1918-1939-yillarda Ispaniya


Ispaniya Yevropaning chetki janubi-g‘arbiy burchagida joylashgan va Yevropa davlatlari tizimida muhim strategik boʻgʻinni tashkil etadi. U uzoq vaqt davomida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida ulkan imperiyani barpo etib, yirik mustamlakachi davlat boʻlib keldi. Ispan mustamlakalari XIX asr oxirida mamlakatda hukmron ijtimoiy kuchga va siyosiy hayotdagi eng ta’sirdor omilga aylangan yirik ispan pomeshchiklari — latifundistlarini boyitib turardi.


Armiya va katolik cherkovining mamlakat siyosiy hayotidagi roli

Latifundistlar hukmronligi, asosan, ikkita katta kuchga — hukmron armiyaga va katolik cherkoviga tayanardi. Zodagon oilalarning, yirik latifundistlarning vakillaridan iborat zobitlar korpusi oʻzini qaror topgan tartiblar qoʻriqchisi hisoblar va har qanday ilg‘or o‘zgarishlarga intilishlarni mamlakat milliy manfaatlariga daxl qilish sifatida baholab, ularga barham berardi. 1916–1917-yillarda armiyada “harbiy xuntalar” tarmogʻi yuzaga keldiki, ular mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatish rejalarini tuzib yurishardi. Ushbu xuntalar XX asrda mamlakat siyosiy hayotiga armiyaning tez-tez aralashuvi vositasiga aylandi.

Xunta (isp. junta — yig‘in, birlashma) — hukumatni gʻayriqonuniy ravishda egallovchi va diktatorlik usullari bilan hukmronlik qiluvchi fitnachilar guruhi (Ispaniya, Lotin Amerikasi mamlakatlari).

Ispanlarning koʻpchiligi katoliklar edi. Shu boisdan katolik cherkovi mamlakat siyosiy hayotida muhim rol oʻynardi. Katolik cherkovi diniy ishlar bilan cheklanib qolmasdan o‘z ijtimoiy asosini mustahkamlashga intilgan holda dunyoviy ishlarga ham aralashardi. Katoliklar kasaba uyushmalari, o‘zaro yordam kassalari, shirkatlar tuzdi. 1919-yili esa cherkov nazorati va rahbarligi ostida Katolik agrar federatsiyasi tashkil etildi. Bu federatsiya agrariylarga— yirik zamindorlar, dehqon-mulkdorlar, ijarachilar va qirollarga kuchli ta’sir koʻrsatardi. Federatsiya qishloq xo‘jaligida konservatizmning tayanchiga aylandi va agrar islohotlarga qarshi chiqdi. Dehqonlar katolik cherkovining eng sodiq tarafdorlari va mamlakatdagi konservativ kuchlarning tayanchi edi.

Barcha ushbu kuchlarning hokimiyati monarxiyada mujassamlashgandi. 1874-yildan Ispaniya taxtini Burbonlar sulolasining hukmronlari egallab, 1931-yilgacha hukm surdi. To‘g‘ri, ularda hech qanday hokimlik vakolatlari yo‘q edi.

Ispan qirollari ko‘p jihatdan ingliz qirollariga o‘xshardi. Bu yerda ham hokimiyat amalda Angliyadagi kabi yirik zamindor zodagonlar va Birinchi jahon urushi davrida ulgʻaygan, mustahkamlangan burjuaziya qo‘lida edi. Ispaniya tabiiy qazilmalar — koʻmir, temir rudasi, simob, uran, marganets, mis va boshqalarning noyob zaxiralariga ega. Ushbu boyliklar Birinchi jahon urushi davrida ingliz va fransuz sarmoyadorlarining diqqatini jalb etdi. Ispan pomeshchiklariga foydali qazilmalar mavjud yerlarni chet ellik sarmoyadorlarga sotish foydali edi. Shu tariqa Ispaniya sanoatining barcha muhim tarmoqlari xorij kapitali — ingliz, fransuz, nemis, italyan, kanadalik, amerikalik, belgiyaliklar qo‘liga o‘tdi. Ispaniyadan xomashyo va oziq-ovqat olib ketish boʻyicha Germaniya birinchi oʻrinni egalladi.


