1918-1939-yillarda Ruminiya


Ruminiyaning Birinchi jahon urushidagi ishtiroki

Ruminiya Birinchi jahon urushi arafasida konstitutsiyaviy monarxiya tizimidagi davlat edi. Qirol Karl Germaniyada 1871-yildan beri hukm surayotgan Gogensollernlar sulolasidan chiqqandi. 1881-yili rumin parlamenti Ruminiyani qirollik deb e’lon qildi. Ruminiya siyosati ikki taraflama edi. Bir tomondan, u 1878-yilgi Berlin shartnomasiga koʻra, Rossiyaga berilgan Bessarabiyani Germaniya va Avstro-Vengriya yordamida qaytarib olishdan umid qilardi. Natijada Ruminiya 1883-yili Germaniya va Avstro-Vengriya bilan yashirin ittifoq tuzib, ular tomonida Rossiyaga qarshi chiqish majburiyatini zimmasiga oldi. Shu bilan birga rumin burjuaziyasi boy temiryo‘l tarmog‘iga ega Transilvaniyani va noyob tabiiy resurslari (yogʻoch-taxta) mo‘l Bukovinani egallab olish vazifasini o‘z oldiga qoʻygandi.
Bu vazifani Avstro-Vengriyaga qarshi urush yordamidagina amalga oshirish mumkin edi.

Birinchi jahon urushi boshlangach, Ruminiya Germaniya va Avstro-Vengriya bilan eski ittifoqchilik shartnomasi bo‘lishiga qaramay, betaraflik mavqeyida turdi. So‘ngra o‘zining urushdagi ishtiroki uchun hududiy kompensatsiyalar, kafolatlar, qurolli kuchlar bilan madad qilgan holda bir vaqtning o‘zida har ikki tomon bilan savdo olib bordi. Boshqa tomondan, har ikki tomon ham Ruminiyaning urushdagi ishtirokiga katta ahamiyat berib, unga va’dalar berishda xasislik qilishmadi. Urushning ilk boshlanish paytida qirol Karl vafot etdi. Taxtga uning ingliz malikasiga uylangan o‘g‘li Ferdinand oʻtirdi. Bu ingliz partiyasining Buxarestdagi ta’sirini kuchaytirdi, biroq rumin hukmron doiralariga qat’iyat baxsh etmadi. Zero, mamlakatda urushish uchun hech narsa yo‘q, armiya esa g‘oyatda kuchsiz edi.
Faqat 1916-yili Brusilovning ajoyib hamlasidan va german qo‘shinlarining Verdendagi mag‘lubiyatidan so‘ng Ruminiya german blokiga qarshi chiqdi.


Mamlakatning urushdan keyingi iqtisodiy va siyosiy hayoti

Ruminiyaning Germaniyaga qarshi chiqishi Ruminiyaning to‘liq mag‘lubiyati bilan tugallandi. Germaniya–Avstriya qo‘shinlari mamlakatning katta qismini egallab olib, rumin armiyasini Moldaviyaga chekinishga majbur qildi. Rossiya o‘z qurolli kuchlarining choragini Ruminiyaga yordam uchun tashladi.

Rumin armiyasini qayta tashkillashtirish, uni oziq-ovqat bilan ta’minlash vazifasi ham Rossiya zimmasiga tushdi. Germaniya va Avstro-Vengriyaning magʻlubiyati Ruminiyaga Transilvaniya va Bukovinani bosib olish imkonini berdi. Ruminiya Versal shartnomasi bo‘yicha bu ikki oʻlkani oldi. U Bessarabiyani oldinroq, 1918-yil martida bu yerga qo‘shinlarini kiritgan paytda egallagan edi. Ruminiya o‘z maqsadiga erishdi. Uning hududi ikki barobar kengayib, aholisi 7,7 mln kishidan 17,5 mln gacha koʻpaydi. Ruminiya tarkibiga kirgan Transilvaniya va Banat boy energetik va xomashyo resurslariga, rivojlangan sanoat tarmoqlariga (tog‘-kon, metallurgiya, metallga ishlov berish va hokazo) ega edi. Bundan tashqari, Ruminiyada neft sanoati ham rivojlangandi. Lekin, umuman olganda, Ruminiya agrar mamlakatligicha qoldi. Aholining 80 foizi qishloqlarda, faqat 20 foizi shaharlarda yashardi. Qishloq xo‘jaligi Ruminiya iqtisodiyotining asosi hisoblanardi.

