Respublikaning eʼlon qilinishi
Vengriya Birinchi jahon urushida magʻlubiyatga uchragan davlatlar qatorida edi.
1918-yil 16-noyabrda, Avstro-Vengriya taslim boʻlganidan 10 kun keyin Vengriyada respublika eʼlon qilindi. Biroq Rossiyadan qaytgan sobiq harbiy askarlar Bela Kun boshchiligida hokimiyatni oʻz qoʻllariga olishga qaror qildi. 1919-yil 21-martda Vengriya sovet respublikasi tuzilgani eʼlon qilindi.
Sovet respublikasi Vengriyada 133 kun hukm surdi. Bu qisqa muddatda katta ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlar oʻtkazildi. Biroq ularning barchasi sovet Rossiyasidagi oʻzgarishlar namunasi boʻyicha nusxalashtirilgan edi. Mamlakatda 50 ming kishilik Qizil armiya tuzildi. Uning yordamida Slovakiyada sovet hokimiyati oʻrnatilib, Slovak sovet respublikasi tashkil etildi va bu respublika sovet Vengriyasiga qoʻshilishi haqida eʼlon qildi. Vengriya hukumati xaroba, kuchsizlangan mamlakatda kommunistik taqsimot asoslarini maksimal markazlashgan hokimiyat va xoʻjalik boshqaruvi bilan birlikda yaratishga intilib, Rossiyadagi totalitar sotsializm yoʻlini koʻr-koʻrona takrorlardi.
Demokratik va ijtimoiy islohotlarga qaramay, venger xalqining hayoti keskin yomonlashdi. Keng isteʼmol mahsulotlari yetishmasdi, non, goʻsht, yogʻ, shakarga kartochka tizimi joriy qilindi. Korxonalarning keng miqyosli natsionalizatsiyasi mayda va oʻrta korxonalarni qamrab oldi, bu oʻrta qatlamlar ahvolini yomonlashtirdi va ularni sovet respublikasiga qarshi kurashga undadi. Dehqonlarning umidi puchga chiqdi, natsionalizatsiya qilingan yerlar ularga berilmay, shirkatlar mulkiga aylantirildi. Sovet hokimiyati siyosiy boʻshliqda boʻlib qoldi. Soʻl partiyalar vakillari — sotsial-demokratik partiya yoʻlboshchilari ham unga qarshi chiqishib, proletariat diktaturasi tugatilishini va mamlakat demokratlashtirilishini talab qildi. Antantaning talabiga koʻra, Ruminiya qoʻshinlari venger qoʻshinlarini Slovakiya hududidan olib ketish haqida ultimatum qoʻygan holda Vengriya hududiga bostirib kirdi. Bu yerda sovet hokimiyati tugatildi, 1919-yil 1-avgustda esa sotsial-demokratlar tazyiqi tufayli kommunistlar hukumatdan chiqdi. Bu Vengriya sovet respublikasining xotimasi edi.
Burjua-pomeshchik diktaturasining oʻrnatilishi
Vengriyani rumin qoʻshinlari ishgʻol qildi. Mamlakatda endilikda yangi, burjua-pomeshchik diktaturasi oʻrnatilib, soʻl kuchlarga qarshi ommaviy terror boshlandi.
Minglab venger vatanparvarlari turmalarga tashlandi, otildi va azoblarga solindi.
Gabsburglar vakili Karl Vengriya hukmdori sifatida eʼlon qilindi. Antanta mamlakatlari talabi boʻyicha admiral Miklosh Xorti (1868–1957) regent etib tayinlandi va u burjua hukumati ustidan diktatorlarcha nazoratni oʻrnatdi. 1920-yil yanvarida Vengriyada saylovlar oʻtkazilib, admiral Miklosh Xorti monarxlikka saylandi. U Ikkinchi jahon urushi oxirigacha, Germaniya magʻlubiyatidan soʻng AQSHga qochguniga qadar hokimiyatni egallab turdi.
1920-yil iyunida Vengriya Trianon shartnomasini (Versal shartnomasining bir qismi) imzoladi. Bu shartnomaga koʻra, qator hududlarning ajralishi sababli Vengriya aholisi ikki barobarga, 18 mln kishidan 8 mln kishigacha kamaydi. Vengriya katta miqdorda reparatsiyalar toʻlashi shart edi. Armiya miqdori 35 ming kishidan oshirilmasligi lozim edi. Ruminiyaga — Transilvaniya va Banat, Yugoslaviyaga — Xorvatiya, Bachka va Banatning gʻarbiy qismi, Chexoslovakiyaga esa Slovakiya va Karpatorti Ukrainasi berildi. Harbiy majburiyat taqiqlandi, armiya yollanma boʻlishi shart edi, qurollanishda tanklarga, aviatsiya va ogʻir artilleriyaga ega boʻlishga ruxsat etilmasdi.