Siyosiy partiyalar va ularning mamlakatdagi oʻrni

Ispan Proletariati bir xil tarkibda boʻlmagani bois uning siyosiy partiyalarida tartibsizlik hukm surardi. Ishchilar harakatida sotsialistik ishchi partiyasidan tashqari shaxsning cheklanmagan mustaqilligiga asoslangan hokimiyat oʻrnatishga intiluvchi anarxo-sindikalizm ham kuchli ta’sirga ega edi.

Anarxo-sindikalistlar yakka terror va isyonni ko‘zda tutuvchi “bevosita harakat” taktikasini qo‘llashdi. 1921-yili Ispaniyada sotsialistik yoshlar federatsiyasi bazasida kommunistik partiya (IKP) tashkil etildi. Anarxo-sindikalizm — ishchilar harakatida anarxizm g‘oyalari ta’sirida boʻlgan oqim. Anarxo-sindikalistlar kasaba uyushmalarini (fransuzcha — sindikatlar) ishchilar sinfini tashkillashtirishning muhim shakli deb hisoblashadi. Ishlab chiqarish vositalari kasaba uyushmalariga oʻtishi shart. Bevosita harakat— iqtisodiy ish tashlash, sabotaj, umumiy iqtisodiy stachka taktikasini qoʻllashadi.

Birinchi jahon urushidan so‘ng mamlakatda tamomila yangicha vaziyat yuzaga keldi. Tuzilgan burjua partiyalari — konservativ va liberal partiyalar siyosiy hamda ijtimoiy islohotlar o‘tkazilishini, respublika barpo etilishini talab qilishdi. Mayda va o‘rta burjuaziya vakillari, demokratik intelligensiyaning kattagina qismi respublikachilar federatsiyasini tuzishdi. Bu federatsiya demokratik o‘zgarishlar va demokratik respublika barpo etilishi dasturini ilgari surdi. Mamlakatda siyosiy inqiroz boshlandi. 1917-yildan 1922-yilgacha Ispaniyada 11 ta hukumat almashdi.
Ispaniya tarixida Burbonlar monarxiyasining zavoli va harbiy diktatura hukmronligi davri boshlandi.


Harbiy diktatura oʻrnatilishi. Italiyada Mussolinining hokimiyat tepasiga kelgani

Ispaniya qiroli Alfonso XIII va uning a’yonlarida harbiy diktatura oʻrnatilishi zarurligiga intilishni kuchaytirdi. Kataloniya burjuaziyasi general Primo de Riverani yetakchilikka ko‘tardi. 1923-yil 13-sentyabrdagi isyon natijasida hokimiyat general Primo de Rivera boshchiligidagi harbiy direktoriya qoʻliga o‘tdi. Harbiylar birinchi marta mamlakatni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Generalga amalda cheklanmagan hokimiyat berildi, lekin tez orada Ispaniya yakka shaxs hokimligini qo‘llab-quvvatlamasligi ma’lum bo‘ldi. Iqtisodiyot izdan chiqdi, hamma joyda hukumatga qarshi chiqishlar boshlandi. 1930-yil 28-yanvarda general iste’foga chiqishga majbur boʻldi. Bu harbiy-monarxistik diktaturaning xotimasi boʻldi.

Generalning iste’fosi tugʻdirgan siyosiy inqiroz mamlakat sanoati, qishloq xoʻjaligi, savdosi va moliyasini izdan chiqargan umumjahon iqtisodiy inqiroziga toʻgʻri keldi. Ishsizlik jami ishchilarning 40 foizdan koʻprogʻini qamrab oldi. Inqiroz ishchilar, dehqonlar, oʻrta tabaqalar va intelligensiya chiqishlarining yangi toʻlqiniga turtki berdi. Barcha chiqishlarda bir narsa — demokratik respublika oʻrnatilishi talab qilindi.