Avstro-Vengriya oʻlkalari qo‘shib olinib, Bessarabiya bosib olingach, Ruminiya ko‘p millatli davlatga aylandi. Aholining 58 foizini ruminlar, 42 foizini boshqa millatlar, jumladan, 3 mln ukrainlar (Bukovina), ruslar, moldavanlar, 1,5 mln ga yaqin vengerlar (Transilvaniya), 800 ming nemislar (Banat) va boshqalar tashkil etardi.
Ozchilik millat majburiy ravishda ruminlashtirishga va turli xil zulmlarga duchor etilardi.

Urushdan so‘ng Ruminiyada hukumat va parlament tartibsizligi boshlanib, unda xalq ommasidan ajralib qolgan, davlat xazinasidan o‘z ulushi uchun kurashuvchi turli guruhlar qatnashishdi. Yirik dehqonlar qo‘zg‘olonlari, ishchilarning qat’iy harakati bu kurashni keskinlashtirdi.

Mamlakatda hokimiyatni amalda o‘zaro bo‘lishadigan uchta asosiy guruh saranistlar, ʻʻxalq partiyasi va natsional-liberalʼʼpartiya bor edi. Ular saylovlarda bir-birini almashtirar, saylovlar orasida ularni qirol hokimiyati almashtirardi. Qirol hokimiyati go‘yo bosh hakam rolini o‘ynasa-da, amalda bu nomurakkab spektaklda toʻrtinchi, lekin yetakchi kuch edi.

Siyosiy partiyalar orasida Natsional-liberal partiya eng katta ta’sirga ega boʻlib,
uning ortida yirik sanoat va banklar turardi. Natsional-liberallar 1921-yildan 1926-yilgacha hokimiyat tepasida turishdi. Partiya yoʻlboshchisi I. Bratianu ikki marta Bosh vazir (1921–1927-yillarda) boʻldi.


Agrar islohat

Natsional-liberallar hukumatining xizmati — 1921-yili agrar islohot o‘tkazganligi. Agrar islohot haqidagi dekret boʻyicha qirollik, davlat yerlari, cherkov yerlarining bir qismi, shuningdek, 2 mln ga pomeshchiklar yerlari to‘lov evaziga musodara qilindi. Agrar islohot qishloq xoʻjaligini o‘zgartirib, quloqlar va o‘rtahol dehqonlarning qudratli qatlarnini yaratdi. 20-yillar oxirida pomeshchiklarga tegishli yerlarning 66 foizi musodara qilindi. Agrar islohot ichki bozorni kengaytirishga, shaharga ishchi kuchi kelishiga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishga imkon berdi. Bu sanoat ishlab chiqarishiga ham darhol ta’sir ko‘rsatdi. Natsional-liberal partiya hukumati bevosita va bilvosita soliqlarni oshirib, sanoat oʻsishini ragʻbatlantirdi. Natijada urushdan oldingi sanoat darajasidan 1924-yildayoq o‘tib ketildi.

1927-yil iyulida qirol Ferdinand vafot etdi. Taxtni uning kichik yoshli o‘g‘li Mixail (Mixay) egallashi lozim edi. Lekin mamlakatga bundan ikki yil avval quvib yuborilgan valiahd Karol (Karl) qaytib kelib, to‘ntarishni amalga oshirdi va oʻzini qirol deb e’lon qildi. Siyosiy inqiroz butun Ruminiyani qamrab oldi. Bunga 1929-yildan 1932-yilgacha davom etgan iqtisodiy inqiroz ham qoʻshildi. Inqirozdan chiqish uchun, asosan, ish haqini kamaytirishga va ish kunini uzaytirishga qaratilgan ʻʻsog‘lomlashtirish rejasiʼʼ ishlab chiqildi. Bu hol shunday ham turmush darajasi Yevropadan eng past koʻrsatkichlardan bo‘lgan ishchilarda g‘oyat katta norozilik uygʻotdi. 1933-yil yanvar-fevralida kurash temiryoʻllarini va neft sanoatini qamrab oldi. Qator joylarda temiryo‘lchilar ustaxonalarni o‘z qo‘llariga olishdi va o‘z-o‘zini mudofaa qilish bo‘linmalarini tashkil etishdi. Hukumat ishchilar bilan kurashga qo‘shinlarini tashladi. Buxarestda politsiya bilan to‘qnashuv paytida qo‘shinlar tomonidan 400 kishi oʻldirildi, 2 ming kishi qamoqqa olindi.


