tashkil etilganligi haqida e’lon qilishdi (Serbiya va Chernogoriya 1918-yil 24-noyabrda bitta davlatga birlashdi va yagona delegatsiya bo‘lib qatnashdi). Yangi davlatga Karageorgiyevichlar vakili Aleksandr qirol etib saylandi.

Fransiya va Angliya yangi janubiy slavyanlar davlati g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
Fransiya bo‘lg‘usi davlatni Kichik Antanta tuzishga jalb etishni va o‘zining Yevropada gegemonlik roliga da’volarida ittifoqchi qilib olishni mo‘ljallardi. Angliya esa Yugoslaviyani o‘zining Bolqonda siyosatini o‘tkazish vositasiga aylantirish va uning yordamida Hindistonga boruvchi yo‘llarining ishonchli soqchilari bo‘la oladigan davlatlar zanjirini yaratish niyatida edi. Angliya Kiprni egallab olgan, bu yerda qudratli harbiy-dengiz va harbiy-havo bazasi joylashgandi. Bu Bolqonda hal qiluvchi rolni o‘yashga imkon berardi. Gretsiya ham Angliyaning ittifoqchisi edi va Angliya kelgusida Bolqonda uch hudud — Kipr — Gretsiya — Yugoslaviyadan iborat strategik tizimni bunyod etib, o‘zining Sharqiy O‘rta dengizidagi hukmronligini ta’minlashni mo‘ljallardi.


Millatlararo ziddiyatlar

Yugoslaviyani barpo etish g‘oyasi hech kimda qarshilik uyg‘otmasdi va Versaldagi tinchlik sulhlari bo‘yicha qirollikning chegaralari belgilandi. Uning maydoni 248 ming km ni, aholisi 15 mln kishini (1921-yilgi ma‘lumotlar bo‘yicha) tashkil etardi.
Yangi davlat aholisining 40 foizi serblardan iborat bo‘ldi.

Serblar, xorvatlar va slovenlar qirolligi janubiy slavyan xalqlari — serblar, xorvatlar, slovenlar, makedoniyaliklar, chernogoriyaliklar birlashgan ko‘p millatli davlat edi.
Bu xalqlar til bo‘yicha juda yaqin va bir-birini oson tushunadi. Lekin avval turli davlatlar bo‘lgani bois har xil sharoitlarda rivojlanishgan. Ularning har birida o‘z odatlari, adabiyoti va san’ati shakllandi. Ular diniy e’tiqodi bo‘yicha ham farqlanardi: aholining 49 foizi pravoslavlar (serblar, chernogoriyalik va makedoniyaliklar), 37 foizi — katoliklar (xorvatlar va ko‘pchilik slovenlar), 11 foizi — musulmonlar (Bosniya va Gersegovinada yashovchi serblar), 1,6 foizi — protestantlar (slovenlar) edi.

Davlat mavjudligi boshlanishidanoq murosasiz qarama-qarshiliklar borligi namoyon bo‘lib, siyosiy, ijtimoiy va millatlararo zaminda keskin ziddiyatlar boshlandi. Serb moliya-sanoat doiralari, davlat amaldorlari mamlakatda Serbiya gegemoniyasini o‘rnatishga intilib, kuchli markazlashgan davlat hokimiyati uchun kurashardilar. Serblar, xorvatlar va slovenlar qirolligi ularning nazarida Serbiyaning kengaytirilgan ko‘rinishi edi. Serb zobitlarining “Oq qo‘l” yashirin tashkilotiga tayangan holda serblar qirolning yordami bilan davlatdagi barcha mas’uliyatli vazifalarga o‘z vakillari qo‘yilishiga erishib, serb bo‘lmagan xalqlar o‘rtasida o‘z hukmronliklarini ta’minlashdi. Bu beboshlik boshqa barcha xalqlarda javob reaksiyasini uyg‘otdi.

Javob tariqasida barcha milliy o‘lkalarda millatlararo ziddiyatlar boshlandi.
Kurash davlat tuzumining haddan ziyod markazlashtirilishiga, serb yo‘lboshchilarining suiiste’molchiligiga qarshi olib borildi Xorvatlar, chemogoriyaliklar va slovenlar avtonom huquqlar berilishi hamda markaziy hukumat huquqlari cheklanishi uchun kurashdi. Qirol va Nikolo Pashich hukumati o‘z va’dalaridan birortasini ham bajarmadi. Shu tufayli 1918-yil dekabridayoq Xorvatiya, Chernogoriya, Voevodina va boshqa joylarda qonli to‘qnashuvlar yuz berdi. 1919-yil bahorida temiryo‘lchilar, shaxtyorlar va boshqa sanoat tarmoqlari ishchilarining qudratli ish tashlash harakati avj oldi. Qishloqlarda yerning xususiy mulk sifatida berilishi asosiy talabi bo‘lgan dehqonlar harakati qizg‘in rivojlandi.
Bu ziddiyatlar qirollikdagi vaziyatni beqarorlashtirib, siyosiy inqirozlarga olib keldi va hukumat almashuvlarini keltirib chiqardi. Davlat mavjudligining birinchi 10 yili davomida 27 ta hukumat almashdi.