Ispaniyada respublikaning e’lon qilinishi

Ispaniyada keskin iqtisodiy va siyosiy inqiroz vujudga keldi.Diktatura ag‘darilganidan keyingi birinchi haftalarda eski tiklash va yangilarni tuzish qizg‘in kechdi. An’anaviy monarxistik radikal partiyalar chuqur inqirozga uchrab, siyosiy hayotga ta’siri yo‘q qator mayda guruhlarga ajralib ketdi. 1930-yil mart oyi oxirida monarxistlarning tarqoq guruhlari o‘ng liberal-respublikachilar partiyasiga birlashdi.

1930-yil avgustda mamlakatda ommaviy ish tashlash harakati avj oldi va dehqonlarning chiqishlari boshlanib ketdi. Bu respublikachi partiyalarni yanada faol harakatlarga undadi. Barcha respublikachi partiyalar keyinroq sotsialistik partiya ham qo‘shilgan inqilobiy qoʻmita tuzishdi va yashirin muvaqqat hukumat tashkil etishdi. Ularning maqsadi diktaturani majburan ag‘darish edi.

Respublikachilarning monarxistlar bilan birinchi to‘qnashuvi 1931-yil 12-aprelda bo‘lib oʻtgan mahalliy munitsipal saylovlarda yuz berdi. Saylovchilarning aksariyati o‘z ovozlarini respublikachilarga berdi. Saylovlar yakuni haqidagi xabar siyosiy kurashning rivojlanishiga turtki berdi. Mamlakatda burjua-demokratik inqilobi boshlandi. Barcha shaharlarda namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Demokratlar davlat muassasalarini egallab, siyosiy mahbuslarni ozod qilishardi. Qator shaharlarning munitsipalitetlari respublika e’lon qilishdi. Respublikachilar g‘alabasi muqarrarligini ko’rgan qirol Alfonso XIII 14-aprelda taxtdan voz kechdi. Inqilob yanada avj olib, yuksalish yoʻnalishidagi rivojlanishini davom ettirdi. 1931-yil iyunda Ta’sis Majlisiga saylovlar boʻlib oʻtdi. Aksariyat oʻrinlarni respublikachi partiyalar va sotsialistlar egallashdi. Saylovlardan so‘ng sotsialistlar va so‘l respublikachi partiyalar ishtirokida koalitsion hukumat tuzildi.

1931-yil 9-dekabrda Ispaniyada mamlakatni ʻʻbarcha mehnatkashlar respublikasiʼʼ deb e’lon qilgan yangi konstitutsiya qabul qilindi. Mamlakatda chuqur islohotlar oʻtkazildi. Agrar islohot haqidagi qonun boʻyicha pomeshchiklarning yerlari toʻlov evaziga musodara qilinadigan boʻldi. Eng og‘ir majburiyatlar bekor qilindi, ijara haqi kamaytirildi. Milliy masala qisman hal etildi — faqat Kataloniyaga cheklangan avtonomiya berildi. Parlament bitta qonun chiqaruvchi palatadan iborat bo‘ldi. Ayrim demokratik erkinliklar joriy etildi. Koalitsion hukumat ishchilar sinfining ahvolini birmuncha yaxshiladi. 8 soatlik ish kuni, ijtimoiy sugʻurtalash, ishchi kuchini yollashning boshqarilishi haqidagi qonun qabul qilindi.