Qirol shaxsiy hokimiyatining oʻrnatilishi

Hukmron doiralar oʻzlarining xalqqa qarshi zarbdor qurolli bo‘linmalarini tuza boshladi. Ularning qoʻllab-quvvatlashi bilan Ruminiyada ʻʻTemir gvardiyaʼʼ fashistik boʻlinmalari vujudga keldi. Ruminiya ikki lagerga ajraldi va ular o‘rtalaridagi keskinlik Ikkinchi jahon urushigacha barham topmadi. 1933-yil noyabrdan 1937-yil oxirigacha rumin hukumatini natsional-liberallar shakllantirib, rahbarlik qilishdi. Ular mehnatkashlar ommasiga nisbatan repressiv siyosatini kuchaytirishdi. Mamlakatda fashistik xavf tobora ortib bordi. Reaksion doiralar mehnatkashlarning chiqishlariga qarshi yanada qat’iy choralar koʻrilishini talab qilishdi.

1937-yili fashistlar svastika taqib yurishga ruxsat olishdi. 10-fevralda Ruminiyada qirolning shaxsiy hokimiyati tartiboti oʻrnatildi. Barcha demokratik erkinliklar tugatildi, parlament tarqatildi, kasaba uyushmalari va siyosiy partiyalar taqiqlandi. Saylovlarda bitta o‘zi qatnashishi mumkin bo‘lgan ʻʻMilliy tiklanish frontiʼʼ yagona partiyasi tuzilishi haqida e’lon qilindi. 1939-yil martida Ruminiya Germaniya bilan ʻʻIqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash haqidaʼʼgi shartnomani tuzdi.
Mazkur shartnoma boʻyicha Ruminiya iqtisodiyoti va siyosati german fashizmining toʻliq nazorati ostida qoldi.

Ruminiya mazkur bitim yordamida Vengriyaning Transilvaniyani qaytarish harakatlariga qarshi Germaniyaning kafolatlariga erishishga intilardi. Rumin hukmron doiralarining tashqi siyosati urushdan keyingi hududiy yutuqlarni saqlab qolishga qaratildi. Faqat Gʻarb davlatlari kafolat bera olishlari mumkinligi bois Ruminiya oʻziga hududiy yaxlitlik va’dasini bera oladigan har qanday ittifoqlar va bitimlar kombinatsiyasiga bajonidil ko‘nardi.


Qisqacha mazmun

  • 1881-yildan — Ruminiya — qirollik;
  • 1883-yil — Germaniya va Avstro-Vengriya bilan Rossiyaga qarshi ittifoq tuzildi;
  • Birinchi jahon urushida — betaraflik;
  • 1916-yildan — german blokiga qarshi urushning boshlanishi; mamlakatning german-avstriya qoʻshinlari tomonidan bosib olinishi. Rossiyaning yordami;
  • 1918-yil — Ruminiyaning Transilvaniya va Bukovinani bosib olishi (Versal shartnomasi boʻyicha);
  • 1919–1921 -yillar — siyosiy va milliy qarama-qarshiliklar. Dehqonlar qoʻzgʻolonlari;
  • 1921-yil — agrar islohotning oʻtkazilishi — pomeshchiklar yerlarining musodara etilishi;
  • 1929–1932-yillar— siyosiy va iqtisodiy inqiroz. Mehnatkashlar hisobidan mamlakat iqtisodiyotini ʻʻsogʻlomlashtirish rejasiʼʼning qabul qilinishi;
  • Hukumatga qarshi chiqishlar. Repressiyalar. Fashistik tashkilotlarning kuchayishi;
  • 1937-yil 10-fevral — qirol shaxsiy hokimiyati tartibotining oʻrnatilishi;
  • 1939-yil — Germaniya bilan shartnoma imzolanishi.