Harbiy diktatura tartibotining o‘rnatilishi

Hukumat mamlakatdagi barcha xalqlarning serb millatchilari zo‘ravonligiga qarshi umumdavlat ozodlik kurashiga aylanib ketishi xavfi bo‘lgan, tobora kuchayib borayotgan siyosiy harakatni kuch ishlatish orqali to‘xtatishga qaror qildi. Harakat qatnashchilariga nisbatan shafqatsiz jazo choralari ko‘rildi. Ayniqsa, Xorvatiya avtonom respublikasi tashkil etilishini talab qilayotgan Xorvatiya dehqonlar partiyasi qattiq ta’qiblarga duchor qilindi. Vaziyat 1921-yil 28-iyundan so‘ng, mamlakatning markazlashgan tizimini mustahkamlovchi konstitutsiya qabul qilingandan keyin yanada keskinlashdi. Xorvatlar va boshqa xalqlar Korfida qabul qilingan deklaratsiya bajarilishini hamda ularga tenghuquqlilik berilishini talab qilishdi.

Serb burjuaziyasi esa hokimiyatni qo‘ldan chiqarishni istamasdi. Serb yo‘lboshchilari so‘nggi choralarni qo‘llay boshlashdi. 1928-yili Skupshina yig‘ilishida Xorvatiya dehqonlar partiyasi yetakchisi Radich o‘ldirildi. Mamlakatni qudratli norozilik harakati qamrab oldi. Harakat serblar bilan boshqa butun mamlakatning qarama-qarshi chiqishiga aylandi. Parlament inqirozi davlat inqiroziga aylandi. Qirol Aleksandr oldinroq zarba berishga qaror qilib, harbiy to‘ntarishni amalga oshirdi. U 1929-yil 6-yanvarda Skupshinani tarqatib, konstitutsiya amal qilishini to‘xtatdi va barcha siyosiy partiyalarni ta’qiqladi. General P. Jivkovich boshchiligida tuzilgan hukumat harbiy diktatura tartibotini o‘rnatdi.

Mamlakatda davlat hokimiyatini markazlashtirish kuchaydi. Qirol majburiy choralar bilan ayrim xalqlar va viloyatlarning milliy hamda tarixiy xususiyatlarini yo‘q qilishga harakat qildi. Uning dekreti bilan serblar, xorvatlar va slovenlar qirolligi Yugoslaviya deb qayta nomlandi (1929-yil 3-oktabr). Bu aslida buyuk serbchilik siyosatini kuchaytirish uchun niqob edi. Mamlakat tarixiy shakllangan milliy chegaralarini hisobga olmagan holda hududiy tamoyil bo‘yicha bo‘lingan edi. Qirol yangi tartibotga qonuniylik baxsh etish uchun 1931-yil sentabrida Yugoslaviyani konstitutsiyaviy mamlakat deb e’lon qildi va 1931-yil 3-oktabrda yangi konstitutsiya kuchga kiritildi. Yangi konstitutsiya bo‘yicha qirol davlat byudjetini belgilar, qonunlar chiqarar, konstitutsiyani o‘zgartirishi mumkin edi. Hukumat xalq oldida emas, qirol oldida javobgar edi, zero hukumatni qirol tayinlardi. Parlamentga saylovlar ochiq ovoz berish orqali o‘tkazilardi.