Oʻng partiyalar gʻalabasi

Koalitsion hukumat faoliyati konservativ kuchlarning javob reaksiyasini uyg‘otdi.
Ular revanshga va hokimiyatni qaytarishga qattiq tayyorlana boshlashdi. 1932-yili barcha reaksion kuchlar Ispan avtonom o‘nglar konfederatsiyasiga birlashdi. Bu tashkilot moliya kapitali, cherkov va harbiy doiralar bilan bogʻliq yirik pomeshchiklar tashkiloti edi. U dehqonlar ommasining muayyan qismi tomonidan quvvatlanishga erishdi. Ispan fashistlari 1933-yili ʻʻIspan falangasiʼ partiyasiga birlashdi.

Koalitsion hukumat asta-sekin xalq ommasi orasida o‘z tayanchini yo‘qota bordi.
Hukumat tomonidan qabul qilingan respublika muhofazasi haqidagi qonun ishchilarning stachka qilish huquqini cheklar, hukumatga qarshi tashviqotni va ʻʻboʻysunmaslikka undashʼʼni taqiqlardi. Ichki ishlar vazirligiga gazetalarni taqiqlash, miting va namoyishlarni toʻxtatish bo‘yicha keng vakolatlar berilgandi.

1933-yilgi korteslarga (parlament) saylovlar bu safar o‘ng partiyalarga g‘alaba keltirdi. O‘ng partiyalar korteslarda asosiy koʻpchilikni tashkil etdi, respublikachilar sotsialistlar bilan birga qattiq magʻlubiyatga uchradi. Ispaniya fashistik toʻntarish ko‘lankasida qoldi. Hokimiyat o‘nglar, monarxistlar va fashistlar qo‘liga o‘tgan paytda bum amalga oshirish qiyin boʻlmasdi.

Yangi parlament va hukumat avvalgi parlamentning barcha yutuqlariga barham berishga intilgan holda aksilislohotlar oʻtkazishga kirishdi. Cherkovga qarshi qaratilgan qonun bekor qilindi, ruhoniylarga davlat subsidiyalari tiklandi. Bu oddiy ruhoniylarni xonavayronlik va qashshoqlikdan xalos etdi va ular o‘ng partiyalarning hamda monarxiyaning jonkuyar, shiddatkor tarafdorlariga aylanishdi. Amnistiya haqidagi qonun Primo de Rivera diktaturasini qo‘llab-quvvatlagan barcha monarxistlar va isyonchi-generallarni jazolanishdan ozod etdi. Agrar islohot toʻxtatildi. Sotsialistlar va respublikachilar davlat apparatidagi rahbar lavozimlardan chetlatilib, o‘ng partiyalar vakillari bilan almashtirildi.


Fashistik tashkilotlarning oʻsishi

Mamlakatda siyosiy hayotga tobora kuchli ta’sir koʻrsatayotgan fashistik tashkilotlar jadal ravishda koʻpaya boshladi. Ular monarxistik va harbiy tashkilotlar bilan yaqinlashdi. Fashistlar o‘z harbiy tashkilotlarini tuzishga kirishdi. Ularning harakatlari asta-sekin fuqarolik jamiyatini va davlat tuzilmasini buzaverdi. 1934-yil fevralda ʻʻIspan falangasiʼʼ boshqa reaksion tashkilot — ʻʻMilliy-sindikalist hujum xuntasiʼʼ bilan yagona fashistik partiyaga — ʻʻIspan falangasi va XONSʼʼga birlashdi.

Yangi fashistik partiya 1934-yil noyabrda Ispaniyani ʻʻinqilobiy yangilashʼʼ dasturini ilgari surdi. Bu dastur ʻʻ26 moddaʼʼ deb nomlanib, shaxsan general Primo de Rivera tomonidan tuzilgandi. Dastur buyuk ispan imperiyasini barpo etish vositasida ʻʻyangi tartibʼʼ o‘rnatilishini talab qilardi. Siyosiy totalitarizm va davlat mashinasi kulti qaror topdi. Siyosiy partiyalar va parlament tizimini tugatish ko‘zda tutilardi.
Siyosiy birlikka iqtisodiy birlik to‘g‘ri kelishi shart edi.

