1918-1939-yillarda Polsha


Sharqiy Yevropa davlatlari mamlakatlar tarixida alohida ahamiyat kasb etadi. Ularing baʼzilari Versal shartnomasi qarorlari natijasida qayta tiklandi (Yugoslaviya, Chexoslovakiya, Vengriya, Polsha), boshqalari esa magʻlub davlatlarga mansub boʻlib (Vengriya, Avstriya), shu shartnomaga asosan qoʻyilgan cheklashlarning qattiq iskanjasida yashashga mahkum etilgandi. Ushbu davlatlar tarixining siyosiy sahnasiga mustaqillik va demokratik oʻzgarishlar uchun kurashgan yangi ijtimoiy hamda siyosiy kuchlar (ishchilar, qashshoq dehqonlar, ilgʻor kayfiyatdagi ziyolilar) chiqdi.


Mustaqil Polsha davlatining tiklanishi

1918-yil yanvarida AQSH prezidenti Vudro Vilson mustaqil polyak davlati tuzishni taklif qildi. Rossiya hukumatining 1918-yil 29-avgustda Polshani qismlarga ajratish borasida tuzilgan shartnoma va hujjatlarni rad etish toʻgʻrisidagi dekreti bilan polyak xalqining mustaqil davlat tuzish huquqi eʼlon qilindi. Birinchi jahon urushida Germaniya va Avstro-Vengriya taslim boʻlganidan soʻng mustaqil Polsha davlatida oʻz tarixiy chegaralarini tiklash uchun real sharoit yuzaga keldi.

Gʻarb davlatlari mustaqil polyak davlatiga Germaniya va bolshevistik Rossiyaga qarshi kurashdagi qurol sifatida qarashardi.

Mustaqil polyak davlatini barpo etish ogʻir kechdi. Hokimiyatni millatchilik kayfiyatidagi kuchlar egallab oldi. Ularning bosh gʻoyasi “dengizdan dengizgacha boʻlgan Buyuk Polsha” (yaʼni Boltiq dengizidan Qora dengizgacha) davlatini barpo qilish edi. 1918-yil noyabr oyida Polyak sotsialistik partiyasining (PSP) oʻng qanoti, yoʻlboshchisi, oʻta millatchi va shovinistik doiralar vakili Yuzef Pilsudskiy prezident hamda polyak armiyasining bosh qoʻmondoni sifatida eʼlon qilindi.

Yuzef Pilsudskiy (1867–1935) — 1926-ylli oʻzi uyushtirgan harbiy toʻntarishdan soʻng Polsha diktatori. 1926-yildan 1928-yilgacha va 1930-yilda mamlakat bosh vaziri.

PSPning soʻl qanotini ifodalovchi tashkilotlar ham hokimiyat uchun kurashga qoʻshildi. Mamlakat joylardagi hokimiyat idoralari sifatida ish yurituvchi sovetlar tarmogʻi bilan qamrab olindi, Qizil gvardiya boʻlinmalari tuzildi. Dombrovsk koʻmir havzasida sovetlar hokimiyatni toʻliq egalladi va shaxtalar xoʻjayinlarini oʻz qarorlarini bajarishga majbur qildi.


Yuzef Pilsudskiy diktaturasining oʻrnatilishi

1919-yil yanvarida Polsha hududida saylangan seym Yuzef Pilsudskiy diktaturasini qonunan mahkamlagan “kichik” konstitutsiyani qabul qildi. Burjuaziya va millatchilar oʻz hokimiyatini mustahkamlashdi, shundan soʻng siyosiy raqiblarni jazolash boshlandi: Dombrovsk konchilari otib tashlandi, sovetlar tugatildi, qishloq xoʻjalik ishchilarining ish tashlashlari bostirildi. Versal shartnomasi Polshaning gʻarbiy chegaralarini aniq belgilagan, lekin sharqiy chegaralarini aniqlamagan edi.

Polsha hukumati bundan foydalandi va 1920-yil 25-aprelda polyak qoʻshinlari Ukraina chegarasidan oʻtdi. Ular Polshaga juda katta kredit taqdim etgan Fransiya tomonidan toʻliq qurollantirilgandi. Polyak qoʻshinlarining maqsadi Odessani bosib olish va “dengizdan dengizgacha boʻlgan Buyuk Polsha”ni yaratish edi. Lekin polyak qoʻshinlari tor-mor etilib, chekina boshladi. General Veygan boshchiligidagi fransuz brigadasining kelishigina Polshani toʻliq tor-mor boʻlishdan saqlab qoldi. Natijada Riga sulh shartnomasi (1921-yiI 12-oktyabr) tuzilib, Polshaning sharqiy chegaralari belgilandi va har ikki tomon bir-birining suverenligini hurmat qilishga kelishib olishdi. Pilsudskiy oʻrnatgan “sanatsiya” tartiboti