Mamlakatda vaziyatning keskinlashuvi sabablari

1931-yil 8-noyabrda yangi konstitutsiyaga muvofiq Skupshinaga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda faqat deputatlikka nomzodlarning hukumat ro‘yxati taqdim etilgandi.
Boshqa barcha partiyalar ovoz berishda qatnashishdan bosh tortib, saylovlarni boykot qilishdi. Saylangan yangi “hukumat” deputatlari keyinroq Yugoslav milliy partiyasi nomini olgan yangi partiya tuzishdi. Diktaturaning siyosiy manevr (usul, harakat) lari muxolifatning kuchayishini bartaraf etolmadi. Ayrim partiyalar diktaturani qoralab chiqishdi, demokratiya tiklanishini, mamlakat federativ asoslarda qayta qurilishini talab qilishdi. Repressiyalar, qamoqqa olishlar va siyosiy terrorning yangi to‘lqini yuz berdi, lekin bu mamlakatdagi ahvolni barqarorlashtirmadi. Aksincha, ish qizg‘in namoyishlargacha borib yetdi. Bu ayniqsa talabalar orasida avj oldi. Dehqonlar kurashi 1932-yilda hukumat va jandarmeriya bilan ochiq qurolli to‘qnashuvlarga, 1932-yil kuzida esa Xorvatiyada partizanlar urushiga aylandi. Ommaviy chiqishlar diktatura rejimiga qarshi umummilliy harakatga aylandi.

Yugoslaviyada vaziyat keskinlashganidan qo‘shni mamlakatlar — Italiya, Vengriya va Avstriya foydalandi. Ularning hududida millatchi-separatchilarning — Ant Pavelich (1889—1959) boshchiligidagi ustashlarning (xorvat fashistlari) qurolli bo‘linmalari tashkil etildi. Bu tashkilot, shuningdek “Ichki makedon inqilobiy tashkiloti” Yugoslaviya hududida terrorchilik kurashini olib borishdi.


Yugoslaviyaning tashqi siyosati

Yugoslaviya tashqi siyosatda Fransiyaga tayanishga intildi. 1920-yili Chexoslovakiya bilan Vengriyaga qarshi yo‘naltirilgan shartnoma tuzildi. Xuddi shunday shartnomalar Vengriya va Bolgariyaga qarshi Ruminiya bilan ham tuzildi. Shu asosda Kichik Antanta tarkib topib, Fransiya bilan shartnoma imzolanishidan so‘ng uzul-kesil rasmiylashtirildi.

1934-yil fevralda Italiya, Vengriya va ularga qo‘shilgan Bolgariya tomonidan dushmanlik harakatlari kuchayganligi tufayli Yugoslaviya, Ruminiya, Turkiya va Gretsiya qo‘shilgan Bolqon pakti tuzilishiga erishdi. Yugoslaviya fashistlar ekspansiyasi xavfi tufayli Fransiya bilan o‘z munosabatlarini mustahkamlashga intildi. Qirol Aleksandr xuddi shu maqsadda 1934-yil 9-oktabrda rasmiy tashrif bilan Marselga keldi. Tashrif chog‘ida unga suiqasd uyushtirildi va qirol halok bo‘ldi. Bu terrorchilik ishi “Tevton qilichi” operatsiyasi nomini olgan edi.

Qirol Aleksandr o‘ldirilganidan so‘ng Yugoslaviya taxtini uning Pyotr II sifatida toj kiydirilgan 11 yoshli o‘g‘li egalladi. Shahzoda Pavel regenti etib tayinlangan yangi qirol hokimiyat tepasiga kelgach, Yugoslaviyaning ichki va tashqi siyosat yo‘nalishi jiddiy o‘zgardi. Ichki siyosatda xorvat muxolifatiga birmuncha yon berishlar amalga oshirildi. Tashqi siyosatda esa Germaniya va Italiya bilan asta-sekin yaqinlashish yo‘li qabul qilindi. Ayni paytda avtoritar shaxsiy hokimiyatni mustahkamlash uchun “Yoshlar vatanparvarlik jamg‘armasi” terrorchi-fashistik tashkilot tuzildi.

Buyuk serbchi unsurlar ham faollashdi. “Oq qo‘l” zobitlar tashkilotiga mansub reaksion guruhlar fitnachilik va terrorchilik faoliyatini kuchaytirdi. Qirol hokimiyatining va buyuk serbchilik g‘oyalarining mutaassib tarafdori Draje Mixaylovich (1893—1946) boshchiligida buyuk serbchi tashkilot bo‘linmalari — chetniklar tashkil etildi. Chetniklar serblar yashamaydigan viloyatlar, birinchi navbatda Xorvatiya va Makedoniya aholisini terror qilgan serb millatchilarining hujumkor bo‘linmalari bo‘lib qoldi.

1935-yil 5-maydagi Skupshinaga saylovlar vaziyatning keskinlashuviga kuchli turtki berdi. Ovozlarning 60 foizini hukumat ro‘yxati, 34 foizini muxolifat oldi. Lekin bu ko‘pchilikka tayangan hukumat beqaror edi. Uni asosan o‘ta o‘ng reaksion unsurlar qo‘llab-quvvatlardi.