Ishlab chiqarishda hamkorlik qilayotgan barcha kishilar ʻʻuzviy jamoaniʼʼ tashkil etishi shart edi. Katalitsizm fashizm mafkurasining tarkibiy qismi sifatida tan olinardi, lekin cherkov ispan millatining birligiga ziyon yetkazuvchi harakatlardan saqlanish majburiyatini yuklardi.

Fashistik xavf so‘l kuchlarni o‘z kuchlarini birlashtirishga va fashizmga qarshi yagona front bo‘lib chiqishga majbur qildi. Fashizmga qarshi kurashda Dolores Ibarruri (1895— 1989) katta rol o’ynadi. Dolores Ibarrurini Passionariya, ya’ni Olovli deb atashardi. Fashizmga qarshi yoʻnaltirilgan o‘tli, yorqin nutqlari unga butun dunyoda fashistlarga qarshi dadil va qat’iy kurashchi shuhratini keltirdi.

Mamlakatdagi vaziyat og‘irlashib bordi. Ispaniya navbatdagi toʻqnashuvga faol tayyorlanayotgan ikkita siyosiy lagerga ajraldi. 1934-yil 1-oktyabrda eng reaksion doiralarning uchta vakili — ʻʻIspan avtonom o‘nglar konfederatsiyasiʼʼ (SEDA) partiyalari hukumatga kiritildi va bu qurolli qo‘zg‘olon boshlanishi uchun yetarli boʻldi.


Fashizmning hujumi

SEDAning uchta vakilini hukumatga kiritish haqidagi qarorga javoban butun mamlakatni 5-oktyabr tongida umumiy ish tashlash qamrab oldi. Unda bir millionga yaqin kishi qatnashdi. Koʻplab shaharlarda namoyishlar va chiqishlar bo‘lib oʻtdi. Asturiyada qurolli qo‘zg‘olon boshlandi; ishchi alyanslar (kasaba uyushmalari) bu yerda ishchi-dehqon respublikasini e’lon qildi, hukumat qo‘shinlarini quvib yubordi va qizil armiya bo’linmalarini tuzishga kirishdi.

Asturiyalik ishchilar hukumat qoʻshinlari bilan ikki hafta davomida qattiq janglar olib borishdi. Hukumat bu yerga yirik harbiy kuchlarni tashladi. Qo‘zg‘olon bostirildi. Janglarda bir mingdan oshiq kishi halok boʻldi, 2 mingdan ko‘prog‘i yaralandi va 30 mingi qamoqqa tashlandi. Asturiyadagi voqealar fashistlarning hal qiluvchi jangga faol tayyorgarlik boshlaganini ko‘rsatdi. Asturiya ular uchun bosh repetitsiya boʻldi. Ular bu yerda asosiy kuch sifatida armiyaga, fashistik tashkilotlarga va Marokash korpusiga tayanishdi. 1921-yili hukumat Marokashda Fransisko Frankoni (1892 — 1975) austriyalik ishchilarga qarshi jazo operatsiyalariga qo‘mondon etib tayinladi va u o‘z imkoniyatidan foydalandi.
Franko qo‘zg‘olonni bostirishda o‘ta shafqatsizlik ko‘rsatdi va darhol Ispan armiyasi Bosh shtabining boshlig‘i etib tayinlandi.

1935-yil dekabrda hukumat iste’foga chiqdi va 1936-yil 16-fevralda yangi saylovlar boʻlishi belgilandi. Bu so‘l kuchlarni birlashishga undadi va 1936-yil 15-yanvarda soʻl respublikachi partiyalar va kasaba uyushmalari vakillari Xalq fronti haqida bitimni imzolashdi. Dasturda quyidagi talablar: siyosiy mahbuslarni afv etish, 1934-yil oktyabrdagi janglarda ishtiroki uchun ishdan bo‘shatilganlarni ishga qabul qilish, repressiya aybdorlarini jazolash, armiya va davlat apparatini demokratlashtirish, dehqonlarga soliqlarni va ijara haqini kamaytirish, ishsizlikni tugatish uchun jamoat ishlarini tashkil etish, ijtimoiy sug‘urtalanish haqidagi qonunlarni tiklash va boshqalarni ilgari surdi. Shu tariqa Ispaniyaning kelajagi saylovlarga bogʻliq bo‘lib qoldi.