Mamlakatning iqtisodiy ahvoli
Vengriya Yevropa qitʼasidagi zaif, ikkinchi darajali davlatga aylandi. Xorti diktaturasi ahvolni oʻnglay olmadi, 1923-yilda esa mamlakat bankrotlik yoqasiga yaqinlashdi va Millatlar Ligasi taqdim etgan qarzgina Vengriyani muqarrar halokatdan saqlab qoldi. Mamlakatga toʻqimachilik va metallurgiya sanoatida oʻrnashgan chet el kapitali erkin kiritildi. Qishloqda yarim feodal munosabatlar saqlanib qoldi, millionlab dehqonlar yersizlikdan yoki kam yerlilikdan azob chekardi.
1925-yili xorijiy banklar Vengriyaga “sogʻlomlashish qarzi”ni taqdim etishgach, bu valyutani barqarorlashtirish va industrial rivojlanish uchun asos yaratdi. 1925-yildan 1929-yilgacha Vengriya iqtisodiyotida birmuncha jonlanish yuzaga keldi. 70 ta yangi metallurgiya korxonalari, 55 ta mashinasozlik, 40 ta togʻ-kon korxonalari va boshqalar barpo etildi. Vengriyada toʻqimachilik va kimyo sanoati rivojlandi. 20-yillar oxirlarida Vengriya sanoat ishlab chiqarishi urushdan oldingi darajadan oʻsib ketdi.
Biroq barcha yutuqlar jahon iqtisodiy inqirozi natijasida vayron boʻldi. Sanoat ishlab chiqarishi uchdan bir qismga qisqardi. Ishlovchilar soni 60% ga kamaydi. Mamlakatda 1931-yili Umumvenger kredit bankini inqirozga uchratgan keskin moliyaviy inqiroz boshlandi. Shundan soʻng barcha qolgan banklar va birjalar yopildi. Faqat 1936-yilda sanoat ishlab chiqarishi darajasi inqirozgacha boʻlgan darajaga qadar tiklandi, lekin qishloq xoʻjaligida turgʻunlik davom etaverdi.
Iqtisodiy inqiroz mamlakatda siyosiy beqarorlikni keltirib chiqardi. Sinfiy kurash keskinlashdi. Yana yirik ish tashlashlar va namoyishlar boshlandi. Hukmron doiralar demokratik va ishchilar harakatiga qarshi repressiyalarni boshladi.
Vengriya magʻlub va Versal shartnomasi bilan jazolangan mamlakatlar qatorida edi. Shu boisdan shartnomani bekor qilgan Germaniyaning ibrati Vengriyaga maʼqul boʻldi. Vengriya Trianon shartnomasi qayta koʻrilishini talab qildi. Vengriyaning avtoritar davlatga aylanayotganligi hamda hukmron doiralar fashizm va demokratik erkinliklarni tugatish siyosatini yurgizayotganligi ham har ikki mamlakatni yaqinlashtirardi. 1938-yil oktyabrida Vengriya Janubiy Slovakiyani oʻziga qoʻshib olgan holda Chexoslovakiyaning parchalanishida ishtirok etdi. 1939-yil yanvarida Vengriya gitlerchilarning “Antikomintern bitimi”ga qoʻshildi. Xuddi shu yilning martida Vengriya Karpatorti Ukrainasini bosib oldi. Xorti tartiboti gitlerchi Germaniyaga ergashgan holda venger xalqini Ikkinchi jahon urushi girdobiga tortdi.
Qisqacha mazmun
• 1918-yil 16-noyabr — Vengriya respublika deb eʼlon qilindi;
• 1919-yil 21-mart — Bela Kun tomonidan Vengriya sovet respublikasining eʼlon qilinishi (133 kun yashadi);
• iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlarni oʻtkazish — Rossiyadagi totalitar sotsializm yoʻlidan nusxa;
• mamlakatda iqtisodiy va siyosiy inqiroz;
• admiral M. Xortining mamlakat monarxi etib tayinlanishi (mamlakat hukumati harakatining nazorati uchun);
• admiral M. Xortining davlat boshligʻi etib saylanishi;
• 1920-yil — Trianon shartnomasi: hududlar yoʻqotilishi, reparatsiyalar toʻlovi;
• 1929–1932-yillar — jahon iqtisodiy inqirozi va uning vayron qiluvchi oqibatlari;
• 1939-yil yanvar — Vengriyaning “Antikomintern bitimi”ga qoʻshilishi.