20-yillar boshlarida Polsha sekin ziddiyatlarga yuzma-yuz boʻlib qoldi. Iqtisodiyot urush tufayli izdan chiqqan, qoʻshinlar magʻlub etilgandi. Urushga chorlagan siyosiy arboblar sharmanda boʻldi. 1923-yili Krakovda qoʻzgʻolon yuz berdi. Butun mamlakatda ish tashlashlar va namoyishlar boshlanib ketdi. Repressiyalarga qaramay, gʻalayonlar tobora keng quloch yoya boshladi. Yuzef Pilsudskiy bunga javoban davlat toʻntarishini amalga oshirdi va mamlakatda “sanatsiya” (sogʻlomlashtirish) tartibotini oʻrnatdi. Bu tartibot amalda Pilsudskiyning shaxsiy diktaturasi oʻrnatilganini anglatardi. Yevropa davlatlari uni qoʻllab-quvvatlash uchun valyutani barqarorlashtirish imkonini bergan katta miqdordagi qarz ajratishdi. Biroq bu umumiy ahvolni oʻzgartirmadi. Polsha iqtisodiyoti surunkali inqiroz holatida turar hamda xaroblikka yuz tutgan, qishloq xoʻjaligining yalpi daromadi ikki barobar kamaygan edi.

Ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar tinchimasdi. Ish tashlashlar ketma-ket yuz berar, dehqonlar qoʻzgʻolon koʻtarishardi. Ishchilar zavod-fabrikalarni egallab olishardi.
Tartibot amalda hukumatga qarshi chiqishlarni bostirish bilan band boʻlib qolgandi. Yetakchi siyosiy partiyalar muxolifat blokiga birlashdi va bu blok diktaturaga qarshi chiqdi.


Pilsudskiy oʻrnatgan “sanatsiya” tartiboti

935-yil 10-maydan boshlab, Pilsudskiy oʻlimidan soʻng, uning oʻrnini general E.
Ridz Smigli egallab, oʻz xalqiga qarshi terror siyosatini yurita boshladi. Polshada iqtisodiy inqiroz davom etib, siyosiy inqiroz ham yetila boshladi. General Ridz Smigli tartiboti ichki siyosatdagi xatolarni faol gʻayrisovet siyosati bilan qoplashga intildi va bu bilan Gʻarb davlatlari hamda fashistlar Germaniyasining ishonchini qozonishga umid qildi. Polyak hukumatining tashqi siyosati izchil olib borilmadi.
1938-yili Polsha Litva bilan chegarada mojaro chiqardi va 50 ming kishilik polyak armiyasi chegaradan oʻtishga shaylandi. Biroq Sovet Ittifoqi Polshani ogohlantirib, Litvani himoya qilishini bildirdi. Bu polyak hukumatining bosqinchilik intilishlarini toʻxtatdi.

1938-yil noyabrda Polsha Myunxen bitimidan foydalangan holda Chexoslovakiyaning Teshin viloyatini oʻziga qoʻshib oldi va bu Chexoslovakiya suverenligiga gʻoyat qattiq zarba berdi. Kutilmaganda Germaniya Gdanskning qaytarilishini talab qildi. Polsha yana Angliya va Fransiyaga koʻz tutishga majbur boʻldi. Aslida oʻz-oʻzini saqlash mantigʻi undan Sovet Ittifoqiga murojaat qilishni talab qilardi. Endilikda Polshaning taqdiri butunlay Angliya va Fransiyaga bogʻliq edi. Ularda esa oʻsha paytda Polshani gitlerchilar agressiyasidan himoya qilish imkoniyati yoʻq edi. Toʻgʻri, 1939-yil aprelida shartnoma tuzilib, Fransiya va Angliya boshqa davlatning Polshaga agressiyasi yuz berganda unga yordam koʻrsatish majburiyatini zimmalariga olishgandi. Lekin 1939-yil 1-sentyabrda Germaniya Polshaga hujum boshlaganda ular rasman Germaniyaga urush eʼlon qilish bilan cheklanib, Polshaga muayyan yordam koʻrsatishmadi. Germaniya polyak qoʻshinlarini yashin tezligida tor-mor qildi — urush uch haftada tugallandi.

Polyak davlati atigi 20 yil mavjud boʻldi. Milliy mutaassiblik oʻz ambitsiyalari changalida qolib, toʻlaqonli davlat tuzishga qodir boʻla olmadi.


Qisqacha mazmun

• 1918-yil 29-avgust — mustaqil Polsha davlatining tashkil topishi;
• 1918-yil noyabr — Yuzef Pilsudskiyning “davlat muvaqqat boshligʻi” deb eʼlon qilinishi;
• 1919-yil yanvar — mamlakat “kichik konstitutsiya”sining qabul qilinishi va Yuzef Pilsudskiy diktaturasining oʻrnatilishi;
• 1920-yil — Ukraina yerlarini bosib olishga urinish. Riga sulh shartnomasi (1921-yil) — Polsha sharqiy chegaralarining belgilanishi;
• 1923-yil — Yuzef Pilsudskiyning davlat toʻntarishi va “sanatsiya” tartiboti — shaxsiy diktatura oʻrnatilishi;
• 1935-yil — E. Ridz-Smigli siyosati — mamlakatda terror siyosatining kuchayishi; Chexoslovakiyaning Teshin viloyati Polshaga qoʻshib olindi;
• 1939-yil 1-sentyabr — Germaniyaning Polshaga hujumi.