1936-yil 16-fevralda Xalq fronti partiyalari korteslarga saylovlarda salmoqli muvaffaqiyatga erishdi. Ularning 268 nafar vakili deputatlikka saylandi. O‘ng partiyalar faqat 205 ta o‘rin olishdi. Saylov natijalari asosida so‘l respublikachilar yo‘lboshchisi— Manuel Asani boshchiligida yangi hukumat tuzildi.

Yangi respublikachi hukumat o‘z dasturidagi va’dalarni bajarishga kirishdi. 30 ming mahbus qamoqdan ozod qilindi. Korxonalarda ishchi nazorati joriy etildi.
Mamlakatda tartibni yo‘lga qo‘yish uchun ishchi militsiya bo‘linmalari tuzila boshlandi. Mamlakatda demokratik erkinliklar tiklandi, agrar islohot davom ettirildi — 1936-yil iyunigacha dehqonlar 700 ming gektardan ziyod yer olishdi.
Kataloniya avtonomiyasi ham tiklandi. Astunyadagi qo‘zg‘olondan soʻng ishdan boʻshatilganlar esa yana ishga qabul qilindi.


Marokashdagi harbiy-fashistik isyon. Fuqarolar urushining boshlanishi

Ispaniyaning demokratik rivojlanishini qonuniy vositalar bilan orqaga qaytarish ilojsiz ekanini anglagan qora kuchlar respublikaga qarshi qurolli qo‘zg‘olonga tayyorlana boshladi. Moliya kapitali moliyaviy ta’minotni amalga oshirdi, reaksion generallar armiyani tayyorlashdi. Isyonchilarga yordam berishni va’da qilgan Gitler va Mussolini bilan aloqalar oʻrnatildi. Yirik zamindorlar va cherkov iyerarxiyasi ham qurolli qo‘zg‘olonni yoqlashdi.

Harbiy-fashistik isyon 1936-yil 17-iyulda Marokashning ispan zonasida boshlanib, 18-iyulda Ispaniya hududiga ko‘chdi. Butun armiyaning 80 foizi isyonchilar tomonidan bo‘lib chiqdi. Deyarli barcha shaharlarda janglar ketardi.

Isyonning birinchi kunlaridanoq respublikani qo‘lida qurol bilan himoya qilishga tayyor 300 mingdan ortiq kishi yig‘in punktlariga kelishdi. Fuqarolar urushi boshlandi. Fashizmga qarshi ulkan jang, demokratiya bilan fashizmning birinchi ochiq olishuvi boshlandi.

Bir zarba bilan respublikani tor-mor qilishga intilish muvaffaqiyatga erishmadi.
19-iyul oqshomida Ispaniyaning asosiy sanoat markazlari xalq qoʻliga oʻtdi.
Harnrna joyda zavod-fabrikalar ishchilar nazoratiga olindi. Xalq militsiyasi tartibni ta’minladi. Fashistlar qoʻlida faqat Sevilya, Galisiya, Navarra, Eski Kastiliya va Aragon qoldi. Fuqarolar urushi taqdirini Germaniya va Italiyaning aralashuvi hal qildi.
Germaniya ʻʻKondorʼʼ harbiy-havo diviziyasini taqdim etdi. Bu diviziya bir necha haftada butun Marokash korpusi tarkibini o‘tkazdi. Italiyadan 300 ming askar keltirildi, Germaniyadan samolyotlar, tanklar va artilleriya olib kelindi. Harbiy harakatlarda 50 ming nemis askar va zobitlari, 15 ming portugaliyalik qatnashdi.
General F.Franko isyonchi qo‘shinlar qo‘mondoni etib tayinlandi.

