1918-1939-yillarda Gretsiya


Birinchi jahon urushida qatnashish va uning yakunlari

O‘z tashqi siyosatida Angliyaga mayli kuchli qirol Georg urush arafasida Salonikida o‘ldirilgandi. Uning o‘g‘li Konstantin Berlin harbiy akademiyasini tugallagan va german imperatori Vilgelm II ning singlisiga uylangan bo‘lib, Germaniyaga mutaassiblarcha sodiq edi. U Germaniya qudrati va g‘alabasiga ishongan holda uning tomonida bo‘lishga tayyorlanardi. Qirol armiyani Germaniya tomonidan urushga qatnashish uchun shaylayotgan paytda Antanta qo‘shinlari 1915-yil 3–5-oktyabrda Salonikini, so‘ng Salaminni egalladi.

Ittifoqchilar qirol Konstantinni o‘g‘li Aleksandr foydasiga taxtdan voz kechishga majbur qilishdi. 1917-yil 29-iyunda Gretsiya Germaniyaga urush e’lon qildi.
Urush Gretsiya uchun muvaffaqiyatli bordi. 1918-yil 15-sentyabrda 150 ming kishilik grek armiyasi Salonikida bolgar armiyasini tor-mor qildi. Bolgariya taslim bo‘ldi. Makedoniyada german qoʻshinlari asirga olindi va shu bilan Bolqonda harbiy harakatlar toʻxtatildi.

Parij tinchlik konferensiyasida Gretsiyaga Frakiyani, Dardanellning Yevropa sohilini, Gallipoli va Izmirni hudud ichkarisiga tomon 100 km lik qismi bilan berishga qaror qilingandi. Bu, asosan, D. Lloyd Jorjning talabiga ko‘ra bajarildi. Angliya strategik muhim rayon — Sharqiy O‘rta Yer dengizi bo‘yida mustahkam tayanchga ega bo‘lishni istardi. Bu Bolqon muammosini yakka tartibda hal etish va Angliyaning dengizlarda hukmronligini ta’minlash uchun intilish edi. Gretsiyaning mazkur mintaqada vassal sifatidagi holati Angliyaga bu yerda qurolli kuchlari boʻlmagani holda vaziyatni to‘liq nazorat qilish imkonini berardi.

Biroq Turkiya Gretsiyaga Smimani berishi lozimligi ko‘rsatilgan Sevr shartnomasini tan olmadi. 1919-yil mayda Izmirga grek qoʻshinlari tushirilgandan so‘ng Kichik Osiyo Turkiya bilan Gretsiya o‘rtasidagi shiddatli urush maydoniga aylandi.
Urush 1922-yil sentyabrgacha davom etdi va grek qoʻshinlarining toʻliq magʻlubiyati bilan tugallandi. Mustafo Kamol poshsho boshchiligidagi qo‘shinlar 1922-yil 9-sentyabrda Izmirga kirdi hamda grek armiyasining tor-mor etilishini yakunladi. Fransiya urushda Turkiyani quvvatladi. Fransuz siyosatdonlari bu urushga, eng avvalo, Angliya bilan Fransiya o‘rtasida Yaqin Sharq ustidan nazorat uchun kurash sifatida qarashardi. Turkiyani Rossiya ham qoʻllab-quvvatladi.
Zero, Rossiya Turkiyaning yangi yo‘lboshchisi Mustafo Kamol poshsho siymosida Sevr shartnomasi tugatilishi uchun kurashdagi ittifoqchini topishga intilardi.
Chunki Sevr shartnomasi Bosforni rus kemalari uchun yopib, uni ingliz kemalari uchun ochib berishi mumkin edi. Bu mintaqada Angliya mavqeyining mustahkamlanishi Rossiya hukumati rejalariga kirmasdi. 1921-yil 16-martda Moskvada imzolangan Rossiya–Turkiya shartnomasi bo‘yicha Rossiya hukumati Turkiyaga boshqa mamlakatlardan qurol-aslaha va harbiy kiyim-kechak sotib olishi uchun pul bilan, shuningdek, katta miqdordagi qurol-yarog‘, jangovar o‘q-dori va boshqa harbiy anjomlar bilan tekin yordam koʻrsatdi. Bularning barchasi Turkiya uchun hal qiluvchi rol o‘ynadi — intervensiya magʻlub etildi.