Mamlakat ichida har qanday tayanchdan mahrum bo‘lgan qirol hokimiyati tashqi tayanchni fashistik Germaniyadan topishga qaror qildi. 1934-yili Germaniya bilan savdo konvensiyasi tuzildi va bu tashqi savdo aylanmasining deyarli chorak qismi Germaniya hissasiga tegishli bo‘lishiga olib keldi. German kapitali Yugoslaviyaga faol kirib borib, xomashyo manbalari va sanoat tarmoqlarini egallab ola boshladi.
Belgradda tabiiy boyliklar ishlanishini mablag‘ bilan ta’minlash uchun maxsus german banki ochildi.

Yugoslaviya 1937-yili Italiya bilan savdo bitimini, 1937-yil yanvarida “abadiy do‘stlik” haqidagi shartnomani imzoladi. Bu shartnomalar Kichik Antantaning ahamiyatiga putur yetkazib, Yugoslaviya bilan Fransiya va Angliya o‘rtasida uzoqlashuvga olib keldi. Avstriya (1938) va Chexoslovakiya (1939) bosib olinganidan so‘ng Germanivaning Yugoslaviyaga ta’siri yanada kuchaydi. Yugoslaviya sanoatiga sarflangan mablag‘larning katta qismini tashkil etuvchi Avstriya kapitallari endi Germaniyaga o‘tdi. Germaniya Avstriyani bosib olish bilan yugoslav tashqi savdosining yirik bozorini ham egalladi. Germaniya uchun muhim strategik ahamiyatli Vena — Belgrad — Istambul yo‘lining qurilishi qizg‘in olib borildi.

1939-yil sentyabrida boshlangan Ikkinchi jahon urushi Yugoslaviyaning hukmron doiralari oldiga Germaniyaga munosabat haqidagi murakkab masalani qo‘ydi.
Yugoslaviya Germaniya uchun nafaqat xomashyo va oziq-ovqat manbai, balki Yaqin Sharqdagi, Sovet Ittifoqi va Afrikadagi bo‘lg‘usi bosqinchilik rejalarining platsdarmi sifatida ham ulkan strategik ahamiyatga ega edi. Germaniya Yugoslaviyaga Gretsiya hisobidan Egey dengiziga chiqish, Saloniki porti va Vardar vodiysini berishni va’da qilib, uni urushga jalb etish umidida edi.


Qisqacha mazmun

  • Bolqon yarimoroli — turli mamlakatlar iqtisodiy va siyosiy manfaatlarining to‘qnashuv joyi;
  • 1878 yildan — Avstriya tomondan Xorvatiya, Sloveniya, Bosniya Gersegovinaning bosib olinishi;
  • Germaniya va Avstriya rejalari — Bolqonda “buyuk nemis makoni”ni barpo etish;
  • 1912-yil — Bolqon ittifoqining (Serbiya, Bolgariya, Gretsiya va Chernogoriya) tuzilishi. Bolqon oroli Turkiyadan ozod qilindi;
  • 1915-yil — Serbiyaning Bolgariya tomonidan bosib olinishi;
  • 1917-yil — “Korfu pakti” — Yugoslav qirolligi tuzilganligi haqida e’lon qilindi;
  • 1918-yil dekabr — Serblar, xorvatlar va slovenlar qirolligi e’lon qilindi.
  • Tuzilgan davlatda Serbiyaning gegemonlik uchun kurashi. Millatlararo zamindagi ziddiyatlar;
  • Hukumatdagi inqiroz (10 yilda 27 ta hukumat almashdi);
  • 1921-yil — Serbiya boshchiligida markazlashgan boshqaruvni mustahkamlovchi konstitutsiya qabul qilindi;
  • 1921—1929-yillar — tenghuquqlilik uchun kurash;
  • 1929-yil 6-yanvar — harbiy to‘ntarish, harbiy diktatura tartiboti o‘rnatildi.
    Mamlakat Yugoslaviya nomini oldi;
  • 1931-yil 3-oktabr — mamlakatning yangi konstitutsiyasi;
  • Muxolifatning federatsiya e’lon qilinishini talab etishi. Repressiyalar;
  • 1934-yil — qirol Aleksandrning o‘ldirilishi, tashqi siyosiy yo‘nalishning o‘zgarishi — Germaniya va Italiya bilan ittifoqqa intilish;
  • 1937-yil — Germaniya bilan “abadiy do‘stlik” haqida shartnomaning imzolanishi.