Ispaniyadagi fuqarolar urushi tez orada fashizm bilan demokratiya o‘rtasidagi g‘oyaviy kurash maydoniga aylandi. Dunyoning butun mamlakatlaridan fashizmning tor-mor etilishini o‘z hayoti va sharafli ishi deb bilgan ko‘ngillilar respublikachilarga yordamga oshiqishdi. Jahon bo’ylab demokratlarning ʻʻIspaniyaga yordamga!ʼʼ shiori tarqaldi. Ispaniyaga kelgan antifashistlardan koʻngilli baynalmilal bo‘linmalar tuzila boshladi. 1936-yil 9-noyabrdayoq Madrid koʻchalaridan birinchi baynalmilal brigada saf tortib o‘tdi va darhol Ispaniya poytaxt mudofaasi uchun jangga kirdi. Ispaniyadagi fuqarolar urushida 54 mamlakatdan kelgan ko‘ngillilar qatnashishdi.

Fashizmga qarshi kurash butun ispan xalqida ulkan ma’naviy yuksalish uygʻotdi.
Bu kurash tez orada milliy-inqilobiy urushga aylandi. Respublika ayni paytda o‘z saflarini qayta qurib, o‘z hukumatini mustahkamladi. 1936-yil oktyabrda Ispaniyada so‘l sotsialistlar yo‘lboshchisi Largo Kabalero boshchiligida yangi hukumat tuzildi.
Yangi hukumat muntazam armiya tuzishga va agrar islohotni chuqurlashtirishga kirishdi. 1936-yil 7-oktyabrdagi dekretga asosan dehqonlar va chorakorlarga deyarli 5,5 mln. gektar yer berildi. Basklar mamlakati avtonomiyaga erishdi. Oziq ovqat mahsulotlariga qat’iy narxlar belgilandi, ish kuni qisqartirildi. Ayollarga erkaklar bilan teng huquqlar berildi.

Mamlakatda madaniy o‘zgarishlar keng quloch yoydi. Qisqa muddatda 10 mingta yangi maktab ochildi, 500 ming kishiga savod oʻrgatgan ʻʻmadaniy militsiyaʼʼ tashkil etildi, oliy o‘quv yurtlari tarmog‘i kengaytirildi. Davlat stipendiyalari tizimi joriy etilib, eng qashshoq oilalarning farzandlariga birinchi marta universitetlarda tahsil olish imkoniyati yaratildi.

1936-yil sentyabri boshlarida fashistlar Madridga hujum boshlashdi. Yaxshi qurollangan fashistlar armiyasiga yomon qurollangan xalq militsiyasi boʻlinmalari qarshi turardi. Ular cheksiz qahramonlik va fidoyilik koʻrsatib, fashistlami toʻxtatishdi. Dushman shahar ostonalarida minglab jangchilar bilan emas, minglab qahramonlar bilan toʻqnashdi.

P.Pikasso «Gernike»

O‘sha paytda Dolores Ibarruri shunday yozgan edi: ʻʻAyni kunlarda Ispaniyada boʻlmasdan turib, xalqimiz qahramonligini bor boʻyicha tasavvur qilish mumkin emas. Onalar o‘lim bilan olishuvga ketayotgan farzandlarini ko‘z yoshi to‘kmasdan kuzatishardi. Ayollar erkaklardan fidoyilarcha mardlikni talab qilishardi. Ular qoʻrqoqlarning xotini boʻlishdan ko‘ra qahramonlarning bevasi bo‘lishni afzal koʻrishardiʼʼ. Ispan xalqi o‘sha kunlarda Vatanni qanday himoya qilish, Respublikani qanday asrash kerakligini namoyon etdi.