Sevr tinchlik shartnomasi — Versaldan keyingi sulhning asosiy bo‘g‘inlaridan biri yo‘q qilindi. Bu Gretsiyada qirol Konstantinning ag‘darilishiga olib keldi. Gretsiyaning magʻlubiyati Angliyada D. Lloyd Jorjning iste’foga chiqishiga sabab boʻldi. Uni ʻʻurushni yutib, tinchlikni yutqazishdaʼʼ ayblashdi. Aslida, Angliya oʻzining eski siyosiy manevrlarini amalga oshirishda ancha zaif bo‘lib chiqdi.

1922-yil 11-oktyabrda Muddaniyada sulh tuzildi, 1923-yil 24-iyulda esa Lozannada Sharqiy Frakiyani va Kichik Osiyodagi hududlarni Turkiyadan qoldirgan Lozanna tinchlik shartnomasi imzolandi. Bu Buyuk Gretsiyani barpo etish haqidagi barcha xayollarning xotimasi bo‘ldi.


Gretsiyaning Respublika deb e’lon qilinishi. Monarxiyaga qaytish

Iqtisodiy larzalar inqilobiy harakatning kuchayishiga olib keldi. 1924-yil martidagi saylovlarda respublika boshqaruvi tarafdorlari ko‘pchilik ovoz oldi. 1924-yil 25-martda Gretsiya respublika deb e’lon qilindi. Qirol mamlakatni tark etdi.

Keyingi yillardagi eng ahamiyatli voqea agrar islohotning oʻtkazilishi boʻldi. 1929–1932-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi Gretsiya iqtisodiyotida og‘ir aks etdi. Bu iqtisodiyotning mushkul ahvoli uchun butun aybni respublikachilar tuzumiga qoʻygan monarxistlarning faollashuviga olib keldi. 1933-yil 10-oktyabrda harbiy ministr, general Kondilis harbiy to‘ntarish uyushtirib, monarxiya e’lon qildi. U soxta plebissit o‘tkazgan holda Angliyadan qirol Georg II ni qaytarib keldi (1935-yil 25-noyabr). Gretsiyada terror va repressiyalarning uzoq davri boshlandi.

Monarxik terror javob reaksiyasini qo‘zg‘atib, mamlakatda hukumatga qarshi ommaviy harakat boshlandi, keng stachkachilik harakati avj oldi. 1936-yil mayida mamlakatda 300 ming kishi qatnashgan umumiy ish tashlash boʻlib oʻtdi. 1936-yil 5-avgustiga ikki soatlik umumiy norozilik stachkasi tayinlangandi.


Metaksas shaxsiy diktaturasining oʻrnatilishi

Inqilobiy harakat kuchayishidan choʻchigan hukumat hujumga o‘tdi. German harbiy akademiyasida ta’lim olgan, natsistlar mafkurasining ochiq tarafdori, harbiy ministr general Metaksas 1936-yil 4-avgustda mamlakatda shaxsiy diktatura tartibini o‘rnatib, davlat to‘ntarishini amalga oshirdi. Parlament tarqatildi, tez orada qabul qilingan ʻʻKommunizmga va uning oqibatlariga qarshi kurash choralari haqidaʼʼgi qonunga ko‘ra, partiyalar va ittifoqlar tuzish, yig‘ilish va mitinglar oʻtkazish taqiqlandi, o‘ta qattiq senzura joriy etildi. General Metaksas Gretsiya iqtisodiyotida germanlar ishtiroki ancha ortishiga sharoit yaratdi, qator savdo shartnomalari tuzib, Germaniya bilan yaqinlashish siyosatini oʻtkazdi. Germaniya Gretsiyaga katta miqdorda qarz berdi.


Qisqacha mazmun

  • Mamlakat hududining Parij tinchlik konferensiyasi qarorlariga muvofiq kengaytirilishi;
  • 1919-yil may — Turkiya va Gretsiya oʻrtasida urushning boshlanishi, grek qoʻshinlarining magʻlubiyati;
  • 1921-yil — Rossiya va Fransiyaning Turkiyani qoʻllab-quvvatlashi;
  • 1923-yil — Lozanna tinchlik shartnomasi — Parij tinchlik konferensiyasi qarorlarining bekor qilinishi;
  • 1924-yil — Gretsiyaning respublika deb eʼlon qilinishi;
  • demokratik yangiliklarning, agrar islohotning oʻtkazilishi;
  • 1929–1932-yillar — jahon iqtisodiy inqirozi — iqtisodiyotning keskin pasayishi;
  • 1933-yil 10-oktyabr — harbiy to‘ntarish va monarxiya boshqaruvining tiklanishi;
  • terror va repressiyalar
    Hukumatga qarshi ommaviy chiqishlar;
  • 1936-yil 4-avgust — davlat toʻntarishi, parlamentning o‘rnatilishi;
  • Germaniya bilan ittifoq tuzilishi.