Ispan xalqining fidokorona va matonatli kurashi butun dunyoda ulkan ma’naviy yuksalish uyg‘otdi. Bu kurash fashizm va sivilizatsiya mutlaqo nomuvofiqligini ko‘rsatdi. Dunyo birinchi bor fashizmni harakatda koʻrdi va bu antifashistik ongning keng tarqalishiga olib keldi. Eng mashhur intelligensiya namoyandalari o‘sha kunlarda fashist bosqinchilariga qarshi zarba berishga chaqirib, insoniyatga murojaat qilishdi.

Respublikachilar va fashistlarning kuchlari teng emasdi. Fashizm gʻalaba qildi.
1939-yil 26-martda Barselona ishgʻol qilindi, 1939-yil 28-martda esa fashist qo‘shinlari Madridga kirishdi. G‘arb davlatlari Franko hukumatini darhol tan oldi.
Angliya va Fransiya hali qonuniy hukumat mavjudligidayoq yangi hukumatni tan olishgan boʻlsa, AQSh Frankoni Madridga kirganidan uch kun keyin — 1-aprelda tan oldi. Ispaniyadagi fuqarolar urushi butun dunyoda antifashistik ong rivojlanishiga yo‘l ochib, fashizm va insoniyat sivilizatsiyasi nomuvofiq ekanini yaqqol namoyon qildi. Fashistlarning total urushi total tashkil qilingan qotillikka aylandi. Fashist uchuvchilari 1937-yil 26-aprelda Gemike shahrini tamomila vayron qildi. Bu kunning butun dahshati Pablo Pikassoning mashhur ʻʻGemikeʼʼ kartinasida aks ettirilgan. Gemikening vayron qilinishi va tinch aholining yo‘q qilinishi bema’ni shafqatsizlik hodisasi sifatida tarixga kirdi.

Ispaniyada, Yevropa tuprog‘ida fashizm bilan bo‘lgan birinchi keskin jang keyingi voqealarda muhim rol oʻynaydi. Ozroq vaqt oʻtgach, respublikachi Ispaniya himoyachilari Ikkinchi jahon urushi frontlarida yana fashizm bilan uchrashdi.
Aynan o‘sha paytda Ispan xalqining fidokorona va qahramonlarcha kurashi behuda ketmagani, fashizmni tor-mor qilishdek umumiy ishga hissa sifatida qoʻshilgani yanada yorqin koʻrindi.


Qisqacha mazmun

  • Mamlakatning foydali geografik ahvoli;
  • oʻziga xoslik — katolik cherkovining mamlakat hayotiga katta ta’siri (aholining aksariyati katoliklar);
  • monarxik boshqaruv tizimi (1874—1931);
  • sanoatning asosiy tarmoqlarida xorijiy kapitalning roli (mamlakatdan xom ashyoning olib ketilishi);
  • 1917-yildan 1922-yilga qadar mamlakatda siyosiy inqiroz (11 ta hukumat almashdi);
  • 1923-yil — harbiy direktoriya (Primo de Rivera) hukumatining o‘rnatilishi.
    Inqiroz kuchaydi, direktoriya hukumati iste’foga chiqishga majbur;
  • jahon iqtisodiy inqirozi, iqtisodiy va ijtimoiy ziddiyatlarning chuqurlashishi;
  • 1931-yil 14-aprel — Altons XIII ning taxtdan voz kechishi, Ispaniyada respublika e’lon qilinishi (1931-yil dekabr);
  • 1936-yil fevral — Xalq frontining korteslarga (parlament) saylovlarda gʻalabasi.
    Xalq fronti hukumatining tuzilishi;
  • 1936-yil — hukumatga o‘ng partiyalarning kelishi, Ispaniyani ʻʻyangilashʼʼ fashist partiyasining dasturi — monarxiya va totalitar tartibotning tiklanishi (general F.Franko);
  • 1936-yil — mamlakatda fuqarolar urushi — fashizm bilan birinchi jang;
  • antifashistlarga baynalmilallik yordami;
  • Franko diktaturasining oʻrnatilishi.